LINGVOKULTUROLOGIYANING ASOSIY TUSHUNCHAVIY TERMINOLOGIK APPARATI
LINGVOKULTUROLOGIYANING ASOSIY TUSHUNCHAVIY TERMINOLOGIK APPARATI Reja: 1. Lingvokulturologiya tushunchalarining talqini 2. Lingvomadaniy konsept
1. Lingvokulturologiya tushunchalarining talqini. Lingvokulturologiya maxsus fan sohasi sifatida zamonaviy tilshunoslikda bir qancha sermahsul tushunchalarni keltirib chiqardi: lingvokulturema, madaniyat tili, madaniy matn, madaniyat konsepti, submadaniyat, lingvomadaniy paradigma, madaniy universaliya, madaniy salohiyat, madaniy meros, madaniy an’analar, madaniy jarayon, madaniy ko‘rsatmalar va h.k. Shuningdek, lingvokulturologiyaning asosiy tushunchaviy apparatiga mentalitet, mentallik, taomil, rasm-rusumlar, madaniyat doirasi, madaniyat turi, tamaddun, majusiylik va boshqalar kiradi. Mazkur tushunchalardan eng muhimlari madaniy sema, madaniy fon, madaniy konsept va madaniy konnotatsiya bo‘lib, ular madaniy informatsiyaning til birliklari vositasida ko‘rsata oladi. Madaniy sema – so‘zga nisbatan kichikroq va universalroq bo‘lgan semantik birliklar, semantik belgilar. Masalan, palov, do‘ppi, o‘choq so‘zlaridagi quyidagi madaniy semalarni ajratish mumkin: palov – guruch, sabzi, go‘sht, piyoz va yog‘ solib tayyorlanadigan o‘zbek milliy taomi; do‘ppi – avra-astarli, ko‘pincha qavima, pilta urilgan to‘garak yoki to‘rtburchak shakldagi o‘zbeklarning milliy bosh kiyimi; o‘choq – ichiga o‘t yoqiladigan, ovqat pishirish uchun ustiga qozon o‘rnatiladigan qurilma. Madaniy fon – ijtimoiy hayot va tarixiy hodisalarni ifodalaydigan nominativ birliklarning (so‘zlar va frazeologizmlarning) tavsifi. Masalan, Daqqiyunusdan qolgan / Odam atodan qolgan “juda eski, qadimgi”, jamalak o‘rtoq “bolalikdagi dugona”, qizil (Oktabr inqilobi, sho‘ro tuzumi, armiyasiga oidlikni bildiradigan so‘z sifatida qo‘llangan). Yuqorida qayd qilingan madaniy informatsiyaning ikki turi denotatda mavjud bo‘lib, lingvomamlakatshunoslikda yaxshi o‘rganilgan. Madaniy konsept – mavhum tushunchalarning nomlari bo‘lgani uchun bu yerda madaniy informatsiya signifikatga, ya’ni tushuncha yadrosiga biriktiriladi. Madaniy meros – madaniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan madaniy boyliklarni, informatsiyalarning berilishi.
Madaniy an’analar – ijtimoiy va madaniy merosning qimmatli unsurlari majmuyi. Madaniy jarayon – madaniyat hodisalari tizimiga aloqador bo‘lgan unsurlarning o‘zaro ta’siri. Madaniy makon – madaniyat vakillari ongidagi madaniyatning mavjud bo‘lish shakllari. Madaniy makon kognitiv makon (individual va jamoaviy) bilan munosabatda bo‘ladi, chunki u mazkur madaniy-milliy jamiyatning barcha vakillari, barcha individual va jamoaviy makonlar majmuyi bilan shakllanadi. Masalan, rus madaniy makoni, ingliz madaniy makoni va h.k. Lingvomadaniy paradigma – bu dunyoqarashning etnik, ijtimoiy, tarixiy, ilmiy va h.k. o‘zaro aloqadorlikdagi kategoriyalarini aks ettiradigan til shakllarining majmuyi. Lingvomadaniy paradigma konseptlarni, kategorial so‘zlarni va shu kabilarni birlashtiradi. Til shakllari paradigmaning asosi hisoblanadi. Madaniy an’ana – jamiyatda to‘planadigan va qayta tiklanadigan ijtimoiy stereotiplashgan guruhlar tajribasini ifodalaydigan integral hodisa. Madaniy fond –u yoki bu madaniyat vakilining bilimlari majmuyi, uning milliy va jahon madaniyati sohasidagi ayrim qarashi. Biroq bu shaxsning mulki emas, balki mazkur madaniyatga talluqli bo‘lgan o‘sha asosiy birliklarning majmuyidir. Mentallik – milliy xarakterning intellektual, ma’naviy va iroda xususiyatlarini o‘zida birlashtiradigan, ona tili kategoriyalari va shakllaridagi dunyoqarashning ko‘rinishi. Mentallikning birligi mazkur madaniyatning konsepti hisoblanadi. A. Ya. Gurevichga ko‘ra, mentallik – dunyoni ko‘rish yo‘li, u g‘oya bilan o‘xshamaydi. Mentallik falsafiy, ilmiy yoki estetik tizimlar emas, u fikr emotsiyadan qismlarga ajralmagan jamiyat tafakkurining darajasi. Xalq mentalligi tilning muhim konseptlarida dolzarblashadi. Mentalitet – (nem. m entalität < lot. mens, mentis – aql, idrok) jamiyat, millat, jamoa yoki alohida shaxsning tarixiy tarkib topgan tafakkur darajasi, madaniy salohiyati, ularning hayot qonunlarini tahlil etish kuchi, muayyan ijtimoiy
sharoitlardagi aqliy qobiliyati, ruhiy quvvati. Mentalitet – xalq mentalligini, uning aqliy va ruhiy quvvatining ichki tuzilishini va differensiatsiyasini aks ettiradigan kategoriya. Mentalitetlar turli masshtablardagi lingvomadaniy jamoalarning psixolingvo-intellektlarini namoyon qiladi. Ilmiy adabiyotlarda qayd qilinishicha (Yu.D.Apresyan, Ye.S.Yakovleva, O.A.Kornilov), mentalitet termini ositida ijtimoiy-madaniy, lisoniy, geografik va boshqa omillarga bog‘liq bo‘lgan chuqur aqliy tuzulish tushuniladi. Jamiyat, millat yoki shaxsning mentaliteti ularning o‘ziga xos an’analari, rasm-rusmlari, urf-odatlari, diniy e'tiqod va irimlarini ham qamrab oladi. Madaniyat tili – mavjud bo‘lgan yoki qaytadan hosil bo‘lgan tasavvurlar, tushunchalar, obrazlar va boshqa ma’noviy konstruksiyalar tuzilishining belgilar va ularning munosabatlari tizimi vositasida shakllanishi. Submadaniyat – ikkinchi darajali, tobe madaniyat tizimi (masalan, yoshlar submadaniyati va h.k.). Madaniy konnotatsiya – madaniyat kategoriyalaridagi denotativ yoki majoziy-motivlashgan ma’no jihatlarining talqini. Madaniy konnotatsiya til belgisidagi madaniyat darajasining ko‘rsatkichini ifodalaydi. N. Yu. Shvedova rus tilidagi 20 ta umumiy ma’no kategoriyasini ajratib ko‘rsatgan: jonlilik, harakat, holat, predmet, o‘lchov, o‘rin, vaqt va h.k. Mazkur kategoriyalar tilning ma’noviy sinchini tashkil qiladi. Biroq har bir xalq uchun ikkilamchi atovda qo‘shimcha ko‘chma ma’no kasb etgan maxsus majoziy-assosiativ mexanizmlar ham mavjud bo‘ladi. Masalan, ruslarda it (salbiy hodisalar bilan bir qatorda) sodiqlik, vafodorlik, oddiylikni assotsiatsiyalaydi. Jumladan, собачья верность, собачья преданность, собачья жизнь kabi frazeologik birliklarda mazkur xususiyatlar o‘z aksini topgan; beloruslarda it salbiy xususiyatlarni ifodalaydi: ушыцца у сабачую скуру (“layoqatsiz, dangasa odamga aylanish”), собакам падшыты (“yomon odam”); o‘zbeklarda, qirg‘izlarda va qator boshqa turkiy xalqlarda it haqoratni bildiradi. Ruslarda cho‘chqa a) ifloslik, b) nonko‘rlik, v) tarbiyasizlikni; inglizlarda pig ochofatni, o‘zbeklar, qirg‘izlar, qozoqlar va boshqa musulmon
xalqlarida cho‘chqa sof diniy nuqtayi nazardan o‘ta haqoratni ifodalaydi; vetnamlarda cho‘chqa ahmoqlik ramzi bo‘lib keladi. Shunday qilib, it va cho‘chqa so‘zlari turli xalqlarda turlicha belgilarni konnotatsiyalaydi. Bu esa mazkur xalqlar dunyo manzarasining shakllanishidagi ularning o‘ziga xos, individual majoziy fikrlashini ko‘rsatadi. Yuqoridagi misollar o‘ziga xos qo‘shimcha ma’nolar – konnotatsiyalar yuzaga kelishining har bir til, har bir madaniyat uchun xos ekanligini ko‘rsatadi. 7. 2. Lingvomadaniy konsept. Rus tilshunosligida konsept tushunchasi XX asrning birinchi choragida faylasuf S. Askoldov tomonidan ilmiy muomalaga kiritiladi. S. Askoldovning qarashicha, konseptlar vositasida turli millat vakillari muloqotga kirishadi, shunga ko‘ra, konseptlarni yaratish va idrok qilish ikki tomonlama kommunikativ jarayon hisoblanadi. Lisoniy makonda mavjud bo‘lgan bunday tizim dunyo milliy manzarasining o‘ziga xosligini belgilaydi 1 . XX asrning birinchi choragida konsept haqida mulohazalarga tanqidiy yondashiladi. Faqat 80- yillarga kelib, bu terminga ehtiyoj qayta paydo bo‘ladi. Yu. S. Stepanov o‘zining tadqiqotlarida mental shakllanishning mohiyatini ochishga harakat qilib, konsept so‘zining etimologiyasiga murojaat qiladi. Konsept lotin tilidagi conceptus – “tushuncha” so‘zining kalkasidir. Konsept ikki tomonli xususiyatga egadir. Bir tomondan, madaniyat konsept ko‘rinishida insonning mental dunyosiga kirsa, boshqa tomondan, inson konsept yordamida madaniyatga kiradi va ba’zan unga ta’sir ko‘rsatadi. Inson o‘zining individual, betakror madaniyatini saqlagan holda, konsept orqali xalqlarning madaniyatiga, turli millat vakillarining mental dunyosiga murojaat qiladi 2 . Konseptning kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya, shuningdek, adabiyotshunoslik fanlaridagi izohi o‘zaro farqlanadi 3 . Ushbu termin tilshunoslikda o‘tgan asrning 80-yillariga qadar tushuncha so‘ziga sinonim sifatida ishlatilgan 1 Аскольдов, С. А. Концепт и слово [Текст] / С. А. Аскольдов // Русская словесность. От теории словес-ности к структуре текста. Антология. – М. : Academia, 1997. – С. 267–280. 2 Степанов, Ю. С. Константы: Словарь русской культуры [Текст] / Ю. С. Степанов. – М. : Академиче-ский проект, 2004. 3 Демьянков В.З. Понятие и концепт в художественном литаратуре и в научном языке // Вопросы филологии. –Москва, 2001. -№ 1. –С. 35-47.