Temuriylar tarixi davlat muzeyi faoliyati
Temuriylar tarixi davlat muzeyi faoliyati Reja: 1. Temuriylar tarixi davlat muzeyining tashkil etilishi. 2. Temuriylar tarixi davlat muzeyi faoliyati.
1. Temuriylar tarixi davlat muzeyining tashkil etilishi. Mustaqillik sharoitida O‘zbekistonda yangidan-yangi muzeylar tashkil etilib, bugungi madaniy hayotimizning uzviy qismiga aylandi. Ular orasida Temuriylar tarixi davlat muzeyining tashkil etilishini jahonshumul voqea deb baholash mumkin. Mazkur muzey haqida ko‘plab ilmiy maqolalar chop etildi, ammo ushbu muhim dargoh faoliyati muzeyshunoslik nuqtai nazaridan hozirgacha umumlashtirilgani yo‘q. Biz yashayotgan shu muqaddas zaminda buyuk saltanatga asos solgan, olamni tebratgan, nomi yetti iqlimda mashhur bo‘lgan ulug‘ Sohibqiron Amir Temur istiqlol sharofati bilan o‘z Vataniga qaytdi, deyish mumkin. Davr Amir Temurning zimmasiga nafaqat Sharq mamlakatlari va xalqlarining tarixiga, balki ko‘p jihatlardan butun bashariyat taqdiriga yangi va muhim sahifalar bitish vazifasini yuklagan edi. Yirik, yaxshi qurollangan va harakatchan qo‘shinning tashkilotchisi hamda mohir rahbari, jahon miqyosidagi daho sarkarda sifatida Amir Temurning ajoyib va beqiyos fazilatlari jahon miqyosida allaqachonlar keng ko‘lamda e’tirof etilgan. Harbiy harakatlarning o‘ziga xos strategiya va taktikasi davlat arbobi, mohir siyosatchi, dono va zukko, mustahkam irodali Amir Temurga tabiiy salohiyati bilan uyg‘unlashgan holda Sharqda G‘arbiy Oltoydan tortib, G‘arbda O‘rta Yer dengizining sharqiy sohillariga qadar bo‘lgan hududda ulkan saltanatni barpo etish va boshqarish imkonini berdi. Siyosiy tarqoqlik, vayronalik keltiruvchi o‘zaro urushlar va ayrim o‘lkalar hokimlari faqat o‘zini o‘ylab ajralib chiqishi, harakatlarining Vatani uchun halokatli oqibatlarini oldindan ko‘ra bilgan Amir Temur O‘rta Osiyoda poytaxti Samarqand bo‘lgan yirik va qudratli davlat tuzishdek azaliy orzusini amalda ro‘yobga chiqara oldi. Shu birgina dalilning o‘ziyoq uning o‘z xalqi oldidagi xizmatlarini ko‘rsatib turibdi va minnatdor avlodlar ham uning so‘nmas xotirasini e’zozlab kelmoqda. Tarix Amir Temurning ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at homiysi, shaharsozlik ishining ustasi, siyosat va hayotga nisbatan mushohada doirasi keng bo‘lgan sinchkov hamda qiziquvchi suhbatdosh sifatidagi qiyofasini ham qoldirgan.
Mamlakatimiz tarixida O‘rta asr uyg‘onish davri natijasida fan va madaniyatning yuksak cho‘qqiga erishgani e’tirof etiladi. Zero, Amir Temur va temuriylar hukmronlik qilgan davrda joylarda juda katta ma’naviy o‘sish, yuksalish, madaniy taraqqiyot ro‘y berdi. Ushbu davr tarixidan hikoya qiluvchi muzeyning tashkil etilishi esa, u haqdagi tarixiy hujjatlar hamda asarlarda aks etgan haqiqatlardan atroflicha ma’lumot beradi, kelajak avlodga to‘kis va farovon hayot qurish ishlarida katta dalda bo‘ladi 1 . Temuriylar tarixi davlat muzeyi Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, maorif va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini haqqoniy aks ettirish va keng targ‘ib qilish, chuqur insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan tarixiy yutuqlarimiz va an’analarimiz asosida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 14 martdagi 99-sonli qaroriga binoan juda qisqa muddatda Toshkent shahrida barpo etildi 2 . Muzey xalqimiz va xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida 1996 yilning 18 oktyabrida tantanali ravishda ochildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov uning ochilish marosimida nutq so‘zlab, jumladan shunday dedi: «Bugungi zo‘r shodiyona bilan ochilayotgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi Sohibqiron shaxsiyatiga nisbatan yurtimizda tarixiy adolat tantana qilishining yana bir amaliy isbotidir. Aytish mumkinki, Amir Temur xiyoboni go‘zal bir uzuk bo‘lsa, bu muzey shu uzukning yoqut ko‘zidir. Muzeyni ziyorat qilgan har bir inson mening bu so‘zlarim shoirona tashbeh yoki mubolag‘a emasligiga ishonch hosil qiladi. Bu muzeyda bizning o‘tmishimiz ham, bugungi kunimiz va buyuk istiqbolimiz ham bamisoli ko‘zguda aks etgandek namoyon bo‘ladi. Kimki o‘zbek nomini, o‘zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu 1 Бекмуродов М, Рашидова М. Музейшунослик. – Б. 53; Ҳабибуллаев Н. Темурийлар тарихи давлат музейи // Мозийдан садо, 1999. – № 4 (32). – Б. 5-8. 2 Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 1996 йил 14 мартда қабул қилинган «Темурийлар тарихи давлат музейини ташкил этиш тўғрисида»ги қарори // Халқ сўзи, 1996 й ил 15 март; Постановление Кабинета Министров Республики Узбекистан « О б организации мероприятий по созданию Государственного музея истории Темуридов » от 24 января 1997 год а // Правда Востока, 25 января 1997 г ода .
asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak. Amir Temurning bashariyat oldidagi o‘lmas xizmatlarini ma’rifatli jahon munosib baholab kelmoqda. Sohibqiron yubileyining YuNESKO tomonidan xalqaro miqyosda keng nishonlanganligi ana shu e’tirofning yorqin dalilidir» 3 . Muzey qurilishiga Toshkent shahar hokimiyati, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Toshkent shahar qurilish boshqarmasi, «Turon» firmasi, Chkalov nomli ishlab chiqarish birlashmasi, Mikond zavodi, «Torsvak» qurilish firmasi (Yugoslaviya) va boshqa tashkilotlar katta hissa qo‘shdilar. Aylana shaklida qurilgan binoning tashqi qiyofasiga alohida e’tibor qaratildi. Binoning tashqi ko‘rinishiga, salobatli moviy gumbaziga nazar tashlagan tomoshabin ko‘z o‘ngida shaklan Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi namoyon bo‘ladi. Muzey o‘rta asrlar me’morchiligi qonun-qoidalari an’analaridan foydalanib qurilsa-da, zamonamiz ruhiga mos holda yaratilgan. Bino uch qavatli bo‘lib, umumiy balandligi 31 metr, tashqi diametri 70 metr, ichki diametri 50 metr. Uning birinchi qavatida ma’muriyat, bo‘limlar, kichik konferensiya zali, xazinaxonalar, kutubxona, do‘konlar, chipta sotish, garderob, texnik vositalar uchun bir qator xonalar joylashgan. Ikkinchi va uchinchi qavatdan asosiy ekspozitsiya o‘rin olgan. Shuningdek, ikkinchi qavatda zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlangan 200 o‘rinli majlislar zali joylashgan bo‘lib, unda anjumanlar, o‘quvchi yoshlar bilan ilmiy uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ekran orqali turli mavzularni yorituvchi hujjatli filmlar namoyish etiladi. Ikkinchi qavatdagi markaziy devordan «Usto» birlashmasi qoshidagi «Sanoyi nafisa» guruhi miniatyurachi rassomlarining (S.Qoraboev, G‘.Kamolov, X.Nazirov, T.Boltaboev) «Buyuk Sohibqiron – buyuk bunyodkor» deb nomlangan tasviriy san’at asari joy olgan. Asar uch qismdan iborat bo‘lib, «Tug‘ilish», «Yuksalish», «Faxrlanish» deb nomlanadi. 3 Ўзбекистон Республикаси Президенти И.Каримовнинг 1996 йил 18 октябрь куни Тошкент шаҳрида Темурийлар тарихи давлат музейининг очилиш маросимида сўзлаган нутқидан // Мозийдан садо, 1999. – № 1 – 2. – Б. 7.
Muzeydagi devoriy suratni ishlashdan avval rassomlar juda katta izlanishda bo‘lganlar. Har bir detalga e’tibor berib, aks ettirilayotgan u yoki bu narsaning ramziy ma’nolarini ham o‘rganib chiqqanlar. Jumladan, asarda moviy fon ko‘p ishlatilgan. Amir Temur davrida ranglar orasida shu tus muhim o‘rin egallagan. Moviy osmon ul zotni mudom o‘ylanishga, xayol surishga, tunlarni bedor o‘tkazishga da’vat etib turgan. Shu bois moviy osmon Amir Temur bayrog‘ining ham ramzi sifatida qabul qilingan. Bu rang hamisha tiriklik ma’nosini anglatgan. Yana u inson hayotining asosi obi hayot ekanligini bildirgan. Timsollar tilida bu yaxshilik, donishmandlik, halollikni ifoda etadi. «Tug‘ilish» – hayot qo‘shig‘i demakdir. Ushbu asar Sohibqiron Amir Temur tavallud sanasi haqida hikoya qiladi. Asarning ikkinchi, ya’ni «Yuksalish» qismida Amir Temurning bosib o‘tgan yo‘lini hikoya qiluvchi kompozitsiya tasvirlanadi 4 . «Faxrlanish» – Sohibqiron bobomizdan qolgan merosning cheksiz faxru iftixor tuyg‘ulari bilan avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgani haqidagi g‘oyani ifodalaydi. Zalning markaziy qismidan marmar lavh ustida VII asrga mansub «Usmon Qur’oni»ning 1905 yilda Peterburgda nashr qilingan nusxalaridan biri joy olgan. Muzey ekspozitsiyasining asosiy qismi uchinchi qavatda joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Amir Temur shaxsining o‘zbek xalqi tarixida tutgan o‘rni haqidagi so‘zlari bilan ochiladi. Ekspozitsiyadan Amir Temurning shajarasi, hokimiyat tepasiga kelishi, harbiy yurishlari, diplomatik munosabatlari, savdo-sotiq, hunarmandchilik, obodonchilik, ilm-fanni rivojlantirish va mashhur temuriy hukmdorlar haqida hikoya qiluvchi eksponatlar (xaritalar, qurol-aslahalar, kumush va mis tangalar, miniatyuralar, noyob qo‘lyozmalar, kulolchilik, misgarlik, zargarlik buyumlari, matolar va h.k.) o‘rin olgan. Amir Temur va temuriylar davrida me’morchilik san’atining yuksak rivojlanganligini aks ettiruvchi me’moriy obidalar: Oqsaroy, Ahmad Yassaviy maqbarasi, Bibixonim jome masjidi, Ulug‘bek madrasasi, 4 Темурийлар тарихи давлат музейи заллари бўйлаб. – Тошкент: А.Қодирий номидаги халқ мероси нашриёти, 2001. – Б. 8–10.