LIRIK VA TURNING JANRLARI


LIRIK VA TURNING JANRLARI Reja: 1. Lirikaning kichik janrlari (fard, musallas, ruboiy, tuyuq, to‘rtlik) 2. Lirikaning o‘rtacha janrlari (g‘azal, marsiya, ashula, qo‘shiq, sonet) 3. Lirikaning yirik janrlari (tarji’band, tarki’band)
“Kishini mashg‘ul etgan, to‘lqinlatgan, shodlatgan, qayg‘uga solgan, zavqlantirgan, hayajonlantirgan nima bo‘lsa, qisqasi, subektning ichiga nima kirsa, unda nima paydo bo‘lsa, shularning barchasini lirika o‘zining qonuniy boyligi kabi qabul qiladi” (V.Belinskiy, 184-b). Demak, lirik asar shoirning sezgi mevasi, bir oniy ilhomining natijasi, bir zumda “pishib” yetilgan poetik fikr va tuyg‘usining ifodasidirki, ularning ko‘pi sarlavha (nom)siz bo‘ladi, birinchi misra yoki radif nomi bilan nomlanadi: “Bu narsa - ta’riflash uchun mazmuni tutqich bermaydigan, muzika sezgisi kabi, lirik asarning xossasidir” (V.Belinskiy, 189-bet). “Uni na aytib berish va na izoh qilish mumkin; lekin uni shoir qalamidan qanday chiqqan bo‘lsa, xuddi shunday o‘qib berish bilan ikkinchi odamda ta’sir qoldirish mumkin; agarda uni so‘z bilan aytib berilsa yoki prozaga aylantirilsa, u qanotlari chiroyli rang-barang kapalak hozirgina ichidan uchib ketgan xunuk, o‘lik bir chag‘anoqqa aylanadi... bu narsa shuning uchun ham qiyinki, sof lirik asar go‘yo bir kartinaga o‘xshaydi, lekin unda muhim narsa kartinaning o‘zi emas, u bizda uyg‘otgan sezgidir” (V.Belinskiy, 141-142 betlar); bu sezgilarning turli-tumanligini o‘zida jamg‘argan va ularni voqe qiluvchi lirik tafakkurning janrlari ham xilma-xildir; R.Orzibekovning hisoblashicha, birgina mumtoz o‘zbek she’riyatida 30 ga yaqin lirik janr va shakllar (R.Orzibekov. O‘zbek she’riyati janrlari. SamDU nashri 1998, 10-bet)bor... Bular: Debocha, nazira, faxriya, marsiya, soqiynoma, qasida, ta’rix, bag‘ishlov, hasbi hol; madhiya, qo‘shiq, ashula, alla, lapar, yor-yor; mushoira, shiru- shakar, muvashshah, g‘azal, tuyuq, ruboiy, fard, masnaviy, mustazod, sonet, tarjeband, tarkiband; to‘rtlik, musallas, murabba, muxammas, musaddas, musabba, musamman, mutassa, muashshar va h. Bularning hammasi ham o‘zining muayyan janriy xususiyatlariga ega; katta – kichikligidan qat’i nazar bo‘lishi mumkin bo‘lgan hayotning
barkamol va betimsol obrazini – san’atning buyuk asarlarini voqe qilgandirlar; ularning ba’zilarini o‘rganishning o‘ziyoq, mulohazalarimizni isbot etadi. A.Lirikaning kichik janrlari Fard (arabcha so‘z bo‘lib, yakka, yolg‘iz, toq ma’nolarini beradi) “shoir tomonidan ma’lum mavzu va g‘oyaviy maqsadda ijod qilingan mustaqil she’riy baytdir. Fard bir bayt hajmidagi, shaklidagi she’riy asardir. Unga berilgan janr atamasi ham baytning yakkaligiga asoslanadi. Binobarin, baytning yakkaligi uning janriy belgisini ham anglatadi. Shu nomning lug‘aviy, istiholiy ma’nosida uning ixcham, o‘ta mo‘jaz she’r shakli ekanligi ham anglashib turiladi: qisqalik va siqiqlik unda chuqur mazmunni, pandu hikmat va donolikni ifodalashni taqozo etadi” (R.Orzibekov. O‘zbek she’riyati janrlari va poetikasi, II kitob, Samarqand, SamDU nashri, 1999, 4- bet): Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitdi ranj ila, Aylamak oson emas haqqin ado ming ganj ila. (Alisher Navoiy) Fardni “mufradot”, “fardiyot” deb ham yuritadilar. Turkiyalik olim Tohirul Mavlaviy, bir bayt qofiyadosh bo‘lsa (yuqoridagidek) “musarra’”, qofiyadosh bo‘lmasa (pastdagidek) “fard” deb yuritadi. Xalq og‘zaki ijodida bu shakl “maqol”, “matal”, “hikmat”, “otalar so‘zi” nomlari bilan yuritilgan: Dunyo chamanining bulbulisen, Gul shoxida oshiyon etib ket.
(Nodira) Ikki nafarning ovqati uch nafarga yetadi. Yaxshi odamning mehmoni ko‘p bo‘ladi. (“Otalar so‘zi”) Bo‘lar odam yoshida bosh bo‘lar, Bo‘lmas odam qirqida ham yosh bo‘lar (“Amir Temur o‘gitlari”) Bilagi zo‘r birni yiqar, Bilimi zo‘r mingni yiqar. (Maqol) Musallas (arabcha so‘z, ma’nosi uchlik, uchlama) mumtoz poeziyamizda kam yaratilgan. “Bu shaklning kam qo‘llanilganining sababi 1- 2 juft misradan keyingi 3- misraning qofiya jihatidan toq bo‘lishidir (aab). Bu holat esa she’rda notamomlikka, fikriy uzilishga sabab bo‘lishi mumkin” (R.Orzibekov. O‘zbek she’riyati janrlari, 52-bet) deb asoslash noo‘rindir. Bizningcha, uning asosini davr va odamlar ehtiyojidan izlash to‘g‘riroq bo‘lgan bo‘lardi. Musallas Yevropa adabiyotida “tersina” (it. uchlik), bugungi poeziyamizda “uch chanoq” deb yuritiladi. Unda poetik olamning obrazi to‘liq ifodasini topa oladi; bugungi “tezkor” zamonda kishilarning murakkab, ziddiyatlarga to‘la, shiddatkor, betakror ruhiy dunyolarini borlig‘icha namoyon etishga qodir kuch-mo‘jiza bor. Unda olam mohiyatining, tuyg‘ular mag‘zining falsafasi ifodasi, bu ifodaning eng nozik va judayam ixcham jonli surati mujassam: