“Xamsa”lardagi basmala boblarining qiyosiy tahlili
Mavzu: “Xamsa”lardagi basmala boblarining qiyosiy tahlili Kirish. Xamsanavislik an`anasi haqida 1-bob Alisher Navoiy “Xamsa”sida basmala bobi 1.1 .”Hayrat ul-abror” dostoni g`oyasi, badiiyati 1.2 . .”Hayrat ul-abror” dostonidagi basmala bobi 2-bob .“Xamsa”lardagi basmala boblarining qiyosiy tahlili 2.1 .”Hayrat ul-abror” dostonining “Maxzan ul –abror”, “Matla ul-anvor” dostoni bilan qiyosiy tahlili 2.2 .”Hayrat ul-abror” dostonining “Tuhfat ul-ahror” dostoni bilan qiyosiy tahlili Xulosa. Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati .
Alisher Navoiy “Xamsa”sining ilk dostoni “Hayrat ul-abror”da “basmala” bobi. Ma’lumki, xamsanavislikning asosiy nazariy qonuniyatlari o‘z ibtidosini bu an’ananing boshlovchisi Nizomiy Ganjaviydan oladi. Fors-tojik va turkiy adabiyot taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ozor xalqining buyuk farzandi Nizomiy 1176- 1206 yillar mobaynida turli sabab, taklif va sharoitlar natijasida insoniy tafakkurning nodir durdonalari bo‘lmish besh masnaviysini yaratdi. U o‘zining ilk dostoni «Maxzan ul-asror»ni yaratish jarayonidayoq, ulkan an’anaga asos solayotganligini his etdi va unga ergashuvchilar bo‘lishini bashorat qildi: Man, ki dar in manzilashon mondaam, Marhalae peshtarak rondaam. Teg‘ zi almosi zabon soxtam, Har ki pas omad, sarash andoxtam. Teg‘i Nizomiy, ki sarandoz shud, Kund nashud, garchi kuhansoz shud [1. 282]. Mazmuni: Menki bu manzilga hammadan oldin qadam qo‘ydim, so‘z olmosidan o‘tkir tig‘ yasadim. Bu tig‘ ortdan keluvchilarning boshini tanasidan judo qiladi. Nizomiyning keskir qilichi qancha eskirsa ham, o‘tkirligicha qolaveradi. Nizomiy Ganjaviy asos solgan an’ana ijod ahli uchun chinakam imtihon maydoniga aylandi. Bu jarayon, ayniqsa, bir asr o‘tib, Amir Xusrav Dehlaviyning «Xamsa»si dunyoga kelgach keng quloch yozdi. Ayni shu asardan keyin xamsa janr darajasiga ko‘tarilib, uning nazariy qonuniyatlari shakllandi. Xamsanavislikning nazariy qoidalari haqida gapirilganda ilmiy manbalarda, asosan, dostonlarning miqdori, mavzusi, tartibi, vazni va kompozitsiyasi bilan bog‘liq qonuniyatlar e’tirof etiladi. Biroq Nizomiy Ganjaviy dostonlarida yana bir qator kompozitsiya yoki syujet unsurlari ham borki, ular xamsanavislikning o‘zgarmas qoidalari sifatida qaror topgan. Ular har bir muallif ijodida yangicha jilo,
yangicha talqin kasb etadi. Ishqiy noma, munozara, soqiyga murojaat, Ka’ba ziyorati kabilar shular jumlasidan. Xamsanavislik an’anasining muhim va o‘zgarmas tarkibiy qismlaridan biri, bu uning boshlanmasidir. Nizomiy Ganjaviy o‘zining dastlabki dostoni "Maxzan ul-asror"ni arabcha iqtibos, aniqrog‘i, Quronning dastlabki oyati "Bismillohir rahmonir rahim" va uning o‘ziga xos talqini bilan boshlagan edi: "Bismilloh-ir rahmon-ir-rahim", Hast kalidi dari ganji hakim. Fotihati fikratu xatmi suxun Nomi xudoy ast, ba o‘ xatm kun [1. 