Landshaftlarning inson xo’jalik faoliyati ta’sirida o’zgarishi
М avzu : Landshaftlarning inson xo’jalik faoliyati ta’sirida o’zgarishi
Yer yuzasida muayyan landshaftlar haddan tashqari ko‘p bo‘lganligi uchun ularning har birini alohida-alohida o‘rganish va ta'riflab berishning iloji bo‘lmay qoladi. Shuning uchun landshaftlarni ma'lum maqsadlarda (masalan, qishloq xo‘jaligi, shahar qurilishi va h.k.) guruhlab ta'riflashga va shunga mos holda bir turdagi tadbirlarni rejalashtirishga to‘g‘ri keladi. Bu landshaftlarni tasnif qilishining amaliy ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Fanning o‘rganish obyekti qanchallik serqirra, xilma-xil va murakkab bo‘lsa, uni tasniflash ham shunchalik murakkab bo‘ladi.
Keyingi 15-20 yil ichida geograflar tomonidan bajarilayotgan ko‘plab ishlar uchun, jumladan xalq xo‘jaligini rivojlantirish, aholining yashashi va sog‘lig‘i nuqtai nazaridan landshaftlarni baholash, geografik bashorat qilish va tabiat muhofazasini ko‘zlab bajarilayotgan ishlar uchun ham katta-katta rayonlar, tabiiy geografik o‘lkalar miqyosida barcha landshaftlar haqida batafsil ma'lumotlarga yoki boshqacharoq qilib aytganda landshaftlar kadastriga ega bo‘lish ahamiyatlidir. Mamlakatimiz landshaftlarining aniq va puxta tasnif jadvalini ishlab chiqish landshaftshunoslikning eng yirik masalalaridan biridir.
Landshaftlarni tasniflash bilan ko‘pchilik geograflar shug‘ullanishgan. Ulardan ayniqsa D.L.Armand, N.A.Gvozdetskiy (1961), A.G.Isachenko (1961, 1975), V.A.Nikolayev (1973, 1979) kabilarning tajribalari e'tiborga loyiq. Bu olimlar tavsiya etgan tasniflar ichida V. A.Nikolayev (1979) bajargan tasnif o‘zining anchagina mukammalligi bilan ajralib turadi. Bu tasnifning yaratilishi asosida landshaftshunos olim N.A.Nikolayev ko‘p yillar davomida turli dasht mintaqalarida landshaftlarni xaritaga tushirish borasida olib borgan izlanishlari yotadi.