Nerv tizimi
Nerv tizimi Reja: 1. Nerv tizimining ahamiyati va funktsiyasi 2. Qo`zg`alish va qitiqlanish 3. Bioelektrik hodisalar 4. Markaziy nerv tizimi 5. Vegetativ nerv tizimi Fiziolog olim Pavlov nerv tizimining ikki muhim funktsiyasi oliy va tuban funktsiyalari mavjudligini uqdirib o`tadi. Oliy funktsiya organizmni tashqi dunyo bilan aloqasini bog`lab turadi. Oliy funktsiya oliy nerv faoliyati tomonidan amalga oshirilib, unda katta miya yarim sharlari va po`stloq osti yadrolari ishtirok etadi. Tuban funktsiya esa organizmdagi barcha to`qimalar, organ va sistemalar ishini boshqarib boradi. Tuban funktsiya oliy nerv faoliyati va nerv-gumoral yo`li bilan boshqariladi. Nerv hujayrasi o`zining barcha o`simtalari bilan birga neyron deyiladi. Ha bir neyronda yadro va tsitoplazma mavjud. Neyron tashqi tomondan yarim o`tkazgich membrana pardasi bilan o`rab olingan bo`lib, u tufayli neyron ichida va tashqarisida ionlar kontsentratsiyasi belgilangan normada saqlanadi. Qo`zg`alish tufayli membrananing ionlar o`tkazish qobiliyati o`zgaradi, natijada u yerda potentsiallar ayirmasi vujudga keladi. Barcha nerv hujayralari qon tomirlari bilan yaxshi ta`minlangan bo`lib, u yerda qon harakati juda intensiv bo`ladi. Nerv hujayrasining eng uzun o`simtasi akson deyiladi. U yumshoq po`st nevrolemma bilan o`ralgan. Uning tagida Shvannov po`stlog`ining yadrosi joylashgan. Bu qismlar nerv tolasi uchun ajratuvchi mielin po`stini hosil qiladi va trofik funktsiyani bajaradi. Mielin po`sti oqsillar va lipidlardan iborat bo`lib, nerv tolalarini bir biridan izolyatsiya qilish funktsiyasini bajaradi. Nerv tolasining ichki
tomonida neyrofibril tolalari bo`lib, ular nerv tolasini ancha baquvvat saqlaydi. Shvannov hujayralari birikib nerv tolasi atrofida maxsus po`st hosil qiladi, ular o`rtasida esa maxsus bo`shliqlar bo`lib, ma`lum suyuqlik bilan to`lgan. Shu oraliq orqali membrana tashqi muhit bilan bog`lanadi. Renve xalqasida potentsiallar generatsiyasi bo`lib, qo`zg`alishning navbatdagi tolaga o`tishini ta`minlaydi. Nerv tolasini nerv hujayrasidan ajratsak, degeneratsiyalanadi. Lekin ma`lum vaqt o`tishi bilan degeneratsiyalangan nerv tolasi harakatlanuvchan muskullargacha qayta tiklanishi mumkin. Nerv tolasining sutkalik regeneratsiyasi 2-4 mm. Nerv tolasining yo`g`onligi 4-16 mikron bo`lishi mumkin. Odatda, yo`g`on tolalardan ta`sirning o`tishi ingichka tolalarga qaraganda ancha tez bo`ladi. Nerv tolasi muskul bilan birlashgandan keyin mielin po`stini yo`qotadi va harakat blyashkalarini hosil qiladi. Nerv tizimi umuman olganda butun bir organizmda moddalar almashinuvi protsessini boshqarib, barcha organ va sistemalarning tuzilish, o`sishi va rivojlanishini ta`minlab turadi. Tiriklikning asosiy xususiyatlaridan biri berilgan ta`sirga nisbatan qo`zg`alish hosil qilib, unga javob qaytarishidir. Natijada tirik organizmda qo`zg`alish yoki tormozlanish ro`y beradi. Tashqi va ichki ta`sirlar 2 gruppaga adekvat va noadekvat ta`sirlari bo`lish mumkin. Adekvat ta`sirlovchilar spetsifik (maxsus) qo`zg`alish keltirib chiqaradi. Masalan, ko`rish retseptorlari uchun yorug`lik nuri, eshitish uchun tovush to`lqinlari adekvat ta`sirlovchilardir. Qolgan barcha qitiqlagichlarni noadekvat ta`sirlovchilar deyiladi. Noadekvat ta`sirlovchilarga organizm moslashmagan bo`ladi. Bularga misol qilib yuqori kuchlanishdagi elektr tokini, kuchli mexanik ta`sirni va boshqalarni olish mumkin. Noadekvat ta`sirlarga qaraganda, adekvat ta`sirlarga javob reaktsiyasi tez va mukammalroq bo`ladi. Bu ta`sirlarni barchasi organizmga ta`sir etganda uch xil funktsional holatni keltirib chiqaradi: fiziologik tinchlik, qo`zg`alish va tormozlanish. Fiziologik tinchlik holati deganda maxsus aktiv holat tushuniladi. Bu vaqtda organizm tashqi va ichki ta`sirga qarshi tayyorgarlik ko`rib turadi. Shuning uchun
