Parazitologiya fanining predmeti, tarkibi va vazifalari
“ Parazitologiya fanining predmeti, tarkibi va vazifalari ” REJA 1. Parazitologiyaning predmeti. Uning mazmuni va o’rganadigan obyekti. 2. Parazitologiya fanining hajmi va tarkibi. 3. Parazitologiyaning umumbiologik fan sifatida boshqa biologik va tabiatshunoslik fanlari bilan bog’liqligi. 4. Parazitologiyaning nazariy va amaliy ahamiyati. 5. Parazitologiyaning vazifalari.
Parazitologiya fanining predmeti, tarkibi va vazifalari Tirik organizmlar orasida mavjud bo’lgan turli-tuman munosabatlardan biri “parazit-xo’jayin” tizimi hisoblanib, unda bir turdagi organizm (parazit) boshqa turdagi organizm (xo’jayin) hisobidan oziqlanadi va uni o’ziga doimiy yoki vaqtincha boshpana (yashash joyi) qilib oladi. “Parazit-xo’jayin” tizimi simbiotik munosabatlarning boshqa shakllari singari tarixiy rivojlanish jarayonida yuzaga kelgan. Ushbu tizimdagi munosabatlarning turli-tuman ko’rinishi va xususiyatlarini parazitologiya fani o’rganadi. Parazitologiya so’zi yunoncha bo’lib, parasitos- tekinxo’r, hamtovoq va logos- so’z, fan ma’nosini anglatadi. Shunga binoan parazitologiya bir organizmning ikkinchi organizmda parazitligi jarayonini, parazitlarning odam, hayvonlar va shuningdek o’simliklarda yuzaga keltirgan kasaliklarini aniqlash bilan birga, shu kasaliklarni oldini olish hamda parazitlarga qarshi kurash choralarini ishlab chiquvchi fandir. Bundan tashqari parazitologiya parazit hayvonlarni morfologiyasi, embriologiyasi, fiziologiyasi, biokimyosi, sistematikasi, ekologiyasi, shuningdek filogeniyasi kabi masalalarini ham o’rganuvchi fandir. Parazitologiya umumbiologik fan sifatida bir qator bo’limlarga ajraladi. Bunday bo’limlar qatoriga odamning turli organ, sistema va tuqimalarida parazitlik qiluvchi hayvonlarni o’rganuvchi tibbiyot parazitologiyasi, chorva hayvonlari va uy parrandalari parazitlarini o’rganuvchi veterinariya parazitologiyasi hamda turli-tuman madaniy o’simliklarni parazitlarini o’rganuvchi fitoparazitologiya kabilarni aytib o’tish o’rinlidir. Parazitlarni ma’lum bir taksonomik guruhlarga mansub bo’lishiga qarab ushbu fan tarkibidagi protozoologiya (bir xujayrali hayvonlar kichik olamiga mansub bo’lgan turlar haqidagi fan), gelmintologiya (parazit chuvalchanglar haqidagi fan) va araxnoentomologiya (qon suruvchi va
kasallik qo’zg’atuvchilarni yuqtiruvchi bo’g’imoyoqlilar haqidagi fan) kabi xususiy bo’limlarni alohida qayd qilish lozimdir. Parazitologiya bir qator umumbiologik (zoologiya, botanika, hayvonlar morfologiyasi va fiziologiyasi, biokimyo, genetika, sistematika, mikrobiologiya va boshqalar) va tabiatshunoslik (geografiya, geologiya, ximiya, matematika, fizika) fanlari, shuningdek tibbiyot va qishloq xo’jaligi fanlari bilan bog’liqdir. Parazitologiya umumbiologik fan sifatida juda muhim nazariy va amaliy muammolarni bajarishni o’z oldiga vazifa qilib qo’ygan. Bu vazifalar qo’yidagilardan iborat: 1. Parazitlarni hamda ularni yuqtiruvchilarini voyaga yetgan (imaginal) davri va hayot siklining turli bosqichlarida morfologik belgi va xususiyatlari