Ta’lim falsafasi taraqqiyotining asosiy boshqichlari.
Ta’lim falsafasi taraqqiyotining asosiy boshqichlari. Reja: 1. Ta’lim falsafasining evolyutsion rivoji. Tarixiy taraqqiyot bosqichlari. 2. Mamlakatimizda ta’lim -tarbiya ning tarixiy ildizlari. Qadimgi davrda ta’lim -tarbiya ga munosabat. 3. Avestodagi ta’lim-tarbi yaga oid qarashlarning falsafiy mohiyati.
Pedagogika tarixi qadim zamonlardan tortib to hozirgi kungacha bo`lgan turli tarixiy davrlarda tarbiya, maktab va pedagogika nazariyalarining taraqqiyotini davrlar talabi asosida o`rganib keladi. Ta’lim va tarbiya tarixi, uning metodologik asosi yosh avlodni tarbiyalash an’analarini, jamiyatning taraqqiyot bosqichlaridagi o`qitish va kamol toptirish tizimlarini, ularning qonun-qoidalarini, qomusiy mutafakkirlar, ma’rifatparvar adiblar va pedagoglarning ta’lim - tarbiya, ma’rifatga doir g`oyalarini va ularning rivojlanishini mukammal o`rganadigan bilimdir. Umuman ta’lim tarixini o`rganish millatimiz tarixini o`rganish bilan uzviy bog`liqdir. Yosh avlodni tarbiyalash va ularni o`qitish nazariyasi bilan amaliyotning qanday taraqqiy qilib kelganligini bilmay turib, yoshlarni har tomonlama komil inson qilib tarbiyalash masalalarini ilmiy ravishda hal etib bo`lmaydi. Eng qadimgi madaniy boyliklarni o`rganishda pedagogika tarixi uch asosiy manbaga tayanadi: 1. Xalq ijodi materiallari. 2. Buyuk adib va allomalarning ijodiy merosi. 3. Arxeologik qazilmalar natijasida topilgan ashyolar. Atoqli mutafakirlarimizning ta’lim - tarbiya sohasida qoldirgan muhim fikrlarini o`rganish, pedagogik tafakkurning o`sishiga, pedagogik madaniyatning ortishiga imkon beradi. Pedagogika tarixi jamiyat taraqqiyoti qonunlariga suyangan holda turli pedagogik nazariyalarni, ta’lim - tarbiya mazmuni va metodlarini o`rgatadi. O`tmishning pedagogik tizimlarida bo`lgan ilg`or fikrlardan ijodiy foydalanadi. Kishilik jamiyati paydo bo`lishi bilan odamlarda mehnat faoliyati jarayonida ishlab chiqarish tajribalari, mehnat qilish malakalari va mehnat qurollarini ishlatish ko`nikmalari hosil bo`ldi. Bu qurollarni takomillashtirish natijasida nutq va tafakkur o`sib, kamol topa bordi. Keksa avlod mehnat
qilish jarayonida orttirgan tajribasi asosida yosh avlodni ham mehnat qilishga o`rgatdi, uni mehnat jarayonida tarbiyaladi. Shunday qilib, kishilik jamiyatining paydo bo`lishi bilan tarbiya ham vujudga keldi, u bilan birga taraqqiy etdi, jamiyatning o`zgarishi bilan u ham o`zgarib bordi. Tarbiyaning ijtimoiy vazifasi kishilarni bilim, malaka, ko`nikmalarda aks etgan mehnat, bilim tajribalarini avloddan - avlodga yetkazishdir. Tarbiyani amalga oshirish jarayonini anglash va bu sohadagi tajribalarni o`rganishga bulgan ehtiyojning tug`ilishi pedagogika fanini yuzaga keltirdi. Shaxs jamiyatdan tashqarida kamol topa olmaydi, jamiyatdan tashqari tarbiya ham bo`lishi mumkin emas. Tarbiya ijtimoiy hodisa bo`lib, jamiyat hayoti, uning to`xtovsiz taraqqiy etib borishi tarbiyasiz bo`lmaydi. Tarbiya bo`lmasa, jamiyat ham bo`lmaydi, jamiyat usiz yashay va taraqqiy eta olmaydi. Ibtidoiy jamiyatda kishilar o`rtasida tengsizlik, xususiy mulk bo`lmagan. Mehnat va ijtimoiy funksiyalarning taqsimlanishi tabiiy - biologik negizga asoslangan, buning natijasida erkaklar va ayollar o`rtasida mehnat taqsimoti mavjud edi, kishilar yosh jihatidan jamolarga bo`linganlar. Urug`chilik jamiyatidan oldingi jamiyat yosh jihatdan 3 guruhga bo`lingan edi: 1. Bolalar va o`smirlar. 2. Hayot va mehnatning to`la huquqli va to`la qimmatli ishtirokchilari. 3. Umumiy hayotda to`la suratda ishtirok etish uchun jismoniy kuchi bo`lmagan keksalar. Ibtidoiy jamiyatda bola o`zining hayot faoliyati jarayonida kattalarning ishlarida qatnashib, ular bilan kundalik muomalada bo`lib, tarbiyalanar va ta’lim olar edi. O`g`il bolalar katta yoshdagi erkaklar bilan ov qilish, baliq tutish, qurol yasashda qatnashar, qizlar esa ayollar rahbarligida ekin ekib, hosil yig`ish, ovqat pishirish, idish yasash, kiyim tayyorlash ishlarida qatnashganlar. Matriarxat taraqqiyotining oxirgi bosqichlarida yosh alodning
