O‘zbekiston va MDH davlatlari
O‘zbekiston va MDH davlatlari. REJA: 1.KIRISH 2.O’zbekiston MDH davlatlar o’rtasidagi o’rni. 3.MDH davlatlarini kelishuv shartlari 4.MDH davlatlari rivojlanish bosqichlari 5.Foydalaniladigan adabiyotlari
Mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda, mintaqa ko‘lamida integratsiyani rivojlantirishda sobiq ittifoq tarkibida bo‘lib, endi mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirgan davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar ham alohida o‘rin tutadi. Sobiq ittifoq barham topgach, 1991 yil 8 dekabrda Minsk shahrida Rossiya federatsiyasi, Ukraina va Belorussiya davlatlari tomonidan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga asos solindi. 21 dekabrda Almatida o‘tgan uchrashuvda MDH bitimini jami 11 davlat imzolab, MDHga a’zo bo‘lib kirdi. Ular bu bitmda davlatlarning hududiy butunligini tan olish, amaldagi chegaralar, ularning ochiqligi, fuqarolarning harakati erkinligiga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, harbiy harakat va qurol-yarog‘ tarqatishning oldini olishda birgalikda harakat qilishga kelishib oldilar. MDH a’zolarining birgalikdagi harakatlariga quyidagi vazifalar kiritildi: tashqi siyosiy faoliyatlarni muvofiqlashtirish, mudofaa siyosati va tashqi chegarani muhofaza qilish; umumiy iqtisodiy muhitni rivojlantirish va Umumevropa, Yevroosiyo bozorini shakllantirish; iqtisodiy islohot o‘tkazish; bojxona siyosatini birga olib borish; transport, aloqa, energetika tizimlarini rivojlantirish; ekologik, atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash. uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish. O‘tgan yillar MDH mamlakatlari ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnoma munosabatlari doirasida teng huquqli sherikchilik asosida o‘zaro foydali hamkorlik ishlari uchun keng imkoniyatlar mavjudligini tasdiqladi. Bunday hamkorlik hamdo‘stlik mamlakatlarining hududiy yaqinligi va iqtisodiy jihatdan
bog‘langanligina emas, balki chuqur tarixiy ildizlar va mintaqaviy aloqalar, katta tarixiy davr mobaynida xalqlarimizning taqdiri mushtarakligi ham asos bo‘ldi. Mintaqamiz xalqlarining yaqinlashuvi – tabiiy kechayotgan jarayon. Bu yaqinlik sobiq Ittifoq mavjud bo‘lganligidan qat’iy nazar hamma vaqt bo‘lib kelgan. Bu haqiqiy integratsiya bo‘lib, sun’iy ravishda joriy etiladigan integratsiyadan farq qiladi. Unga sovetlardan keyingi davlatlarning birortasi qarshi emas, ayni chog‘da ularning birortasi ham o‘z mustaqilligidan voz kechmoqchi emas. Biz uchun masalaning mohiyati mustaqillik yoki integratsiyani tanlash emas, balki bu ikki yo‘nalishni uyg‘unlashtirishdan iboratdir. O‘zbekiston rahbariyati MDHni haqiqiy mustaqil, suveren davlatlar integratsiyasi sifatida ko‘rishni istadi. Biroq, dastlabki yillarda MDH a’zo davlatlari munosabatlarida bir qator muammolar ham bo‘lib turdi. Jumladan, bu tashkilot o‘z kengashlarida barcha a’zo davlatlar taraqqiyoti uchun muhim hujjatlar qabul qilar, biroq ularning bajarilishi sekin kechar edi. Ayrim kelishuvlar esa barbod bo‘lar edi. O‘zbekiston davlati doimo bu tashkilotning muntazam ishlab turishi, uning qabul qilgan qarorlarining bajarilishi tarafdori bo‘lib keldi. Prezident I.Karimovning bu tashkilot kengashlariga qatnashuv oldidan ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularida aynan shu muammolar o‘z ifodasini topdi. O‘zbekiston Respublikasi MDH davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikka kirishar ekan, doimo ularning mustaqilligiga dahl qilmaslikka intildi va bunga amal qildi. 