Mustaqillik yillarida Qoraqalpog'iston Respublikasi
Mustaqillik yillarida Qoraqalpog'iston Respublikasi Reja: 1.Qoraqolpogiston Respublikasining tashkil topishi 2. Qoraqalpog‘iston respublikasining iqtisodiyva ijtimoiy taraqqiyoti 3.Qoraqalpog‘iston respublikasida xalq ta’limi, fan va madaniyat 4. 2016-2020 yillarda Qoraqlpog`iston Respublikasi taraqqiyoti
1. 1924-yilda Qozog‘iston ASSR tarkibida Qoraqalpog‘iston Muxtor (Avtonom) viloyati tashkil qilindi. Viloyat volostlarga bo‘linadigan To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot okruglaridan iborat edi. 1925-yil 12—19-fevralda To‘rtko‘l shahrida Muxtor viloyat Sho‘rolarning 1-Ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Muxtor viloyatining Qozog‘iston ASSR tarkibiga «o‘z ixtiyori bilan kirganligi» qonunlashtirildi. Albatta, viloyat aholisining milliy tarkibi ham e’tiborga loyiq edi. Muxtor viloyat tashkil etilgan paytda viloyat hududidagi aholining 38,5 foizini qoraqalpoqlar, 28,7 foizini o‘zbeklar, 28,6 foizini qozoqlar va bor yo‘g‘i 1 foizga yaqinini (shahar aholisidan tashqari) ruslar tashkil etgan. Oradan 8 yil o‘tar-o‘tmas Qoraqalpog‘iston Muxtor viloyatini yana «O‘z ixtiyoriga ko‘ra» Qozog‘iston tarkibidan olib RSFSR tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Muxtor Sho‘ro Sotsialistik Respublikasi (QQASSR)ga aylantirish» zarurati tug‘ildi. Bu qo‘lbola zaruriyat Qoraqalpog‘iston viloyati Ijroiya Qo‘mitasining 1932-yil 5-martdagi navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan IV plenumida quyidagicha asoslandi: «Qoraqalpog‘istonning Moskva va sanoat Markazlaridan uzoqligini, madaniy va iqtisodiy jihatdan qoloqligini, yanada rivojlanishi istiqbollarini... hisobga olib, Butunittifoq Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidumidan Qorqalpog‘iston Muxtor viloyatini RSFSRga kiradigan Muxtor Sho‘ro Sotsialistik Respublikasiga aylantirish so‘ralsin». Qoraqalpoq xalqining «iltimosi» qondirilib, Butunittifoq MIK Prezidiumi 1932-yil 20-martdagi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Muxtor viloyati Qoraqalpog‘iston Muxtor Sho‘ro Sotsialistik Respublikasiga aylantirilib RSFSR tarkibiga kiritildi. Ammo oradan yana bor-yo‘g‘i 4 yil o‘tar-o‘tmas Qoraqalpog‘iston Muxtor Sho‘ro Sotsialistik Respublikasini RSFSR tarkibidan O‘zbekiston Sho‘ro Sotsialistik Respublikasiga «oshirish ehtiyoji» paydo bo‘ldi. Bu «ehtiyoj» uchun RSFSR bilan QQASSR o‘rtasida umumiy chegaralar yo‘qligi «asos» bo‘ldi. 1936- yil may oyida tayyorlangan SSSRning yangi Konstitutsiyasi loyihasida
QQASSRni RSFSR tarkibidan chiqarib , O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritish ko‘zda tutilgan edi. Butunittifoq Sho‘rolarining 1936-yil 5-dekabrda bo‘lib o‘tgan favqulodda VIII qurultoyida SSSRning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Mazkur Konstitutsiya asosida tayyorlanib 1937-yil 12-fevralda tasdiqlangan O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasida QQASSRning O‘zbekiston Sho‘ro Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kirganligi qonun bilan mustahkamlandi. Qoraqalpog‘iston xalqlari qariyb 70 yildan beri O‘zbekiston xalqlari bilan ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida bir-birlari bilan og‘alarcha yelkadosh bo‘lib yashab kelmoqdalar. Sobiq Ittifoq parchalangandan so‘ng mustaqil O‘zbekiston tarkibidagi suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi maqomini oldi. Bu tabiiy hodisa edi. Chunki, asrlar mobaynida qoraqalpoqlar bilan o‘zbek xalqi o‘rtasida do‘stlik, qardoshlik munosabatlari qaror topgan, turmush tarzlari va dunyoqarashlarida mushtaraklik vujudga kelgan edi. Orol bo‘yi kengliklarida qadimdan o‘zbek va qoraqalpoq ajdodlari birgalikda yashab, mehnat qilishdi. O‘zlarining taraqqiyot yo‘llarini bosib o‘tishdi. 1990-yil 14-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida «O‘zbekiston Respublikasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat suvereniteti to‘g‘risida»gi Deklaratsiya qabul qilindi. Mazkur Deklaratsiya 1991-yil 31-avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunda o‘zining huquqiy asosini topdi. Unda Qoraqalpog‘istonning hududiy yaxlitligi va mustaqilligi e’tirof etildi. Qonunda Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni teng huquqlilik, ikki tomonlama shartnomalar, bitimlar va boshqa qonun aktlari asosida mustahkamlash ko‘rsatib berildi. O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida (70—75-moddalar) o‘z aksini topdi (10-ilova).
