MODDALAR ALMASHINUVI BUZILISHI KASALLIKLARI
MAVZU: MODDALAR ALMASHINUVI BUZILISHI KASALLIKLARI Reja: 1. A-gipovitaminozning klinik belgilari, davolash va oldini olish. 2. D-gipovitaminozning sabablari, klinik belgilari, davolash va oldini olish 3. Tokoferol yetishmovchiligi sabablari, klinik belgilari, davolash va oldini olish V guruh gipovitaminozlarining sabablari, klinik belgilari, davolash va oldini olish
A - gipovitaminozi) - ko’pincha tuxumdan chiqqan yosh jo’jalarda va broylerlarni go’shtga boqish davrida uchraydi. Belgilari . Klinik belgilar asta - sekin rivojlanib boradi, avvaliga toj va sirg’alarning oqarishi, keyinchalik ko’karishi, umumiy holsizlanish belgilari, ishtahaning pasayishi, o’sishdan qolish, ariqlash, terining yupqalashishi, kon’yuktivit, patlarning hurpayishi, nafas va hazm tizimlarining jarohatlanishi belgilari (burun teshiklaridan zardobli kataral oqmalar oqishi, laringotraxeit, jig’ildon, oshqozon, ichaklar va kloakaning yallig’lanishi) kuzatiladi. Til va tomoqning sarg’ich - oqimtir massa bilan qoplanishi, nerv faoliyatining buzilishi belgilari (bo’yinning buralib qolishi, falaji), ona tovuqlarda tuxum berishning, tuxum tarkibidagi retinol va karotinoidlarning keskin kamayishi xarakterli bo’ladi. Davolash . Kasallikning sabablari yo’qotiladi. Rasionga ko’k oziqalar, o’t uni yoki retinol saqlovchi preparatlar kiritiladi. Retinolning davolovchi dozalari profilaktik dozasidan 3 - 5 marta ko’p bo’lib, davolash 2 - 3 hafta davom etadi. Oldini olish tadbirlari . Parrandalar rasioni retinol va karotinoidlar bilan yetarlicha ta’minlanadi. Inkubasiyaga qo’yiladigan tuxumlarning tarkibida A vitaminining miqdori me’yorlar darajasida bo’lishi lozim. Parrandalar uchun karotinning asosiy manbasi o’t unlari hisoblanadi. Ularning rasiondagi miqdori 7 - 8% ni tashkil etishi kerak. Parrandalarning retinolga bo’lgan sutkalik ehtiyoji katta tovuqlarda 2 - 3; 1 oygacha bo’lgan jo’jalarda - 0,3; 1 - 2 oylik jo’jalarda - 0,8; 2 - 5 oylik jo’jalarda - 3,5; o’rdaklarda - 3,5 HB ni tashkil etadi. D GIPOVITAMINOZI . Surunkali kasallik bo’lib, kalsiy - fosfor almashinuvining buzilishi va suyak to’qimasi o’sishining yomonlashishi bilan tavsiflanadi. Asosan 3 - 5 oylik yoshdagi jo’jalar kasallanadi.
Belgilari . Ko’pincha surunkali kechadi. Dastlab jo’jalarda holsizlanish, patlarning hurpayishi, qanotlarning tushishi, ishtahaning pasayishi va o’zgarishi kuzatiladi. Ba’zan jig’ildon shishadi, muskulli oshqozon atoniyasi, ich ketishi qayd etiladi. Keyingi bosqichlarda oyoqlarning zaiflashuvi, cho’loqlanish, o’tirib qolish, harakat muvozanatining buzilishi kuzatilib, jo’jalar ko’pincha yotadi, o’rnidan qiyinchilik bilan turadi. Oyoqlarning qiyshayishi xarakterli belgi hisoblanadi. Ona tovuqlar rasionida D vitamini va mineral moddalar hamda quyosh nuri yetishmaganda osteomalyasiya rivojlanadi. Uning dastlabki belgilari - tuxumning yupqa po’choqli, ba’zida po’choqsiz bo’lishi, tuxum berishdan qolish, hazm tizimining jarohatlanishlari, keyinchalik, suyaklarning yumshab qolishi va sinuvchan bo’lishi kuzatiladi. Oldini olish tadbirlari . Yilning fasllariga ko’ra, parrandalarning D vitaminiga bo’lgan ehtiyoji ham turlicha bo’ladi. D 2 vitaminiga (e rgokalsiferol ) nisbatan D 3 - vitamini ( kalsiferol ) 30 marta kuchliroq antiraxitik ta’sirga ega. Parrandalarning kalsiferolga nisbatan sutkalik ehtiyoji (1 boshga mkg hisobida) 10 kunlikkacha bo’lgan jo’jalar uchun – 0,05 – 0,1; tovuqlar uchun – 2 – 4; kurkalar uchun – 3 - 5; g’ozlar uchun – 5 - 10. Parrandalar ochiqda saqlanganda ularning D vitaminiga bo’lgan ehtiyojlari uning provitaminlaridan quyosh nurlari ta’sirida sintezlanishi hisobiga qondiriladi. Tovuqlarning D vitaminiga bo’lgan ehtiyojlari qafaslarda saqlanganda yanada ortadi. Shuning uchun parrandalar rasioniga o’t uni, vitaminlarning preparatlaridan qo’shish hamda sun’iy ultrabinafsha nurlar beradigan lampalar yordamida nurlantirish lozim bo’ladi. Profilaktik maqsadda baliq yog’i oziqalarga aralashtirilgan holda tovuqlarga 1 boshga 1 g, jo’jalarga 100 g oziqaga 0,5 – 1,0 g, ona tovuqlar
