Maktabgacha tarbiya yoshining rivojlanishini shart-sharoitlari
Mavzu: Maktabgacha tarbiya yoshining rivojlanishini shart-sharoitlari Reja: 1. Chaqaloqlik va go‘daklik davrida psixik taraqqiyot 2. Ilk yoshdagi bolaning jismoniy jihatdan o‘sishi 3. Maktabgacha yoshda o‘z-o‘zini anglash 4. Xulosa 5. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati
1. Chaqaloqlik va go‘daklik davrida psixik taraqqiyot Bolaning go‘daklik (chaqaloqlik) davri jismoniy jihatdan juda tez rivojlanish davridir. Odatda odamning yoshi tug‘ilgan kunidan boshlab hisoblanadi. Lekin aslida odamning dunyoga kelishi, rivojlanishi tug‘ilmasdan ilgarigi, ya’ni ona qornidagi davridan boshlanadi. Bola onaning qornidaligi davrida, ya’ni to‘qqiz oy mobaynida juda tez va juda murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tadi. Bolaning tug‘ilgandan keyingi normal taraqqiyoti uning ona qornidagi taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liqdir. Shuning uchun bolaning tug‘ilgunga qadar bo‘lgan taraqqiyotiga ham diqqat-e’tibor bilan qarash lozim, chunki tug‘ilgunga qadar ham bolaga tashqi muhit ta’sir qiladi. Lekin bu ta’sir faqat ona orqali, onaning organizmi orqali bo‘ladi. Homiladorlik davrining har jihatdan normal o‘tishi bolaning ona qornidagi normal taraqqiyotini va har jihatdan yetuk tug‘ilishini ta’minlaydi.Bolaning tug‘ilgandan keyin bir yoshgacha bo‘lgan davri nisbatan kam harakat va «nutqsiz» taraqqiyot davridir. Bu davrda bolaning o‘sishi va taraqqiyoti oila doirasida yuzaga keladi. Ammo shunday bo‘lsa ham bu davr har jihatdan juda ildam rivojlanish davridir. Bu davr-da bola deyarli faqat ona suti bilangina ovqatlanadi, u hali gapira olmaydi va mustaqil harakat qila olmaydi. Bu davrda bola ojiz bo‘lib, kattalarning doimiy va to‘g‘ri parvarish qilishlariga muhtoj bo‘ladi. Yangi tug‘ilgan va bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning tashqi qiyofalari katta odamlarning tashqi qiyofalaridan ancha farq qiladi. Yangi tug‘ilgan bolaning boshi gavdasiga nisbatan juda ham katta (gavdasining to‘rtdan bir qismiga barobar), bo‘yni deyarli yo‘q darajada qisqa, gavdasi uzun, oyoq-qo‘llari gavdasiga nisbatan qisqa bo‘ladi. Katta yoshli odamning boshi gavdasining sakkizdan bir qismiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari chaqaloq bolaning yuzi juda kichkina bo‘ladi, chunki yuqorigi va pastki jag‘lari hali ishlamaganligi tufayli rivojlanmagan bo‘ladi. Chaqaloq bolalar ichki organlarining holati va faoliyati ham katta odamlarnikidan anchagina farq qiladi. Masalan, o‘pkadagi havo kiradigan mayda pufakchalarning soni miqdor jihatidan katta odamlarniki bilan barobar bo‘lsa ham, ular juda mayda bo‘ladi (katta odamlarnikiga nisbatan uch barobar kichik bo‘ladi). Shuning uchun chaqaloq bolalar katta odamlarga nisbatan uch barobar tez nafas
oladilar. Chaqaloq bola bir daqiqada 50–60 marta nafas olsa, katta yoshdagi odam xuddi shu vaqt ichida 14– 16 marta nafas oladi. Chaqaloq bola jismoniy jihatdan juda tez o‘sayotganligi tufayli sof havoga ayniqsa muhtoj bo‘ladi. Ilk yoshdagi bolalarning taraqqiyotida buni albatta hisobga olish zarur. Agar chaqaloq bola o‘ringa o‘ng‘ay holatda yotqizilmasa, siqib yo‘rgaklansa va ochiq havoga olib chiqilmasa, uning nafas olishida qo‘shimcha qiyinchilik vujudga keladi. Chaqaloq bolaning yuragi katta odamning yuragiga nisbatan anchagina tez