OLIY ASAB FAOLIYATI FIZIOLOGIYASI
OLIY ASAB FAOLIYATI FIZIOLOGIYASI Reja: 1. Oliy asab faoliyati haqida umumiy tushuncha; 2. SHartli va shartsiz reflekslar. SHartli reflekslar hosil bo‘lishining qoidalari va fiziologik mexanizmlari; 3. Dinamik stereotip, o‘rganish, xotira, xulq-atvor, atrof muhitga moslashish turlari; 4. SHartli reflekslarning tashqi va ichki tormozlaanishi; Uyqu, uning ahamiyati va mexanizmlari; 5. Odam oliy asab tiplari. Birinchi va ikkinchi signal tizimlari haqida I.P.Pavlovning ta’limoti;
1. Oliy asab faoliyati haqida umumiy tushuncha Odamning xulq-idroki, fikrlashi, ongi va barcha ruhiy xususiyatlari oliy asab faoliyati bo’lib, u bosh miya yarim sharlari va ular po’stlog’ida joylashgan asab markazlarining me’yoriy funksiyasiga bog’liq. Odamning oliy asab faoliyati murakkab reflekslar orqali namoyon bo’ladi. Bu reflekslarning tashqi muhit bilan bog’lanishi, uning har xil sharoitda moslashuvini ta’minlaydi. Odamning barcha ixtiyoriy harakatlari, fikrlashi va ruhiy holatlari reflekslar orqali sodir bo’lishini mashhur rus fiziologi I.M.Sechenov 1863 yilda “Bosh miya reflekslari” degan kitobida birinchi bo’lib ko’rsatdi. Uning reflekslar haqidagi fikrlarini taniqli olim I.P.Pavlov yana rivojlantirib, shartli reflekslar haqidagi ta’limotni yaratdi. I.P.Pavlov odam oliy asab faoliyati shartli reflekslar orqali namoyon bo’lishini ko’rsatib berdi. Bosh miya yarim sharlar po’stlog’i (neokorteks) va uning asosiy (bazal) yadrolari filogenezning keyingi bosqichlarida paydo bo’lgan. Katta yarim sharlar ilk bor baliqlarda paydo bo’lgan bo’lsa ham, uning po’stlog’i sut emizuvchi hayvonlarda va eng muhimi odamda juda murakkab shakllari rivojlangan. Buyuk rus olimi – evolyusion fiziologiyasining asoschisi L.A.Orbelining fikrlariga ko’ra, organizm qancha murakkab tuzilgan bo’lsa, uning funksional faoliyati qancha serqirra bo’lsa, katta yarim sharlar po’stlog’i o’shancha ko’prog’ rivojlangan va murakkab tuzilgan bo’ladi. Dastlabki boblarda aytib o’tganimizdek, neokorteks bir necha milliard asab hujayralar (neyronlar) dan tashkil topgan, ular po’stloqning 6 qavatida turli kombinasiyalarda joylashgan. Bu neyronlarning hammasi ham o’siqli bo’ladi, bu o’siqlar turli tomonga qarab ketadi. Ba’zilari katta yarim sharlar po’stlog’ining turli bo’limlarini bir-biriga bog’lasa, boshqalari bosh miya po’stlog’ini markaziy asab tizimining pastdagi bo’limlari bilan bog’laydi. Bu yerda so’z proyeksion, assosiativ va komissural asab tolalari haqida borayapti. Shunday qilib, bosh miya yarim sharlar po’stlog’i bosh miyaning boshqa bo’limlariga qaraganda evolyusion nuqtai nazardan kechroq rivojlangan, ammo
tuzilishi va funksiyalari jihatidan juda murakkab bo’limdir. Bosh miya po’stlog’i paydo bo’lishi bilan funksiyalar kortikalizasiyasi voqye bo’ladi, ya’ni organizm funksiyalarini boshqarish asab tizimining quyi bo’limlaridan bosh miya po’stlog’iga o’tadi. Bosh miya po’stlog’i organizmdagi hamma jarayonlarni, shuningdek odamning butun faoliyatini nazorat qila boshlaydi. Oliy asab faoliyati haqida I.P.Pavlov yaratgan buyuk ta’limot jismoniy hodisalar bilan ruhiy (psixik) hodisalarning birligini shak-shubhasiz isbot etadi. Oliy asab faoliyati haqidagi ta’limot juda ko’p eksperimental ma’lumotlarga asoslanib, ruhiy faoliyatning moddiy negizi bor deb isbot etadi. Oliy asab faoliyati haqidagi ta’limot tashqi obe’ktiv olamning odam ongida aks etishiga taalluqli juda murakkab jarayonlarning fiziologik mexanizmlarini ochib va ilmiy jihatdan asoslab berdi, shu bilan in’ikos nazariyasiga tabbiiy-ilmiy asos soldi. Markaziy asab tizimi reflekslar asosida ishlaydi degan I.P.Pavlov ta’limoti uchta asosiy tamoilga asoslanadi: birinchi – determinizm (sababiyat) tamoyili, ya’ni har bir hodisaning sababi bor degan fikr, ikkinchi – analiz va sintez tamoili, uchinchi – tuzilish, ya’ni tuzilma tamoili. Shu tamoyillarning har birini ko’zdan kechiraylik. 1. Determinizm (sababiyat) tamoili. Bu tamoil shundan iboratki, organizmda hyech narsa sababsiz sodir bo’lmaydi. Har bir refleksning yuzaga chiqishi uchun muqarar sababi bor. 2. Analiz (tahlil) va sintez (birlashtirish) tamoili. Bu tamoilga ko’ra, markaziy asab tizimi o’z faoliyati natijasida reseptorlarimizga ta’sir ko’rsatuvchi murakkab ta’sirlovchilarni oddiyroq tarkibiy qismlarga parchalab tashlaydi (analiz) va ularni shu onda bir tizim qilib birlashtiradi (sintez). 3. Tuzilish (tuzilmalik) tamoili. Bu tamoilga ko’ra, har bir refleks muayyan morfologik tuzilmaga bog’liq. Miyada, shuningdek butun organizmda ro’y beruvchi hamma jarayonlar moddiydir, ya’ni ular asab tizimining muayyan qismlarida voqye bo’luvchi moddiy jarayonlarga asoslanadi.
2. Shartsiz va shartli reflekslar. Shartli reflekslar hosil bo‘lishining qoidalari va fiziologik mexanizmlari 1. Shartsiz reflekslarning anatomik yo’ll ari, ya’ni reflektor yoy va ayniqsa markaziy asab tizimida qo’zg’alish markazga intiluvchi toladan markazdan qochuvchi tolaga o’tadigan yo’llar, shuningdek miya po’stlog’iga boradigan yo’l (shartsiz refleksning miya po’slog’idagi qismi) hayvon yoki odam tug’ilguncha mavjud bo’ladi: yangi tug’ilgan bolada dastlabki kunlardayoq ovqatlanishga taaluqli bir qancha shartsiz reflekslar paydo bo’ladi (emish, so’lak oqish va hokazo). Shartsiz reflekslar tug’ma bo’lib, nasldan naslga o’tadi . Shartli refleklar tug’ma bo’lmaydi. Shartli refleksning yoyi hayvon yoki odam tug’iladigan paytgacha mavjud bo’lmaydi. Shartli reflekslar organizmning individual taraqqiyot jarayonida “turmush tajribasi” asosida kasb etadigan reaksiyalardir. Shartli reflekslar hayot davomida paydo bo’ladi, mustahkamlanadi, so’nadi va yo’qolib ketadi. Misol uchun quyidagi tajribani olaylik. Kuchuk bolalari avval boshda faqat sut bilan boqib turiladi. Bora-bora ular sutning o’zini ko’rish bilan so’lagi oqadigan bo’lib qoldi. Bu so’lak shartli refleks hosil bo’lishi natijasida oqadi. Ilgari biron marta ham go’shtni tatib ko’rmagan shu kuchuk bolalariga go’sht ko’rsatilganda ularning so’lagi oqmaydi, shundan keyin kuchuk bolasiga bir-ikki marta go’sht yedirilsa, go’shtni ko’rish yoki hidi burniga kirishi bilan so’lagi oqa boshlaydi. Shunga o’xshash hodisalarni odam bolasida ham ko’rish mumkin. Bir marta ham limonni tatib ko’rmagan bolaga limonni ko’rsatilsa, limonning rang va shakli bolaning etiborini o’ziga tortadiyu, ovqatlanishga taalluqli reaksiyaga, ya’ni so’lak oqishiga sabab bo’lmaydi. Ammo bola limonni tatib ko’rgandan keyin shu mevani ko’rishi bilanoq og’zidan so’lagi keladi. Katta yoshli kishilarga limon haqida gapirilganda yoki ular limonni xayoliga keltirilganida og’zidan so’lak keladi. 2. Shartsiz reflekslar turga taalluqli, ya’ni shu turning hamma vakillariga xosdir. Shartli reflekslar individual bo’ladi: bir turning ba’zi vakillarida bo’lishi, boshqalarida esa bo’lmasligi mumkin.
