OTLARNING YURAK – QON TOMIR VA ASAB TIZIMI PATOLOGIYASI
OTLARNING YURAK – QON TOMIR VA ASAB TIZIMI PATOLOGIYASI Reja: 1. Arterial qon tomirlarning o’tkir tiqilishi 2. A rteriit, flebit va tromboflebitlarni davolash va oldini olish 3. Miokardit 4. Miokardoz 5. Perikardit 6. Bosh miya chayqalishi 7. Orqa miya shikastlanishlari 8. Parez va falajlarga olib keladigan umurtqa pog‘onasi kasalliklari 9. Nervlarning travmatik kasalliklari 10. Oyoq nervlarining parez i va falajlari
1. Arterial qon tomirlarning o’tkir tiqilishi Kasallikni q orin aortasi va tarmoqlarining trombozi (Trombosis aortae) misolida ko’rib chiqish maqsadga muvofiq. Uy hayvonlarida orqa oyoq arterial tomirlarining trombozi nisbatan kam uchraydi. Asosan u ot, qoramol va itlarda kuzatiladi. Bunda tromb aortaning stvolida yoki uning arterial tarmoqlari – aa. iliaca interna, s.hypogastrica, iliaca externa, femoralis da hosil bo‘lishi mumkin. Nisbatan ko‘p ichki yonbosh yoki tos arteriyasi – a. iliaca interna s.hypogastrica , yonboshning tashqi – a. iliaca externa va son arteriyalari – a. femoralis trombozga uchraydi. Etiologiya. Aorta va tarmoqlarining tromboziga tomir devorlarining eroziyali ya’ni yarachali zararlanishlari, o‘smalar, atrof to‘qimalardan yallig‘lanish jarayonini o‘tishi sabab bo‘lishi mumkin. Ammo tromboz ko‘pincha parazitar – gijjali invaziyadan kelib chiqadi. Trombozga ko‘pincha ichak tutqichi oldingi arteriyasining gijjali anevrizmasi – strongylus armatus sabab bo‘ladi. U yerdan embolalar uzilib, tos va son arteriyalariga boradi. Undan tashqari, tromboz sigirlarning endemik osteodistrofiyasida ham hosil bo‘ladi. Klinik belgilar . Tromb hosil bo‘lish jarayoni avval sekin rivojlanadi. Odatda birlamchi belgilar namoyon bo‘lishi uchun bir nechta haftalar o‘tishi lozim. Hayvon tinch holatda bo‘lganda qandaydir o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Ammo harakat paytida, oyoq muskullarining anemiyasi natijasida, keskin ifodalangan oqsoqlik namoyon bo‘ladi. Bunda hayvon ishlashni boshlagandan 3–5 daqiqa o‘tgandan so‘ng oqsay boshlaydi, chunki oyoq qoniqarli bukilmasligi sababli u tuyoqning old qismi bilan yerning notekisliklariga ilashadi, qoqiladi, oyoqni oldinga sudrab chiqaradi; hayvonni harakatlanishga majburlaganda u uch oyoqda sakrab yuradi, ko‘p vaqt o‘tmasdan to‘xtaydi va yiqiladi. Kasal hayvonning organizmida keskin reflektor reaksiya hosil bo‘ladi: umumiy bezovtalanish, qo‘rqish, nafas olish va yurak urushining tezlashishi, muskullarning tartibsiz qisqarishi, kuchli terlash (falajlangan oyoqdan tashqari). Kasallangan oyoq tezda soviydi.
