Iqtisodiy islohotlar va uning samarasizligi
I qtisodiy islohotlar va uning samarasizligi Reja: 1. Qayta qurish siyosatining brbod bo‘lishi 2. Siyosiy va iqtisodiy islohotlarning samarasizligi 3. O‘zbekistondagi inqrozli holatlar va ularning oqibatlari
SSSRda jamiyat hayotining barcha sohalarida, xususan, iqtisodiyotda boshi berk murakkab vaziyatdan chiqish yo‘lini qidirish 1985 yil bahoridan boshlangan qayta qurish siyosatida o‘z ifodasini topdi. Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni turg‘unlik illatlaridan tozalashga qaratilgan tajribalar qatorida iqtisodiy muammolar echimini topish bosh vazifalardan biriga aylandi. Iqtisodiy tizimni qayta qurish, uning moddiy bazasini qayta ko‘rib chiqish, yangi texnologiyalarni joriy etish, yuqori darajadagi boshqaruv tizimi asosida iqtisodiyotni va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish mo‘ljallangan edi. Ko‘zlangan maqsadga erishish uchun asosiy vosita sifatida «rejalashtirish va boshqarish mexanizmini takomillashtirish», «ijti moiy negizda sog‘lom tovar- pul munosabatlarining amal qilishini ta’minlash», «xo‘jalik hisobi» asoslari imkoniyatidan foydalanish belgilandi. Korxonalarning «xo‘jalik hisobi», «o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlash» va «o‘z-o‘zini boshqarish»ga o‘tkazilishi dastlabki vaqtlarda mehnat jamoalari orasida o‘z huquqlarini to‘laroq amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan katta umidlar uyg‘otdi. Intilishlar ijobiy bo‘lishiga qaramasdan, islohotlarning samarasi unchalik katta bo‘lmadi. 1988 yilda O‘zbekistonda mavjud 1267 ta yirik sanoat korxonasidan atigi 320 tasi (25,3 foiz) to‘liq xo‘jalik hisobi va o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash sharoitida ishlar edi. Bu korxonalardagi ishlab chiqarish hajmi (ular respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 55,7 foizini tayyorlab berardi) 1987 yilning avvalgi davridagiga nisbatan 4,7 foizga ortdi, holbuki bu ko‘rsatkich xo‘jalik hisobiga o‘tkazilmagan korxonalarda 0,7 foizga pasaydi. Biroq respublika sanoati shartnoma majburiyatlari asosida mahsulot sotish rejasini faqat 98,6 foiz qilib bajardi, yangi sharoitda ishlayotgan korxonalar esa 98,4 foiz qilib ado etdi. YAngicha yondashuv va yangicha fikrlash g‘oyasi asosida olib borilgan qayta qurish siyosatiga jamiyatning tayyor emasligi, shuningdek, ijrochilik kayfiyatiga moslashgan rahbarlarning «xo‘jalik hisobi» va «o‘zini o‘zi
moliyalashtirish» sharoitida ish yurita olmasligi oqibatida xalq xo‘jaligining deyarli barcha sohalari izdan chiqa boshladi. Xo‘jalik mexanizmining zamon talablariga mos kelmasligi, asosan, sifatga e’tibor bermay miqdorni oshirishga qaratish, xomashyoga yo‘naltirilgan sanoat tarmoqlarini jadal rivojlanti rish serxarajat xususiyatga ega iqtisodning rivojlanishiga olib keldi. Bu davrda ham odat bo‘lib qolgan kampaniyabozlik xo‘jalikni boshqarish mexanizmini qayta qurishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Aksariyat tarmoqlarda xo‘jalik hisobini tashkil etish xo‘jako‘rsinga qilindi. SHunday hollar ham uchrab turardiki, mehnat jamoalari hisobotlarida yangi iqtisodiy sharoitda ishlayotgandek qilib ko‘rsatilardi, haqiqatda esa u erda xo‘jalik hisobi asoslari butunlay joriy etilmagan bo‘lardi. Masalan, Toshkent to‘qimachilik kombinatida, CHkalov nomli Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida va boshqa joylarda xo‘jalik hisobida ishlovchi brigadalarni tashkil etishga yuzaki yondashdilar. Barham berish qiyin bo‘lgan zararli odatlardan biri yaxshi ishlayotgan korxonalarning mablag‘larini kam samara bilan ishlayotgan korxonalar foydasiga qayta taqsimlash prinsipi edi. Ishlab chiqarilayotgan tovarlarning sifati muammosi haddan tashqari keskin tus olib ketdi. Mazkur muammoni hal qilish maqsadida mahsulotning davlat qabuli joriy etila boshlandi. 1987 yilda davlat qabuli sharoitida ishlovchi korxonalarda yaroqsizga chiqarilgan mahsulotlar hajmi 833 ming rubllikni tashkil etdi. Davlat qabuli joriy etilgan 33 ta korxonada har oyda o‘rta hisobda 0,9 mln. rubllik mahsulot qabul qilinmas edi. Ishlab chiqarishni tartibga solish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar uning tanazzulini to‘xtata olmadi. Mahsulotlar yuqori sifatli bo‘lishi uchun ishlab chiqarish jarayonini tubdan yangilash bilan bog‘liq bo‘lgan g‘oyatda keng tadbirlar majmuini amalga oshirish talab qilinardi. Bir tomondan, moliyaviy mablag‘lar va moddiy resurslarning yo‘qligi, ikkinchi tomondan, rasmiy hokimiyat organlarining reja-topshiriqlar bajarilishini qat’iyat bilan talab