uradi. Masalan, katta odamning yura-gi bir daqiqada o‘rtacha 70–75 marta ursa, chaqaloq bolaning yuragi 120 va undan ortiq marta uradi. Buning asosiy sababi chaqaloq bolalar yuragining har bir qisqarishida bosib chiqargan qon hajmini (miqdorining) ozligi, go‘qak muskullarining hali zaifligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, chaqaloq bolalar yuragining nisbatan tez urishi ular organizmida modda almashish jarayonining intensivligi (jadalligi) bilan ham bog‘liqdir. Chaqaloq bolalarda badanning haroratini idora qilish hali yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Chaqaloq bolalarda tanasining vazniga qaraganda terisining umumiy sathi (yuzasi) nisbatan katta hamda terisi katta odamlar terisiga qaraganda ancha yupqa bo‘ladi. Shu sababli ular normal taraqqiyot uchun kerakli haroratni yo‘qotib sovuq qotishi mumkin. Chaqaloq bolalarning tana harorati tez o‘zgaruvchan bo‘ladi. Bolaning ortiqcha harakatlari ham, ovqat yeyishi ham temperaturasiga ta’sir qiladi. Shu sababli chaqaloq bolalarni tarbiyalashda kun tartibining ahamiyati nihoyatda kattadir. Chaqaloq bolalarni hamisha o‘z vaqtida ovqatlantirish, uxlatish va o‘z vaqtida u bilan shug‘ullanish (gaplashish, o‘ynatish) kerak. Chaqaloq bolalarning ovqat hazm qilish a’zolari ham o‘ziga xos xususiyatga ega. Ularninig oshqozonlari hali juda kichkina, oshqozon va ichak muskullari rivojlanmagan, juda zaif bo‘ladi. Shuning uchun bu yoshdagi bolalarning eng yaxshi ovqati ona sutidir. Bolalar katta odamlarga nisbatan tez-tez ovqatlantiriladi. Agar katta odamlarga ovqat sarf qilingan quvvatni tiklash maqsadida kerak bo‘lsa, bolalar uchun ovqat sarf qilingan quvvatni tiklashdan tashqari o‘sishi uchun ham kerak. Bolaning organizmi to‘xtovsiz o‘sadi, buning uchun esa juda ko‘p ozuqa moddalar kerak bo‘ladi. Ozuqa moddalarni bola ovqat orqali oladi. Shu sababli bolaning jismoniy jihatdan
normal o‘sishida o‘z vaqtida ovqatlanishi va ovqatning sifati juda katta ahamiyatga ega. Normal tug‘ilgan bolaning o‘rtacha vazni 2800–3500 kg, bo‘yi 45–52 sm bo‘ladi. Bir yil davomida uning vazni va bo‘yi ayniqsa sezilarli o‘zgaradi. Normal o‘sib ulg‘ayayotgan bola yarim yoshga yetganida uning vazni ikki barobar, bir yoshga yet-ganida esa uch barobar ortadi. Bolaning vazni dastlabki oylarda, ayniqsa, 1–3 oyligida ko‘proq ortadi. Keyinroq borib vaznining ortishi birmuncha sekinlashib boradi va bir yoshga to‘lgach, bolaning vazni 9 kg ga yetadi. Bir yoshga to‘lgunga qadar bolaning bo‘yi ham juda tez o‘sadi. Agar bola bir yoshga to‘lguncha taxminan 25 sm ga o‘ssa, keyingi ikki yil ichida faqat 18 sm ga o‘sadi. Yangi tug‘ilgan bolaning suyak sistemasi deyarli yumshoq tog‘aydan iborat bo‘ladi. Keyingi taraqqiyot davrida, ya’ni bir yoshga to‘lguncha uning skeleti suyakka aylana boshlaydi. Agar bola chaqaloqlik davrida noto‘g‘ri parvarish qilinsa, uning skeletidagi turli qismlar noto‘g‘ri o‘sib, biror yeri qiyshiq bo‘lib qolishi mumkin. Ko‘pchilik hollarda bolaning noto‘g‘ri o‘tirishi, noto‘g‘ri yotishi natijasida umurtqa suyagi qiyshayib qolishi mumkin, chunki umurtqa suyagi juda elastik (egiluvchan) bo‘ladi.Bola psixik taraqqiyotining anatomik va fiziologik asosini tashkil etuvchi nerv sistemasining rivojlanishi bolaning bir yoshgacha bo‘lgan davrida juda jadal sur’at bilan boradi. Bola anchagina takomillashgan nerv sistemasi bilan tug‘iladi. Biroq chaqaloq