ham fiziologik tinchlik holatini nisbiy fiziologik tinchlik deb atash maqsadga muvofiqdir. Qo`zg`alish tirik to`qima, hujayra yoki ular to`plamining u yoki bu ta`sirga nisbatan nisbiy tenglik holatdan qo`zg`alish holatiga o`tishidir. Qo`zg`alish mahalliy va tarqaluvchan bo`ladi. Mahalliy qo`zg`alish faqatgina ta`sirlangan joy atrofi bilan chegaralansa, tarqaluvchan qo`zg`alish butun bir nerv, muskul yoki organ bo`ylab tarqaladi. Tormozlanish ham aktiv protsess bo`lib, organizm spetsifik funktsional holatining kuchsizlanishi yoki tamoman to`xtalishi tufayli yuzaga keladi. Har bir tirik sistemaning tinchlik holatidan qo`zg`aluvchanlik holatiga o`tishi uchun ta`sir etadigan kuchlar ma`lum pog`onaga yetishi kerak. Pog`ona kuchi biron bir ta`sirlovchi ta`sir etganda dastlabki eng kuchsiz qo`zg`alishni yuzaga keltiradigan kuch bo`lib u mahalliy yoki harakat potentsialini vujudga keltira oladi. Oqibatda muskullar qisqarishi, bezlar shira ajratishi va boshqalar kuzatilishi mumkin. Pog`ona kuchidan past kuchlarni pog`ona osti kuchi deyilib, uning ta`sirida faqat mahalliy potentsial o`zgaradi, lekin to`qima yoki hujayrada spitsefik qo`zg`alish hosil bo`lmaydi. Berilgan ta`sirga nisbatan olingan javobga qarab ta`sir kuchlari maksimal, submaksimal va hakozo bo`lishi mumkin. Fiziologik tekshirishlarda asosan qo`zg`aluvchanlik aniqlanadi, u esa ta`sirning pog`ona kuchi bilan o`lchanadi. Qo`zg`alishni aniqlashda ta`sirni pog`ona kuchidan tashqari uni ta`sir qilish vaqtining ham muhim ahamiyati bor. Bu sohada olimlar uzoq yillar davomida ko`pgina kuzatishlar olib borganlar. Natijada ta`sirning kuchi va uning ta`sir etish vaqti o`rtasidagi bog`lanishni ko`rsatuvchi egri chiziq aniqlangan. Ta`sir etuvchi kuch bilan qo`zg`alishni yuzaga keltirish uchun ketgan vaqt o`rtasida teskari bog`liqlik mavjud, ya`ni ta`sir etuvchi kuch qanchalik ko`p bo`lsa qo`zg`alishni yuzaga keltirish uchun ketgan vaqt shuncha qisqa bo`ladi. Lekin bu bog`liqlik ham ma`lum chegaragacha boradi va undan keyin ta`sir kuchi bilan unga nisbatan javob uchun ketgan vaqt ma`lum qonuniyatga bo`ysunmaydi. Dastlabki qo`zg`alish hosil bo`lishi uchun eng minimal ta`sir kuchiga (chegaralanmagan vaqt ichida) reabaza deyiladi. Bir reabazaning dastlabki
qo`zg`alishini chaqirish uchun kerak bo`ladigan ta`sir etish vaqtiga foydali vaqt deyiladi. Frantsuz fiziologi Lapikning taklifi bilan ikki marta kuchaytirilgan reabazaning dastlabki qo`zg`alishni chaqirish uchun ketgan vaqt xronoksiya deb yuritila boshlandi. Tabiiy holatda xronoksiyani aniqlash uchun eng yaxshi ta`sirlovchi bu doimiy tok kuchidir. Chunki uni o`lchamlari oson va ko`p sharoitlarga to`g`ri keladi (kuchi, kuchlanishi va boshqalar). Elektr toki bilan ish olib borilganda shu narsa e`tiborga olinishi kerakki, tokning qitiqlash gradienti tez o`zgarib turishi kerak. Shunda uning samarasi yaxshi bo`ladi, aks holda tok kuchini pog`ona kuchi bilan qancha ustun bo`lmasin qo`zg`alishni yuzaga keltira olmasligi mumkin. Yangi tug`ilgan bolalarda xronoksiya katta odamlarnikidan bir necha marta yuqori bo`ladi. Bunday farq bola tug`ilgandan keyin