BUXORO XONLIGIDA HARBIY ISH
MAVZU: BUXORO XONLIGIDA HARBIY ISH
HIMOYA ASLAHALARI Manbalarda ma’lum bo‘lishicha, Buxoro xonligi jangchilarining deyarli barchasi qurol-aslaha va harbiy kiyim- bosh bilan ta’minlangan. Ammo ilk davrlarda, ya’ni dashti qipchoq askarlari Movarounnahrga endigina kirib kelganlarida ularning hammasida ham sovut va himoya kiyimlari bo‘lmagan. Oddiy jangchilar metall sovutlarni sotib olishga qurbi yetmaganligi uchun himoya kiyimlarini charm yoki namatdan tayyorlaganlar. Nomdor jangchilarning himoya aslahalari halqa-parchinli sovutlar, yumaloq dubulg‘alar, burqa – yuzni himoya qiluvchi niqoblar, tirsakbandlar, oyoqni himoya qiluvchi vositalar va qalqonlardan iborat bo‘lgan. Keyinchalik hunarmand ustalarning mehnati tufayli qo‘shin barcha zarur himoya vositalari bilan ta’minlangan. Bu haqda Hofiz Tanish al-Buxoriyning «Abdullanoma»sida va boshqa asarlarda ma’lumotlar uchraydi.