Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar
Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar 1. Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar tushunchasi. 2. Ijro ishi yuritishda taraflar ularning huquq va majburiyatlari. 3. Ijro ishi yuritishda huquqiy vorislik va ishtirokchilik. 4. Ijro ishi yuritishda vakillik. 5. Ijro ishi yuritishda tarjimonning ishtiroki. 6. Ijro ishi yuritishda xolislarning ishtiroki. 7. Ijro ishi yuritishda mutaxassislarning ishtiroki. 8. Davlat ijrochilarining davlat organlari, kredit tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan o'zaro hamkorligi. 9. Ijro ishi yuritishda rad qilish. 10. Ijro ishi yuritishda xabarnomalar va chaqiruvlar.
IJRO ISHI YURITISHDA ISHTIROK ETUVCHI SHAXSLAR TUSHUNCHASI Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar deganda ma'lum yuridik (moddiy (yoki) protsessual-huquqiy) manfaatga ega bo'lgan va ijro ishi yuritishda o'z nomidan yoxud boshqa shaxslar nomidan o'zining manfaatlari, boshqa shaxslar manfaatlari, davlat va jamoat manfaatlarini himoya qilish uchun ishtirok etadigan ijro ishi yuritishning barcha ishtirokchilari tushuniladi. Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar tushunchasining kvalifikatsiyalovchi belgilari sifatida quyidagi ikki elementni ajratib ko'rsatish mumkin: yuridik manfaat: o'z manfaatlari yoki boshqa shaxslar manfaatlarini himoya qilish maqsadida o'z nomidan yoxud boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ularning nomidan harakat qilish layoqotiga ega bo'lish'. Demak, ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar tushunchasining bu ikki kvalifikatsiyalovchi belgisi bir-biri bilan uzviy bog'liq. Ijro ishida ishtirok etuvchi shaxslar ijro xarakatlari amalga oshirilayotganda yuridik (moddiy yoki protsessual) manfaatga ega bo'lib, o'zining yoki boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qiladi. Ijro ishini yuritishning asosiy ishtirokchilariga undiruvchi, qarzdor, davlat ijrochisi, bank yoki kredit muassasasi, sudya, davlat organlari va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari kiradi. Ijroga ko'maklashuvchi shaxslar bevosita ijro ishi yuritishda u yoki bu qonunda belgilangan vakolatlari doirasida davlat ijrochilariga ko'maklashadilar. Ularga ichki ishlar organlari xodimlari, bojxona xodimlari, mutaxassis, tarjimon, xolis, mol-mulkni saqlovchi va boshqalarni kiritish mumkin. Protsessualist olima U.A.Tuxtashevaning fikricha, ijro ishi yuritishda vujudga keladigan munosabatlar subyektining xususiyati ular xulq atvorining obyektiv va
subyektiv tomonlarini o'rganishga asoslanadi. Ijro ishi yuritishda ishtirok etayotgan shaxslar funksiyasi mohiyatini ularning xulq-atvorining obyektiv va subyektiv tomonlari majmuasi tashkil etadi. Ijro ishi yuritish subyektlarining harakatlari yoki harakatlarini amalga oshirish imkoniyati ular xulq-atvorining obyektiv tomonini tashkil etadi. Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarning bu ishtirokchilikdan erishishni xohlagan natijalar yoki maqsadlar ular xulq-atvorining subyektiv tomonini tashkil etadi. Ijro ishi yuritish subyektlarini, ularning ijro ishi yuritishda ishtirok etishdan maqsad va vazifalari hamda majburiy ijro etish organlari bilan hamkorligidan kelib chiqib quyidagicha tasniflash mumkin: sud va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishni amalga oshiruvchi⚫️ shaxslar - davlat ijrochilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, ijro ishi yuritishda taraf tariqasida ishtirok etuvchi shaxslar, ⚫️ qonun talablariga ko'maklashuvchi shaxslar; ⚫️ ijro hujjatlarini ijro etishga ko'ra qarzdorning mol-mulkini qonuniy asosda ⚫️ ushab turgan shaxslar, mulkiy huquqlariga ijro ishi yuritish ta'sir qiladigan shaxslar'. Ijro ishini ⚫️ yuritishning asosiy ishtirokchisi davlat ijrochisi ijro etuvchi hokimiyat vakili sifatida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosini ta'minlovchi hokimiyat vakolatlarini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida"gi Qonunning 83- moddasiga muvofiq o'rta maxsus (yuridik) yoki oliy (yuridik) ma'lumotga ega bo'lgan O'zbekiston Respublikasining fuqarosi davlat ijrochisi bo'lishi mumkin. Qonunga asosan ilk bor davlat ijro hokimiyati organlari tizimida mustaqil organ sifatida tashkil etilgan Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilari zimmasiga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosini ta'minlash vakolati yuklatildi. Aynan davlat ijrochilari jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini himoya qilishning oxirgi bosqichida turib, uni hal etish vakolatiga ega bo'ladilar. Davlat ijrochisi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijrosini ta'minlab, huquq subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya
qiladilar. Ijro hujjati talabi davlat ijrochisi tomonidan belgilangan ixtiyoriy muddatda qarzdor tomonidan bajarilmasa, davlat ijrochisi majburiy ijro harakatlariga kirishib, undiruv to'g'risidagi ijro ishlari bo'yicha ijroni qarzdorning mol-mulkiga qaratadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda soliq organlari, banklar hamda boshqa kredit tashkilotlari davlat ijrochisining pul mablag'larini undirish to'g'risidagi sud hujjatlarining va boshqa organlar hujjatlarining talablarining ijrosini amalga oshiradi. Ijro ishi yuritishda voyaga yetmaganlarning huquqlarini ularning qonuniy vakillari ota-onalari, farzandlikka oluvchilari, vasiylari yoki homiylari amalga oshiradilar. Fuqarolik, oilaviy, mehnat. ma'muriy huquqiy munosabatlardan hamda olingan ish haqini yoki boshqa daromadni tasarruf etish bilan bog'liq bitimlardan kelib chiqadigan ishlar bo'yicha sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari asosida berilgan. ijro hujjatlari ijro etilayotganda voyaga yetmaganlar qonunda nazarda tutilgan hollarda ijro ishi yuritishda mustaqil ravishda o'z huquqlarini amalga oshirishlari va majburiyatlarni bajarishlari mumkin. IJRO ISHI YURITISHDA TARAFLAR, ULARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI Undiruvchi va qarzdor ijro ishi yuritishdagi taraflar hisoblanadi. Ijro hujjati kimning foydasiga yoki manfaatlarini ko'zlab berilgan bo'lsa, o'sha shaxs undiruvchi hisoblanadi. Ijro hujjatida nazarda tutilgan pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulkni undiruvchiga berish yoxud muayyan harakatlarni amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan o'zini tiyish majburiyati zimmasiga yuklatilgan shaxs qarzdor hisoblanadi. Undiruvchi va qarzdorsiz ijro ishi yuritish mavjud bo'lishi mumkin emas. Har bir taraf o'zining huquq va majburiyatlariga ega. Ijro ishi yuritishdagi taraflar: ijro ishi yuritish materiallari bilan tanishish;
ijro ishi yuritish materiallarlaridan ko'chirmalar va nusxalar olish; qo'shimcha materiallar taqdim etish; iltimosnomalar berish, jumladan, ijro harakatlarini keyinga qoldirish haqida iltimosnoma berish; - ijro harakatlarini amalga oshirishda ishtirok etish; - ijro harakatlari jarayonida og'zaki va yozma tushuntirishlar berish; - ijro ishi yuritilishi davomida paydo bo'ladigan masalalar yuzasidan o'z vajlari va fikr-mulohazalarini bildirish; - ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlari va fikr-mulohazalariga qarshi e'tiroz bildirish; - rad qilish; - ijro hujjatlarining ijrosini kechiktirish yoki bo'lib-bo'lib ijro etish, ularni ijro etish usuli va tartibini o'zgartirish to'g'risidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga murojaat qilish; - davlat ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqlarga egadirlar. Ijro ishi yuritishdagi taraflarning asosiy majburiyatlari ijro harakatlarini amalga oshirayotganda sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risidagi qonun hujjatlarining talablarini bajarish, ijro hujjatlari talablarini o'z vaqtida va to'liq ijro etish, undiruvchi esa ijro harakatlarini amalga oshirishda davlat ijrochisiga yordam ko'rsatishi kiradi. Ijro ishi yuritishda undiruvchi hamda qarzdorning majburiyatlari ijro ishi yuritish qo'zg'atilganidan boshlanadi va u tugallangunga qadar bir shaxsdan boshqa shaxsga o'tishi mumkin. IJRO ISHI YURITISHDA HUQUQIY VORISLIK VA ISHTIROKCHILIK Ijro ishini yuritishda huquqiy vorislik bu ijro ishi yuritish jarayonida huquq va majburiyatlarning bir tarafdan ilgari ijro ishi yuritishda ishtirok etmagan boshqa shaxsga o'tishidir.