3. Shartsiz reflekslar birmuncha doimiy; shartli reflekslar doimiy bo’lmay, muayyan sharoitga qarab hosil bo’lishi, mustahkamlanishi yoki yo’qolishi mumkin; ularning bu xossasi nomidan ham ko’rinib turibdi. 4. Shartsiz reflekslar muayyan bir reseptiv maydonga qo’yilgan adekvat ta’sirlovchilarga javoban yuzaga chiqadi. Shartli reflekslar esa turli reseptiv maydonlarga qo’yilgan turli-tuman ta’sirotlarga javoban yuzaga chiqa oladi. Katta yarim sharlar po’stlog’i juda rivojlangan hayvonlarda shartli reflekslar miya po’stlog’ining funksiyalaridir. Miya po’stlog’i olib tashlangach shartli reflekslar yo’qolib, faqat shartsiz reflekslar qoladi. Bundan ma’lum bo’ladiki, shartli reflekslarga qarama-qarshi o’laroq shartsiz reflekslarning yuzaga chiqishiga markaziy asab tizimining quyi bo’limlari-po’stloq ostidagi yadrolar, miya ustuni va orqa miya yetakchi rol o’ynaydi. Ammo, funksiyalar yuksak darajada po’stlog’lashtirilgan odam va maymunlarda ko’pgina murakkab shartsiz reflekslar katta yarim sharlar po’stlog’ining muqarar ishtirokida yuzaga chiqishini qayd qilib o’tmoq kerak. Maymunlarda bosh miya po’stlog’ining zararlanishi natijasida shartsiz reflekslarning patologik ravishda buzilishi va ba’zilarining yo’qolib ketishi shundan guvohlik beradi. Shartsiz reflekslarning hammasi ham darrov tug’ilish paytigacha hozir bo’lavermasligini ta’kidlab o’tmoq kerak. Ko’pgina shartsiz reflekslar, masalan, harakat (lokomosiya) jinsiy jarayonga taalluqli reflekslar odam va hayvon tug’ilgandan keyin uzoq vaqt o’tgach yuzaga chiqadi, lekin ular asab tizimi normal taraqqiy etgandagina namoyon bo’ladi. Shartsiz reflekslar filogenez davomida mustahkamlangan va irsiyat yo’li bilan o’tadigan reflektor reaksiyalari fondiga qo’shiladi. 5. Shartli reflekslar shartsiz reflekslar asosida vujudga keladi. Shartli reflekslar hosil bo’lishi uchun tashqi muhit yoki organizm ichki holatining biror o’zgarishi katta yarim sharlar po’stlog’iga sezilib, biron shartsiz refleksning yuzaga chiqishi bilan bir vaqtga to’g’ri kelishi kerak. Faqat shundagina tashqi muhit yoki organizmning ichki holati o’zgarishi, shartli refleksning ta’sirlovchisi- shartli ta’sirlovchi, yoki shartli signal bo’lib qoladi. Shartsiz refleksga sabab