bolalarning nerv sistemasi o‘zining tuzilishi va vazifasi (funksiyasi) jihatidan katta odamlar nerv sistemasidan keskin farq qiladi. Go‘dak bolalar nerv sistemasining hamma qismlari barobar rivojlanmaydi. Ularda eng oldin nerv sistemasining quyi qismlari, ya’ni orqa miya, uzunchoq miya takomillashadi. Chunki nerv sistemasining bu qismlari tug‘ma yo‘l bilan o‘tadigan shartsiz reflekslarning markazlari hisoblanadi. Eng keyin nerv sistemasining yuksak qismlari, ya’ni oliy nerv faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan katta miya yarimsharlari va uning po‘stloq qismi takomillashadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq bolalarning katta miya yarimsharlari o‘zining tuzilishi va tashqi ko‘rinishi jihatidan katta odamlar miyasidan deyarli farq qilmasada, vazni jihatidan keskin farq qiladi. Masalan, yuqorida ko‘rsatib o‘tganimizdek, katta odamlar miyasining o‘rtacha vazni 1400 g bo‘lsa, yangi tug‘ilgan chaqaloq miyasining
vazni 350–400 g bo‘ladi. Bundan tashqari, chaqaloq bolalar bosh miya yarimsharlari po‘stining burmalari katta odamlarnikiga qaraganda juda kam bo‘ladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq bolalar bosh miya katta yarimsharlari po‘stidagi nerv hujayralarining soni katta odamlarnikidan kam bo‘lmaydi, ya’ni 14–15 mlrd bo‘ladi. Bosh miya katta yarimsharlari po‘stidagi nerv hujayralari (neyronlar) odamga tug‘ilishdanoq ma’lum miqdorda berilgan bo‘ladi. Go‘dak bolalar psixikasining rivojlanishi, birinchidan, analizatorlarning takomillashuvi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, mustaqil harakatlarining o‘sishi bilan bog‘liqdir. Analizatorlarning tez takomillashuvi natijasida bola uch oylik bo‘lganidan so‘ng unda dastlabki shartli reflekslar yuzaga kela boshlaydi. Demak, ana shu davrdan boshlab bola psixikasi tez rivojlanish yo‘liga kiradi. Dastavval bolada harakat analizatorlari bilan bog‘liq bo‘lgan, undan so‘ng eshitish va ko‘rish analizatorlari bilan bog‘liq bo‘lgan shartli reflekslar yuzaga keladi. Ana shu tarzda barcha analizatorlarga nisbatan har xil murakkablikda shartli reflekslar tobora ko‘plab yuzaga kela boshlaydi. Shartli reflekslarning yuzaga kelishi bola psixikasining rivojlanishi uchun moddiy zamin bo‘ladi.Keyinchalik, ya’ni ikki-uch oylik bolalarda analizatorlar faoliyatining takomillashuvi natijasida ta’sir qilayotgan qo‘zg‘atuvchilarni farqlash qobiliyati yuzaga kela boshlaydi. Dastavval turli ovozlarni, so‘ngra ayrim yorqin ranglarni, ta’mlarni, farqlay boshlaydi. Nihoyat, uch oylik bola atrofidagi juda ko‘p narsalardan odamni farqlaydigan va odamga nisbatan qandaydir boshqacha reaksiya qiladigan bo‘ladi. Uch oylik bola oldiga kelgan odamga tikilib, emotsional munosabatda bo‘la boshlaydi. U odamga uzoq vaqt tikilib qaraydi. Lablarini harakatlantirib, tilini aylantirib, go‘yo odamning nutqiga taqlid qilmoqchi bo‘ladi. Ana shu davrdan boshlab bolalar bilan imkoni bo‘richa mehribonlik ohangida gaplashib turish kerak. Ana shunday munosabatlar natijasida bolada qandaydir faollik, kattalarga talpinish reaksiyasi yuzaga keladi. Psixologlar bolalarda kattalar bilan bo‘lgan munosabatdan yuzaga keladigan emotsional reaksiyalarni jonlanish kompleksi deb ataganlar. Bu kompleksda bola o‘zi bilan munosabatda bo‘layotgan odamga muloyim tikilib, jilmayadi, qo‘l va oyoqlari bilan talpinib, qandaydir ovoz chiqaradi. Bolada