o’rganiladi. Ushbu ishlar jumlasiga, shuningdek xujayin axlati bilan tashqariga chiqariladigan sistalar, gelmintlarning tuxumlarini ham tadqiqot qilish ko’zda tutiladi. Tadqiqot ishlarini olib boruvchi mutaxassis biron-bir parazit turini aniqlashi lozim ekan, u albatta shu hayvonni gavda qismlarini yoki ayrim organlarini (gavda ortiqlari va ularning ranggi hamda shakli, qanotlaridagi tomirlar va ularning shoxlanish xususiyatlari, tashqi qoplag’ichidagi tuklar va qilchalarning joylashish xarakteri, ularning soni, rivojlanishning bir bosqichdan navbatdagi bosqichga o’tishi jarayonida gavda ortiqlarining o’zgarishi kabi vaqtinchalik organ hamda belgilarning bo’lish-bo’lmasligi) juda puxta bilishi lozim. 2. Ma’lum bir turdagi xo’jayinning yoki uning turli populyasiyalarini parazitlari faunasi va ularning sistematik o’rni o’rganiladi. Xo’jayin tanasidagi parazitlar faunasi (turlar tarkibi)ni hamda ularning hayvonlar olamida tutgan sistematik o’rnini ilmiy jihatdan aniqlash, shu parazitning keltirib chiqargan kasalligini diagnostikasini to’g’ri qo’yish
mumkin bo’ladi. Bu esa o’z navbatida shu kasallikni muvaffaqiyatli davolash imkonini beradi. 3. Parazit va uni yuqtiruvchi hayvonlarni hayot siklidagi rivojlanish bosqichlarini ekologik xususiyatlari o’rganiladi. Parazitlarni hayot siklidagi turli bosqichlarining (tuxumlari, lichinkalari, invazion lichinka, nimfa, g’umbak, imago) atrof muhitni abiotik va biotik omillariga nisbatan munosabatini o’rganishdan asosiy maqsad, parazit biologiyasida mavjud bo’lgan bo’sh joyni (zvenoni) aniqlashdan iboratdir. Bu esa o’z navbatida shu parazitga nisbatan profilaktik choralarni va davolash usullarini izlab topish imkonini beradi. 4. Kasallik yuqtiruvchilarni epidemiologik va epizootologik roli o’rganiladi. Yuqtiruvchining odam va hayvonlar orasida kasallik qo’zg’atuvchilarni tarqatishi, qo’zg’atuvchi bilan yuqtiruvchining o’zaro munosabati, qo’zg’atuvchini yuqtiruvchi tomonidan qabul qilish sharoiti va uni odam yoki hayvonlar tanasiga o’tkazish mexanizmi, nihoyat yuqtiruvchi tanasida kasallik qo’zg’atuvchining saqlanish muddati kabilar bo’yicha aniq ma’lumotlar to’planadi. 5. Parazitning odam yoki hayvon organizmiga (shuningdek o’simlikka) salbiy ta’sir qila olish darajasini o’rganib, ushbu holatlarni oldini olish va davolash choralari ishlab chiqiladi. Bunday choralar birinchi navbatda odam yoki hayvon tanasidagi (shuningdek o’simlikdagi) parazitni yo’q qilishga qaratiladi. 6. Turli-tuman yashash sharoitida parazit bilan xujayin orasidagi o’zaro ta’sir darajasi o’rganiladi. Muhit omillarining xujayin organizmiga ta’siri natijasida uning umumiy holatini aniqlash orqali undagi parazitning holati bo’yicha ma’lumotlar ham aniqlanadi. 7. Kasallik qo’zg’atuvchi parazitlarga shuningdek yuqtiruvchilarga nisbatan qarshi kurash choralari ishlab chiqiladi.
8. Parazitologiyaning asosiy vazifalaridan biri parazitar va transmissiv kasalliklarni yo’q qilishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish bilan birga, ayrim parazitlarni ma’lum hudud miqyosida umuman yo’q qilish maqsadi ham qo’yiladi.