Sodda gaplar uslubiyati
Mavzu: Sodda gaplar uslubiyati Reja: Kirish. Grammatika va uslubiyat. 1. Sodda gap haqida ma’lumot. 2. Sodda gap sinonimiyasi. 3. Ifoda maqsadiga ko ‘ra gap turlarining uslubiy xususiyatlari. 4. Tasdiq va inkor gaplarning qo‘llanilishi. 5. Bir tarkibli gaplarning uslubiy xususiyatlari. Xulosa. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
Kirish O‘zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar o‘zbek tili o‘qitish metodikasi fanida uslub va uslubiyat masalalari, o‘quvchi va talabalarda nutqiy mahoratning shakllantirilishiga yetarlicha e’tibor qilinmadi. Bu esa o‘z navbatida shu tilda so‘zlovchi kishilar nutqiy taraqqiyotining susayishiga sabab bo‘ldi. O‘zbek tilshunoslarining uslubiyat sohasida olib borgan ilmiy izlanishlari asosan A.G‘ulomov, G‘. Abdurahmonov, I. Qo‘chqortoyev, A.Shomaqsudov, H.Doniyorov, R.Qo‘ng‘urov, Y.Tojiyev, E.Qilichevlar qalamiga mansub bo‘lib, ulardan ko‘proq tilshunoslik fani doirasida foydalanib kelindi. Yoshlarda nutqiy ma’daniyatni shakllantirish, so‘zlarni to‘g‘ri tanlash, har bir so‘z, so‘z birikmasi, gap va iboralarni nutq sharoitiga mos ravishda to‘g‘ri o‘rinli ishlata olishni o‘rgatish uslubiyatning bosh vazifasidir. Chuqur bilimga ega bo‘la turib uni ravon va go‘zal tilda ifodalay olmaslik nihoyatda achinarli. Nutqiy va mantiqiy g‘alizlikning oldini olishning birdan bir to‘g‘ri yo‘li – har bir shaxsning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan uslubda fikr ifodalash mahoratini shakllantirish mahoratidir. Buning uchun shaxsni uslubiy imkoniyatlardan voqif qilish, ularda so‘z tanlash, gap qurish, matn yaratish, ushbu jarayonda bor imkoniyatlardan foydalana olish, ko‘nikma va malakalarni hosil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Grammatika va uslubiyat . Grammatikaning gapda so‘zlarning o‘zgarishi va birikishi, so‘z shakllari va gap qurilishi kabi hodisalar haqida umumiy qoidalarni belgilab berishi nazarda tutilsa, uning uslubiyat bilan ham aloqador ekani aniq tasavvur qilinadi. Uslubiyat birinchi galda fikrni ravshan va aniq bera olish uchun grammatika belgilab bergan umumiy qoidalardan qaysi birini qanday holatda qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lishini belgilab beradi. Gapda fikrni tushunarli ifodalash uchun faqat grammatika qoidalariga rioya qilishning o‘zigina kifoya qilmaydi, gapni uslubiy to‘g‘ri tuza bilish ham kerak.
Ko‘rinadiki, grammatik hodisalar stilistikaning ham tahlil qilish obyektidir. Lekin bunday tahlilning usul va maqsadlari grammatika va uslubiyatda bir xil emas. Morfologiyada so‘z tuzilishi, so‘z formasining yasalishi, grammatik ma’no ifodalovchi morfologik vositalar o‘rganiladi. Uslubiaytda esa faqat fikrning u yoki bu emotsional-ekspressiv ottenkasini ifodalashga xizmat qiladigan morfologik formalar tekshiriladi. Sintaksis gapda so‘zlarning birikish yo‘llarini, so‘zlarning gaplardagi o‘zaro aloqasini, gapning qurilishini, tiplarini, gap bo‘laklarini tekshiradi. Lekin gapda ifodalanadigan fikr u yoki bu sintaktik kopstruksiyalarni qanday qo‘llashga, munosabatlarni ifodalashning u yoki bu usullarini ishlatishga qarab turlicha ottenka olishi mumkin. Uslubiyatda bir xil ma’no, bir xil fikrni ifodalovchi parallel vositalar o‘rganiladi. Uslubiyat gap bo‘laklarining ma’nodoshligi, gaplarning fikrdoshligini tekshirayotganda sintaktik sinonimiya hodisalarini bir-biriga qiyoslash, taqqoslash prinsipi asosida ish tutadi, ulardan har birining fikr ifodalashdagi ekspressiv ma’no tafovutlarini aniqlaydi. Xullas, uslubiyat grammatik hodisalarni fikrga turlicha bo‘yoq va stilistik ohang beruvchi ekspressiv vositalar sifatida izohlaydi, tushuntiradi. Sodda gap haqida ma’lumot Bir tarkibli gaplarning qurilish asosi (grammatik markazi) ega yoki kesimdan iborat bo‘ladi.Bir tarkibli gaplar, struktura asosining tabiatiga ko‘ra, ya’ni struktura asosi gapning bosh bo‘laklari ega yoki kesimdan bo‘lishiga qarab, egasiz va kesimsiz gaplardan iborat bo‘ladi. Egasiz gaplarning struktura asosi kesim bo‘lib, uning tabiati ikki xil: ayrim gaplarning kesimidan uning egasini topish mumkin: kesim eganing so‘rog‘ini qabul qiladi. Ba’zilarida esa egani topib bo‘lmaydi: kesim eganing so‘rog‘ini qabul qilmaydi. Quyidagi ikki gapni qiyoslang:– Hozirlik ko‘ringiz, toki g‘aflatda qolib pushaymon bo‘lmaylik!– asablanib dedi Husayn Boyqaro. (0.)
