NODAVLAT ISh BILAN BANDLIK XIZMATI RIVOJLANIShINING ASOSIY YO‘NALIShLARI
NODAVLAT ISh BILAN BANDLIK XIZMATI RIVOJLANIShINING ASOSIY YO‘NALIShLARI REJA 1. Nodavlat ish bilan bandlik xizmatini shakllanish mezonlari bo‘yicha tasniflash 2. Hududiy darajada nodavlat ish bilan bandlik xizmatlari shakllanishi 2.1. Mehnat bozorida v ertual agentliklar xizmati ning asosiy yo‘nalishlari 2.2. Davlat va nodavlat ish bilan bandlik xizmatlari faoliyatlarining o‘zaro aloqadorligi
1. Nodavlat ish bilan bandlik xizmatini shakllanish mezonlari bo‘yicha tasniflash Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar davrida talab qilingan darajada inson resurslarining zamonaviy ishlab chiqarishdagi ta’minoti - ish bilan bandlik xizmati oldida turgan asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Respublikamizda bozor munosabatlarining shakllanib borishi mehnat bozorining tashkiliy tuzilmalari sifatida davlat ish bilan bandlik xizmati organlari bilan birga turli ixtisoslashgan va universal tijorat ish bilan bandlik organlari, mehnat birjalari, o‘quv markazlari, kadrlarni tanlash bo‘yicha agentliklar mehnat bozorida ahamiyatli rol o‘ynay boshladilar. Korxona va firmalarga mehnat bozorida ish bilan bandlikka ko‘maklashish va ishga joylashtirish maqsadida ishchi kuchi yollashning tashqi manbalaridan biri sifatida kasbiy mehnat vositachiligidan foydalanish hisoblanadi. Shunday ekan, davlat mehnat vositachiligi faoliyatini qonuniy jihatdan tartibga solish va ijrosini nazorat qilishi zarur. Nodavlat ish bilan bandlik xizmati mehnat vositachiligi bilan shug‘ullanishda davlat ish bilan bandlik xizmati singari o‘zining faoliyatida bir qancha yo‘nalishlarga ega. Nodavlat ish bilan bandlik xizmatini bir necha mezonlar bo‘yicha tasniflash mumkin. Mehnat vositachiligining ko‘rinishlari bo‘yicha ular quyidagilarga bo‘linadi: - Tijorat ish bilan bandlik xizmati; - Notijorat ish bilan bandlik xizmati. - Nodavlat ish bilan bandlik xizmati orasida ish beruvchilarni o‘zlarining mijozlari sifatida faoliyat yuritishni maqul ko‘radilar.
Shuning uchun mehnat bozorida funksiyalarning taqsimlanishi bo‘yicha ish bilan bandlik xizmatlari quyidagilarga bo‘linadi: - xodimlarni tanlash bo‘yicha agentlik (rekrut agentliklari); - fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha agentlik, mehnat birjasi. Ish bilan bandlikka ko‘maklashishda fuqarolarni tanlash va ishga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi agentliklarning alohida faoliyat yuritishlari qoida tariqasida yo‘q. O‘z faoliyatining boshlang‘ich bosqichida agarda qandaydir agentlik ikki yo‘nalishdagi faoliyat bilan shug‘ullansa, keyinchalik bitta yo‘nalishdagi faoliyatga ixtisoslashadi. Xodimlarni tanlash agentliklari, ya’ni rekrut agentliklari yollanma xodimlarni tanlashda quyidagi mezonlardan foydalanishlari mumkin: - vaqtinchalik ish bilan bandlik; - doimiy ish bilan bandlik. Mehnat bozorida faoliyat yurituvchi nodavlat ish bilan bandlik xizmati organlari konkret tarmoqlardagi korxonalar uchun xodimlarni tanlashda ixtisoslashishi yoki barcha kasbiy-malaka belgilari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, ma’lum bir tarmoqqa tegishli ish joylarida fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha ham xizmatlar ko‘rsatishi mumkin. Shunday ekan, ishga joylashtirish bo‘yicha agentliklar quyidagilarga bo‘linadi: - universal; - ixtisoslashgan. O‘z navbatida, ixtisoslashgan kadrlar agentligi, tijorat mehnat birjalarini quyidagi mezonlar bo‘yicha ajratish mumkin: firma ichidagi vertikal bosqichlar bo‘yicha rahbarlik lavozimlariga xodimlarni tanlash; boshqaruv lavozimlariga xodimlarni tanlash; o‘rta darajadagi mutaxassisliklar bo‘yicha, yuqori malakali ishchi mutaxassislarni tanlash; malaka va tarmoq xususiyatlari bo‘yicha ish joylariga xodimlarni tanlash. Shunday qilib, ish bilan bandlik xizmatini faoliyat doirasiga qarab quyidagi turlarga bo‘lish mumkin: - kasbiy belgilari bo‘yicha xodimlarni tanlash;
- malaka belgilari bo‘yicha xodimlarni tanlash. Mehnat bozorida barcha ish bilan bandlik xizmatlari turli xil korxonalar va firmalar bilan qandaydir malaka belgilari bo‘yicha faoliyat olib boradilar. Ish beruvchilar va yollanma ishchilar o‘rtasida kadrlar agentligi vositachi sifatida mehnat bozorida muhim ahamiyatga ega. Xorijiy manbalarning bildirishicha, chet elda (xususan, AQShda) kadrlar agentligi orqali ishga joylashgan ishsizlar 5% ni tashkil qiladi. Bizningcha, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich (xususan, Samarqand viloyatida) hali rivojlangan mamlakatlardagi kabi ahamiyatli salmoqqa ega emas.