ANTIK DAVR HUQUQ FALSAFASI Dike va nomos adolat asoslarini izlab
ANTIK DAVR HUQUQ FALSAFASI Dike va nomos adolat asoslarini izlab 1. Antik davrda falsafiy va huquqiy qarashlarning paydo bo'lishi va rivojlanishi (Qadimgi Yunon va Rim). 2. O’rta asrlar falsafiy va huquqiy tafakkurning xususiyatlari. 3. Uyg’onish davrii falsafiy va huquqiy fikrlari rivojlanishi. 4. Yangi davr va ma'rifat davri huquq falsafiy qarashlari. 5. XX asr huquq falsafasining asosiy xususiyatlari. 6. Pozitivizmning zamonaviy o'zgarishi. Neopozitivizm. 7. XX asrning qayta tiklangan tabiiy huquqi haqidagi kontseptsiya. Tabiiy huquq haqidagi zamonaviy kontseptsiyalar.
«Homer Yunonistoni» davridayoq (miloddan avvalgi II ming yillikning oxiri) Homernin g «Iliada» va «Odisseya» dostonlarida (milloddan avvalgi VIII asr) tasvirlangan ellinlar, jumladan, dike (haqiqat, adolat), temis (yoki femis - odat, odat huquqi), time (or-nomus, faxriy huquq -da’vo), nomos (qonun) kabi tushunchalarni ishlatishgan. O’z tabiatiga ko’ra ilohiy bo’lgan adolat huquqiy holatning obyektiv asosi va mezoni sifatida namoyon bo’lgan. Gesiod (miloddan avvalgi VII asr) adolat va qonunning ildizlari hamda asoslari yagonaligini o’zining «Teogoniya» va «Mehnatlar va kunlar» dostonlarida quyidagicha tasvirlagan: Adolat (Dike) va Ezgu qonunchilik (Evnomiya) Olimpiya oliy xudosi Zevs va odil sudlov xudosi Femidaning qizlari bo’lgan ikki opa-singil ma’budalardir. Gesiod talqinidagi adolat ham Homer asarlaridagi kabi kuchga va zo’ravonlikka qarshi qo’yilgan. Dike Oliy xudo (barcha ilohiy mukammallikning timsoli) Zevsning va (abadiy, tabiiy tartibning ramzi) Femidaning qizi sifatida ilohiy adolatni muhofaza qilgan va undan chekinganlarni jazolagan. Olamlar axloqining buzilishi va ilohiy adolatli yo’l-yo’riqlardan chekinish, Gesiodning so’zlari bo’yicha («Mehnatlar va kunlar», 174-193), «haqiqatning o’rnini musht egallashiga», «kuch qayerda bo’lsa, haqiqat o’sha yerda bo’lishiga» olib kelgan. Bunday o’rin egallashni Gesiod huquq va adolat to’g’risidagi tasavvurlarning soxtalashtirilishi sifatida qoralagan. Ernst Kassirer Gesiodning huquqiy g’oyalarini tavsiflab bunday deb yozgan edi: «Epos eng avvalo huquq g’oyasi tufayli yangi qiyofaga ega bo’ldi. Huquq g’oyasi eposga yangicha hayot baxsh etdi. U eposga Homerda mavjud bo’lmagan tarzdagi shaxsiy tus berdi». Adolat va huquqning o’zaro aloqasi to’g’risidagi tasavvur keyinchalik «yetti donishmand» ijodida rivojlantirilgan. Ularning barcha ish va harakatda muayyan «o’lchov» hamda «o’rtachalik»ka rioya qilish zarurligi haqidagi qarashlari va qisqa hikmatlari (hikmatli she’riy so’zlari) kishilarning xulq-atvorini tartibga soluvchi normalarning obyektiv tabiati to’g’risidagi rasional-nazariy tasavvurlarni chuqurlashtirish borasida ancha qiziqish uyg’otadi. Masalan: «O’rta yo’l eng yaxshi yo’l» (Kleobul), «Hyech narsa me’yoridan ortiq bo’lmasligi kerak» (Solon),
