HOZIRGI ADABIY JARAYoNDA PAYDO BO‘LGAN YaNGI OQIMLAR VA YO‘NALIShLAR
HOZIRGI ADABIY JARAYoNDA PAYDO BO‘LGAN YaNGI OQIMLAR VA YO‘NALIShLAR Reja: 1. Adabiy jarayondagi modernizm hodisasi 2. Modernizm oqimining o‘ziga xos jihatlari 3. Posmodernizm va uning yuzaga kelishi
Modernizm. “Modernizm” termini (fransuzcha moderne – eng yangi, zamonaviy ) unga ekvivalent sifatida qo‘llaniladigan “avangardizm” (fransuzcha avant-garde – ilg‘or otryad ) va “dekadans” (fransuzcha d ekadance – tushkunlik, ma’naviy tanazzul ) atamalari singari allaqanday noaniq – chaplashib ketgandek, to‘la ifodalanmagandek, mujmaldek tasavvur uyg‘otadi. So‘nggi ikki atamani u yoki bu darajada modernizm hodisasini ta’riflashda qo‘llash mumkindir, ammo ulardan hech biri biz nazarda tutayotgan hodisaning rang-barangligi va to‘laligini alohida aks ettira olmaydi. Adabiyotshunos D.Quronovning internetdagi sahifasidan olingan quyidagi fikr buni asoslaydi: “ Modernizm (fr. moderne – eng yangi, zamonaviy) – XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ommalashgan termin, san’at va adabiyotda dekadansdan keyin maydonga chiqqan norealistik oqimlarning umumiy nomi sifatida tushuniladi. Tabiiyki, adabiyot va san’atda keng tarqalgan mazkur hodisa bo‘sh joyda paydo bo‘lgan emas, uning kurtaklari avvaldan mavjud edi. Jumladan, ilgariroq vujudga kelgan “san’at vosita emas – maqsad”, “san’at – o‘zni ifodalash”, “sof san’at” qabilidagi nazariy qarashlar, barokko doirasida sanaluvchi manerizm, gongorizm, presioz adabiyot namoyandalarining ijod amaliyotida modernizmga xos jihatlarni kuzatish mumkin. Aslida, adabiy jarayonda hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari (realistik va norealistik), adabiyotning mohiyati, bilish imkonlari, vazifasi va shu kabi masalalarda ziddiyatli qarashlar azaldan mavjud bo‘lgani e’tiborga olinsa, modernizm kurtaklarini juda qadim zamonlardan ham topish mumkin bo‘ladi. Ya’ni modernizmga realistik va norealistik yo‘nalishlar orasidagi ziddiyatning muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoitda quyuqlashib, keskin namoyon bo‘lishi, yangilangan nazariy asoslarga ega bo‘lishi va ommalashishi sifatida qarash mumkin. Modernizm o‘tgan asr (XIX asr nazarda tutilmoqda. – M.X.) oxirlaridan boshlab maydonga chiqqan, ijodiy
dasturlari va ijod amaliyoti jihatidan turli-tuman adabiy maktab va yo‘nalishlar (ekspressionizm, impressionizm, simvolizm, akmeizm va b.) o‘ziga asos bilgan estetik tizim, ijodiy metod sifatida tushuniladi ”. Demak, modernizm, egotsentrik madaniyat namunasi o‘laroq, reallikdan yuksaklikni tushunishda undan yuksakroq erkinlikni, yirikroq individuallikni taqozo etadi. Modernistik san’atda nafaqat har qanday yo‘nalish, oqim yoki maktab, balki har qaysi individual ijodkor reallikdan yuksaklik haqidagi o‘z tasavvurlarini yaratadi, reallikdan yuksakroq vaqt va makon kartinasining modelini tayyorlaydi. “Asl badiiylik hech qachon ommaviy bo‘lmagan. Bunday san’at hammaga tushunarli ham, hammaga ma’qul ham bo‘lolmaydi. Sho‘roviy mafkura ta’sirida san’atga san’at deb emas, balki hayotning davomi, uning qismi deb qarashga odatlanilgan. Endi hayotga o‘xshamaydigan, uni aks ettirmaydigan, balki o‘z holicha yangi estetik hayot sanaladigan chinakam san’at asarlari yaratila boshlandi. Buning uchun ijodkorlarda eksperimentlar qilish, sinovlar o‘tkazish, izlanish, xatolar qilish va ularni to‘g‘rilash imkoni bo‘lishi kerak”. Q.Yo‘ldoshev nazarda tutayotganidek, dunyoni modernistik tarzda qabul qilish va ifodalashdagi eng muhim farqlardan biri shundaki, har qanday hodisa, uning har qaysi unsur va komponentlari (realizmdagidek) tarixiy taraqqiyot natijasi sifatida, ayni paytda, tarixiylik prinsipidan yuqoriroq, metafizik hodisa sifatida tushuniladi. Bunday aloqadorlik reallik – asl reallik, vaqt – abadiyat, cheklilik – cheksizlik kabi eng asosiy modernistik qarama-qarshiliklar asosida yotadi. XX asr adabiyoti o‘zining uslubiy va g‘oyaviy rang-barangligi bilan barcha davrlar adabiyotidan farq qiladi. Ayni paytda, zamonaviy adabiyot mumtoz an’analar bag‘ridagina yangicha tajriblarni qo‘llay olishi mumkin. Shunday qilib, aynan XIX-XX asrlar oralig‘ida Yevropa va Amerikada odamlarning dunyoni his etishlari va borliqqa munosabatlarida qat’iy burilish
