BORLIQNING ASOSIY TURLARI
BORLIQNING ASOSIY TURLARI REJA: KIRISH: 1. Borliq tushunchasining tahlili. 2.Borliqning asosiy turlari. 3. Borliq va uning mavjudlik shakllari. Xulosa: Foydalanilgan adabiyotlar.
KIRISH: 1. Borliq tushunchasining tahlili. Borliq shakllarining tasnifi. Falsafa fanining borliq haqidagi masalalarni o‘rganuvchi qismi ontologiya deb ataladi. Ontologiya so‘zi yunoncha ontos (mavjudlik) va logos (ta’limot) so‘zlarining birikmasidan tashkil topgan bo‘lib, « mavjudlik haqidagi ta’limot », ya’ni borliq haqidagi fan ma’nosini ifodalaydi. Biz dunyo, materiya tuzilishi, makon, vaqt, harakat, hayot, ong va shu kabilar haqida tasavvur hosil qilish uchun asosan fizika, astronomiya va biologiya kabi tabiatshunoslik fanlariga murojaat etamiz. Lekin bu falsafada borliq muammolari o‘rganilmaydi, degan ma’noni anglatmaydi. Bugungi kunda olimlar notirik, tirik dunyo va ijtimoiy dunyo nima, degan savollarga javob topishda jiddiy yutuqlarga erishganlar. Ammo, dunyoning mohiyati haqidagi ko‘pgina muhim savollarga hozir ham aniq va uzil-kesil javoblar mavjud emas. Masalan, nafaqat makon yoki vaqt tushunchalariga, balki nisbatan soddaroq hodisa bo‘lmish gravitatsiya tushunchasiga ham dunyoda biron-bir fizik bugungi kunda ham aniq (ayni paytda tajribada tasdiqlanadigan) ta’rif bera olmaydi. Inson aqlli jonzot sifatida shakllanish jarayonining ilk bosqichlaridayoq o‘z dunyoqarashining negizini tashkil etadigan muhim savollarga javob topish zaruriyati bilan to‘qnash keladi: 1. «Men kimman?» 2. «Meni qurshagan borliqning mohiyati nimada?» 3. «Borliq qanday va qaerdan paydo bo‘lgan?» 4. «Dunyoni nima yoki kim harakatlantiradi?» 5. «Dunyoning rivojlanishida biron-bir maqsad, maqsadga muvofiqlik, mo‘ljal bormi?» Borliq masalasi insonning dunyoni oqilona anglash yo‘lidagi ilk urinishlaridayoq duch kelgan barcha masalalarning negizi hisoblanadi. Muayyan narsalar mavjudligi yoki mavjud emasligi masalasi inson falsafiy mulohaza yurita boshlagani zahotiyoq uning diqqat markazidan o‘rin oldi. Borliq tushunchasiga qarama-qarshi tushuncha - bu yo‘qlikdir. Agar borliq tushunchasi nimaningdir mavjudligini ifodalasa, yo‘qlik tushunchasi esa o‘sha joyda nimaningdir mavjud emasli gini anglatib, « nima» ning aksi bo‘lgan « hech nima» ni aks ettiradi, absolyut (mutlaq) yo‘qlikning o‘zi yo‘qdir. Yo‘qlik shu ma’noda nisbiy mazmun kasb etadi.
An’anaviy falsafiy qarashlarda borliqning uchta sohasi: tabiat borlig‘i, jamiyat borlig‘i, ong borlig‘i kiradi. Bular uchun eng umumiy belgi, ularning mavjudligidir. Tabiat borlig‘i odatda tabiatdagi narsalar (jismlar), jarayonlar, holatlar borlig‘i sifatida tushuniladi. U ikkiga bo‘linadi: azaliy tabiat borlig‘i (yoki tabiiy tabiat borlig‘i, u insondan ilgari va uning ishtirokisiz ham mavjud bo‘lgan) va odam mehnati bilan ishlab chiqarilgan narsalar borlig‘i («ikkinchi tabiat» borlig‘i, ya’ni madaniyat). Ikkinchi tabiat borlig‘i esa, o‘z navbatida, quyidagi ko‘rinishlarda uchraydi: - inson borlig‘i (insonning narsalar olamidagi borlig‘i va odamning o‘ziga xos bo‘lgan insoniy borlig‘i); - ma’naviy borliq (individuallashgan va ob’ektivlashgan ma’naviy borliq); - sotsial borliq (ayrim odamning tarixiy jarayondagi borlig‘i va jamiyat borlig‘i), u ijtimoiy borliq ham deb ataladi. Borliqning moddiy shakli materiya o‘ziga barcha jismlarni, hodisalarni, jarayonlarni va ularning xususiyatlarini qamrab oladi. Bundan tashqari u
