Turkistonda sovet hokimiyatining o‘rnatilishi hamda o’zbek xalqining mustaqillik uchun kurashi(1917-1924
Turkistonda sovet hokimiyatining o‘rnatilishi hamda o’zbek xalqining mustaqillik uchun kurashi(1917- 1924
Reja: 1. Rossiyadagi Oktyabr to‘ntarishi hamda uning Turkiston o‘lkasiga ta’siri. 2. Toshkentda sovet hokimiyatining o‘rnatilishi 3. Turkiston Muxtoriyati hukumatining tashkil topishi va faoliyati. 4. Buxoro amirligidagi ahvol va Yosh buxoroliklar faoliyati 5. Kolesovning Buxoroga bosqini va uning oqibatlari 6. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining tuzilishi. 7. Savol va topshiriqlar
Rossiyadagi Oktyabr to‘ntarishi hamda uning Turkiston o‘lkasiga ta’siri. 1917-yil avgust oxiri – sentyabr boshlarida bolsheviklar Petrograd va Moskva Sovetlarida ko‘pchilikni egalladi hamda hokimiyatni bosib olish uchun qurolli to‘ntarishga tayyorgarlik ko‘rdi. 24-oktyabrdan 25-oktyabrga o‘tar kechasi qurollangan ishchilar, Petrograd garnizonining soldatlari va Boltiq flotining matroslari Qishki saroyga bostirib kirdi va majlis o‘tkazayotgan Muvaqqat hukumat a’zolarini qamoqqa oldi.
Petrogradda ochilgan Butunrossiya Sovetlarining II syezdida bolsheviklar dastlab so‘l eserlar bilan hamkorlikda Muvaqqat hukumat ag‘darilganligini qo‘llab-quvvatlab, Tinchlik va yer to‘g‘risida dekretlar e’lon qildilar. Vladimir Ilich Ulyanov (Lenin) boshchiligidagi hukumat – Xalq Komissarlari Soveti (XKS)ni tuzdilar. Bolsheviklar Petrograd va Moskvada Muvaqqat hukumatga sodiq kuchlarning qarshiligini shafqatsiz bostirib, Rossiyaning muhim markaziy sanoat shaharlarida tezlik bilan o‘z hokimiyatlarini o‘rnatishdi.
1917-yil kuzida Turkistonda hokimiyatning bolsheviklar ta’siridagi Sovetlar qo‘liga o‘tishi uchun obyektiv shart-sharoit yo‘q edi, bolsheviklarning omma o‘rtasida ta’siri ham oz bo‘lgan. Bu yerda asosiy siyosiy kuchlar eserlar va milliy partiyalar edi. Biroq mana shunday murakkab siyosiy sharoitda Turkistondagi milliy siyosiy kuchlar va ularning yetakchilari bolsheviklarning kuchini yetarlicha baholamadi hamda unga qarshi kurashga birlasha olmadi.