Huquq falsafasining umumiy muammolari.
Huquq falsafasining umumiy muammolari. Reja: 1.1. Zamonaviy huquq falsafasining ob'ekti, predmeti va asosiy funktsiyalari. 1.2. Huquq falsafasining asosiy paradigmalari va uning rivojlanishi. 1.3. Huquq falsafasi - falsafiy va huquqiy ilmiy bilimlar tizimida. Amaliy topshiriqlar.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, falsafiy-huquqiy tadqiqotlar uzoq va boy an’analarga ega bo’lsada, “ huquq falsafasi” tushunchasi esa biroz keyinroq, ya’ni X VIII asrning oxirlarida paydo bo’ldi. Falsafiy-huquqiy yo’nalishlardagi muammolar qadimgi davrlarda, avval umumiy mavzularning alohida bir lavhasi va jihati sifatida o’rganilgan bo’lsa, keyinchalik esa fanning alohida, mustaqil predmeti sifatida–asosan tabiiy huquq ta’limoti sifatida falsafa, fikh, teologiya, siyosiy fanlar doirasida tadqiq etilgan . Bugungi kunda huquq falsafasi mustaqil ilmiy va o’quv fani sifatida yoritiladi. Biz kundalik hayotda turli iboralarni uchratamiz, jumladan, “hayot falsafasi”, “yashash falsafasi”, “tarix falsafasi”, “Islom falsafasi”, “qadriyatlar falsafasi” va boshqalar. Bu iboralarni qo’llash bevosita ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar mustaqillik tufayli, mafkuraning milliy istiqlol g’oyasining nazariy asosi bo’lgan ilmiy pragmatik falsafaning shakllanishidan dalolat beradi. Hozirgi paytda falsafiy fanlar alohida olingan hukmron mafkuraning izmidan holi bo’lgan sharoitda mazkur fanning inson hayoti bilan, respublikamizda olib borilayotgan siyosiy, huquqiy, iqtisodiy islohotlar bilan uzviy bog’liq holda rivojlanmoqda. Tariximizni, uning falsafasini chuqur o’rganmasdan, tarix va falsafaning, huquq falsafasini uzviy bog’liq holda tahlil etmasdan turib, huquq falsafasining mohiyatini tushunib yetish qiyin. Prezident I.Karimov ta’kidlaganidek “ tarix va falsafa mantiqiy ravishda bir-birini taqozo etadigan, kerak bo’lsa, to’ldiradigan, taraqqiyot jarayonlari haqida yaxlit tasavvur beradigan, oq–qorani farqlashda asos bo’ladigan fanlardir”. Binobarin “ jahon falsafasi ” ni, dunyo tan olgan ulu g’ faylasuflarning ta’limotlarini bilish ham huquq falsafasining muhim jihatlaridan biridir. Huquq falsafasi – huquqni o’rganishning boshqa turlari va usullari bilan birgalikda – huquqni bilishning, uning ma’no-mohiyatini, odamlar hayotidagi qimmati va ahamiyatini anglash hamda qaror toptirishning oliy ma’naviy shakli hisoblanadi.
Huquq falsafasi – huquqshunoslik va davlatshunoslikning eng umumiy nazariy-dunyoqarash muammolari haqidagi fan. Uzoq vaqt davomida falsafiy tizimlarning tarkibiy qismi bo’lib kelgan. Qadimgi davr (Suqrot, Aflotun, Arastu) falsafasida huquq va adolat, huquq va qonun, huquq va kuch, ijtimoiy qadriyatlar iyerarxiyasida huquqning o’rni haqidagi muammolar muhokama qilingan. Huquq falsafasi Ma’rifatparvarlik falsafasida (masalan tabiiy huquq doktrinasi) va nemis klassik falsafasida (masalan Gegelning «Huquq falsafasi») huquq falsafasi ancha katta o’rin egallagan. Hozirgi jamiyatda huquq falsafasi – keng taraqqiy etgan yuridik fanning tarkibiy qismi; ko’pincha «huquq falsafasi» termini huquq to’g’risidagi umumiy nazariya (umumiy ta’limot)ning sinonimi sifatida ishlatiladi. Lekin XIX asr oxiridan boshlab huquq falsafasi ko’pincha torroq ma’noda, amaldagi huquqni emas, balki huquq asosidagi ideal, ma’naviy asoslarni o’rganadigan huquqning umumiy nazariyasi va sosiologiyasidan farq qiluvchi mustaqil fan deb tushuniladi. Bunday tushuniladigan huquq falsafasining asosiy tushunchasini neokantchilar (R.Shtammler, G.Radbrux, B.A Kistyakovskiy va b.) yoki neogegelchilar (Yu.Binder, K.Lorens va boshqalar) talqinidagi «huquq g’oyasi» tashkil etadi. XX asr o’rtalarida G’arbdagi liberal huquq falsafasida Gusserl ta’limotiga, neorealizmga, ekszistensializmga hamda neotomizmga asoslangan oqimlar yetakchilik qiladi. Huquq falsafasi – huquqning mohiyati, vujudga kelishi, huquqiy qoidalarning axloqiy normalar bilan mutanosibligi va shu kabi boshqa muammolarning falsafiy talqini bilan shug’ullanadi. Huquq falsafasi – huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni, ijtimoiy nazoratning boshqa huquqiy usul va vositalarini nazariy-amaliy jihatdan ishlab chiqadi. Taraqqiyot jarayonida falsafadan tabiatshunoslik fanlari bilan birga psixologiya, etika, estetika kabi ijtimoiy fanlar ham ajralib chiqdi. Keyinchalik madaniyat, qadriyatlar va huquq kabi sohalarni o’rganadigan alohida yo’nalishlar ham paydo bo’ldi. Ular olamni predmeti doirasida yaxlit bilish, uning xususiy qonuniyatlarini o’rganishga yordam beradi.
