Falsafada qonun va qonuniyat tushunchasi
Falsafada qonun va qonuniyat tushunchasi Reja: 1. Qonun va qonuniyat tushunchalari, qonunlarning obyektivligi. 2. Voqelik va o’zgarish jarayonida ayniyat va ziddiyat dialektikasi. 3. Olamning mavjudligi — miqdor va sifat voqeligi tarzida miqdor va sifat tushunchalari. 4. Inkor tushunchasi. Inkorni-inkor dialiktikasi.
Olamdagi narsa va hodisalarning harakati, o’zgarishi, bir holatdan ikkinchi holatga o’tib turishi, rivojlanishi, ular o’rtasidagi aloqadorlik va o’zaro ta’sir kabi masalalar qadimdan mutafakkirlar, olimlar, faylasuflar o’rtasida turli baxs, munozara, tortishuvlarga sabab bo’lgan. Chunki ular to’g’risida aniq bilimga ega bo’lmasdan turib, olam va uning taraqqiyoti, rivojlanish manbai, harakatlantiruvchi kuchlari to’g’risida hamda, eng asosiysi, kelajak haqida ilmiy tasavvurga ega bo’lish qiyin. Atrofimizdagi jamiki narsa-hodisalar, ya’ni eng mayda zarrachalardan tortib to Yer, Quyosh, Koinotgacha barchasi, shu jumladan, kishilik jamiyati ham, doimo harakat, o’zgarish va rivojlanishdadir. Ular o’rtasida abadiy o’zaro bog’liqlik, o’zaro ta’sir va aloqadorlik mavjud. Olamda o’z-o’zidan, tasodifiy ravishda hech qanday harakat ham, o’zgarish ham yuz bermaydi. Bog’lanishlarning turlari. Biz narsa va hodisalarning harakati, o’zgarishi va rivojlanishiga ular o’rtasidagi bog’lanish va aloqadorlik, ta’sir va aks ta’sir asos bo’ladi, deymiz. Albatta, olamdagi har qanday bog’lanish ham rivojlanishga sabab bo’lavermaydi. Chunki bu bog’lanishlarning ko’lami, mohiyati, ta’sir kuchi va doirasi turlicha. Bog’lanishlarning ana shu hususiyatlariga qarab, zaruriy va tasodifiy, ichki va tashqi, bevosita va bilvosita, muhim va muhim bo’lmagan va hokazo bog’lanishlarga ajratish mumkin. Shuningdek, olamda boshqa voqea yoki hodisalardan alohida, ular bilan bog’liq, o’zaro aloqadorlikda va ta’sirda bo’lmagan birorta ham voqea yoki hodisa mavjud emas. Demak, o’zaro bog’lanish va ta’sir natijasida narsa-hodisalarda o’zgarish sodir bo’ladi. Lekin, barcha o’zgarishni har doim ham birdaniqa, yaqqol sezish mumkin emas. Chunki olamning namoyon bo’lishi turli darajada bo’lganligi sababli, o’zgarishlar ham turlichadir. Masalan, yangi tuqilgan chaqaloqning bir hafta, bir oy, yarim yil mobaynidagi o’zgarishini, ya’ni ulgayishini yoki bo’lmasa, tabiatdagi qish faslidan bahor fasliga o’tishdagi o’zgarishlarni oddiy ko’z bilan yaqqol sezish mumkin. Lekin biron jonsiz predmet, masalan, Yer qa’ridagi ichki jarayonlarni ma’lum davrdan keyin