Qisqa vaqt dam olingandan so‘ng (20–40 daqiqa) kasal hayvon kuchlarini to‘liq tiklaydi va xech qanday chetlanishlarsiz harakatlana oladi. Faqat juda kam holatlarda hayvon o‘lishi mumkin. Son arteriyasi trombozida chap orqa oyoqning oldinga va yonga chiqarilishi Qisman trombozda yoki alohida arteriyalarning trombozida yuqorida qayd etilgan belgilar tezda namoyon bo‘lmaydi, ammo kuzatilgani ham kuchsiz bo‘ladi. Masalan, keng fassiyani taranglashtiruvchi muskulni (m/tensor fasciae latae) oziqlantiradigan yonboshning tashqi arteriyasi (a. iliaca externa) trombozida otda “osilgan oyoq” oqsoqligi rivojlanadi; sag‘ri (m.gluteus) va to‘rt boshli (m. quadripces) muskullarni oziqlantiradigan tos arteriyasi (a. hypogastrica) trombozida “tayanch” oqsoqlik rivojlanadi, bunda tayanish paytida barcha bo‘g‘imlar keskin bukiladi. Tos va son arteriyalarining ikki tomonlama trombozida sag‘ri sohasi va orqa oyoqlarning diskoordinatsiyasi kuzatiladi (gemoglobinuriyadagidek). Bunday tromboz turida, ayrim paytlarda qovuq, to‘g‘ri ichak va dumning falajlari ham sodir bo‘ladi. Aorta trombozida orqa oyoqlar falajlanadi. Oyoq arteriyalarining trombozida klinik belgilar tromb o‘rnashgan joyga bog‘liq bo‘ladi. Son arteriyasining trombozida oyoq muskullari bo‘shashadi va periferik puls yo‘qoladi. Kasal hayvon zararlangan oyoqqa tayanmaydi va “o‘tirgan it” holatini egallaydi. Barmoq tomirlarining trombozida to‘qimalar nekrozga uchraydi. Hayvon klinik tekshirilganda travmatik perikarditga xos belgilar topiladi. Tashhis. Kasallikning boshlang‘ich bosqichini klinik belgilar bo‘yicha aniqlab bo‘lmaydi. Yuqorida keltirilgan belgilar mavjudligida esa tashhisni qo‘yish qiyin kechmaydi. Rektal tekshirishda aorta bo‘lingan joylarda yo‘g‘onlashishlar va pulsasiya yo‘qligi aniqlanadi. Zararlangan oyoqda periferik pulc juda kuchsiz bo‘ladi yoki umuman sezilmaydi. Kasallangan oyoqning harorati me’yordan past bo‘ladi.
Oqibati. Aortaning bironta tarmog‘i trombozga uchraganda kasallik oqibati gumon, ammo ko‘pincha yomon. Yirik tomirlarning trombozida kollateral qon aylanishi juda sekin tiklanadi; hayvon oqsaydi. Kasallangan hayvon ishda qo‘llanilmaydi. Davolash. Trombozlarda terapiya ishlab chiqilmagan. Og‘iz orqali kaliy yoditi va boshqa preparatlarni qo‘llash samara bermaydi. Ayrim mualliflar qisman trombozda hayvonni qadamlatib yurgizish va yaylovda saqlashni tavsiya etadilar. Aortaning nevrogen stenozida bel va dumg‘aza sohalariga diatermiya, balchiq applikatsiyasi va quruq issiq usullari qo‘llanadi. Endemik trombozlarda kasallik sababi yo‘qotiladi. 2. A rteriit, flebit va tromboflebitlarni davolash va oldini olish Arteriit – arteriyalarning yallig’lanishi bo’lib, hayvonlarda mustaqil kasallik sifatida kam uchraydi. Arteriitlar flegmona sohasida, osteomiyelitlar, yarali jarayon, uzoq vaqt kechadigan yiringli – rezorbtiv isitma, sepsis hamda gematogen yo’l bilan tarqaladigan umumiy infeksiyalarda rivojlanishi mumkin. Kechishi bo’yicha o’tkir, yarim o’tkir va surunkali arteriitlar bo’ladi. Jarayon yiringli, nekrotik va maxsuldor yallig’lanish shakllarda kechishi mumkin. Ammo ko’pincha ular aralash tabiatga ega. Qon tomir devoridagi lokalizasiyasi bo’yicha endo–, mezo–, periarteriitlar; devor butun qalinligi bo’yicha zararlanganda esa – panarteriitlar tafovut qilinadi. Arteriya devorining ichki qavati zararlanganda tromblar paydo bo’ladi (trombangit). Klinik belgilar. Yiringli arteriitlarda tomir bo’shlig’i tromb bilan yopiladi, qaysikim keyinchalik erib, yiringli embolalar massasiga aylanadi, infeksiya metastazlashadi va sepsis rivojlanashiga olib keladi. Yarim o’tkir yoki surunkali kechadigan arteriitlarda tomir devorida maxsuldor yallig’lanish ustunlik qiladi. Bunda arteriya devorining ichki qavati yo’g’onlashadi, tomir bo’shlig’i asta – sekin torayadi, buning natijasida periferiyaning qon bilan ta’minlanishi yomonlashadi, to’liq yopilganda esa qon bormay qolgan to’qimalarda nekroz yoki gangrena rivojlanadi. Arteriitning har turida ham tomir devorining sklerozi rivojlanadi, u me’yoriy elastikligini yo’qotadi va mo’rt bo’lib qoladi.