yuz berdi. Fan va texnika, ishlab chiqarish, ijtimoiy hayot gurkirab rivojlandi, dunyoni diniy shuur etish susaydi. Insoniyat hayotining o‘zgarishga uchragan boshqa tomonlari ham, xuddi ko‘zgudagidek, san’atda aniq va yaqqol o‘z aksini topdi. Yevropa ijodiy intellegensiyasi tanqidiy realizm va naturalizmdan aksil ta’sirlandi va dekadentlik (fransuzchada decadence – tushkunlik, tanazzul) degan qisqa, ammo o‘tkir kasallik bilan “og‘rib” oldi. Birinchi marta Fransiyada paydo bo‘lgan dekadentlikning chorasizlik, hayotdan sovish, haddan tashqari individualizm kabi kayfiyatlari san’atdagi ko‘plab tur va yo‘nalishlarda ijod qilayotgan san’atkorlar, eng avvalo – shoirlarga ta’sir qildi. Turli mamlakatlarda ruhiy holatning bu ahvoli turlicha davrlarda namoyon bo‘ldi. Turkistonda, misol uchun, u ijod ahliga Birinchi jahon urushidan keyin o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Bu paytga kelib Yevropa va Rossiya san’ati yangi, avval o‘ziga xos bo‘lmagan xususiyatlarni bir qadar egallab bo‘lgan edi. Uzoq yillik tarixi davomida san’at ko‘plab inqirozlarni boshdan kechirgan, ammo bu galgi o‘zgarishlarni ilgarigi tanazzullardan biri sifatida baholab bo‘lmasdi. San’at o‘zining klassik nafosat bilan yo‘g‘rilgan idealidan ayro tushdi, qaytarib va tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Xo‘sh, modernizm estetikasida qanaqa tashqi faktorlar yotibdi va uning eng umumiy qirralari nimada? Balki san’atdagi “burjuaziyaning aynigan mahsuloti” degan sinfiy talqindan yiroqlashgan holda Margaret Mid tomonidan taklif etilgan insoniyatning umumiy demografik yosharish davri kelganligi haqidagi nazariyaga murojaat qilish kerakdir. An’analarga bo‘lgan ehtirom pasaygan, va aksincha, kelajakka intilish kuchaygan bir paytda bunday bahonai sabab diqqatga molikdir. Biroq, bizningcha, bu muammoni batamom yechish degani emas. Bu borada N.A.Berdyaev shunday yozadi: “Hayot sur’ati behad tezlashdi va bu jadallashgan harakat ko‘targan quyun inson va insoniyat ijodiyotini o‘z domiga tortdi... Insoniyat dunyosiga
mashinalar g‘olibona kirib keldi va jonli turmushning asriy tarzini izdan chiqardi. Ana shu inqilobiy voqeadan e’tiboran inson hayotida barchasi o‘zgardi, barchasining qaddi bukildi”. Demak, XX asr boshlarida shunday bo‘lgan edi. Shundan buyon o‘z turmushining tabiiy ustunlaridan insoniyat yanada olg‘a uzoqlashdi. Beshafqat jahon urushlari va ko‘plab zolim hukmdorlardan aziyat chekkan insoniyat pirovardida atom urushlari va ekologik halokat tufayli yuz beradigan oxir zamon tahdidi ostida qoldi. Dunyodagi noittifoqlik hissi; unda alohida inson shaxsi tutgan o‘rinning beqarorligi; shaxsning jamiyatdan begonalashishi (qanday jamiyat haqida gap ketayotganligidan qat’iy nazar); insonlar hayotida abstrakt tafakkur tarzining o‘sib borishi; ayni zamonda san’atda ratsionalizmga, mulohazakorlikka qarshi isyon va unda borliq hodisalarining tajriba bilan emas, balki faqat aql-idrok bilan tasavvur qilinishi – bularning barchasi jahon yoki, hechqursa, G‘arb san’atining “modernizm” tushunchasi ostida birlashadigan yangi sifat bosqichiga o‘tishini ta’minladi. Qanday bo‘lmasin novatorlikka intilgan, o‘zidan avvalgi estetikaning ko‘plab an’ana va tartiblariga qarshi chiqqan modernizm – urush va inqiloblar davrining natijasi sifatida – o‘zi ham inqilobiylikka intilishini badiiyat namunalari misolida namoyish qildi. Uning adabiyotdagi ayrim keskin namunalari badiiy nutq ko‘pma’noliligiga ham tajovuz qila boshladi. Shunday bo‘lsa-da, yuqorida sanalgan kamchiliklarga qaramasdan, san’atdagi zamonaviy oqim tarafdorlari o‘zlarining eng yaxshi asarlari orqali bashariyat madaniyatini ajdodlarimizga ma’lum bo‘lmagan yangi ifoda vositalari bilan sezilarli darajada boyitdilar. Ijodiy novatorlikning ko‘plab ko‘rinishlari: “ong oqimi” adabiyoti, rok-musiqa xillari, impressionistlar chizgan rasmlar, pop- artdagi kollaj texnikasi va yana ko‘plab badiiy usullar bundan guvohlik berib turibdi.