Fuqarolik ishlarining sudlovliligi
Mavzu: Fuqarolik ishlarining sudlovliligi
Reja: 1 . Taalluqlilik tushunchasi va turlari 2 . Fuqarolik, mehnat, oila, turar-joy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarning sudga taalluqliligi 3. Fuqarolik ishlarining sudlovliligi tushunchasi
1 . Taalluqlilik tushunchasi va turlari Taalluqlilik deganda, fuqarolik ishlarini ko‘rish va hal qilish vazifasi qonun bilan muayyan davlat organi yoki jamoat tashkiloti zimmasiga yuklatilganligi tushuniladi. Mazkur ta’rifdan ko‘rinadiki, taalluqlilik haqidagi qoidalar faqat qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilishi hamda fuqarolik ishlari muayyan davlat organi yoki jamoat tashkiloti zimmasiga yuklatilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Ta’kidlash joizki, taalluqlilik sud hokimiyati bilan boshqa davlat organlari o‘rtasidagi vakolatlarning bo‘linishida muhim hisoblanib, ushbu vakolatlarning amalda qo‘llanilishiga sharoit yaratadi.
Taalluqlilik quyidagi turlarga ajratiladi:
Mustasno taalluqlilik. Fuqarolik, oila, uy-joy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan aksariyat nizoli ishlar bevosita sudlarga taalluqli bo‘lib, boshqa organlar tomonidan mazmunan ko‘rilishi mumkin emas. Taalluqlilikning bunday turi mustasno taalluqlilik deb nomlanadi. Mustasno taalluqlilikka muvofiq, nizoli ishni sudda ko‘rib hal qilish uchun sudga qadar u yoki bu organlarda mazkur ishning ko‘rilishi talab etilmaydi. Masalan, xodimni ishga tiklash, voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan er va xotinni nikohdan ajratish, turar joyga nisbatan berilgan orderni haqiqiy emas deb topish va shu kabi ko‘plab fuqarolik ishlari mustasno taalluqlilikka misol bo‘la oladi.