XX ASRNING 17-30-YILLARIDA O‘ZBEKISTONNING MADANIY-MA’NAVIY HAYOTI
Mavzu: XX ASRNING 17-30- YILLARIDA O‘ZBEKISTONNING MADANIY-MA’NAVIY HAYOTI
Reja: 1.Sovet hokimiyatining 20-30-yillarida madaniyat va maorif sohasidagi siyosati. 2.XX asrning 20-30-yillarida xalq ta‘limining holati. 3.XX asrning 20-30-yilarida oliy va o‘rta maxsus ta‘lim taraqqiyoti va muammolari. 4.XX asrning 20-30-yillarida ilm-fan taraqqiyoti.
Sovet hokimiyatining 20-30-yillarida madaniyat va maorif sohasidagi siyosati. XX asrning 20—30-yillarida madaniy-ma’naviy soha ham o‘ziga xos murakkablik, qiyinchilik bilan kechdi. 20- yillar boshlariga kelib O‘zbekiston hududida madaniy qurilishning eng dolzarb vazifalaridan sanalgan sovet ta’lim tizimini shakllantirish ishlari faol boshlab yuborildi. Sovetlar O‘zbekistonda yangi ta’lim tizimini yaratishga yol tutar ekan, bundan ko‘zlagan asosiy maqsadlari o‘lkada xalq ta’limi bo‘g‘inlarini ravnaq toptirish, yalpisiga xalq savodxonligiga erishish, ilm-ma’rifat chashmalaridan hammani to‘la bahramand etish emas, balki eng avvalo, yurt farzandlari ongiga, shuuriga kommunistik g‘oyalar va ideallarni chuqur singdirish va shu yo‘l bilan o‘zlariga quloq qoqmay xizmat qiladigan «mo‘min-qobil» avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish edi. Sovetlar avval boshda O‘zbekistondagi murakkab vaziyatni, mahalliy xalq kayfiyati va ruhiyatini, uning o‘ziga xos milliy an’analari, islomiy qadriyatlarini bir qadar hisobga olib, bu yerda eski va jadid usulidagi màktablar yoki madrasalarning ham bir vaqtning o‘zida faoliyat yuritishiga monelik ko‘rsatmadi. Buning orqasida bu o‘quv dargohlari navqiron avlodga ta’lim berish, ulug‘ bobokalonlar merosi va sharqona odob, axloq ruhida tarbiyalashda o‘z ulushini qo‘shib bordi. Lekin sovet arboblari va mafkurachilarining bu vaqtinchalik taktikasi uzoqqa bormadi. Ular o‘lka hayotiga moslashib, biroz tomir yozib olgach, 20-yillar o‘rtalaridan e’tiboran o‘zbek xalqi ma’naviy hayotining ko‘p zamonlar uzviy tarkibiy qismi bo‘lib kelgan eski maktab va madrasa ta’lim-tarbiya tizimini barham toptirdi. Uning ko‘p sonli ziyoli vakillari, mullalari-yu mudarrislari faoliyati to‘xtatib qo‘yildi.
Sovet hukumati mahalliy oddiy xalq ishonchini qozonish, eng avvalo, kambag‘allar, yo‘qsillar farzandlarini o‘qitish, ularni savodli, bilimli qilish uchun o‘zining dasturiy maqsadiga javob beradigan sovetcha ta’limni rivojlantirishga asosiy e’tibor berdi . 20-yillarda O‘zbekiston hayotidan muhim o‘rin olgan birinchi va ikkinchi bosqich maktablari shunday ta’lim berishga mo‘ljallangan bilim dargohlari edi. Masalan, 1921- yilda Turkistonda 165645 o‘quvchisi bo‘lgan 1965 ta 1-bosqich (boshlang‘ich) va 6500 o‘quvchisi bo‘lgan 58 ta 2-bosqich (o‘rta) sovet maktablari faoliyat ko‘rsatgandi. 1920-yil 17-sentabrda Turkiston ASSR hukumati o‘lkada 8 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan kishilarni o‘qitish va savodxon qilish to‘g‘risida dekret qabul qildi. respublikaning turli hududlarida son sanoqsiz savodsizlikni tugatish kurslari tashkil etilib faoliyat ko‘rsatdi. 1928—1932-yillarda O‘zbekistonda jami 700 ming nafar kishi savodsizlik kurslarini tugatgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1933—1937-yillarda 1,4 mln kishini tashkil qildi. Respublikada boshlang‘ich ta’lim tizimining joriy etilishi, keyinroq 7 yillik ta’limga o‘tilishi ham xalq ta’limi sohasidagi muhim o‘zgarishlardan biri bo‘ldi.