256]. Mazmuni: "Bismillohir rahmonir rahim" oyati hakim xazinasi eshigining kalitidir. Fikratning boshlanishi (ochilishi) va so‘zning xotimasi(tamg‘asi) Tangrining nomi bilandir, bas shunday ekan, shu bilan tugat. Qisqacha mazmuni «Rahmon (foniy dunyoda barcha insonlarga rahmat nazari bilan boquvchi) va rahim (oxiratda faqat mo‘minlargagina rahm etuvchi) sifatlarining egasi bo‘lgan A llo h nomi bilan boshlayman» bo‘lgan mazkur oyatining yaratilish tarixi, ma’no va talqinlari, fazilat va sharofatlari, unda yashiringan qudrat haqida shar’iy, fiqhiy va tasavvufiy manbalarda ko‘plab sharhlar mavjud. SHunday sharhlar qatoriga xamsalar yoki uning birinchi dostonlari tarkibidagi badiiy talqinlarni ham kiritish mumkin. Mazkur oyat yoxud uning mazmuni xamsalarda qanday shaklda, qaysi tilda keltirilib, qanday talqin etilganligi xamsanavislik an’anasining bir qator jihatlariga oydinlik kiritadi. Xamsanavislik an’anasi tarixini izchil tadqiq etgan olim akademik B.Valixo‘jaev xamsanavis shoirlarning Nizomiy an’analariga - «Panj ganj»dagi dostonlarning syujeti, obrazlar tizimiga, ularning janriy yaxlitligi, umumiyligiga munosabatlarida ikki xil yo‘nalish mavjudligini ta’kidlaydi [2]. Birinchi guruhga mansub «Xamsa» mualliflari Nizomiy an’analariga buyuk hurmat bilan qaraydi va uni o‘zlariga ustoz deb biladi. SHu bilan birga, ular Nizomiy «Panj ganj»idagi dostonlar mazmunini, timsollar tizimini, dostonlarning joylashish tartibini, ularning g‘oyaviy mazmun va poetik shakl jihatdan yaxlitligini o‘zlari yaratgan «Xamsa»larda o‘z dunyoqarashi, yashagan davri ijtimoiy-siyosiy qarashlari bilan bog‘lagan holda saqlab qolishga intiladi. Ikkinchi guruhdagilar Nizomiy yo‘lini eskirgan deb hisoblab, uning poemalari o‘rniga mazmuni va obrazlar dunyosi yangi bo‘lgan butunlay boshqa dostonlarni kiritish yoki dostonlar miqdorini oshirish yo‘lidan boradilar.
Nizomiyga izdoshlik va o riginallikka intilish, muallif tafakkur dunyosining kengligi, fantaziyasi va badiiy mahorati kabilar xamsaning dastlabki baytidayoq namoyon bo‘ladi. «Ulug‘ shoirlar so‘z ibtidosini «Bismillo» bilan boshlab, ilohiyot olamining azal va abadligi, cheksizligi, vahdatga shak keltirish kufr ekanligi haqida yozadilar» [4. 16]. Amir Xusrav Dehlaviy Nizomiy an’anasini davom ettirib, "Matla’ ul-anvor" dostonini quyidagicha boshlaydi: "Bismillohir rahmonir rahim", Xutbai quds ast ba mulki qadim. Mazmuni: "Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman" oyati qadim mulkining muqaddas xutbasidir. Xusrav Dehlaviy Nizomiyga ergashgan holda birinchi misra ya’ni oyati karimani aynan saqlab qolgan, uning talqini yoki izohini ikkinchi misrada fors-tojik tilida, ya’ni asar yozilgan tilda bergan. Biroq Nizomiy basmalani «hikmat eshigini ochuvchi kalit» deya ta’riflasa, Amir Xusrav uni «qadimiyat mulkidan yangragan pokiza, muqaddas xitob» deya ta’riflaydi. Nizomiy uchun «Qur’on» avvalambor hikmat ( «Val Qur’anul hakim» - «Hikmatga to‘la Qur’onga qasam» (YOsin – 2)) bo‘lsa, Amir Xusrav Uning azaliy va muqaddas bitik ekanligini ta’kidlaydi. XIV asrda yashagan Kirmonlik shoir Xoju Nizomiy an’analariga o‘ziga xos munosabatda bo‘lib, «Ravzat ul-anvor», «Gulu Navro‘z», «Gavharnoma», «Humay va Humoyun» va «Kamolnoma» kabi dostonlardan iborat o‘z «Xamsa»sini yaratdi. «Ravzat ul-anvor» dostoni (743/1342-43). 