Huquq falsafasining predmeti masalasi munozarali muammolardan biri bo’lib, faylasuflar, huquqshunoslar, siyosatshunoslar tomonidan turlicha ta’riflanadi. Muammoning murakkabligi shundaki, huquq falsafasining predmetini aniqlash, barobarida huquqiy va falsafiy nazariyalarning bir butun uyg’unligi, tushunchaviy apparatining mantiqiy birligini e’tirof etmoq lozim bo’ladi. Shuning uchun ham huquq falsafasi - bu shunchaki huquqni falsafiylashtirish va aksincha, falsafani huquqiylashtirish emas. Huquq falsafasi ilmiy bilimlarning, avvalo huquqiy va falsafiy bilimlarning alohida tizimi sifatida o’zining maxsus tadqiqot predmetiga ega. HUQUQ FALSAFASINING PREDMETI Huquq falsafasi huquq to’g’risidagi haqiqatni, odamlar ijtimoiy borlig’ining maxsus shakli va ijtimoiy tartibga solishning alohida turi bo’lgan huquq haqidagi haqiqiy bilimlarni izlash va aniqlash bilan shug’ullanadi Huquq obyekt sifatida turli fanlar tomonidan tadqiq etiladi. Ularning har biri huquqni o’ziga xos tushunishi va mazkur obyektni o’rganishning o’z usullari, o’zining maxsus predmeti va metodi nuqtai nazaridan qarab chiqadi. Bunda fan (ilmiy fan) obyekti deganda hali o’rganilishi va tushunib olinishi kerak bo’lgan narsa, uning predmeti deganda esa - obyektning muayyan tarzda nazariy (ilmiy) anglangan holati, uning ma’noviy ifodalash shakli (obraz, model, tuzilishi), uni tushunishning va tushunchasining muayyan konsepsiyasi nazarda tutiladi. Huquq falsafasida umuman huquq muayyan universal yaxlitlik sifatidagi huquq, butun huquqiy universum, huquqning butun olami, huquqning qamrab oluvchi va uning mohiyatini ham, ushbu mohiyatini zohiran namoyon bo’lishi shakllari (huquqiy hodisalar)ni ham o’z ichiga oluvchi barcha huquqiy jihatlar tadqiq etiladi. Huquqni huquqiy mohiyatdan va uning namoyon bo’lish shakllaridan (huquqiy hodisalardan) iborat bo’lgan muayyan yaxlit narsa sifatida tushunish huquqdagi mohiyat va hodisalarni, huquq va huquqiy hodisalar mohiyatini, botiniy mohiyat sifatidagi huquqni va zohiriy hodisa sifatidagi huquqni bir-biridan farqlash, shu bilan birga ularni uyg’unlashtirishning muayyan konsepsiyasini nazarda tutadi va o’z ichiga oladi. Shu sababli eng umumiy tarzda
fan (alohida mustaqil ilmiy fan) sifatidagi huquq falsafasining predmet sohasi - bu ularning farqlanishi va nisbatidagi (mos kelishi va mos kelmasligi) va izlanayotgan birligidagi mohiyat sifatidagi huquq hamda hodisa sifatidagi huquqdir, deyish mumkin. Huquq sohasida mohiyat va hodisaning bunday farqlanishi va nisbatning jiddiy o’ziga xosligi huquqning ilmiy jihatdan anglanadigan mohiyati (mohiyat sifatidagi huquq) obyektiv tusga egaligi, hodisa sifatidagi (subyektiv) huquq esa rasman hukm tusiga egaligi, rasman hokimiyat subyektlarining irodasi, xohishiga va, ehtimol tutilgan o’zboshimchaligiga bog’liqligi haqidagi prinsipial vaziyat tufayli kelib chiqadi. Shu sababli qonun (pozitiv huquq), ya’ni rasman hukmron (davlat) tartibida belgilangan va bajarilishi shart bo’lgan majburiy huquq deb hisoblanuvchi huquq huquqning mohiyatiga mos kelishi (ya’ni huquqiy hodisa, huquqiy qonun, huquqiy mohiyatni ifodalovchi bo’lishi) ham ushbu mohiyatga zid bo’lishi (ya’ni nohuquqiy hodisa, g’ayri-huquqiy, soxta huquqiy, huquqni buzuvchi, qonunga zid huquq bo’lishi) ham mumkin. Ushbu holatni hisobga olgan holda, huquq falsafasi predmetini quyidagacha aniq shaklda ta’riflash mumkin: huquq falsafasining predmeti o’zaro farqlanadigan, o’zaro nisbatda bo’lgan va izlanayotgan birlik bo’lgan huquq va qonun . Bunda huquq deganda mohiyat sifatidagi huquq, ya’ni qonun chiqaruvchining (davlatning) irodasiga yoki o’zboshimchaligiga bog’liq bo’lmagan, alohida ijtimoiy hodisa va o’z tabiatiga ko’ra obyektiv o’ziga xos regulyator sifatidagi huquqqagina xos bo’lgan huquqiy mohiyat , rasman-hukmron hodisa sifatidagi qonun deganda esa butun pozitiv huquq (uning barcha manbalari, uni ifodalashning barcha shakllari), ya’ni qonun chiqaruvchining (davlatning) irodasiga va ehtimol o’zboshimchaligiga bog’liq bo’lgan va, binobarin, huquqning mohiyatiga (mohiyat sifatidagi huquqqa) mos kelishi ham, mos kelmasligi ham mumkin bo’lgan shart bo’lgan majburiy ko’rsatmalar (qoidalar, xulq-atvor normalari) nazarda tutiladi. Boshqacha aytganda, qonun deganda, huquq va