LOTIN AMERIKASI
LOTIN AMERIKASI
• Dunyoning yirik siyosiy-geografik mintaqalaridan biri – Lotin Amerikasi – Yerning G‘arbiy yarimsharida joylashgan bo‘lib, Amerika qit’asidagi AQSH, Kanada davlatlari va Grenlandiya orolidan tashqari barcha mamlakatlarni o‘z ichiga oladi. Aholisining aksariyat qismi qadimgi lotin tili negizida vujudga kelgan ispan va portugal tillarida so‘zlashayotganligi bois bu mintaqa Lotin Amerikasi deb ataladi.
• Lotin Amerikasining siyosiy xaritasida hozirgi kunda 33 ta mustaqil davlat hamda qator mustamlakalar mavjud. Uning hududida bir necha kichikroq mintaqalar ham ajratiladi. Jumladan, Shimoliy Amerika materigining AQSHdan janubdagi qismi va Karib dengizidagi orollarda joylashgan davlatlar O‘rta Amerika (Mezoamerika) mintaqasini tashkil etadi. Bu regiondagi davlatlar orasida hududi, aholisi va iqtisodiy salohiyati bilan Meksika alohida ajralib turadi.
• O‘rta Amerikaning Meksikadan boshqa davlatlari Karib dengizi akvatoriyasi, uning tabiiy resurslari va transport yo‘llari bilan tarixan chambarchas bog‘liqligi sababli, Karib havzasi davlatlari deb ham yuritiladi. Materikda, Meksikadan janubi-sharqqa tomon joylashgan 7 ta davlat (Beliz, Gvatemala, Salvador, Gonduras, Nikaragua, Kosta-Rika, Panama) Markaziy Amerika deb nomlanadi. Karib dengizidagi 13 ta orol mamlakatlar, o‘z navbatida, Vest-Indiya umumiy nomi ostida birlashtiriladi. Janubiy Amerika materigida esa 12 ta mustaqil davlat va 1 ta mustamlaka (Fransiya Gvianasi) joylashgan. Janubiy Amerikada Lotin Amerikasidagi okeanga chiqish imkoniyati bo‘lmagan 2 ta davlat joylashgan bo‘lib, bular Boliviya va Paragvaydir.