sezish mumkin. Ana shu sababdan ham odamlar zilzilalar, vulqonlar otilishi kabi ofatlar qarshisida lol, gohida esa gaflatda qolib kelmoqdalar. Ya’ni tashqi faktorlar (inson faoliyati, yorug’lik, issiqlik, namlik, atmosfera bosimi) natijasida ro’y bergan o’zgarishlarni ko’z ko’radi, quloq eshitadi. Xullas, ular oson anglab olinadi, ochiq-oydin namoyon bo’ladi. Ulardagi o’zaro bog’liqlikni ham oson ko’rish, ilgash mumkin. Ana shunday oson ko’rish va ilgash mumkin bo’lgan, ochiq-oydin ro’y beradigan voqea, hodisa, natijaga nisbatan «zohiriylik» tushunchasi, mohiyatini ilgash qiyin bo’lgan va murakkab ichki sabablar natijasida kechadigan jarayonlar va o’zgarishlarga nisbatan «botiniylik» tushunchasi qullaniladi. O’rta asrlarda, ayniqsa tasavvuf falsafasida bu ikki tushunchaga alohida e’tibor berilgan. «Harakat» tushunchasi «Borliq falsafasi» mavzuida yoritilganligi sababli, bu yerda uning quyidagi qisqa ta’rifi bilan cheklanamiz: harakat deb olamdagi har qanday o’zgarishga aytiladi. Rivojlanish tushunchasi esa quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga tomon ilgarilab boruvchi harakatni ifodalaydi. Lekin bu jarayon goh to’g’ri chiziqli, goh asta-sekin kengayib boradigan spiralsimon shakldagi harakatdan iborat bo’lishi mumkin. Bunda doimiy bir tomonga, masalan, vaqtning o’tmishdan kelajakka tomon o’tishi ham, lekin makonda voqea va hodisalarning takrorlanishi, zamonda orqaga qaytishlar ham sodir bo’lib turadi. Ba’zida taraqqiyotning ma’lum bir bosqichida oldingi bosib o’tilgan davr takrorlangandek bo’ladi, ammo bu ilgarigidan farq qiladigan, boshqacharoq tarzdagi takrorlanishdir. Hech qachon bir xil tong otmaydi, deb bejiz aytmaydilar. Holbuki, har kuni tongda o’sha Quyosh chiqadi, o’sha tog’u toshlarni, bog’u biyobonlarni, biz yashayotgan zaminni yoritadi. Odamlar ham, ish va tashvishlar ham hamon o’sha- o’shadek. Kimdir ishga shoshadi, kimdir o’qishga, kimdir yana ilgarigi kundek bekorchilikdan zerikadi... Ammo dunyo o’zgarmadimi bu bir kunning ichida? unda minglab bolalar tuqilmadimi, son-sanoqsiz jarayonlar ro’y berib, Yer sayyorasining turli burchaklaridan boshqa joylarga qanchadan-qancha axborotlar tarqatilmadimi? Ona zamin o’z o’qi va Quyosh atrofida aylanishini davom ettirmadimi? Bularning
barchasi bir kunu-tunda ro’y bergan botiniy va zohiriy o’zgarishlarning namoyon bo’lishidir. Qonun tushunchasi. Dunyoning mavjudligi ana shunday botiniy va zohiriy o’zgarishlarning abadiy takrorlanib turishidan iboratdir. Bu takrorlanishlar esa o’z mohiyati va xususiyatlarini saqlab qolganliklaridan qonun va qonuniyat tusini olgan. Masalan, biz Nyuton tomonidan kashf etilgan butun olam tortishish qonunini o’rganganimizda ana shunday holni idrok etganmiz. Bu qonunning asosiy mohiyati butun olamdagi narsalarning bir-biri bilan aloqadorligi tamoyilining doimiy takrorlanishi, har soniya va har daqiqada bu holatning sodir bo’lib turishini isbotlaydi. Xo’sh, qonun o’zi nima? U kishi va umuman, jamiyat hayotida qanday ahamiyatga ega? Qonunni bilmasdan, o’rganmasdan turib yashash mumkinmi? Qonun tushunchasi kundalik hayotimizda nisbatan tez-tez ishlatib turiladigan tushunchadir. Xususan, fizika yoki kimyo qonunlari deymiz, tabiat qonuni yoki bo’lmasa, iqtisodiy qonunlar, yuridik qonunlar va x.k. Bozor iqtisodiyotiga o’tish tamoyillarining uchinchisi ham qonun to’g’risida bo’lib, unda barcha