BADIIY ASAR TAHLILI. TALQIN VA TAHLIL
BADIIY ASAR TA H LILI. TALQIN VA TAHLIL Reja: 1. Badiiy asar tahlili 2. She’riy asar tahlili 3. Nasriy va dramatik asar tahlili
Shoirlik aslida she’rni – she’riyatga aloqasi yo‘q narsalardan tozalay bilishdir. Chunki she’rning go‘zalligi, avvalo, ana shu musaffolikda aks etadi. She’rdagi soflik – tuyg‘u va tushunchadagi soflik demak. She’r bilan she’rxon orasidagi davomli ichki aloqa shundan boshlanadi. To‘g‘ri, bevosita matnga diqqatni qaratish, uni tadqiq va tahlil qilish adabiyotning barcha muhim jihati, o‘ziga xos holatlarini yoritishga to‘la-to‘kis imkon berolmaydi. Ammo u adabiyot ilmini umumiy, bir yoqlama, goho farosatsizlarcha to‘qilgan fikr-mulohazalardan himoyalashi shak-shubhasiz. Zero, haqiqiy adabiyot – san’atkorlik zavqi ila yaratilgan asardan boshqa bir narsa emas. Uning bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabat o‘rnatishgina shaxsiy taassurot va tasavvurni yuzaga keltiradi. Biroq hech qanday adabiy matn, muayyan bir usul, tushuncha va haqiqatga tayanilib o‘qilmaguncha, o‘z-o‘zidan tuyg‘u va fikr uyg‘otolmaydi. Mukammal asar matnini tabiatga qiyoslash mumkin. U ham o‘ziga xususiy savollar bilan murojaat qilinganda, faqat va faqat ana shunday holatda o‘quvchiga sir-asrorini keng ochadi. Shunda matn tahlili atalmish usulning afzalliklari, ko‘p narsani yuza va chala bilishdan nihoyatda foydali ekani ham ravshanlashadi. Bundan tashqari, eng go‘zal, eng original adabiyot namunalarini o‘jarlik va o‘zboshimchalik changalidan qutqazishning bir chorasi ham matn tahlilidir. Tarixiy-qiyosiy yo biografik metodda bajarilgan ilmiy ishlarning afzalliklarini qadrlash yaxshi jihatlarini albatta rivojlantirish kerak. Quruq inkorchilik, yoqimsiz bir chechanlik bilan ilmda hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Shu bilan birga ilm-fanda ochiqlik, yangi izlanishlar zarurligiga beparvo qolmaslik joiz. Bizda poetik matn tadqiqi deyilganda, asosan g‘oya va mazmundan bahs yuritish, vazn, qofiya, badiiy san’atlar xususida so‘zlash tushuniladi. Rosti gap, bu bir qadar jo‘n qanoat va qoliplashgan tajriba. Holbuki, chinakam tahlil va talqin matnda mavjud hamma narsani, hattoki, harf tovushlari, ohang, rang tovlanishlarini ham
ma’nolashtirish, muallifning shaxsiy holat, kayfiyat, ruhoniy sezimlari bilan aloqadorlikda yoritishni talab qiladi. Axir, davr ruhi, zamon nafasi, jamiyat dardi ham dastlab ijodkor shaxsiga ta’sirini o‘tkazib, undan so‘ng asarlariga ko‘chadi. Sharqlik buyuk shoir va adib borki, deyarli hammasi o‘zining nafs va xarakteriga bir san’at asari yanglig‘ sayqal berib, uni butun shaxsiyat holiga ko‘targan. Mutasavvif san’atkorlar uchun bunday shaxsiyat orzusi insonning bashariy irodasini ilohiy iroda maqomiga yuksaltirib, ularni o‘zaro birlashtira olishdir bundan inson hech nima yutqazmaydi va hech qanaqa ziyon ham ko‘rmaydi. Aksincha, vujudidagi kuchsizlik, chirkinlik va yovuzliklardan bir yo‘la qutiladi. Ajablanarli joyi shundaki, hanuzgacha bizda kengroq o‘ylab ham ko‘rilmagan bu murakkab muammo G‘arb sharqshunosligida o‘tgan asrning birinchi yarmidayoq o‘rganila boshlangan. Diqqatga molik sifatida ulkan ingliz olimi va rumiyshunosi Ronald Nikolsonning “Tasavvufda ilohiy shaxsiyat tushunchasi” nomli tadqiqotini eslatish maqsadga muvofiqdir. Ushbu asar haqiqatda katta mehnat va bilimdonlik bilan yozilgan. Uning Mansur Xalloj, Imom G‘azzoliy va Jaloliddin Rumiyga bag‘ishlangan fasllari kishida ko‘p mulohaza, mushohada uyg‘otadi. Ammo arab allomasi, Nikolsonning sodiq shogirdi Abul A’lo Afifiy ustozining kitoblaridan biriga yozgan mazmundor so‘zboshisida o‘sha tadqiqotning asosiy kamchligi to‘g‘risida, “Muallif, butun kuch-quvvatini, xristian ilohiyotidan olingan shaxsiyat tushunchasini umumlashtirish va uning muqobilini tasavvufdan topishga sarf qilgan. Holbuki, xristian nuqtai nazari bilan, islom nuqtai nazari o‘rtasida juda katta farq bor”, deydi. Aynan shu farq bilan hisoblashmagani tufayli Alisher Navoiy lirik qahramonlari dunyoqarash va shaxsiyati yoritilgan ayrim tadqiqotlarda she’riy matndagi asl mohiyat va haqiqatga hech muvofiq kelmaydigan fikr-qarashlar ilgari surilgan. Buning bosh sababi esa matnning g‘oyaviy-badiiy tarkibini to‘g‘ri va teran mushohada etmasdan
