Taqlid, modal va undov so’zlar
Taqlid, modal va undov so’zlar Reja: 1.Taqlid so’zlar 2.Modal so’zlar 3.Undov so’zlar Foydalanilgan adabiyotlar
Taqlid so’zlar • Taqlid so‘zlar sharpa, tovush, sho‘la, harakatlarning obrazi bo‘lgan so‘zlardir. Taqlid so‘zlar ikki guruhni tashkil qiladi: 1) tovushga taqlid so‘zlar. Tovushga taqlid so‘zlar tabat va jamiyatda uchraydigan xilma-xil tovushlarni nutqqa ko‘chirilishi asosida yuzaga keladi: inga-inga, pix-pix, vov, uv, qag‘-qag‘, taq, gurs, gumbur kabilar; 2) harakat va holatga taqlid so‘zlar. Harakat va holatga taqlid so‘zlar tabiatda uchraydigan turli narsa va hodisalarning harakat va holatlarni so‘zlar vositasida ifodalanishi asosida vujudga keladi: yalt, lip, lik - lik, yalp - yalp, bij - bij kabilar. • Taqlid so‘zlar yakka va takror holda ishlatiladi. Takroriy taqlid so‘zlar asosida davomiylik, takrorlanish kabi ma’nolarni ifodalanadi. Qiyoslang: U piq etib kuldi. U piq-piq ko‘ldi . Tovushga taqlid so‘zlarga, ba’zan –ir, -ur kabi unsurlar qo‘shilib takror shaklda ishlatilganda, ularning ma’nolari kuchaytiriladi: taq+ir-tuq+ur, tas+ur-tus+ur, dup+ur-dup+ur.
• Taqlid so‘zlar boshqa turkumlardan yasalmasa ham, biroq ular asosida ot va fe’l turkumiga doir so‘zlarni yasash mumkin: qars+ak, bizbiz+ak, sharshar+a, g‘arg‘ar+a, jizz+a kabi otlar, taq+illa, duk+illa, lapang+la, milt+illa, taq etmoq, lik etmoq kabi fe’llar shular jumlasidandir. • Taqlid so‘zlar gapda, asosan hol va sifatlovchi aniqlovchi vazifalarini bajaradi. Bunda ular etgan va etib kabi so‘zlar bilan birikib kelishi ham mumkin. Masalan: Sobir yaxna ko‘k choyni qult-qult yutdi . O‘rmon bo‘ylab boltaning taq-taq etgan tovushi taralib sokinlikni buzardi. Simyog‘ochga ilingan chiroq shamolda taq-taq etib ovoz chiqarardi . • Taqlid so‘zlar otlashganda ega, to‘ldiruvchi, qaratqichli aniqlovchi kabi vazifalar bajaradi. Masalan, ega: Bu yerdan to‘plarning gumbur-gumburi eshitilib turardi; to‘ldiruvch: Senlar bu yerda vag‘ir-vug‘ur bilan ovvorasanlar; qaratqich aniqlovchi: Xolmurodning kirib kelishi quvnoq qiy-chuvning bosilishiga sabab bo‘ldi.
Modal so’zlar • So‘zlovchining anglatayotgan fikrga munosabatini ifodalab, gapda kirish so‘z vazifasida qo‘llanadigan so‘zlar modal so‘zlar deyiladi. Modal so‘zlar mustaqil so‘zlar kabi narsa, belgi, harakat va shu kabilarni atamaydi va gap bo‘lagi bo‘lib kela olmaydi. Shu bois ular gap bo‘laklari bilan sintaktik jihatdan bog‘lanmaydi: Demak, ishalasa bo‘ladi. Ehtimol, ketmon bilan yer ag‘darishga ham to‘g‘ri kelar. Modal so‘zlar quyidagicha ma’noviy guruhlarni tashkil etadi: 1. Fikrning aniqligiga ishonch: albatta, shubhasiz, haqiqatdan ham, haqiqatan, o‘z-o‘zidan, tabiiy, darhaqiqat, ma’lumki. 2. Gumon, noaniqlik: ehtimol, balki, hoynahoy, shekilli, aftidan . 3. Maqsad, talab, shart: kerak,lozim, zarur, darkor. 4. Mavjudlik, tasdiq: bor, mayli, xo‘p, ( bazan to‘g‘ri, yaxshi, tuzuk sifatlari ham vazifadoshlik asosida shu ma’noda ishlatiladi). 5. Mavjud emaslik, inkor ma’nosini: yo‘q . 6. Ma’qullash: durust, bo‘pti . 7. Yakunlash, ta’kid: demak, xullas, modomiki . 8. Eslatish: darvoqe, aytganday, aytmoqchi. 9. Achinish, taassuf: afsus, attang, essiz. 10. Fikrning tartibi: avvalo, oxiri, nihoyat (ba’zan shu vazifada birinchidan, ikkinchidan …kabi tarib sonlardan ham foydalaniladi) .
• Modal so‘zlar, aslida, mustaqil so‘zlardan ajralib chiqqan bo‘lib, ularning bir qismi, ham mustaqil so‘z, ham modal ma’no ifodalovchi so‘z sifatida, ba’zilari esa hozirgi tilda faqat modal ma’no ifodalashga xoslanib qolgani sababli, o‘ziga xos ikki guruhni tashkil etadi: 1) sof modal so‘zlar: darhaqiqat, haqiqatan, afsuski, attang, albatta, avvalo, xullas; 2) vazifadosh modal so‘zlar: chamasi, ehtimol, shubhasiz, aftidan. • Modal so‘zlar quyidagi turkumga oid so‘zlardan ajralib chiqqan-ligi bilan ham o‘zaro farqlanadi: aftidan, ehtimol, haqiqatan, darhaqiqat kabilar otdan; shubhasiz, bor, yo‘q, so‘zsiz, tabiiy kabilar sifatdan; albatta ravishdan; o‘z-o‘zidan olmoshdan; chiqar, bo‘pti fe’ldan ajralib chiqqan. • Modal so‘zlarni u ajralib chiqqan mustaqil so‘zdan quyidagi belgilariga ko‘ra farqlash mumkin: a) modal so‘z mustaqil yasama so‘zdan ajralgan bo‘lishi mumkin. Bunday modal so‘z yasovchi qismlarga ajratilmaydi. Aynan shu ko‘rinishdagi mustaqil so‘z esa yasovchi qismlarga ajratiladi. Qiyoslang: Uning har qanday topshirig‘i so‘zsiz bajariladi(. So‘zsiz , bu kirdikorlarning boshida sen turibsan.