Ossuriya davlatida nikoh diplomatiyasi
Ossuriya davlatida nikoh diplomatiyasi
Qadimgi Sharq davlatlarida bo‘lgani singari Ossuriya diplomatiyasida ham sulolaviy nikohlarga va hukmdor xonadonlar bilan qarindoshlik rishtalarini bog‘lashga katta ahamiyat berilgan. Sargoniylar sulolasi vakillari alohida muhim sharoitlarda o‘z qizlarini ajnabiy hukmdorlar nikohiga berishgan holatlar kuzatiladi. Bu nikoh orqali ushbu davlatni Ossuriya bilan ittifoq doirasida ushlash zaruriyati, ularning neytralligini ta’minlashdan tashqari, faol qo‘llab-quvvatlashiga erishishni maqsad qilib ko‘zlagan. Jumladan, mil.avv. VIII asrda Kichik Osiyoda Tabal davlatining mavqeyi oshib ketadi. Ossuriyaliklar o‘lpon to‘lashdan va vassal bo‘lishdan bosh torta boshlagan qonuniy hukmron sulolani taxtdan tushirish va uning o‘rniga “ishonchli odami”ni qo‘yish uchun nikoh diplomatiyasini ishga soladi.
Tabal hukmdori Xullining merosxo‘ri Ambaris nikohiga Sargonning qizi Axatabisha yuboriladi. Malika Tabal saroyida kattagina mavqega ega bo‘lgan. Lekin bu nikoh ko‘zlangan natijani bermadi. Kuyovi Rusa (Urartu hukmdori) va Mita (mushklar podshosi) bilan ittifoq tuzish harakatini boshlaganini razvedka orqali bilgan Sargon II Tabalni qo‘lga kiritib, uni Ossuriya viloyat boshliqlari boshqaruviga berib yuboradi.
Mil.avv. VII asrning 70-yillarida Ossuriya uchun murakkab bo‘lgan siyosiy vaziyat Asarxaddonni harbiy vositalar bilan birgalikda, sulolaviy nikohlar bilan bog‘liq bo‘lgan diplomatik qadamlar tashlashni taqozo qilgan. Skiflarni midiyaliklar, mannilar, kimmeriylarning qudratli ittifoqiga qo‘shilishdan qaytarish va ularni o‘z tomoniga og‘dirib olish maqsadida u “skiflar podshosi” Partatuaga o‘z qizini “ittifoq, rost, tinch so‘z, do‘stlik so‘zi, sodiqlik qasami” uchun beradi. Hatto ushbu nikohning to‘g‘ri qadam ekanligi bilash uchun Shamash xudosining bashoratchisiga (orakuliga) murojaat qiladi. Keyingi voqealar rivoji ushbu qaror haqiqatda muvaffaqiyatli bo‘lganligini ko‘rsatib berdi. Chunki Asarxaddon davridan skiflar Ossuriya tomoniga o‘tib ketdi, Madiy (Partatuaning o‘g‘li) sodiq e’tiqod bilan o‘z tog‘asi Ashshurbanapalga xizmat qilgan.