Mustaqillik yillarida Qoraqalpog'iston respublikasi
Mavzu: M ustaqillik yillarida Qoraqalpog'iston respublikasi Reja 1.Qoraqolpogiston Respublikasining tashkil topishi 2. Qoraqalpog‘iston respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti. 3.Qoraqalpog‘iston respublikasida xalq ta’limi, fan va madaniyat 4. 2016-2020 yillarda Qoraqlpog`iston Respublikasi taraqqiyoti
1924-yilda Qozog‘iston ASSR tarkibida Qoraqalpog‘iston Muxtor (Avtonom) viloyati tashkil qilindi. Viloyat volostlarga bo‘linadigan To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot okruglaridan iborat edi. 1925-yil 12—19-fevralda To‘rtko‘l shahrida Muxtor viloyat Sho‘rolarning 1-Ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Muxtor viloyatining Qozog‘iston ASSR tarkibiga «o‘z ixtiyori bilan kirganligi» qonunlashtirildi. Albatta, viloyat aholisining milliy tarkibi ham e’tiborga loyiq edi. Muxtor viloyat tashkil etilgan paytda viloyat hududidagi aholining 38,5 foizini qoraqalpoqlar, 28,7 foizini o‘zbeklar, 28,6 foizini qozoqlar va bor yo‘g‘i 1 foizga yaqinini (shahar aholisidan tashqari) ruslar tashkil etgan. Oradan 8 yil o‘tar-o‘tmas Qoraqalpog‘iston Muxtor viloyatini yana «O‘z ixtiyoriga ko‘ra» Qozog‘iston tarkibidan olib RSFSR tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Muxtor Sho‘ro Sotsialistik Respublikasi (QQASSR)ga aylantirish» zarurati tug‘ildi. Bu qo‘lbola zaruriyat Qoraqalpog‘iston viloyati Ijroiya Qo‘mitasining 1932-yil 5-martdagi navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan IV plenumida quyidagicha asoslandi: «Qoraqalpog‘istonning Moskva va sanoat Markazlaridan uzoqligini, madaniy va iqtisodiy jihatdan qoloqligini, yanada rivojlanishi istiqbollarini... hisobga olib, Butunittifoq Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidumidan Qorqalpog‘iston Muxtor viloyatini RSFSRga kiradigan Muxtor Sho‘ro Sotsialistik Respublikasiga aylantirish so‘ralsin».
Ammo oradan yana bor-yo‘g‘i 4 yil o‘tar-o‘tmas Qoraqalpog‘iston Muxtor Sho‘ro Sotsialistik Respublikasini RSFSR tarkibidan O‘zbekiston Sho‘ro Sotsialistik Respublikasiga «oshirish ehtiyoji» paydo bo‘ldi. Bu «ehtiyoj» uchun RSFSR bilan QQASSR o‘rtasida umumiy chegaralar yo‘qligi «asos» bo‘ldi. 1936-yil may oyida tayyorlangan SSSRning yangi Konstitutsiyasi loyihasida QQASSRni RSFSR tarkibidan chiqarib , O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritish ko‘zda tutilgan edi. Butunittifoq Sho‘rolarining 1936-yil 5-dekabrda bo‘lib o‘tgan favqulodda VIII qurultoyida SSSRning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Mazkur Konstitutsiya asosida tayyorlanib 1937-yil 12-fevralda tasdiqlangan O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasida QQASSRning O‘zbekiston Sho‘ro Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kirganligi qonun bilan mustahkamlandi. Qoraqalpog‘iston xalqlari qariyb 70 yildan beri O‘zbekiston xalqlari bilan ijtimoiy- siyosiy hayotning barcha sohalarida bir-birlari bilan og‘alarcha yelkadosh bo‘lib yashab kelmoqdalar. Sobiq Ittifoq parchalangandan so‘ng mustaqil O‘zbekiston tarkibidagi suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi maqomini oldi.
1990-yil 14-dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida «O‘zbekiston Respublikasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat suvereniteti to‘g‘risida»gi Deklaratsiya qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 71-moddasida belgilab qo‘yilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z Konstitutsiyasiga ega bo‘lmog‘i kerak. Ana shu huquqiy asosga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi o‘zining o‘n ikkinchi sessiyasida (1993-yil 9-aprelda) Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hech qanday monelik qilmaydi, aksincha, uni bosh huquqiy asos sifatida biladi va Qoraqalpog‘iston hududida to‘la amal qilishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpog‘istonning butun hududida majburiy ekanligi e’tirof etilgan. Qoraqalpog‘iston milliy davlatchiligi o‘z taraqqiyoti tarixida birinchi marta ana shunday insonparvar, adolatli, demokratik imtiyozlarga ega bo‘ldi. Ayni paytda u suveren davlatning barcha ramzlariga ega.