sohada qonunning ustuvorligi ta’minlanishi ta’kidlanadi. Yuqoridagilarni birlashtirib turadigan, barchasi uchun ham umumiy bo’lgan xossa, hususiyatlar bormi? Eng avvalo, shuni aytish kerakki, olamdagi barcha narsa — tabiat, jamiyat va inson taraqqiyoti ma’lum qonunlar asosida amalga oshadi. Fanlarning (ijtimoiy, gumanitar, tabiiy va x. k.) asosiy vazifasi har bir soha bo’yicha tadqiqot o’tkazib, qonunlarni kashf qilish yoki ularning amal qilish hususiyatlarini o’rganish va ochib berishdan iborat. Qancha ko’p qonun kashf qilinsa, taraqqiyot shuncha tez bo’ladi. Taraqqiyot qonunlarini bilmasdan turib, rivojlanishga erishish qiyin. Yaqin o’tmishda iqtisodiyotning o’ziga xos qonunlarini pisand qilmay, turli xil syezd, plenum, konferensiya qarorlari asosida eksperimentlar o’tkazib, barcha uchun farovon hayot — kommunizm jamiyatini barpo qilmoqchi bo’lishganini va bunday siyosat qanday oqibatlarga olib kelgani barchaga ma’lum.
Hozir mustaqil O’zbekiston barcha rivojlangan mamlakatlar singari ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo qilish yo’lidan bormoqda. Bunda umumbashariy qonunlar va mamlakatimizning o’ziga xos xususiyatlari e’tiborga olingan. Endi shunday savol: Nima uchun inson qonunni bilishi kerak? Bunda oddiy misollarga murojaat qilamiz: yoz oylarida barcha odamlar issiq kiyimlar (etik, palto, qo’lqop va x. k.) sotib olishadi, o’tin yoki ko’mir gamlab qo’yishadi va x. k. Nima uchun? Chunki ular tabiatning bitta qonunini, ya’ni fasllarning o’zgarishi, yozdan keyin kuz, undan keyin qish kelishini juda yaxshi bilishadi. Yoki yana bir, junroq bo’lsa-da, misol: sizga birov uyning 5-qavatidan tashlasang, falon pul beraman desa, rozi bo’lmaysiz. Nima uchun? Chunki siz I. Nyuton kashf qilgan «Butun olam tortishish qonuni»ni yaxshi bilasiz. Balki bilmassiz ham, havoning o’z jismingizdan zichligi kamligiga e’tibor qilmassiz ham, deylik. Ammo siz bu holda omon qolishingiz qiyinligini, mayib bo’lishingizni yaqqol tasavvur qilasiz. Inson qonunlarni bilishi, ularga amal qilishi doirasida erkindir. Erkinlik nima? Erkinlik anglab olingan zaruriyatdir. Har qanday qonunga xos belgilardan biri zaruriylik, ya’ni obyektiv tarzda amalga oshish, o’z-o’zidan namoyon bo’lishdir. Erkinlik esa ana shu zaruriylikni anglab olish va unga amal qilishdan iborat faoliyatni anglatadi. Yuristlarda shunday ibora bor: «Qonunni bilmaslik javobgarlikdan xolos qilmaydi». Ana shu tufayli siz yuridik qonunlarni qancha yaxshi bilsangiz, o’zingizning faoliyatingizni shunga moslab olib borasiz. Demak, shuncha erkin bo’lasiz. Bu holda siz nima qonuniy, nima esa qonuniy emasligini yaxshi bilasiz, qonunga xilof qadamlar qo’ymaysiz. Yuqoridagi fikrlarni xulosa qilib, qonunga quyidagicha ta’rif berish mumkin: Qonun olamdagi narsa va hodisalarning muhim, zaruriy, umumiy va takrorlanib turuvchi bog’lanishlari, o’zaro aloqalari va munosabatlarining namoyon bo’lishidir. Endi qonunning belgilariga to’htalamiz: