Ilmiy tadqiqotda modellashtirish va nazariy tadqiqot usullari
Ilmiy tadqiqotda modellashtirish va nazariy tadqiqot usullari Reja 1. Ilmiy tadqiqotda modellashtirish. Model tushunchasi, modelashtirish va uning turlari 2. Matematik va kompyuterli modellashtirish 3. Nazariy tadqiqot usullari. a) analiz va sintez b) analogiya va gipotetik usul v) gipotetik usul g) formallashtirish usuli d) mavhumlashtirish va umumlashtirish usuli
1. Ilmiy tadqiqotda modellashtirish.Model tushunchasi Tadqiqotning muhim usullaridan biri modellashtirish usulidir. Bu usul ham empirik, ham nazariy izlanish darajalarida, tabiiy, texnik va ijtimoiy-gumanitar fanlarda qo’llaniladigan umumilmiy usuldir. Modellashtirish usuli har qanday, atomdan tortib, to inson, jamiyat va kosmik tizimlargacha bo’lgan obyektlarni samarali tadqiq qilish imkoniyatini beradi. Modellashtirishda obyekt, uning qiziqish o’yg’otgan xossasini nusxasi, o’xshash timsoli ishlab chiqiladi. Obyektning o’rindoshi bo’lgan bu model o’rganiladi, olingan ma’lumot obyekt haqida bilim beradi yoki mavjud bilimga yangi faktlar, tasavvurlar va g’oyalar qo’shadi. Demak, modellashtirish usulidan foydalanishni asosida modelni qurish va uni tadqiq qilish yotadi. «Model» atamasi lot. modulus, frans. modile so’zlaridan olingan bo’lib, me’yor, namuna ma’nolarini anglatadi. Model moddiy yoki ideal (namoddiy) unsurlardan qurilgan bo’lishi mumkin. Shahar transport yo’nalishlarini namoyish qiladigan maket moddiy model turiga kiradi. Xayoliy eksperiment o’tkazish uchun tasavvurda hosil qilingan obyekt obrazi ideal modelni bildiradi. Bulardan tashqari simvolik belgilardan, topologik shakllardan tuzilgan modellardan ham foydalanadilar. Matematik tenglamalar tizimi, kompyuter dasturi shunday modellar qatoriga kiradi. Biz ko’rib chiqayotgan tushunchaga quyidagi ta’rifni berish mumkin: model – bu o’rindosh – obyekt bo’lib, asl, real obyektning qiziqish o’yg’otadigan xossa yoki funksiyalarini nusxa sifatida qaytaradi, shu bois uni almashtiradi va tadqiqot predmetiga aylanadi. Asl obyekt xususiyatlarini modelda qayta tiklash predmetli (maket, tuzilma), obrazli (tasvir, kompyuterli anmasiya, golografik qurilma) va belgi (grafik jadval, sxema, tenglamalar tizimi) ko’rinishida bajarilishi mumkin. Shunday qilib, model o’xshash nusxa sifatida asl obyektning xossa va tomonlarini qaytarar (tiklar) ekan, u asl obyekt haqida bilim manbaiga aylanadi.
Bunda model o’zini borlig’i (nisbatan mustaqil mavjudligi), xossalari va funksiyalariga ega bo’lgan tadqiqot obyekti bo’lib qoladi. Model va asl obyekt o’rtasidagi munosabat gomomorfizm (shakliy o’hshashlik) va izomorfizm (nuqtali, aynan, aniq o’xshashlik) tushunchalari orqali izohlanadi. Gomomorfik munosabat deganda model va obyekt o’rtasida to’liq bo’lmagan shakliy o’xshashlik qayd qilinadi. Geografik xarita biron-bir o’lkaning gomomorfik modeli hisoblanadi. Izomorfik munosabatda obyekt va model, ularning parametrlari o’rtasida katta aniqlikdagi o’xshashlik, aynanlik mavjud.Mars planetasidan o’zi yurar robot orqali yuborilgan foto suratlar planeta sathini izomorfik modeli sifatida tadqiq qilinadi. Tadqiqot olib borish maqsadida model ikki yo’nalishda tuziladi va o’rganiladi: 1) Oldin obyektni nusxa-modeli quriladi, keyin uni o’rganish boshlanadi. Asosiy vazifa obyektni mumkin qadar aniq modelini ishlab chiqish. Kompyuter grafikasi yordamida yaratilgan dinozavrlar hayoti haqidagi filmlar shu birinchi yo’nalishga misol bo’ladi. 2) Ikkinchisida bilish jarayoni modeldan obyektga qarab yo’naltirilgan bo’ladi. Bunda avvalambor model ishlab chiqiladi, uni tadqiq qilish samarali natija bergan taqdirda asl obyektning ma’lum bo’lmagan xislatlarini tahlil qilish amalga oshiriladi. O’tgan asrda EHM dasturlarini ishlab chiqish jarayonida sun’iy intellekt deb atalgan artefakt (inson yaratgan predmet) vujudga keldi.Sun’iy intellektni aqliy faoliyat modeli sifatida o’rganish inson intellekti haqidagi bilimlarimizni boyitishga olib keldi. XX asr fanlarida ro’y bergan inqilobiy yangilanishlar ko’plab fan – texnik kashfiyot va ixtirolar qilishga olib keldi. Ularni ishlab chiqarishga tatbiq qilinishi natijasida murakkab va o’ta murakkab texnologik tizimlar yaratildi. Bu tizimlarni shu vaqtgacha ishlatilayotgan bilish usullari vositasida o’rganishni iloji bo’lmay qoldi. Bunday vaziyatda modellashtirish usulidan foydalanish tadqiqot samaradorligini bir necha barobar oshirib yuboradi. Oldin bo’lajak texnologik tizimni model yaratiladi, u turli sharoitlarga qo’yib o’rganiladi. Shunday keyin asl obyekt bo’lgan texnologik tuzilma yaratiladi.