1928 yilda Tehronda olim Husayn Mansurning so‘z boshisi bilan nashr ettirilgan bo‘lib, unda tasavvufiy mavzu va g‘oyalar ustunlik qiladi. Asardagi hikoyatlarda ham shunga mos holda Ibrohim binni Adham, SHibliy, Boyazid Bistomiy, Layli va Majnun, Iskandar va Arastu kabi tarixiy va afsonaviy timsollar ishtirok etadi. SHarqda «Maxzan ul-asror»ga yozilgan naziralar orasida mazkur asar alohida mavqega ega bo‘lgan [3. 207]. Asar quyidagicha boshlanadi: Zayyanat ar-ravzata fil avvali, Bismillahis samadil mu’zali [3. 206]. ﻦﱠﻳﺰ (zayyana) so‘zi nihoyatda bezamoq (priukrashivat) degan ma’noni ifodalaydi (Arabsko-russkiy slovar (sostavitel X.K.Baranov). – M.: Gos. izdat. inostrann ы x i natsionaln ы x slovarey, 1962. Str. 427). Baytning mazmuni: Jannat bog‘ini avvaldan bezagan azaliy va abadiy Alloh nomi bilan bashlayman.
Amir Xusrav va Hoju Kirmoniyning javob baytlarini o‘zaro qiyoslaganda jiddiy uslubiy tafovut ko‘zga tashlanadi. Hoju baytidagi ik k ala misra ham arab tilida, u oyatni aynan keltirmaydi, balki uni o‘ziga xos ta’riflashga intiladi. U «basmalayi sharif»ning Qalam tomonidan yozilgan ilk bitik, jannat eshigini bezab turuvchi yozuv ekanligiga ishora etadi. Mazkur ilk qadamdayoq Hojuning Nizomiy an’analari yo‘lidan emas, balki o‘zining alohida yo‘lidan borish istagi namoyon bo‘ladi. Bu badiiy ijod tamoyillari yoxud originallikka intilish nuqtai nazaridan ijobiy holat, albatta. Biroq xamsanavislikning murakkab qonuniyatlari, an’ana doirasida o‘ziga xos asar yaratish talabi nuqtai nazaridan kamchilik hisoblangan. SHu tufayli Hoju Kirmoniy o‘z davrining y etuk mutafakkiri, masnaviynavis, ko‘plab ijodkorlarning ma’naviy ustozi hisoblansa-da, xamsanavis sifatida y etarli e’tirofga ega bo‘lmadi. XV asrda va undan keyin maydonga kelgan «Xamsa» lar va ularning boshlanmasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularda ayni shu ikki xil tendensiya – Xusrav Dehlaviyning an’ana va izdoshlik hamda Hoju Kirmoniyning butkul yangicha yo‘nalish tendensiyalari namoyon bo‘ladi. O‘zbek mumtoz adabiyotida xamsanavislikka ilk qadam qo‘ygan Mavlono Haydar Xorazmiy o‘zining "Maxzan ul-asror" dostonini «Bu asarga nazira bitgan barcha shoirlar qatori… shu tarzda boshlaydi» [5. 146]: "Bismillohir rahmonir rahim", Fathu zafar oyatidur, ey hakim. Mazmuni: Ey hakim, "Bismillohir rahmonir rahim" barcha mushkulotlarni ochuvchi va zafar keltiruvchi oyatdir. Mavlono Haydar ham Xusrav Dehlaviy yo‘lidan borganligi ilk baytdanoq oydinlashadi. Baytning ikkinchi misrasi qofiya jihatidan («hakim») Nizomiyning baytiga uslub jihatidan esa Xusrav Dehlaviyning misrasiga monand (Bunga misrani fors-tojik tiliga tarjima qilib ham ishonch hosil qilish mumkin «Oyati fathu zafar ast, ey hakim»). Biroq mazmunan misra takrorlanmagan, originaldir. Abdurahmon Jomiy ham "Tuhfat ul-ahror" dostonini shu oyat bilan boshlaydi: "Bismillohir rahmonir rahim", Hast saloyi sari xoni karim [4. 16].