URUG’LARNING XOSILIGA VA SIFATIGA TA’SIR KO’RSATADIGAN OMILLAR
URUG’LARNING XOSILIGA VA SIFATIGA TA’SIR K O’ RSATADIGAN OMILLAR Reja: 1. Ekilgan urug‘larni unib chiqqunga qadar parvarishlash 2. Nihollarni parvarishlash
Urug‘larning qiyg‘os unib chiqishi va urug‘ko‘chatning yaxshi o‘sib rivojlanishi uchun maqbul sharoit yaratish maqsadida ishlov berib, parvarishning turlicha usullari qo‘llaniladi. Urug‘lar unib chiqqunga qadar parvarishlash ishlari bosib tekislash, mulchalash, yovvoyi o‘tlarni chopish, tuproqni yumshatish va sug‘orishni o‘z ichiga oladi. Yengil strukturaga ega bo‘lgan tuproqlarda urug‘ tuproqqa zich o‘rnashish uchun va urug‘larni tuproq kapillarlari orqali namlik bilan yaxshi ta’minlash maqsadida eni 30 sm keladigan yog‘och g‘altak yoki dastali taxtacha bilan marza sirti bosib - tekislab chiqiladi. Tuproqning yuza qismidagi namlikni saqlash, unda qatqaloq hosil bo‘lishi oldini olish, tuproq namligi va haroratini bir maromda ushlab turish maqsadida ekilgan urug‘lar mulchalanadi. Mulchalash, odatda, ekish chuqurligi 2 sm gacha bo‘lgan urug‘lar ekilganda qo‘llaniladi. U iqlimi quruq hududlarda, tuproqning yuza qismi ekilgan kunidayoq qurib qoladigan joylarda ko‘proq zarur. Bunday joylarda ekilgan urug‘ qurib qolishi va qiyg‘os unib chiqmasligi mumkin. Mulchalashni og‘ir strukturasiz tez qatqaloq hosil bo‘ladigan tuproqlarda urug‘lar bahorda ekilganda qo‘llash yaxshi natija beradi. Yengil tuproqlarda urug‘lar belgilangan muddatlarda ekilganda mulcha qo‘llanilishi talab etilmaydi. Mulcha sifatida torfli qipiq, kompost, chirindi, yog‘och qipig‘i 1-1,5 sm, somon, qamish 5-8 sm qalinlikda qo‘llaniladi. Kuzda ekilgan urug‘larga bahorgiga nisbatan mulcha qalinroq to‘shaladi. Nihollar unib chiqishi bilan ularni quyosh nurining to‘g‘ri tushish ta’siridan himoya qilish, me’yordagi yorug‘lik bilan ta’minlashni hisobga olgan holda mulcha somon yoki qamishli qoplamning bir qismi olib tashlanadi. Nihollar yoppasiga yorib chiqqandan keyin qoplam to‘laligicha olib qator orasidagi ariqchaga taxlanadi. Ular nihollar o‘zini to‘liq tiklab olmaguncha ariqda saqlanadi. Tuproqning yuza qismini yumshoq va yovvoyi o‘tlardan toza holatda saqlab turish uchun yovvoyi va begona o‘tlar chopiladi va tuproq yumshatiladi. Urug‘lar unib chiqishi va o‘sib rivojlanishi uchun maqbul sharoit yaratiladi. Yovvoyi o‘simliklar tuproqning namligini va unumdorligini befoyda sarflashiga yo‘l
qo‘yilmaydi. Tuproqning yuza qatlami yumshatilganda undagi kapillarlar buziladi, aeratsiya holati yaxshilanadi. Tuproqdagi organik va boshqa elementlar o‘simlik o‘zlashtira oladigan oziq modda shakliga aylanadi, tuproqning yuza qismi azot bilan boyitiladi. Mikroorganizmlar faoliyati faollashadi. Tuproqning yuza qismini yumshatish va yovvoyi o‘simliklarni chopish natijasida tuproqning yuza qismida urug‘ko‘chatning yuza tarmoqlangan ildiz tizimi shakllanishi uchun yengil o‘zlashtira oladigan oziqa modda