yashashi va tarbiyalanishi uchun ug`il bolalrga alohida va qizlarga alohida - birinchi tarbiya muassasalari - Yoshlar uylari paydo bo`ladi. Yoshlar uylarida bolalar urug` oqsoqollari rahbarligida tarbiyalangan, mehnatga o`tkaziladigan "sinovlar"ga tayyorlanar edilar. Patriarxat urug`chilik jamoasi bosqichida chorvachilik, dehqonchilik va boshqa kasb - hunar paydo bo`lib, rivojlanib bordi. Bir muncha tashkiliy ravishda tarbiya qilish zarurati tug`ilishi bilan yoshlarni tarbiyalash tajribali kishilarga topshiriladigan bo`ldi. Jamiyat taraqqiyoti bilan birga bolalarga dalalarni o`lchash, suv toshqinlarini oldini olish, odamlarni davolashga oid bilimlar avj oldi. Natijada maktablarga va yozuvga ehtiyoj sezila boshladi. Dastlab suratli piktografik xat paydo bo`lgan bo`lsa, keyinchalik qo`shni mamalakatlardan kirib kelgan harf bilan yozish usuli paydo bo`ladi va tez tarqala boshlaydi. Mil.avv. birinchi ming yillik o`rtalarida oromiy yozuvi, Aleksandr Makedonskiy istilosidan keyin esa yunon yozuvi shu bilan birga forsiy mixxat ham ma’lum vaqtlargacha qo`llanib kelingan. O`sha davrda Xorazm, Sug`d, Kushan, Run, Uyg`ur va boshqa yozuvlar paydo bo`lgan va bu yuksalish ta’lim - tarbiyaning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Inson ibtidoiy jamoa bulib yashash tarzini asta - sekin rivojlantirib borib, jahon madaniyatida katta kashfiyotlar yaratdi. Xitoyda qog`ozning ixtiro etilishi, Hindistonda hisoblash o`nlik tizimining paydo bo`lishi, Mesopotamiyada yer kurrasini graduslarga, sutkani soat, daqiqa va soniyalarga bo`lishning joriy etilishi, Markaziy Osiyoda O`rta dengiz bilan Hindistonni bog`lovichi karvon yo`lining vujudga kelishi, keyin Markaziy Osiy orqali Xitoydan O`rta dengizga "Buyuk ipak yo`li"ning ochilishi kabi muhim voqealar madaniyatning taraqqiy etishi va yozuvning tarqalishiga sabab bo`ldi.
Demak, eramizning boshlarida hozirgi Markaziy Osiyo hududida yunon va oromiy alifbosi asosida Xorazm, Sug`d, Baqtriya yozuvlari shakllangan. Eramizdan avvalgi taxminan 484-431 yillarda yashagan yunon tarixchisi Gerodotning "Tarix" kitobida qadimgi forslar, saklar va massagetlarning ta’lim - tarbiyaviy qarashlariga oid muhim ma’lumotlar berilgan. Forslarning eng sharaflaydigan narsasi jasurlikdir, - deb yozadi olim, - shunga ko`ra ular ko`proq o`g`illarga ega bo`lishdan faxrlanishgan. Podshoh ham kimning o`g`li ko`p bo`lsa, unga sovg`alar yuborib turgan. O`g`il bolalarni 5 yoshdan 20 yoshgacha faqat uch narsaga: otda yurish, kamondan otish, to`g`rilikka o`rgatishgan. O`g`il hech qachon ota - onasini behurmat qilmagan. Gerodotning yozishicha forslar uchun yolg`onchilik va qarzdor bo`lish sharmandalik hisoblangan, ular daryo suviga tupurmaganlar, hatto unda qo`l yuvmaganlar, daryolarni muqaddas sanaganlar. Yana bir tarixchi Plutarx fors ayollarining qahramonona jasoratlari haqida yozadi. Yana uning yozishicha Aleksandr Makedonskiy yerli xalqlarga yaqinlashish maqsadida 30 ming bolani ajratib olib, ularga yunon tili va harbiy san’atini o`rgattiradi. Keyinchalik yunon alifbosi qabul qilinib, maktablarda shu asosida o`qitiladi. Xitoy tarixchilari, ulardan Syuan Szin Samarqand aholisi axloqi va xulq - odobi bilan boshqalarga o`rnak bo`lganligi haqida yozadilar. Bulardan qadimda bolalar o`qitiladigan savod maktablari bo`lganligi, bundan tashqari harbiy mashqlarga o`rgatilganligi ham ma’lum bo`ladi. Eng qadimgi davrlardagi ta’lim - tarbiyaga oid qimmatli ma’lumotlarni biz xalq og`zaki ijodi namunalari - afsonalar, qahramonlik eposlari, qo`shiqlar, maqol va iboralarda ham ko`ramiz.