Natijada ikki tomonlama hurmat asosida qoraqalpoq xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash, mustaqil taraqqiyot hamda milliy davlatchilikni mustahkamlashdagi roli oshdi. Kelajakka qat’iy ishonch bilan qaraydigan, olis istiqbolni yaratishning kafolatini beradigan huquqiy maqomga ega bo‘ldi. Konsitutsiyaning 21-moddasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarosi ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi. Bu qoraqalpoq xalqiga O‘zbekiston xalqlarining barcha huquqlardan foydalanish imkonini beradi. Ularning haq-huquqlari va erkinliklarini kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi taraqqiyoti uchun qator imkoniyatlar beradi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisi o‘rinbosarlaridan biri — Oliy Majlis deputati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengesi Raisi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati rahbari lavozimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi. 107-moddaga binoan esa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining xuddi shunday sud organlarining rahbarlari kiradi. Sud hujjatlari o‘zbek tili bilan birga qoraqalpoq tilida ham olib boriladi (115-modda). O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 71-moddasida belgilab qo‘yilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z Konstitutsiyasiga ega bo‘lmog‘i kerak. Ana shu huquqiy asosga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi o‘zining o‘n ikkinchi sessiyasida (1993-yil 9-aprelda) Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hech qanday monelik qilmaydi, aksincha, uni bosh huquqiy asos sifatida biladi va Qoraqalpog‘iston hududida to‘la amal qilishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpog‘istonning butun hududida majburiy ekanligi e’tirof etilgan.
Qoraqalpog‘iston milliy davlatchiligi o‘z taraqqiyoti tarixida birinchi marta ana shunday insonparvar, adolatli, demokratik imtiyozlarga ega bo‘ldi. Ayni paytda u suveren davlatning barcha ramzlariga ega. 1992-yil 14-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida Qoraqalpog‘iston Davlat bayrog‘i tasdiqlandi. 1993-yil 9-aprelda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n ikkinchi sessiyasida Davlat gerbi tasdiqlandi. 1993-yil 4-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n to‘rtinchi sessiyasida Davlat madhiyasi tasdiqlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan 1994-yil 25- dekabrda Oliy Kengashning 75 deputatdan iborat yangi tarkibi muqobillik asosida saylandi. Respublika parlamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengesi deb ataldi. Jo‘qarg‘i Kengesning 1995-yil 11-yanvarda Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi chaqiriq birinchi sessiyasida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi, uning o‘rinbosarlari, mandat komissiyasi, 8 ta qo‘mita raislari va uning a’zolari saylandi. Ayni paytda, deputatlar qo‘mitalar raislari rahbarligida Qoraqalpog‘iston qonunchilik tizimini yaratishda faol ishtirok etmoqdalar. Xususan, demokratik jamiyat qurish hamda erkin bozor munosabatlarini shakllantirishga mo‘ljallangan muhim qonun va qarorlar qabul qilindi. Jo‘qorg‘i Kenges Raisi qoshida doimiy harakatdagi Kengash tashkil qilindi. Uning tarkibiga Jo‘qarg‘i Kenges Raisi, Rais o‘rinbosarlari, mandat komissiyasi va qo‘mitalar raislari kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ijroiya hokimiyat organi Vazirlar Kengashi hisoblanadi. Uning tarkibiga Rais, ikkita birinchi o‘rinbosar va 4 ta tarmoq o‘rinbosarlari kiradi. Shuningdek, ijroiya hokimiyat tarkibiga vazirliklar va qator tarmoq qo‘mitalari rahbarlari ham kiritilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida o‘zining ish olib boruvchi doimiy vakiliga ega.