miqdori to‘planadi. Yovvoyi o‘simliklar ko‘chat yetishtirishning barcha bosqichlarida va o‘rmonzorlarda daraxt va butalarga namlik, oziq element va yorug‘lik uchun kuchli raqobatda bo‘ladi. Yovvoyi o‘simliklar mavjud joylardagi daraxt ildizlarining nafas olish intensivligi va ularning namlik hamda oziq moddalarni o‘zlashtirish faolligi susayadi, ildizlarning ishchi yuza hajmi kamayadi. Kuzda ekilgan urug‘larda chopish va yumshatish ishlari erta bahorda nihollar unib chiqqunga qadar va tuproqda qatqaloq shakllangunga qadar bajariladi. Og‘ir tuproqlarda urug‘lar bahorda ekilgan bo‘lsa-da, tuproq nihol unib chiqqunga qadar yumshatiladi. Yumshatish va chopish ishlarini yog‘ingarchilikdan yoki sug‘orishdan keyin bajarish tavsiya etiladi. Yumshatish chuqurligi urug‘ qadalgan chuqurlikka nisbatan sayoz bo‘lishi kerak. Urug‘lar qiyg‘os unib chiqishida sug‘orish katta ahamiyatga ega. Tuproq va urug‘lar yuvilib ketmasligi uchun bir maromda sug‘oriladi. Mayda urug‘lar (terak, oq qayin, tut va boshqalar) ekilganda nihollar unib chiqqunga qadar to‘xtovsiz sug‘ori sh talab qilinadi. Nihollarni parvarishlash Bu urug‘ko‘chat o‘sib rivojlanishi uchun maqbul ekologik sharoit yaratish maqsadida bajariladi va yovvoyi o‘simliklarni chopish, tuproqni yumshatish, nihollarni soyalash, ildizlarining uch qismini qirqish, qo‘shimcha oziqlantirish, urug‘ko‘chatlarni siyraklashtirish hamda nihollarni pikirovkalash kabi tadbirlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonning barcha mintaqalarida nihollarni sug‘orish zarur, suv bilan ta’minlangan yerlardagina sifatli ko‘chat yetishtirish mumkin.
Yomg‘irlatib va ariqcha usulida oqizib sug‘orish sug‘orishning asosiy usullaridan hisoblanadi. Notekis relyefga ega bo‘lgan joylardagi ko‘chatzorlarda yom- g‘irlatib sug‘orish tavsiya etiladi. Bu usulning afzalligi bilan bir qatorda kamchiligi ham bor, kamchiligi sifatida tuproqning yuza qismini tez qotirishi va yomg‘irlatib sug‘orishda qimmatbaho jihozlardan foydalanilishini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Yengil va donador tuproqlarda yomg‘irlatish intensivligi 0,5 mm/min, bo‘z- o‘tloq donador bo‘lmagan tuproqlarda 0,1 - 0,2 mm/min ga teng bo‘ladi. Erta tongda va kechqurun yoki bulutli quyoshsiz vaqtlarda nihollar yomg‘irlatib sug‘oriladi. Kunning quyoshli vaqtida nihollar yomg‘irlatib sug‘orilsa havo va tuproq harorati pasayadi, havoning nisbiy namligi ortadi. Bu o‘simlikdagi biologik jarayonning faollashuviga olib keladi. Sug‘orish tugallanishi bilan namlik tuproqdan tez bug‘lanadi, o‘simlikdagi transpiratsiya jarayoni jadallashuvi natijasida o‘simlik plazmoliz holatiga o‘tadi. Quyoshsiz vaqtda sug‘orilgan o‘simlik namlikni o‘ziga to‘liq o‘zlashtiradi, bu jarayon deyarli o‘zgarishsiz o‘tadi. O‘rtacha kattalikdagi ko‘chatzorlarni sug‘orishda yomg‘irlatishni ta’minlaydigan shlang va purkagichlar bilan jihozlangan motopompalardan foydalaniladi. O‘zbekiston sharoitidagi