«Boshqalar qilganda sen tanbeh beradigan ishni o’zing qilma» (Fales) kabi hikmatli so’zlar keng yoyilgan edi. Solon o’zining qonunlari bilan (miloddan avvalgi 594 y.) qarzli qulchilikni yo’q qilgan, Afinada zodagonlar va demosning, boylar va kambag’allarning murosasi g’oyasi bilan sug’orilgan mo’tadil senzli demokratiyani joriy etgan. Solon o’z elegiyalarida «kuchni huquq bilan qovushtirib, qonun hokimiyati» bilan isloh qilganligini, barchaga «to’g’ri haqiqat»ni ko’rsatganligini va «oddiy odamga zodagon bilan teng» qonunlarni berganligini qayd etgan. Pifagor va uning izdoshlari (miloddan avvalgi asrlar) odamlarning turmushi isloh qilinishi hamda falsafaning huquq va erkinlik to’g’risidagi xulosalariga muvofiqlashtirilishi kerakligi haqidagi tasavvurlarni rivojlantirgan. Ular «adolat boshqalarga teng ajr (savob) berilishidan iborat»dir, deyishgan 3 . Ushbu ta’rif o’zida qadimgi talion prinsipi (« qonga qon, jonga jon») ning falsafiy abstraksiyasi va talqinini ifodalagan edi. Pifagorcha qarashlarning teranligi va yangiligi shunda ediki, «zarur mezon» va «mutanosiblik» tushunchalari ostida ular ma’lum (o’z tabiatiga ko’ra raqamli) muvozanatni, ya’ni qandaydir tenglashtirishni, xullas, tenglikni nazarda tutgan edilar. Huquqiy tenglik g’oyasini shakllantirish jarayonida bu muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Geraklit (miloddan avvalgi 530-470 yillar atrofida) tomonidan polis qonunlarini obyektiv umumjahon qonuniyatlari bilan izohlashning chuqur konsepsiyasi rivojlantirilgan. Adolat, qonun va boshqalar - umuman olam, koinot haqidagi («tartibga solingan olami», «jahon tartibi» kabi) bilimlarning bir qismidir. Geraklitga ko’ra, koinot taqdiri o’zgaruvchan olov o’lchovi bilan bog’liqligi - umumiy qonuniyat, jahondagi barcha voqyealar asosida yotuvchi abadiy logosdir. Jahondagi barcha narsa mana shu logosga muvofiq, kurash orqali va zaruriyatga ko’ra sodir bo’ladi. Adolat umumiy ilohiy logosga amal qilishdan iboratdir. Logossiz odamlarda adolat (dike) to’g’risidagi tasavvurning o’zi bo’lmas edi. «Agar bu bo’lmaganda edi, ular Haqiqatning nomidan ham bexabar bo’lur edilar» (V 23).
Huquqning obyektiv-aqliy tabiati va mohiyati to’g’risidagi keyingi barcha konsepsiyalar Geraklitning haqiqat va adolat to’g’risidaga o’zgarib turadigan insoniy tasavvurlarning obyekiv (ilohiy-kosmik) asosi bo’lmish aql haqidagi, nomos (qonun)ning asosi bo’lmish logos to’g’risidagi g’oyalariga borib taqaladi. Demokrit. Demokritga (miloddan avvalgi 470-366 yillar atrofida) ko’ra, polis va uning qonunlari odamlarning poda bo’lib yashashdan sivilizasiyali turmushga tabiiy, sababiy-bog’lanishli shartlangan evolyusiyasi jarayonida ular tomonidan belgilangan sun’iy, insoniy tuzilmalarni o’zida ifodalaydi 3 . Tabiiylik va sun’iylikning nisbati - bu «haqiqat bo’yicha» (ya’ni tabiatga ko’ra, haqiqiy voqyelik bo’yicha) mavjudning hamda faqat «umumiy fikr»ga muvofiq mavjud bo’lganning nisbatidir. Demokrit tabiatga monandlikni etika, siyosat, qonunchilikdagi adolat mezoni sifatida baholangan. «Nimaiki adolatli deb hisoblansa, - deb qayd etgan Demokrit, - adolatli emas: tabiatga zid narsa adolatsizlikdir». Demokrit polis tartiblari va qonunlarini mohiyatan mana shu tabiiy-huquqiy nuqtai nazardan tanqid qilgan, chunki