tafakkurni ham, olamda mavjud bo‘lgan barcha aloqadorliklarni va munosabatlarni ham qamrab oluvchi umumiy falsafiy tushunchadir. Borliqning moddiy shakliga xos umumiylikni axtarishning bir yo‘nalishi moddiy olamning asosida yotuvchi umumiy mohiyatni axtarish yo‘li bo‘lib, yuqorida qayd etganimizdek, substansiyani aniqlash yo‘lidir. Ikkinchi yo‘l esa — moddiy olamning asosiy tarkibiga kiruvchi «qurilish elementlarini»- substratni axtarish yo‘li. Uchinchi yo‘l — hamma narsaning vujudga keltiruvchi bosh sababchisini, ota moddani, ya’ni pramateriyani axtarish yo‘li. Moddiy va g‘oyaviy borliq. Atrofimizni o‘rab turgan dunyo ikki xil reallikdan tashkil topgandir. Ob’ektiv reallik va sub’ektiv reallik. Ongimizdan tashqarida va unga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan reallik ob’ektiv reallik deyiladi. Bu tushunchani materialistlar materiya tushunchasi bilan aynan bir ma’noda ishlatishadi. Reallikning inson ongi bilan bog‘liq bo‘lgan va ongning mahsuli hisoblangan qismi sub’ektiv reallik deyiladi. Ob’ektiv reallik moddiy borliq tushunchasiga mos kelsa, sub’ektiv reallik esa borliqning g‘oyaviy shakliga muvofiq keladi. Materializm vakillari borliqning g‘oyaviy shakli moddiy shaklining maxsuli, deb hisoblashadi. Idealizm vakillari esa moddiylik g‘oyaviylikning ijodi yoki g‘oyaviylikning namoyon bo‘lish shaklidir. Aktual va potensial borliq. Aktual borliq borliqning ayni paytda va shu joydagi voqelikda namoyon bo‘lib turgan va shu voqelik bilan aloqadorlikdagi qismi. Bu ob’ektiv reallik tushunchasiga mos keladi, chunki ob’ektiv reallik borliqning shu joyda berilgan va shu onda amal qilayotgan qismidir. Dunyoning hamma tomoni birdan berilgan emas. Biz borliqning hozirgi zamonga tegishli qismi bilangina aloqadamiz. Bu qismi o‘tmishga aylanib, uning o‘rnini kelajakdagi qismi egallaydi. Hozirgi zamonda kelgusi voqelikning kurtaklari mujassamlashgan bo‘ladi. Aktual borliqning hali voqelikka aylanmagan va kelgusida voqelikka aylanadigan murtak holidagi qismi potensial borliq deyiladi. Potensial borliq hali voqelikka aylanishga ulgurmagan, salohiyotdagi aktual borliqdir. Real va virtual borliq. Borliqning biz uchun mavjud qismi real borliq deyiladi. Real borliqni naqd borliq ham deyish mumkin. Ammo borliqning shunday qismi ham borki, uning bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Borliqning bunday qismi ehtimoliy mazmunga ega. U hali reallikdan uzoqda. Mana shunday mazmundagi borliq virtual (lot. virtuales - ehtimol) borliq deyiladi. Bizni qurshagan dunyo mazmuni, borliqning umumiy xossasi bo‘lgan borliq haqida so‘z yuritar ekanmiz, makon va vaqt tushunchalarini chetlab o‘tishimiz mumkin emas. Zero, har qanday jism, narsa, hodisa doim borliqning boshqa predmetlari va hodisalari bilan yonma-yon keladi, ko‘lamlilik xususiyatiga ega bo‘ladi. SHuningdek ular o‘z ichki va tashqi holatlarini bir-biriga nisbatan o‘zgartiradi va bu turli hollarda har xil tezlik, marom, sur’at va davomlilik bilan yuz beradi. Alohida holda ayrim yagona deb qaraladigan bu ko‘rsatkichlar
majmui bizga vaqt haqida tasavvur beradi. Makon va vaqt o‘z rang-barangligida cheksiz borliqning shakllari sifatida amal qiladi. Umuman, Siz olam deganda nimani tushunasiz? Olam, eng avvalo, tor ma`noda bu odam yashaydigan joy. Aslida odamzod va hayvonot olami, o’simlik va hasharotlar dunyosi, jismoniy, ruhiy, ma`naviy olam va boshqa shu singari ko’plab tushunchalar bor. Ular dunyoda mavjud bo’lgan narsa va hodisalar nomi bilan ataladi. Masalan, odamning ruhiy olami uning bilim, tajriba va hayolotini o’z ichiga oluvchi o’ta keng qamrovli tushunchadir. Bunda biz olam odam yashaydigan joy, degan ma`noga qaraganda yanada kengroq mazmunga ega bo’lamiz. Nimaiki mavjud bo’lsa, ularning hammasi birgalikda siz bilan biz mansub bo’lgan dunyoni ifodalaydi. Ammo tabiat, jamiyat va inson tafakkurining asosida yotuvchi va ularni birlashtiruvchi shunday bir umumlashtiruvchi tushuncha ham borki, u ob`yektiv olamning mazmunini ifoda etadi. Bunday tushuncha haqidagi tasavvurlar butun fan tarixi mobaynida rivojlanib kelgan. Dastlab, bu umumlashtiruvchi tushuncha, narsalarning asosida nima yotadi, degan nuqtai nazardan kelib chiqib, substansiya (lotincha, substantia — nimaningdir asosida yotuvchi mohiyat degan ma`noni beradi) deb ataldi. Substansiya deganda nimani tushunasiz?