donadorsiz bo‘z tuproqlarda qatqaloq hosil bo‘lishini va o‘rmon xo‘jaligidagi ko‘chatzorlar maydoni kamchiligini hisobga olib yomg‘irlatib sug‘orishdan kam foydalaniladi. O‘zbekiston sharoitida asosan ariqlar bo‘yicha sug‘orish, ya’ni infiltratsion sug‘orish qo‘llaniladi. Bu usulda sug‘orilganda urug‘ ekilgan qismi tuproq kapillarlar orqali suv bilan ta’minlanadi, shuning uchun tuproq zichlashmaydi va qatqaloq hosil bo‘lmaydi. Urug‘lar yoppasiga to‘liq unib chiqqach o‘suv davridagi o‘tqaziladigan sug‘orishlar boshlanadi. Bu sug‘orishlarning miqdori va muddati tuproq xususiyatiga, vegetatsiya davridagi ob-havoga va daraxt turining biologik xususiyatiga qarab belgilanadi. Shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha sug‘orish me’yori ham aniqlanadi. Tuproqning faol yuza qismining namligi ikkilamchi maksimal
gigroskopik holatga yaqinlashganda nihollar sug‘oriladi. Amalda bu holat kunning ikkinchi yarmida o‘simlik bargining so‘lishi kuzatilgan vaqtda sodir bo‘ladi. Sug‘orishda urug‘ko‘chat rivojlanishining fenologik fazalarining davrlari hisobga olinadi. Fazalarning davri o‘zgarishi bilan namlanish chuqurligi o‘zgaradi va o‘z navbatida sug‘orish me’yori ham o‘zgaradi. Birinchi davr urug‘ qadalgandan boshlab ular yoppasiga unib chiqqunga qadar bo‘lgan vaqt 7 - 25 kunni tashkil etadi. Bu davrda urug‘ning unib chiqish jarayoni ketadi. Tuproqning faol qismi qalinligi, ya’ni ildiz ko‘p joylashgan qatlam 10 sm ni tashkil etadi. Ikkinchi davr urug‘lar yoppasiga unib chiqqandan to‘liq mustahkamlanguncha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu 25 - 30 kun davom etadi. Tuproqning faol qismi qalinligi 15 - 20 sm ni tashkil etadi. Uchinchi fenologik davr davomida urug‘ko‘chat to‘liq shakllanadi. Tuproq faol qismining qalinligi 30 sm va undan ortiqni tashkil etadi. Har bir fenologik davr uchun o‘simlik ildiz tizimining asosiy qismi joylashgan tuproq qatlami suv bilan yaxshi ta’minlanishi hisobga olingan holda sug‘orish normasi belgilanadi. Toshkent viloyatining bo‘z tuproqlarida oq akatsiya, eman, maklura, qayrag‘och, shumtol bargli zarang, katalpa daraxt turlarining niholchalariga vegetatsiya davrida sakkiz - to‘qqiz marotaba (mayda- bir, ikki, iyunda-ikki; iyulda-ikki; avgustda-ikki, uch) sug‘oriladi. Mayda bargli jiyda, aylant - sassiq daraxt, tikan daraxti kabi qurg‘oqchilikka chidamli daraxtlarning nihollari besh-yetti marotaba (mayda-bir; iyunda-bir, ikki; avgustda-ikki) sug‘oriladi. Bo‘z-o‘tloq tuproqlarda nihollar olti-yetti marotaba sug‘oriladi. Vegetatsiya davridagi sug‘orishlar yer osti suvining joylashishiga ham bog‘liq. Yer osti suvi o‘rtacha, taxminan 0,6 m chuqurlikda joylashgan o‘tloq-to‘qay yerlarda o‘suv davridagi sug‘orish to‘rt-olti marta (mayda-bir-ikki; iyunda-bir-ikki; iyulda-ikki; avgustda-bir marta) o‘tkaziladi. Yer osti suvi o‘rtacha 1,3-1,5 m chuqurlikda bo‘lgan joylarda nihollar o‘suv davrida besh-sakkiz marta sug‘oriladi.