Adabiyot darsliklarida berilgan folklor terminlarining tahlili
“ Adabiyot darsliklarida berilgan folklor terminlarining tahlili ” mavzusida yozilgan 1
KIRISH Mavzuning dolzarbligi. So‘z san’atining mustaqil turi sifatida folklor adabiyot bilan birgalikda yonma-yon ravishda yashashda davom etmoqda. Chunki adabiyot hayotni tasvirlashda va inson qalbini zabt etishda ulkan badiiy topildiqlarga erishganligi, badiiy tafakkurni nihoyatda olg‘a siljitganligiga qaramay, kishilik jamiyatining umumiy estetik talabi va ehtiyoji asrlar davomida faqat adabiyot bilangina emas, balki folklor bilan ham bog‘liq bo‘lib qoldi. So‘z san’ati bu ikki turning mustaqil rivoji, folklor va adabiyot asarlari yaratilgan ijtimoiy muhitdagi farqlar, ijodiy jarayonning xilma-xilligi, ularning o‘zlariga xos xususiyatlarini yanada kuchaytiradi. O‘zbek xalqi o‘zining chegaradosh qo‘shni xalqlari bilan ko‘pgina o‘zaro tarixiy, madaniy, iqtisodiy va ilmiy sohalarda mushtarak munosabatlari mavjud. Jumladan, tojik va o‘zbek xalqlari xalq og‘zaki ijodi namunalarining bir-biriga hamohangligi seziladi. Folklor janrlari orasida qo‘shiq, maqol, topishmoq, afsona, rivoyat, lof, ertak, doston, askiya, og‘zaki drama, latifa, zarbulmasal va boshqa turdagi namunalarning mazkur ikki qardosh millat xalq og‘zaki ijodida mazmun, sujet, obraz jihatlaridan bir umumiy jihatlarni namoyon qiladi. Tojikistonlik adabiyotshunos olim A.Samadov o‘zining “Пайвандҳои дўсти ва адаби” (“Do‘stlik va adabiylik payvandlari”) kitobida o‘zbek va tojik xalq og‘zaki ijodi o‘rtasidagi adabiy munosabatlar to‘g‘risida quyidagicha fikr bildiriladi: “O‘zbek va tojik xaqlari adabiyoti o‘rtasidagi aloqa eng birinchi uning og‘zaki ijodida namoyon bo‘ladi. Ikki xalq og‘zaki ijodida afsona, maqol, latifa doston va qo‘shiqlar o‘zining mazmun mundarijasi hamda g‘oyasi jihatidan yaqinlik kasb etadiki, bu holat janrlarning ba’zan qaysi xalqning ijodiy me’rosi ekanligini aniqlashda qiyinchilik tug‘diradi.” 1 Bugungi kunda o‘zbek va tojik xalq og‘zaki ijodida ifodalangan ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib qilib, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning ma’naviy qadriyatlari ruhida tarbiyalash muhim amaliy ahamiyatga ega. Mamlakatimiz 1 Самадов А. Пайвандҳои дўсти ва адаби. –Тошканд, Муҳаррир, 2012, 14-саҳ. 2
miqyosida “xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, buyuk allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning ilmiy, diniy va ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas qadamjolarni obod qilish, yosh avlodni ularning ezgu an’analari ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshiriladi va izchil davom ettirilmoqda” 2 O‘zbek va tojik xalqlari tomonidan yaratilgan va asrlar mobaynida ko‘z qorachig‘iday saqlab kelgan folklor asarlari, jumladan, janrlarning tipologik tasnifi, atamalarning qiyosi, genezesi va etimologiyasini maktab adabiyot darsliklari asosida o‘rganish tadqiqotning muhim ahamiyati sanaladi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarida insoniyat o‘tmishi, madaniy boyligi, milliy qadriyatlari aks ettirilgan. Maktab adabiyot darslarida reja asosida o‘quvchiga tanishtiriladigan xalq og‘zaki ijodi namunalarining bir-biriga o‘xshash va farqli tomonlari o‘rganish, ularni qiyosiy sharhlash bilan bir qatorda folklor xazinalarida saqlanayotgan atamalarni bir-biriga qiyoslash, o‘zbek va tojik millati an’ana va madaniyatining tipologik xususiyatlarini yaqindan o‘rganilishiga zamin yaratadi. Shu jihatdan olganda o‘zbek va tojik xalq og‘zaki ijodiga oid terminlarini qiyosiy-tipologik sharhlash masalasini o‘rganish, folklor janrlarini o‘qitish samaradorligini oshirish ishimizning dolzarbligini belgilovchi omil sanaladi Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Tanlangan mavzu bo‘yicha B.N.Putilov, 3 V.M.Jirmunskiy, 4 shuningdek, o‘zbek folklorshunosligida qiyosiy- tipologik metod asosida bir qator folklorshunos olimlar H.T.Zarifovning M.Afzalov, G‘.Jalolov, K.Imomov, X.Egamovlarning M.Saidov, M.Murodov, T.Mirzayev, S.Ro‘zimboyev, H.Abdullayevlarning ilmiy tadqiqotlari yaratilgan. Bundan tashqari tadqiqotda B.Sarimsoqov, O.Safarov, M.Jo‘rayev, H.Ro‘zmetov kabi o‘zbek, V. Asrori, R. Amonov, F.Zehniyeva, M.Shukurov, K.Raximov singari tojik olimlarning ilmiy ishlaridan foydalanilgan. 2 Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг 2017 йил 24 майдаги ПҚ-2995-сонли «Қадимий ёзма манбаларни сақлаш, тадқиқ ва тарғиб қилиш тизимини янада такомиллаштириш чора- тадбирлари тўғрисида»ги қарори // «Халқ сўзи». – Тошкент, 2017, 25 май. 3 Путилов Б.Н. Методология сравнительно-исторического изучения фольклора. – Ленинград, “Наука”, 1976. 144 с 4 Жирмунский В.М., Зарифов Х.Т. Узбекский народный героический эпос. – М.: ГИХЛ, 1947. – С.95-127. 3
Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va tojik maktab adabiyot darsilklarida berilgan xalq og‘zaki ijodiga oid terminlarni qiyosiy o‘rganish va atamalarni nazariy, metodologik jihatdan qo‘llanilishini tadqiq qilish. Tadqiqotning predmeti ni o‘zbek va tojik xalq og‘zaki ijodi janrlariga oid atamalarning qiyosi va o‘zaro munosabati, darsliklardagi xalq og‘zaki ijodi bilan bog‘liq atamalarning nazariy o‘rganilishi, ikki xalq folklorining tarixiylik, madaniylik jihatdan o‘zaro ta’siri, atamalarning darsliklarda berilish metodikasi tahlil qilinishi tashkil etadi. Tadqiqotning vazifalari: - o‘zbek va tojik xalq og‘zaki ijodi namunalarining g‘oyaviy-badiiy o‘ziga xosligini misollar asosida sharhlash; - maktab darsliklarida berilgan o‘zbek va tojik xalq og‘zaki ijodi terminlarini qiyosiy tahlil qilish va ularning o‘ziga xosligini ko‘rsatib berish; – doston va nasriy janrga oid atamalarning qo‘llanilishini tahlilga tortish; – o‘zbek va tojik folklorida lirik hamda maxsus turga mansub atamalar tahlining o‘ziga xos qiyosiy usullarini yoritish; – o‘zbek va tojik xalq og‘zaki ijodini o‘qitishda ta’lim samaradorligini oshiruvchi usullarni joriy qilish va tahliliy xuloslar chiqarish. Ishning ilmiy yangiligi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun mo‘ljallangan o‘zbek va tojik adabiyot darsliklarida berilgan xalq og‘zaki ijodi atamalari qiyosi mazkur tadqiqot ishida birinchi marta o‘rganilmoqda. O‘zbek va tojik xalq og‘zaki ijodining lirik, epik va maxsus turga oid janrlar, xususan, doston janrining ijrochilik an’analari bilan bog‘liq atamalar tipologik usul nuqtayi nazardan tahlil qilingan hamda maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan o‘zbek va tojik adabiyot darsliklarida folklor atamalarining keltirilish o‘rni, xalq og‘zaki ijodiga oid nazariy ma’lumotlar mavzusini yoritishda izchil tahlillarga asoslanilgan. Ishning tuzilishi va hajmi. Mazkur ish ishimiz uch bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan tashkil topgan bo‘lib, umumiy hajmi 82 sahifadan iborat. 4
Mundarija: KIRISH ............................................................................................................................................................. 2 I BOB. O‘ZBEK VA TOJIK FOLKLORI EPIK JANRLARI ATAMALARINING QIYOSIY TIPOLOGIYASI ........................ 6 1.1. Doston va uning ijrochilik an’analari bilan bog‘liq atamalar .................................................................... 6 1.2. Xalq nasri janrlarining atamalari ............................................................................................................ 24 II BOB. O‘ZBEK VA TOJIK FOLKLORIDA LIRIK TUR HAMDA KICHIK JANRLARGA MANSUB ATAMALARNING QIYOSIY TAHLILI ........................................................................................................................................... 40 2.1. Lirik janrlar tipologiyasi ......................................................................................................................... 40 2.2.Kichik janrlarga mansub atamalarning qiyosiy tahlili ............................................................................. 54 III BOB. O‘ZBEK VA TOJIK XALQ OG‘ZAKI IJODI JANRLARINI O‘QITISH SAMARADORLIGI VA USULLARI ........ 63 XULOSA ........................................................................................................................................................ 73 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: ................................................................................................................. 76 5