ular faqat «umumiy fikr»ni ifodalaydi, biroq tabiatdan ayrichadir. «Qonunlarning ko’rsatmalari, - deb yozgan Demokrit, - sun’iydir. Tabiatga ko’ra atomlar va bo’shliq mavjuddir». Demokrit tabiiy va sun’iyni mana shu tarzda bir-biriga zid qo’yish orqali «qonunlar - ahmoqona ixtirodir», degan, shu sababli «donishmand qonunlarga bo’ysunmasligi, erkin yashashi kerak». Bu o’rinda «erkin yashash» odamlarning «umumiy fikri»ga va ular tomonidan hosil qilingan shartli va sun’iy ko’rsatmalarga bog’liq bo’lmagan holda «tabiatga ko’ra», tabiat «haqiqati bo’yicha» yashashni anglatgan. Sofistlar Tabiiy va sun’iyni farqlash sofistlarning (miloddan avvalgi V-IV asrlar) polis qonunlari haqidagi ta’limotiga asoslanadi. Inson «barcha ashyolarning o’lchovi» degan mashhur ta’rif sofist Protagorga (miloddan avvalgi 481-411 yillar) tegishlidir (Platon. Teetet, 152a). Protagorga ko’ra, polislar va qonunlar tabiat tomonidan berilmagan, balki
donishmandlarcha qilingan kashfiyotdir. Tabiiy va sun’iyni, ularning nisbatini farqlash, Protagor talqiniga ko’ra, insonning sun’iy narsa (polis, qonunlar) - «ashyolar» (ashyolar tabiati)ni bilib olishi mahsuli, «ashyolar mezoni» insoniy tushunchasining ifodalanishidir. Bunda u demokratik nuqtai nazardan bunday bilish polisning barcha a’zolari uchun xos ekanligini ta’kidlagan. Polis a’zolari birgalikdagi polis hayoti uchun zarur bo’lgan insoniy saxovatlar (adolat, mulohazakorlik va diyonat)ga bir xil darajada dahldordir. Sofist Gorgiy (miloddan avvalgi 483-375 yillar) «yozilgan qonunlarni, adolatning ushbu muhofizlarini» inson madaniyatining muhim yutuqlari qatoriga kiritgan. Yozilgan qonun - mahorat bilan qilingan insoniy kashfiyot, ya’ni qandaydir sun’iy narsa. Gorgiy yozilmagan «adolat»ni «yozilgan qonun»dan farqlagan, uni qadriga ko’ra polis qonunidan yuqori qo’ygan hamda «ishning mohiyati», «ilohiy va umumiy qonun» deb ta’riflagan. Sofist Gippiy (miloddan avvalgi 460-400 yillar) tabiat (fyusis) va qonun (nomos)ni aniq-tiniq qilib bir-biriga zid qo’ygan. Gippiy har xil polislar fuqarosi bo’lgan ellinlik o’z tinglovchilariga qarata bunday degan: «Ey bu yerda yig’ilgan odamlar! Men sizlarning barchangizning qonun bo’yicha emas, tabiatan qarindosh, quda-anda hamda bir xil fuqaro deb hisoblayman: chunki bunday qarindoshlik tabiatga xosdir, qonun esa odamlar ustidan hukmronlik qilib, ko’p narsalarga majbur etadi, bu tabiatga ziddir» (Platon, Protagor, 337). U tabiatning talabi (tabiat bo’yicha huquq) deganda «har bir mamlakatda bir xilda ijro etiladigan» (Ksenofont, Voslominaniya o Sokrate, IV, IV, 19) yozilmagan qonunlarni tushungan. Sofist Antifont (miloddan avvalgi 400 yillar atrofida) barcha odamlarning tabiatan tengligi to’g’risidagi qoidani asoslagan: «Hammamiz - varvarlar ham, ellinlar ham barcha munosabatlarda tabiatan bir xilda tengmiz. (Bu o’rinda) tabiatga ko’ra barcha odamlarning ehtiyoji bir xilda ekanligiga e’tiborni qaratish joizdir». Antifont polis qonunlarini va tabiat amrini farqlab, ikkinchisiga aniq ustunlikni ravo ko’rgan, «Qonunga ko’ra - adolatli (deb e’tirof etiladigan) ko’plab