Aqcha bilan o‘lchab bo‘lmas u boshni, Tanga bilan to‘sib bo‘lmas quyoshni. (H. 0.) Sodda gap sinonimiyasi Ikki tarkibli va bir tarkibli gaplar sinonimiyasi: Elga qo‘shilgan er bo‘ladi, eldan ajralgan yer bo‘ladi. – Elga qo‘shil- sang, er bo‘lasan, eldan ajralsang, yer bo‘lasan. Bularda bir xil tipik mazmun ifodalangan. Ammo gap strukturasi ikki xil: birinchi gap ikki tarkibli, ikkinchi gap shaxsi umumlashgan bir tarkibli gapdir. Bular ma’no ottenkasiga ko‘ra ham farq qiladi: birinchi gapda hayotiy tajriba ifodalanyapti, ikkinchi gapda esa fikr umumga qaratilyapti. Boshqa misol: Ishqilib, o‘qqa uchib ketmagin, o‘rtoqlaring bilan yenginglar-u yengilmanglar. (G‘. G‘.) Ishqilib, sen o‘qqa uchib ketmagin. Birinchi gap shaxsi aniq bir tarkibli gap, ikkinchi gap – ikki tarkibli gap. Har ikkisida bir xil tipik mazmun ifodalangan. Lekin birinchi gapda diqqat markazi harakatga, ikkinchisida esa subyektga qaratilgan. Shuningdek, Sen majlisda so‘zga chiqishing kerak tipidagi ikki tarkibli gap Senga majlisda so‘zga chiqishga to‘g‘ri keladi tipidagi egasi topilmaydigan bir tarkibli gaplarga sinonim bo‘ladi. Bir tarkibli gaplar sinonimiyasi: Kechaga taklif qog‘ozi bilan kiritishadi – Kechaga taklif qog‘ozi bilan kiritiladi. Birinchi gap egasi topiladigan gaplarning shaxsi noaniq turi, ikkinchisi esa egasi topilmaydigan gapdir. Bularning umumiyligi (bir tarkibli gaplarning egasiz turi bo‘lishida, mazmundagi farq birinchi gapda shaxs noaniq bo‘lsa ham, uni topish mumkinligi, ikkinchi gapda esa harakatning shaxs istagiga bog‘liq emasligi, egani topish mumkin emasligidadir). Deyarli barcha ritorik so‘roq gaplar o‘z sinonimiga ega bo‘ ladi: Menga nima qilibdi?! Otdekman. Bir kun ming kun emas. (U. U.) Birinchi gapda Menga hech narsa qilgani yo‘q degan mazmun kuchli emosiya bilan ifodalangan. Har ikki gapda tipik mazmun anglashiladi. Lekin ularning (birinchisi ritorik so‘roq gap, ikkinchisi esa darak gapdir. Birinchi gapda emotsional ekspressivlik kuchli, ikkinchi gap esa
oddiy darak gap. Birinchi gap ko‘proq so‘zlashuv, badiiy, publisistik uslubga xos, ikkinchi gap esa uslubning barcha turlarida qo‘llanaveradi. Egasi topilmaydigan bir tarkibli gaplar shu tipdagi so‘roq gaplar bilan sinonimiya hosil qiladi. Ilmni mehnatsiz egallab bo‘lmaydi – Ilmni mehnatsiz egallab bo‘ladimi?! Aktiv va passiv konstruksiyali gaplar sinonimiyasi. Bunda bir xil tipik mazmun aktiv va passiv konstruksiyali gaplar orqali ifodalanadi: A’lochi talabalarga mukofotlar berish Zulfiya Nazirovna Rahimovaga topshirildi. – Biz a’lochi talabalarga mukofotlar berishni Zulfiya Nazirovna Rahimovaga topshirdik; Rasm Erkin Sodiqovich Niyozov tomonidan ishlandi – Rasmni Erkin Sodiqovich Niyozov ishladi. Har ikki misolda bir xil tipik mazmun ifodalangan. Lekin birinchisi passiv, ikkinchisi – aktiv konstruksiyali gap. Birinchi gapda ega harakatni o‘ziga qabul qilgan obyektni, ikkinchi gapda esa harakatni bajaruvchi shaxsni ifodalagan. Tasdiq va inkor formadagi gaplar sinonimiyasi: Qarab tur, seni otangga chaqmasammi! (0.) – Qarab tur, seni otangga chaqib beray. Har ikki gapda tipik mazmun ifoda qilingan. Lekin birinchi gap inkor formasida, ikkinchisi esa tasdiq gapdir. Birinchisi emotsional ekspressivlikka ega bo‘lib, ko‘proq so‘zlashuv uslubiga xos. Bunday gaplar ilmiy, rasmiy ish qog‘ozi uslublariga xos adabiyotlarda uchramaydi. IFODA MAQSADIGA KO‘RA GAP TURLARINING USLUBIY XUSUSIYATLARI Gaplar ifoda maqsadiga ko‘ra darak gap, so‘roq gap, buyruq gaplarga bo‘linadi. Kuzatilgan maqsadga qarab nutq uslublarining barchasida bu tip gaplardan foydalaniladi. Bularning har biri, nutq uslublarida qo‘llanishiga qarab, ayrim o‘ziga xos belgilarga ega bo‘ladi.