1992 yil may oyida MDH davlat rahbarlarining Toshkent uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan boshlangan kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi MDH doirasidagi davlatlar o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichiga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. 1993 yil MDH davlatlari bilan imzolangan “Iqtisodiy ittifoq” haqidagi shartnoma ham bu davlatlarning iqtisodiy taraqqiyoti va o‘zaro hamkorliklarining yanada mustahkamlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. 1994 yil 21 oktyabrda Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH davlat boshliqlarining kengashida 10 ga yaqin masalalar muhokama qilinib, asosiy e’tibor MDH mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyasiga doir masalalarga qaratildi. MDH davlatlari o‘rtasidagi integratsiyani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari haqida memorandum imzolandi. Unda iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, integratsiyaviy taraqqiyotning istiqbol rejalari belgilab berildi. Kengashda iqtisodiy ittifoqning davlatlararo iqtisodiy qo‘mitasi tuzildi. Mazkur kegashda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 50 yilligini tantanali nishonlash haqida kelishib olindi. MDHni mustahkamlashda bu uchrashuv muhim rol o‘ynaydi.
1995 yil 10 fevralda Almatida MDH mamlakatlari davlat va hukumat boshliqlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. MDH davlatlari a’zolari bo‘lgan mamlakatlar chegaralarini qo‘riqlashda hamkorlik qilish konsepsiyasi muhokama qilindi. Ammo masalaning xarakteri va mazmuni haqida bir-biriga mos bo‘lmagan turli fikrlar bildirildi. Mustaqillikning birinchi o‘n yilligi davrida MDH davlatlari boshliqlarining 30 ga yaqin kengashlari bo‘lib o‘tdi va muhim hujjatlar imzolandi. Ular orasida xavfsizlik masalalari, tinchlikni saqlash, iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib olish uchun davlatlararo iqtisodiy qo‘mita tuzish, iqtisodiy integratsiyani to‘laqonli amalga oshirish, bojxona va ittifoq to‘lovi masalalarini izga solib olish kabilar muhim o‘rin egalladi. O‘zbekiston MDH doirasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalar bo‘yicha shartnoma hamda kelishuvlarni Rossiya, Ukraina, Belorussiya , Moldaviya va boshqa mamlakatlar bilan imzolab, o‘zaro manfaatli hamdo‘stlik aloqalari uchun mustahkam asos yaratdi. 2001 yil MDH tashkil topganligining 10 yilligi munosabati bilan Moskvada MDH davlatlari rahbarlari ishtirokida sammit bo‘lib, unda o‘tgan vaqt mobaynida qilingan ishlar sarhisob qilindi va o‘zaro savdodagi cheklashlarni bartaraf etish, tovarlar va xizmatlar oqimini ko‘paytirish uchun axborot-marketing markazlarini tuzish, ta’lim, madaniyat, soliq, bojxona sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi muassasalar, xo‘jalik sudlari hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama etildi. Sammit ishtirokchilari MDH tuzilganligining o‘n yilligi munosabati bilan hamda Afg‘onistondagi vaziyatga doir “Bayonot”ga imzo chekdilar. Bugungi kunda ham O‘zbekiston Respublikasi MDHga ko‘p tomonlama hamkorlik uchun shart-sharoit yaratishdan manfaatdor suveren mamlakatlar birlashmasi sifatida qaraydi. Davlatimiz rahbari 2012 yil 15 may kuni Moskvada MDH davlatlari rahbarlari kengashining norasmiy uchrashuvida ham hamdo‘stlik ko‘p qirrali hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi vazifasini bajarishi, u bevosita muzokara va davlatlararo muloqotlar, turli darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar maydoni bo‘lib qolishi lozimligini yana bir ta’kidladi. 