MULOQOT
MAVZU: MULOQOT Reja: 1. Muloqot haqida tushuncha 2. Muloqotning kommunikativ tomoni 3. Muloqot kishilar o’rtasidagi o’zaro ta'sir etish 4. Muloqot kishilarning bir-birini tushunishi
1. Muloqot haqida tushuncha Muloqot inson hayoti va faoliyatining muhim shartidir. Aynan muloqot yordamida insonlar tabiatini o’zlashtirish va o’z individual ehtiyojlarini qondirish uchun birgalikda harakat qilish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Muloqot jarayonida inson xulq-atvorining muayyan obraz va modellari shakllanib, keyinchalik ular insonning ichiga kiradi. Shaxsning tafakkuri, olamni va o’zining obrazini tahlil qilish hamda baholash qobiliyati muloqot jarayonida shakllanadi. Mazkur muammoga atroflicha baho bergan polshalik psixolog Ye.Melibruda quyidagilarni ta'kidlaydi: "Muloqot shaxslararo munosabatlarda biz uchun havodek ahamiyatga egadir" . Muloqot o’ta murakkab jarayon bo’lganligi sababli unga yagona to’g’ri ta'rifni berish juda mushkul. Shuning uchun odatda muloqot tushunchasining mazmuni uning ayrim tomonlariga urg’u berish orqali ta'riflanadi. A) muloqot - hamkorlikda faoliyat ehtiyoji bilan taqazolangan aloqa o’rnatish va uni rivojlantirish jarayoni. B) muloqot - sub'ektlarning belgilar tizimi orqali o’zaro ta'sirlanishuvi. A.V.Petrovskiy tahriri ostida chiqqan "Umumiy psixologiya" darsligida muloqot ikki va undan ortiq kishilar o’rtasidagi axborot ayriboshlash, o’zaro ta'sir va bir-birini tushunishdan iborat jarayon sifatida e'tirof etiladi. M.G.Davletshin muallifligida chop etilgan "Umumiy psixologiya" o’quv qo’llanmasida muloqot - bu ikki yoki undan ortiq kishilar orasidagi affektiv baholovchi xarakterda va bilish bo’yicha ma'lumot almashinishidan iborat bo’lgan o’zaro ta'sir etishdir"- deb ta'kidlanadi. M.G.Davletshin rahbarligida chop etilgan "Psixologiya" qisqacha izohli lug’atida muloqotga quyidagicha ta'rif beriladi: muloqot - ikki yoki undan ortiq odamlarning o’zaro bir-biriga ta'sir etishidir. Yuqoridagi ta'riflarga muvofiq muloqotga umumiy tarzda quyidagicha ta'rif berish mumkin: muloqot - kamida ikki kishining o’zaro ta'sir jarayoni bo’lib, bu ta'sir davomida axborot almashinadi, munosabat o’rnatiladi, rivojlantiriladi.
Muloqot tushunchasini kommunikasiya tushunchasidan farqlash lozim. Kommunikasiya -tirik va o’lik tabiatdagi tizimlar o’rtasida axborot almashinuvini anglatadi. Hayvonlar o’rtasidagi signallar almashinuvi, insonning texnik vositalar bilan aloqa qilishi, bularning barchasi kommunikasiyaga misol bo’ladi. Muloqot faqat insonlar o’rtasida amalga oshirilishi mumkin. Muloqotning inson hayotidagi ahamiyati beqiyosdir. Inson bolasi aynan boshqalar bilan muloqotda, munosabatda bo’lish jarayonida shaxsga aylanib boradi. Muloqot orqali inson ijtimoiy tajriba va madaniyatni egallab boradi. Yangi tug’ilgan inson boshqalar bilan muloqotda bo’lish imkoniyatidan mahrum bo’lsa, u hech qachon shaxsga aylana olmaydi, ya'ni u o’z psixik taraqqiyoti bo’yicha orqada qolib ketadi. Zero, inson psixik taraqqiyoti muloqotdan boshlanadi. Muloqotsiz insoniyat jamiyati bo’lishi mumkin emas. Aynan muloqot hamkorlikda faoliyat yurituvchi individlar jamoasini shakllantiradi. hamkorlikdagi faoliyat rejasini tuzish va uni ruyobga chiqarish uchun individlar o’rtasida muloqot amalga oshirilishi shart. Muloqot vositasida hamkorlikdagi faoliyat tashkil etiladi va amalga oshiriladi. Ayni vaqtda faoliyat davomida insonlar o’rtasida yangi-yangi munosabatlar va aloqalar shakllanadi. Demak, muloqot va faoliyat o’zaro chambarchas bog’liqdir. Muloqot inson hayotida qanchalik yuksak ahamiyatga ega ekanligini quyidagi misollarda yaqqol ko’rishimiz mumkin: 1-misol 1938 yil Richard Bard o’z hohishi bilan Antarktida muzliklarida 6 oy tanho qoladi. Bir tomondan u tajriba natijalariga qiziqsa, ikkinchi tomondan kundalik hayotning g’ala-g’ovuridan biroz dam olishni istagan edi. Keyinchalik u mazkur davrni quyidagi so’zlar bilan eslaydi "Bu yerdagi hayotim davomida bora- bora har bir harakatim har bir ishim tobora mazmunsiz, mantiqsiz, maqsadsiz bo’lib borayotganday edi. Xavf xatarlardan qo’rqmaydigan odam bo’lsam-da, negadir bu yerda tomning bosib qolishidan xavfsiray boshladim. Ovqatlanishimda muntazamlik yo’qoldi, yuvinmay qo’ydim". 2-misol. Tarixda yaponlarda "Moritao" nomli insonning o’zini-o’zi takomillashtirish tizimi mavjud bo’lgan. Vaholanki, inson hech qanday jismoniy