Davolash. Mahalliy yallig’lanish natijasida hosil bo’lgan arteriitlarda asosiy kasallikni (flegmona, osteomiyelit va boshq.) bartaraf etishga yo’naltirilgan davolash muolajalari qo’llanadi. Infeksiyalashgan endoarteriitlarda arteriya ichiga novokain–antibiotikli eritmalar inyeksiyalari tavsiya etiladi. Tomir bo’shlig’i trayganda arteriya yoki uni ta’minlovchi nerv stvoli alkogolizasiya qilinadi. Flebit va tromboflebitlarni davolash va oldini olish mavzusini b o‘yinturuq venaning yallig‘lanishi (Phlebitis venae jugularis) misolida o’rganamiz. Etiologiya. Ko‘pincha katta hayvonlarning venasiga ayrim dori vositalarini (xloralgidrat, kalsiy xloridi, novarsenol, flavakardin gidroxloridi va boshq.) noto‘g‘ri yuborilganda hosil bo‘ladi. Bo‘yinturuq venaning yallig‘lanishi (flebit) asosan ahvoli og‘ir, septik holatdagi hayvonlarda rivojlanadi. Flebitlar etiologiyasida organizmning sensibilizatsiyasi muhim rol o‘ynaydi. Bunday hayvonlarda vena tomiri devorining shikastlanishi tromboflebit shaklida kechadi. Flebitlar patologik jarayon atrof to‘qimalaran o‘tganda ham rivojlanish mumkin. Sog‘ lom hayvonlarda qon tomirni punksiya qilish muolajasi odatda asoratsiz kechadi. Klinik belgilar. Aseptik flebitda bo‘yinturuq vena sohasida shish katta bo‘lib rivojlanmaydi. Venani palpatsiya qilganda hayvon og‘riq sezadi. Jarayon surunkali kechganda venaning devori va atrof to‘qimalar zichlashadi. Aseptik tromboflebitda bo‘yinturuq vena sohasida zich, uzunchoq hosila aniqlanadi, og‘riq va mahalliy haroratning ko‘tarilishi kuzatiladi. Kasallikning surunkali shaklida og‘riq sezilmaydi. Tromb bilan to‘liq yopilmagan vena barmoq bilan qisilganda uning periferik qismi kengayadi. Yiringli tromboflebitda hayvonning umumiy ahvoli yomon, tana harorati ko‘tarilgan, ishtahasi yo‘qolganligi aniqlanadi. Bo‘yin va boshning harakatchanligi chegaralanadi. Zararlangan venani palpatsiya qilib bo‘lmaydi. Bo‘yinning bo‘yinturuq vena sohasi issiq, og‘riqli, shishgan bo‘ladi. Venani barmoq bilan qisib ko‘rganda uning periferik qismi kengaymaydi. Kasallik og‘irlashganda