2002 yildan buyon MDH doirasida tuzilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) ham o‘z faoliyatini olib bormoqda. O‘zbekiston bu tashkilotning ODKB davlatlari o‘rtasidagi va MDH makonidagi turli qarama qarshiliklar va mojarolarni hal etishda qatnashish emas, balki, avvalo Tashkilotlarga a’zo mamlakatlarni tashqi tahdidlardan himoya qilishdan iborat, deb hisoblaydi. Shuningdek, O‘zbekiston ODKBga a’zo u yoki bu davlatlar ichida “zo‘ravonlik xatti- harakatlari” yuzaga kelgan hollarda unga Tashkilotning aralashuvi yohud ta’sir
ko‘rsatishiga aslo yo‘l qo‘ymaslik zarur, deb hisoblaydi. Prezident I.A.Karimov 2010 yil 10 dekabrda Moskvada bo‘lib o‘tgan ODKB Kollektiv xavfsizlik kengashi majlisida ham “u yoki bu mamlakat ichidagi “zo‘ravonlik xatti-harakatlari” turli ssenariylar bo‘yicha, tashqi kuchlarning bevosita aralashuvi va moliyalashtiruvi orqali yuzaga kelishi mumkinligini e’tiborga olish darkor”, deb ta’kidlagan edi. Bu pozitsiyaning to‘g‘ri va hayotiyligini 2010 yil 10-14 iyun kunlari Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan voqealar ham tasdiqladi. I.A.Karimov Kengash yig‘ilishida Qirg‘iziston voqealarida O‘zbekiston tutgan yo‘lni to‘g‘riligini izohlab, agar aholimiz o‘rtasida osoyishtaligimizni saqlay olmaganimizda O‘zbekistonning qariyb 300 ming qirg‘iz millatiga mansub aholi yashaydigan Farg‘ona vodiysi hududida qanday fojeali voqealar ro‘y berishi mumkinligini ham isbotlab berdi. Shu bois ham, O‘zbekiston davlati ODKBning tezkor harakatlanuvchi kollektiv kuchlar to‘g‘risidagi bitimni va ODKBning Tinchliksevar kuchlari to‘g‘risidagi bayonotini imzolamadi. 2012 yil 15 may kuni Moskva shahrida Kollektiv xafvsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) Kollektiv xafvsizlik kengashining yubiley (10 yillik) sessiyasida ham Prezident I.A.Karimov ishtirok etib, yana bir bor O‘zbekiston ODKBning asosiy maqsadi, avvalo a’zo davlatlarning tashqi tahdidlardan himoya qilishdan iborat, deb bilishini ta’kidladi. Sessiyada ODKB faoliyatining samaradorligi va uning yanada rivojlanishini ko‘p jihatdan barcha a’zo davlatlarning hamjihatlik tamoyiliga amal qilishi hamda manfaatlar uyg‘unligiga bog‘liq ekani bayon etildi. O‘zbekiston Respublikasi MDH doirasida sun’iy ravishda joriy etiladigan integratsiyaga hamda davlatlardan yuqori turuvchi tuzilmalarini parlament, ko‘plab amaldorlar ishlaydigan ma’muriy idoralar, harbiy siyosiy organlarni tashkil etishga qarshi. O‘zbekiston mustaqillik va integratsiyani uyg‘unlashtirish tarafdori, MDHni haqiqiy mustaqil suveren davlatlar integratsiyasi sifatida ko‘rishni xohlaydi. O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida hamdo‘stlik mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish alohida o‘rin tutadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi (RF) bilan davlatlararo teng huquqli munosabatlar o‘rnatish va rivojlantirishga alohida ahamiyat berayotganligi muhimdir. 1991 yil 26 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Moskvaga tashrif buyurib, Rossiya Federatsiyasi (RF) Prezidenti B.Yelsin bilan ikki davlat o‘rtasida muxtor vakolatxonalar ochish, bir-birlarining suverenitetini va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, tashqi siyosat va iqtisodiy masalalarida hamkorlik qilishiga kelishib oldilar. 1992 yil may oyida B.Yelsin O‘zbekistonga tashrifi paytida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash choralarini ko‘rishga ahdlashdi.