O‘ZBEK TILSHUNOSLIGI TARAQQIYOT BOSQICHLARI
O‘ZBEK TILSHUNOSLIGI TARAQQIYOT BOSQICHLARI REJA: 1. “Tilshunoslikning dolzarb muammolari” kursining maqsad hamda vazifalari 2. XX asrgacha bo‘lgan ibtidoiy o‘zbek tilshunosligi maqsad va vazifalari, yutuqlari. 3. Ilk empirik tilshunoslik maqsad va vazifalari, yutuqlari. 4. O‘zbek nazariy tilshunosligi maqsad va vazifalari, yutuqlari. 5. Ikkinchi empirik o‘zbek tilshunosligi maqsad va vazifalari, yutuqlari.
“O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari” kursi nazariy soha bo‘lib, uning maqsadi talabalarni davr talablaridan kelib chiqadigan, o‘zbek tilshunosligi fani zimmasiga qo‘yilayotgan yangi ijtimoiy buyurtma bilan tanishtirish uchun yangi lingvistik paradigma va yo‘nalishlar haqida ilmiy-metodologik ma’lumot berishdan iborat. Fanning vazifalari quyidagilardir: -o‘zbek tilshunosligi bosqichlari haqida ma’lumot berish; - o‘zbek formal tilshunosligi maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berish; -o‘zbek substansial tilshunosligi maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berish; -jahon tilshunosligi yutuqlari va o‘zbek tilshunosligi oldiga qo‘yilayotgan talablar; -ja h on tilshunosligi yangi paradigmalari haqida axborot berish; -o‘zbek tilshunosligining zamonaviy yo‘nalishlarining dolzarb muammolari haqida ma’lumot berish. “O‘zbek tishunosligining dolzarb muammolari” fani gnoseologiya, tasavvuf, mantiq (formal, dialektik), ilmiy tadqiqot metodologiyasi, sotsiologiya, madaniyatshunoslik, psixologiya, axborot texnologiyalari fanlari bilan bog‘liq. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, “Til tarixi”, “Tilshunoslikka kirish”, “Umumiy tilshunoslik” fanlari bilan uzviy ketma-ket bog‘lanadi. Fanning boshqa fanlar bilan o‘zaro bog‘liqligi va uni o`qitishning ahamiyati. “Tishunosligining dolzarb muammolari” fani gnoseologiya, tasavvuf, mantiq (formal, dialektik), ilmiy tadqiqot metodologiyasi, sotsiologiya, madaniyatshunoslik, psixologiya, axborot texnologiyalari fanlari bilan bog‘liq. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, “Til tarixi”, “Tilshunoslikka kirish”, “Umumiy tilshunoslik” fanlari bilan uzviy ketma-ket bog‘lanadi. Talabalarda “Tilshunoslikning dolzarb muammolari” fani bo‘yicha bilimlarni shakllantirish, kuchaytirish, “Tilshunoslikning dolzarb muammolari”ning o‘ziga
xos nazariyasi, til materiallarini ilmiy tahlil etish va ularni amaliyotda tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon bevosita amaliy va ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda alohida ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham ushbu fanni o‘rganish va tadqiq etish bugungi kun nuqtayi nazaridan juda dolzarb masalalardan biri sanaladi. “Tilshunoslikning dolzarb muammolari” kishilik jamiyatining amaliy ehtiyojlari ta’sirida yuzaga kelgan tilshunoslikning mustaqil bir sohasidir. Kishilik jamiyatining taraqqiy eta borishida “O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari” fanining echishi lozim bo‘lgan masalalari ham, shu masalalarni hal qilishga yo‘naltirilgan yo‘l-yo‘riqlari va metodlari ham o‘sib, rivojlanib boradi. Bu muammolarni an’anaviy hamda yangi muammolarga ajratish mumkin. An’anaviy muammolar qatoriga tilshunoslik tomonidan asrlar davomida yechib kelingan, lison hamda nutq hodisalarini imkoniyat doirasida tadqiqi va hamisha jamiyatning o‘quv-o‘qituv ishlarini talab darajasida tashkil etishga yo‘naltirilgan amaliy ishlarni kiritish mumkin. Yangi muammolar qatorida quyidagilarni sanash mumkin: mashinaviy tarjimaning lingvistik asoslarini yaratish, informatsion tillar va ularning inson tabiiy tiliga munosabati, terminologiyasi va uning axborot izlashga munosabati, hujjatlarni avtomatik indekslashtirish, hujjatlarni avtomatik tarzda referatlash va annotatsiyalash, axborot tizimi ishlarini lingvistik jihatdan ta’minlash, avtomatik axborot izlash uchun lug‘at - tezauruslar tuzish, matnni avtomatik sintezlash va lisonning nutqiy voqelanishining mukammal tadqiqi kabilar. Fanni o`rganish jarayonida yana quyidagilarni ham bilib olamiz: O‘zbek tilshunosligining fan sifatidagi tarixiy taraqqiyoti bosqichlari va ularga xos vazifalar. XX asr 50-80 yillari o‘zbek tilshunosligini muammolari, yechimi, amalga oshirilgan tadqiqotlar tahlili talqini. XX asr oxirlari o‘zbek tilshunosligi muammolari, yechimi haqida.