azoblarga duchor bo’lmaydi. Faqatgina bir haftaga g’orga kirib ketib, u yerda tanho qoladi. Bu yerda u hatto o’zi bilan gaplashishi mumkin bo’lmagan. Sinovdan o’tganlar keyinchalik har qanday uchrashuv va suhbatni xursandchilik bilan qarshi oladilar. Qizig’i shundaki, ularda ko’proq gapirish ehtiyoji emas, balki tinglash ehtiyoji kuchayar ekan. 3-misol. Bir paytlarda Amerikada barcha tamaddixonalarni avtomatlashtirish avj olgan edi. Ammo ko’p o’tmay ularning egalari kasodga uchray boshladi. Ma'lum bo’lishicha, bu yerga odamlar nafaqat tammadi qilish, balki suhbatdosh topish uchun ham kelganlar. Bundan ko’rinadiki, insonlar doimo muloqotga ehtiyoj sezadilar va uni qondirishga harakat qiladilar. Muloqot jarayonida muloqot funksiyalari ham muhim rol o’ynaydi. Muloqot funksiyalari deganda muloqotning inson hayotida bajaradigan funksiyalari tushuniladi. Muloqot funksiyalari xilma-xil bo’lib, eng keng tarqalgan tasnifga ko’ra, ya'ni B.F.Lomov tomonidan taklif qilingan bo’lib, u quyidagilardan iborat. Informasion-kommunikativ funksiya - axborot almashinuvini ta'min-lash vazifasi. Axborot almashinuvi turli belgilar tizimlari orqali amalga oshiriladi. Odatda verbal va noverbal kommunikasiya farqlanadi. Regulyasion-kommunikativ funksiyasi suhbatdoshlar xulq-atvorining regulyasiya qilinishini ta'minlash vazifasi. Individlar muloqot jarayonida verbal yo’llar bilan bir-birining motivlariga, maqsadlariga, qaror qabul qilishiga ta'sir o’tkazishi, biror harakatga undashi va harakatini nazorat qilishi, bir-birining xulq-atvoriga stimullash-tiruvchi va korreksiyalovchi tarzida ta'sir ko’rsatishi mumkin. Affektiv-kommunikativ funksiya inson emosional sohasining regulyasiya qilinishini ta'minlash vazifasi. Muloqot inson emosional holatlarining eng muhim determinasiyasidir. Chunki turli tuman emosional holatlar muloqot jarayonida paydo bo’ladi va o’zgaradi. L.A.Karpenko taklif etgan tasnifga ko’ra, muloqotning quyidagi vazifalari ajratib ko’rsatiladi.
Aloqa o’rnatish vazifasi - suhbatdoshni aloqaga kirishish uchun tayyorlash; Informasion vazifa - suhbatdosh bilan muayyan ma'lumotlar, fikrlar va rejalarni almashish; Faoliyatga undash - suhbatdoshni biror harakatni bajarishga stimul- lashtirish; Koordinasion vazifa - suhbatdosh bilan hamkorlikdagi faoliyatni tashkil etish va uni amalga oshirishda harakatlarni muvofiqlashtirish; Tushunishni ta'minlash vazifasi - suhbatdoshning fikrlari va hissiyotlarini tushunish; Amotiv vazifasi - suhbatdoshda muayyan hissiyotlarni uyg’otish hamda ularni o’zgartirish; Munosabat o’rnatish - munosabatlar tizimidagi shaxsiy o’rnini, mavqeini aniqlash; Ta'sir ko’rsatish - suhbatdoshning xulq-atvori shaxsiy xususiyatlari maqsadlari va ustanovkalarini o’zgartirish. 2. Muloqotning kommunikativ tomoni Birgalikdagi faoliyat davomida odamlar turli fikrlar, o’y-xayollar, his kechinmalar bilan o’rtoqlashadilar. Bunda o’y-fikrlar, his-kechin-malarni axborot sifatida, kommunikasiyani esa axborot almashinuvi sifatida talqin etish mumkin. Ammo shuni e'tiborga olish kerakki insonlararo kommunikasiya shunchaki axborot almashinuvidan iborat emas. Chunki muloqot jarayonida axborot nafaqat uzatiladi, balki shakllan-tiriladi, aniqlashtiriladi, rivojlantiriladi. Demak, inson muloqotni shunchaki axborot almashinuvidan iborat jarayon deb hisoblashi mumkin emas. Zero, birinchidan muloqot jarayonida axborot bir tomondan ikkinchi tomonga shunchaki harakatlanmaydi, balki faol almashinadi (kommunikativ jarayon ishtirokchilari bir-biriga axborot yuborayotganda bir-birining motivlari, maqsadlari, ustanovkalari va boshqalarni tahlil qiladilar); ikkinchidan muloqot jarayonida axborot almasha turib kishilar belgilar orqali bir-biriga ta'sir etishi