Rauf Parfi
Rauf Parfi (Tursunali Parfiyev) 1943-yil 27- sentabrda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab o‘rta maktabda o‘qidi. Keyin ToshDUning filologiya fakultetida tahsil oldi.
Shoirning «Karvon yo‘li» nomli birinchi she’rlar to‘plami 1968- yilda nashrdan chiqdi. Shundan keyin uning «Aks-sado», «Tasvir», «Xotirot», «Ko‘zlar», «Qaytish», «Sabr daraxti», «Sukunat», «Tavba», «So‘nggi vido», «Sakina» kabi she’riy to‘plamlari chop qilindi.
Tarjimon sifatida u Bayronning «Manfred», Nozim Hikmatning «Inson manzaralari», Karlo Kaladzening «Dengiz xayoli», A. Tvardovskiyning «Zaytun novdasi» asarlari va boshqa ko‘plab jahon adabiyoti namoyandalarining she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girdi.
Rauf Parfining o‘zbek she’riyatiga qo‘shgan hissasi yuksak baholanib, unga 1999-yil «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni berildi. Shoir 2005-yilda Toshkent shahrida vafot etdi. «Tong otmoqda», «Yomg‘ir yog‘ar», «Yoz kechasi», «Yana qaytib keldim... », «Yurak» she’rlari ijodkorning nechog‘li favqulodda iste’dod sohibi ekanligidan, tabiat lirikasi bilan inson «men»i uyg‘un va hamohang shaklda tarannum etilganidan darak berib turibdi.