taxminan 12 soatlarcha kuzatilib, keyin asta sekin kuchsizlana boshlaydi. Nerv va muskullardagi xronoksiya ularning funktsional xususiyatini ko`rsatuvchi asosiy vositadir. Bola va katta odam organizmida nerv, muskul apparatining turli xronoksiyaga ega bo`lishi ularda har xil gruppa nerv va muskullarning turlicha rivojlanishini ko`rsatadi. Har bir tirik to`qima va xujayra ma`lum bioelektrik aktivlikka ega. Biotok ionlar assimmetriyasi tufayli membraning bir tomonida musbat zaryadlangan kationlar, ikkinchi tomondan esa manfiy zaryadlangan ionlar to`planishi, natijasida vujudga keladi. Biotok 3 xil ko`rinishda bo`ladi. Tinchlik potentsiali, mahalliy potentsial va harakat potentsiali. Tinchlik potentsiali-fiziologik tinchlik protsessida vujudga keladigan membrana potentsialidir. Uning vujudga kelishi hujayra ichidagi tsitoplazma va hujayra yuzasining suyuqligidagi ionlar to`plami tufayli bo`ladi. Hujayra ichida kaliy ionlari, hujayralar aro suyuqlikda ancha ko`p, natriy ionlari esa tsitoplazmada kam, hujayralararo suyuqlikda ko`p. Ma`lumki biron suyuqlikda ma`lum miqdordagi kationlar bo`lsa, shuncha anionlar ham bo`ladi. Elektoroneytrallik
uchun zarur ionlar anorganik (Cl, HPO, HCO) va organik anionlar (oqsillar, aminokislotalar) hisobidan bo`ladi. Bular tsitoplazmada moddalar almashinuvi natijasida sodir bo`ladi. Lekin bunday elektroneytrallik uzoq vaqt saqlanmaydi. Chunki fiziologik tinchlik holatida membranadan kaliy ionlarining o`tishi ancha shiddatli bo`lib natriy ionining o`tishi ancha sekin bo`ladi. Shunday ekan kontsentratsion gradient tufayli hujayra tashqarisiga musbat zaryadlangan ionlar chiqib oladi. Yuqori molekulali organik ionlar esa membrana teshigidan tashqariga chiqa olmaydi. Membraning ichki va tashqi tomonidan har xil zaryadlangan ionlar to`planib, tinchlik potentsiali vujudga keladi. Uning nolga tenglashishi esa xujayraning o`lganini ko`rsatadi. Mahalliy potentsial-hujayraga biror ta`sir tufayli depolyarizatsiyalanish natijasida membranada tinchlik potentsialining pasayib ketishidir. Natijada membrana orqali ichkariga musbat zaryadlangan ionlarning kirishi kuchayadi. Oqibatda membrananing ichki tomonida musbat zaryadlangan ionlar soni oshadi. Qo`zg`alish to`xtatilishi bilan dastlabki potentsial qayta tiklanadi. Tinchlik potentsialining bunday o`zgarishi nerv va muskul to`qimalarida qitiqlanish berilgan joydagina sodir bo`ladi. Shuning uchun bunday potentsialni mahalliy potentsial deyiladi. Mahalliy potentsial harakat potentsialini vujudga keltiradigan pog`ona kuchidan 1,5-2 marta kuchsizroq ta`sir etganda yuz beradi. Harakat potentsiali mahalliy potentsial ma`lum kritik nuqtaga yetgandan keyin membrananing natriy ionlari o`tkazish qobiliyati oshib ketadi. Oqibatda hujayra ichiga ko`plab natriy ionning kirishi sababli u yerda musbat zaryad ortib hujayra tashqarisida manfiy zaryad kuchayadi. Natijada harakat potentsiali vujudga keladi. Harakat potentsialining o`lchami natriy ionining hujayra ichiga qancha kirishiga bog`liq. Qachonki natriy ionlarining kontsentratsiyasi hujayra ichida va tashqarisida bir biriga tenglashsa natriyning membrana orqali o`tishi to`xtaydi. Bu vaqtga kelib membrananing kaliy ionlarini tashqariga chiqarish xususiyati kuchayib ketadi, oqibatda membrananing tashqi tomonida kaliy ioni ko`payib u yerda musbat zaryadlanish, ichkarida manfiy zaryadlanish ro`y beradi. Natriy va kaliy ionlarining bunday harakati aktiv natriy-kaliy nasosi ishtirokida bo`ladi.