Modellashtirish – bu nusxa – modelni o’rganish orqali obyektni bilish va xossalarini bashorat qilish usulidir. Bunda obyektga o’xshash namuna (model) quriladi, u tadqiq qilinadi, natijada asl obyekt o’rganilgan hisoblanadi. Modellashtirish umumilmiy, universal bilish usullari qatoriga kiradi. Modellashtirish usuli ayniqsa matematik va eksperimental tadqiqotlarga yaqin turadi, ularni tarkibiga kiradi, samarali natijalar berish manbaiga aylanadi. Hozirgi zamon postnoklassik fanlar (global ekologiya, global evolyusionizm, sinergetika, halokatlar nazariyasi, ko’p ma’noli mantiq, globalistika, virtualistika va boshqalar) ko’p sifatli, ko’p tizimli, o’z-o’zini tashkillashtiradigan obyektlarni o’rganishga o’tishdi. Stoxastik, ehtimollik, nochiziqlilik, nomuvozanatli xislatlarga ega bo’lgan, vaqt oralig’ida evolyusion va bufurkasion o’zgarishlarni namoyon etadigan bunday obyektlarni bevosita o’rganish nihoyatda qiyin ish. Shu bois, postnoklassik fanlarda modellashtirish usuli asosiy tadqiqot usullaridan biri hisoblanadi. Global geosiyosiy muammolardan biri yadroviy urush havfi muammosidir. Urush havfi to’la-to’kis bartaraf etilgani yo’q. Shu bois, o’tgan asrni 80 yillarida global ekaologiya, kompyuter texnologiyasi va geosiyosiy muammolar chorrahasida turgan masali – virtual xarakterga ega bo’lgan jahon termoyadro urushi ssenariysi va oqibatlari kompyuterda modellashtirildi, tadqiq qilindi. Bunday izlanishlar AQSh va Rossiyada olib borildi, natija deyarli bir xil chiqdi. Xulosa shunday bo’ldiki, yadro urushi bo’lgan taqdirda umumplanetar holokot yuz beradi, uzoq muddatli «yadroviy qish» deb atalgan global hodisa sodir bo’ladi. Modellashtirish usulini universalligi (barcha sohalarda tatbiq qilinishi imkoniyati) va samarali tomoni shundan iboratki, u real, mumkin bo’lgan va virtual (oraliq, ehtimolli holat) xislatga ega bo’lgan har qanday obyektlarni o’rganish imkoniyatini beradi. Hattoki obyekt haqidagi bilimimiz tadqiqot jarayonida obraz ko’rinishiga ega bo’lgan model rolini o’ynashi mumkin. Bunda konkret obyektga oid bilim
xayoliy eksperiment o’tkazilganda yangi bilim manbai bo’lgan modelga aylanadi. Masalan, atom strukturasi haqidagi dastlabki bilimlar (M.Plank, Rezerford, Nagaoki g’oyalari) Nils Borning izlanishlarida model rolini o’ynaydi. Bu modelni yanada takomillashtirar ekan, olim o’zining atom strukturasini yangi modelini ishlab chiqdi. Modelda qayd etilgan gipotetik tamoyillar va qoidalar keyinchalik o’tkazilgan eksperimental tadqiqotlarda to’la tasdiqlandi. Modellashtirish strukturaviy tarkibi va tatbiq qilish samaradoriga qarab bir qancha turlarga bo’linadi. 1. Predmetli modellashtirish. Ko’p hollarda obyekt qanday jismlardan iborat bo’lsa, uning xislatlarini takrorlaydigan model ham o’sha materialdan yasaladi. Predmetli modellashtirishning soda ko’rinishi obyektning kichik hajmdagi maketi bo’lib, u tadqiqot, ta’lim va madaniy – ma’naviy muassasalarda ilmiy va uslubiy vosita sifatida ishlatiladi. 2. Fizik modellashtirish. Fan va texnikada keng qo’llanilib, fizik jarayonlar, turli mexanizm va mashinalar, ularning struktura, xossa va funksiyalari modellarda o’rganiladi, olingan natijalar yangi eksperimental namunalarni loyihalashtirishda tatbiq qilinadi. 3. Mantiqiy modellashtirish. Tafakkurdagi mantiqiy amallarni bajarishga moslashtirilgan mantiqiy modellarni ishlab chiqish tarixi uzoq vaqtga borib taqaladi. R.Lulliy, Leybnis, U.Djevons va boshqalar tafakkur jarayonini modellashtiradigan qurilmalar loyihasi va mexanizmlarini ishlab chiqishgan. Hozir bu turdagi modellashtirish sun’iy intellekt muammolarini o’rganish doirasida davom ettirilmoqda. 4. Belgili (semiotik) modellashtirish. Bu yerda model simvollar, harflar, chizma, sxema, formula kabi vositalardan tuziladi. Geometrik shakl, algebraik tenglamalar tizimi, matn, mantiqiy sillogizm figuralari tadqiqotda model funksiyasini bajaradi.