uchun bir tonna oziqaga D 2 vitamini 30 –45 g, D 3 vitamini 1 – 1,5 g aralashtirilib beriladi. Kasal parrandalar alohida ajratilib, rasionning vitamin – mineral tarkibi yaxshilanadi, ularga baliq yog’i va kalsiferolning konsentratlari profilaktik dozadan 2 – 3 marta ko’p miqdorda qo’llaniladi. Kalsiferolning dozasini oshirib yuborish D gipervitaminoziga sabab bo’lishi mumkin. TOKOFEROL YeTIShMOVChILIGI (Ye - gipovitaminozi) - hamma turdagi parrandalar va asosan 1 oylikkacha bo’lgan jo’jalar kasallanadi. Belgilari . Jo’jalarning 3 - 5 haftaligidan bosh miyaning jarohatlanishi (ensefalomalyasiya) belgilari namoyon bo’ladi. Jo’jalarning ishtahasi yo’qoladi, holsizlanadi, harakat muvozanati buziladi, ko’zlari yumilib qoladi. Keyinchalik, asab tizimining jarohatlanishi belgilaridan boshni orqaga yoki bir tomonga qilib yotish, aylanma harakat, oyoqlar va qanotlarning qaltirashi, barmoqlarning yopilib qolishi kuzatiladi. Bu vaqtda jo’jalarning o’limi kuzatilishi mumkin. O’rdak jo’jalari E gipovitaminoz bilan 2 - 3 haftaligidan boshlab kasallanadi. Ularda muskullarning zaifligi, oyoqlarning falajlanishi hamda qaltiroq kuzatiladi. Davolash va oldini olish . Rasionga o’tlar, o’t unlari, o’stirilgan donlar kabi E vitaminiga boy oziqalar kiritiladi. E vitamini premikslar yoki yog’li konsentratlar, granula hamda granuvit E holida qo’llaniladi. Rasionda to’yinmagan yog’ kislotalari (baliq yog’i), protein ortiqcha bo’lganda parrandalarning E vitaminiga bo’lgan ehtiyoji ortadi, uglevodli oziqlantirishda esa kamayadi. E vitaminiga bo’lgan sutkalik ehtiyoj katta yoshdagi parrandalarda bir boshga 0,3 - 0,5 mg, jo’jalar uchun 1 kg oziqada 0,3 - 0,5 mg ni tashkil etadi. Davolashda bu miqdor 2 - 3 marta ko’paytiriladi.
V GURUHI GIPOVITAMINOZLARI . Asosan 3 oylikkacha yoshdagi jo’jalarning kasalligi bo’lib, barcha turdagi yosh parrandalar rasionida V guruhi vitaminlarining yetishmovchiligi tufayli kasallanadi. Belgilari . V guruhi vitaminlari yetishmovchiligida jo’jalarning 15 - 20 kunligidan boshlab o’sishdan qolishi, umumiy holsizlanish, pat va parlarning hurpayishi, ishtahaning yomonlashishi, diareya, umumiy intoksikasiya belgilari, katta yoshdagi parrandalarda tuxum berishning kamayishi va holsizlanish kuzatiladi. V 1 (tiamin) gipovitaminozida oyoqlar falaji yoki yarim falaji, harakat muvozanatining buzilishi, boshni orqaga qilish; V 2 (riboflavin) gipovitaminozda umumiy holsizlanish, oyoq barmoqlarining buralib qolishi, anemiya, dermatitlar, ko’zning xiralashishi va vaskulyarizasiyasi (qontalash ko’z); V 6 (piridoksin) gipovitaminozida oyoq va qanotlarning zaiflashuvi, nerv qo’zg’alishining kuchayishi, ko’z, kloaka atrofida dermatitlar; V 3 - (pantoten kislotasi) gipovitaminozida terining quruq bo’lishi, bo’yinda va boshdagi patlarning tushishi, ko’z, quloq, oyoq ostida terining qalinlashgan joylarining paydo bo’lishi, ba’zan kon’yunktivit va keratitlar; V 5 (nikotin kislotasi) gipovitaminozida teri funksiyasining buzilishi, dermatitlar; PP - gipovitaminozida og’iz bo’shlig’ida va tilda o’zgarishlar (qora til); V 12 (sianokobalamin) gipovitaminozida anemiya va umumiy rezistentlikning pasayishi belgilari xarakterli bo’ladi. Davolash . Rasionga hayvonot olamidan olinadigan va yashil oziqalar kiritiladi, oziqalarga achitqilar qo’shiladi, asidofilli preparatlar (PABK, ABK), vitaminlarning sintetik preparatlari: tiamin bromid, riboflavin, piridoksin, nikotinamid, xolin-xlorid, pantoten va folat kislotasi hamda polivitaminlar (multivit, chiktonik) tavsiyanomasiga asosan ishlatiladi.