XXI asr boshlari o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari tadqiqining boshlanishi, borishi, natijalarining yangiligi. F ormal, substansial va antrpotsentrik tilshunoslik. Ularning umumiy jihatlari va farqlari. Jahon lingvistikasining ajralmas tarkibiy qismlaridan biri, dunyo tilshunoslik fani oldida turgan dolzarb maslalarni ijobiy hal etishga munosib ulushini qo‘shib kelayotgan o‘zbek tilshunosligi ham o‘tgan asr davomida rang-barang dunyoqarashlar, ta’limotlar, nazariyalar ta’sirini boshidan kechirdi, umumlingvistik jarayonlar qamrovida qoldi. O‘zbek nomli etnosotsial jamoa, ya’ni millatga taalluqli, uning boy tarixini o‘zida aks ettiruvchi, kundalik aloqa-muloqat ehtiyojini to‘la-to‘kis qondiruvchi, uni birlashtiruvchi, jipslashtiruvchi o‘zbek tilining tabiatini, shakllanish, taraqqiy topish bosqichlari kechagi va bugungi holati, ertangi istiqboli xususida aniq hamda ravshan tasavvurga ega o‘zbek tilshunosligi uchun hozirgi zamon jahon tilshunosligida yuz berayotgan o‘zgarishlar yot emas. Hech ikkilanmay ta’kidlash lozimki, o‘zbek tili tizimida nafaqat qardosh turkiy tillarga oid xususiy jihatlar, shuningdek dunyoning besh qit’asida mavjud mustaqil tillarga doir umumiy qonuniyatlar ham qaror topgan. Shu nuqtayi nazardan o‘zbek tilshunosligi bosib o‘tgan murakkab yo‘lga ilmiy yondashishda, obyektiv baho berishda unga xos qonuniyatlarni umumlingvistik hodisalar, jarayonlardan ajratib qo‘ymaslik yoki yulib olmaslik talab qilinadi. Ma’lumki, XX asr boshlarida sotsiologiya va psixologiyadan uzoqlashgan lingvistika “Til o‘zida va o‘zi uchun” shiorini o‘zining yagona obyekti sifatida e’lon qildi. F. de Sossyur ilgari surgan umumiy semiologiya loyihasi semiotikada qisman ifodasini topgan bo‘lsa-da, lingvistika o‘z mustaqilligini yo‘qotmadi, semiotikadek umumiy fanning qismiga aylanib ketmadi. Y.D.Aprsyanning qayd etishicha, struktur paradigma tufayli sodir bo‘lgan qayta qurish an’anaviy
lingvistik muammolarni yanada chuqurlashtirdi, boyitdi va kengaytirdi; lingvistikani “ilmiy haqiqatni izlash, axtarish metodologiyasi” bilan qurollantirdi. XX asr oxiriga kelib tilni belgilar tizimi tarzida tadqiq etish masalasi tadqiqotchilarni ortiqcha qiziqtirmay qo‘ydi. Lingvistika yana psixologiya va sotsiologiya bilan yaqindan munosabatga kirishishga intila boshladi. Kognitivistika Sossyurning til-nutq, sinxroniya-diaxroniya, sintaksis- semantika, leksika-grammatika kabi til dixotomiyalaridan voz kecha boshladi. Tilni insonning kognitiv qobiliyatlaridan biri sifatida baholadi, tilshunoslikni esa kognitologiyaning bo‘lagi deb e’lon qildi. Natijada, tilshunoslik tag‘in o‘z mustaqilligini yo‘qotay dedi. SHunga qaramay til haqidagi fanning yakkalikdan chiqishiga, unga tegishli ijtimoiy ahamiyatning yanada o‘sishiga shak-shubha yo‘q edi. XX asr lingvistikasi bosib o‘tgan yo‘lni kuzatar ekanmiz, undagi bir qator xususiyatlarni e’tirof etish lozim bo‘ladi: 1.Tilshunoslik har doim boshqa, xoh gumanitar, xoh tabiiy fanlar bilan bajonidil aloqaga kirisha oldi. Biologiya, sotsiologiya, psixologiya bilan lingvistikaning yaqindan aloqasi bois biolingvistika (bu yo‘nalish o‘zbek tilshunosligida hozircha shakllangan emas), sotsiolingvistika, psixolingvistika tarkib topdi. 60-yillardan e’tiboran injener lingvistikasi, keyinroq matematik lingvistika, buning zaminida esa, kompyuter lingvistikasi vujudga keldi. Bunday aloqalar natijasi o‘laroq tilshunoslikka oid tadqiqotlarda turli-tuman tushunchalarni ifodalovchi terminlar o‘z ifodasini topdi. SHunga qaramasdan, tilshunoslikda uning predmetiga mos xususiyatlargina saqlanib qolaverdi, mos tushmaydiganlari o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi yoxud sof lingvistik mazmun bilan qanoatlandi. 2. Kiritilayotgan tushuncha uchun aniq ta’rifning yo‘qligi uning samarali qo‘llanishiga to‘sqinlik qilolmadi, “lisoniy bilish” , “lisoniy qiyofa”, “borliqning lisoniy tasviri”, “diskurs “, “ konsept” singari terminlar mohiyati qator izlanishlar negizida aniqlashtirib borildi.