rus adabiyotshunosligidagi ilmiy-nazariy tushuncha va xulosalarni unga tadbiq qilinganligidir. Bunaqa tajriba ehtimol o‘sha zamonlarda zarur bo‘lgandir. Hozir esa unga hech zaruriyat yo‘q. Shaxs va shaxsitya komilligini Navoiy qanday anglab, qanaqa miqyoslarda talqin qilgan bo‘lsa, ilmda xuddi shunday tarzda ko‘rsatish lozim, vassalom. Modomiki, gap shaxsiyat haqida ekan, ijodiy shaxsiyatga daxldor bir haqiqatga ham to‘xtalib o‘tish ortiqchalik qilmaydi. Chunki, xususiy uslubga sohib bo‘lish – bu, xususiy bir shaxsiyatga sohib bo‘lish demak. Masalaga kengroq yondoshilsa, ijodiy shaxsiyatni yorqin namoyon aylaydigan alomat, tuyg‘u va tushuncha emas, balki uslubdir, degan xulosaga kelinadi. Ijodkor mavzu, zavq, goho xayollarning ma’lum bir qismini boshqalardan olmog‘i mumkin. Bu uning ulug‘ligiga aslo monelik etmaydi. Ulkan san’atkorlar ko‘p mavzularni o‘zgalardan o‘zlashtirgani adabiyot tarixidan yaxshi ayon. Hamma gap, u yoki bu g‘oyani qanday shaklda anglatish, qandoq harorat va mohirlik ila tasvirlash, ya’ni uslubdadir. Shuning uchun ijodiyotida qator o‘xshashliklar mavjudligiga qaramasdan, Alisher Navoiyning buyuk va qudratli shaxsiyati, uslubi barcha salaflari, zamondosh qalamkashlardan ajralib turadi. Uning ruhiy hayoti, she’rni ruhning tili, musiqasi holiga yetkazish mahorati butunlay o‘zgacha. Navoiy she’rlari tahlilida shularni yoritishga urinish zarur. Afsuski, ko‘pincha bunga yaqin ham borilmaydi. Sabab nima? Sabab ko‘p. Biz ulardan faqat ayrimlariga e’tiborni qaratmoqchimiz. Mavlono Jaloliddin Rumiyga ko‘ra, “tadqiq” bir noqislikning tazahhuri sanaladi. Shu boisdan go‘zallik tekshirilmaydi, quruq va sovuq bir mantiq bilan chaynalmaydi, balki kashf etiladi. Bu alohida diqqatga loyiq fikr. G‘arb psixologlari “estetik tuyg‘u” deb nomlagan tuyg‘uni Sharq shoirlari odamning o‘zida bo‘lmagan yoki uning tabiatiga begona go‘zallik tuyg‘usini yo‘qdan bor qilishmas, aksincha, insonda mavjud go‘zallik
hissiyotini uyg‘otish, ong va idrok ostidagi latifliklarni harakatlantirish deb bilishgan. Va yozilgan har bir asar shunga mo‘ljallangan. Demak, xulosa aniq: inson mohiyatida go‘zallik tuyg‘usiga molik bo‘lmasa, san’at asari qarshisida u hech kim. Adabiyot va din, falsafa va badiiy ijod, san’atkorlik va tarixnavislik aloqalarini bexato farqlashga hatto ilm ham unga ko‘mak berolmaydi. Mukammal badiiy matn yo‘q joyda – adabiyot yo‘q. Adabiyot va san’atkorlik yo‘qmi, demak u boshqa bir narsa. Uni o‘z nomi bilan atash, o‘z xarakter xususiyatlariga muvofiq usullarda tadqiq qilish kerak. Juda ko‘p soha vakillari xususiy maqsadlari yo‘lida adabiyotdan foydalanishga urinishgan. Jumladan, din va tasavvuf arboblari ham Vazn va qofiyadan bo‘lak she’riyatga aslo aloqasi bo‘lmagan diniy-tasavvufiy asarlar badiiy matn mezonlari bo‘yicha baholanmasa, mumtoz adabiyotimizni xas- xoshokdan asrash yaqin yillarda juda qiyinlashib qoladi. Chunki bir xato hech kutilmagan o‘zga bir xatoga hamisha zamin hozirlab, yo‘l ochadi. Biz istaymizmi, istamaymizmi, Sharq adabiyotida insonni dunyoga tahqir va nafrat ko‘zi bilan qarashga chorlagan, bandaning ojizu notavonligidan bahs etib, tafakkur va hurlik shuurini so‘ndirishdan orom topgan qalamkashlar bo‘lgan. Diniy bir badbinlik va mahdudlik izlari o‘zbek adabiyoti tarixida ham nazarga tashlanadi. Bundan tashqari, botiniylik tushunchalari suqulib kirgan tasavvuf tarmoqlari va falsafiy tasavvuf oshuftasi bo‘lib qolganlar habibiylik, voqifiylik, avliyoiylik, holiya, ilhomiya kabi tariqatlar targ‘ib etgan maqsad va harakatlar inson axloqi, ma’naviy maqsadlariga nechog‘liq muvofiq kelishini albatta o‘ylay olishlari kerak. Aks holda bir nayrangdan qutulib g‘ayriixtiyoriy ravishda boshqasiga tutilish hech gapmas. Sho‘ro davlatining qitmirlik o‘yinlaridan biri Sharq mumtoz adabiyoti, san’ati va musiqasi ma’no-mohiyatini tarixiy ruhi va nafasiga muvofiq tarzda anglashga to‘siq qo‘ygani edi. Shu ma’noda ikkita misol keltirmoqchimiz. Dunyoviy adabiyot degan tushuncha o‘zbek adabiyotshunosligiga qanday va