qilishi davlat qabulining yuzakilashuviga olib keldi. Ma’muriyatning tazyiq ko‘rsatishi oqibatida sifat masalasi asta-sekin ikkinchi darajali masala bo‘lib qoldi. Agar 1986 yil dekabrda davlat qabuli talabi bilan 60 foiz mahsulot qabul qilingan bo‘lsa, 1987 yilning yanvariga kelib faqat 48,5 foiz mahsulot davlat qabuli talabiga javob berdi. Bunga qarshi ko‘rilgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan sifatsiz, nostandart va nokomplekt mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamayish o‘rniga, aksincha, ko‘payib boraverdi. Masalan, 1989 yilda birgina Toshkent shahri bo‘yicha ishlab chiqarilgan 33 mln. rubllik mahsulotlar sifatsiz deb qabul qilindi. Bunday qonun buzishlar respublikaning etakchi korxonalari hisoblangan «Foton», «Mikond» ishlab chiqarish birlashmalarida, Toshkent traktor zavodida, «Tashselmash» zavodida, shuningdek, oziq-ovqat va go‘sht-sut sanoatida ham keng yoyilganligi qayd etildi. Sovet iqtisodiyotining jiddiy nuqsonlaridan biri hisoblangan yakuniga etkazilmagan qurilish hajmlari ham yil sayin ortib bordi. Bu jarayon, ayniqsa, 80-yillar o‘rtalarida avj pallasiga chiqdi. Xususan, 1986 - 1990 yillarda asosiy fondlarni ishga tushirish yillik o‘rtacha hajmlari o‘n birinchi besh yillikka qaraganda ancha ortdi. Ammo bu o‘sish foydalanilgan ka pital qo‘yilmalar hajmidan ortda qolar edi. Natijada davlat investitsiyalari hisobidan oxiriga etkazilmagan qurilishlar 1986 yildagi 5,0 mlrd. rubldan 1990 yilda 6,3 mlrd. rublga etdi. Son-sanoqsiz qurilish ob’ektlariga moliyaviy mablag‘larning sochilib ketishi oqibatida qurilish muddatlari normativlardan ikki barobar ortib ketdi. Kapital qurilishdagi buzg‘unchi jarayonlarni xo‘jalik hisobi va o‘z-o‘zini moliyalashtirishga o‘tkazish siyosati to‘xtatib qola olmadi. CHunki hukm surgan xo‘jalik yuritish mexanizmi yakuniy maqsadga erishish manfaatdorligidan mahrum qilgan edi. Oqibatda kapital qurilishda asosiy fondlarni, ya’ni uy-joy, maktabgacha tarbiya va madaniyat maskanlari, hunar-texnika bilim yurtlari ob’ektlarini qurib ishga
tushirish rejalarini bajarmaslik, ular etarli darajada moliyalashtirilishiga qaramay, an’anaviy tus ola boshladi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, 1986- 1989 yillarda har uchinchi, 1990-1991 yillarda esa har ik kinchi qurilish ob’ektlari ishga tushirilmasdan qolib ketgan edi. Sovet iqtisodiy modeliga xos bo‘lgan holat (ilm-fan talablari va ishlab chiqarishning jamiyat extiyojlariga nisbatan nomuvofiqligi) O‘zbekiston misolida ko‘zga yaqqol tashlandi. Jumladan, 1976 yildan 1990 yilgacha bo‘lgan davrda yangi turkumdagi mashina va uskunalar namunalarini ixtiro qilish yiliga o‘rtacha 38 tadan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, shundan 1976 - 1980 yillarda tex nik ko‘rsatkichi jihatidan faqat 25 foizi mamlakat va jahondagi namunalardan yuqori hisoblangan, 1981-1985 yillarda bu ko‘rsatkich 10 foizdan, 1986-1990 yillarda 6 foizdan ortmadi. Muhimi shundaki, yangi texnika va texnologiyalarni ixtiro qilish va ishlab chiqarishga joriy etish jarayoni kamida 5-6 yil talab qilgan. Natijada O‘zbekistonda mavjud sanoat korxonalarining aksariyatida ishlab chiqarish fondlarining salmoqli qismi eskirishiga sabab bo‘ldi. Mustaqillik arafasida O‘zbekistondagi 1500 ta sanoat korxonasidan 900 dan ortig‘i texnik jihatdan qayta qurish va rekonstruksiya qilishni talab qilardi. Bu esa, o‘z navbatida, respublikada oliy sifat kategoriyasi talabiga javob beruvchi mahsulot turlari o‘sishining sust borishiga olib keldi. Xususan, 1988 yilda ishlab chiqarishning umumiy hajmida atigi 10 foiz mahsulot oliy sifat kategoriyasi talabiga javob bergan (Ittifoq bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich shu davrda 15 foizni tashkil qilgan). Xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari kabi, O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim hisoblangan agrar soha ham shunday qismatga uchradi. O‘zbekistonda bu sohadagi siyosat strategiyasi qayta qurish yillarida Butunittifoq agrar siyosatidan amalda farq qilmas edi. Avvalgidek, bu siyosat Markaz manfaatlari yo‘lida paxtachilikni jadal rivojlantirishga qaratilgan edi.