KICHIK MAKTAB YOSHI DAVRIDA PSIXIK RIVOJLANISH XUSUSIYATLARI
KICHIK MAKTAB YOSHI DAVRIDA PSIXIK RIVOJLANISH XUSUSIYATLARI Reja: Kichik maktab yoshi davrida psixik rivojlanishning umumiy tavsifi. Kichik maktab yoshidagi bolaning maktabga moslashishi muammosi. Kichik maktab yoshi davrida kognitiv - affektiv sohalardagi rivojlanish xususiyatlari.
L.S.Slavina tadqiqotiga ko’ra, boshlang’ich sinflarda bilish faoliyati yetarli darajada shakllanib bo’lmagan, aqliy jihatdan nomustaqil o’quvchilar mavjuddir. Olimaning fikricha, o’qish va o’yin faoliyatlarida ularni fikr va mulohaza yuritishga o’rgata borish natijasida muvaqqat turg’unlikning oldini olish mumkin. Birinchi sinf o’quvchisida o’qish faoliyatining dastlabki natijalari uning boshqa materillarni egallash sari yetaklaydi. Uning o’qish faoliyatidagi birinchi mehnat faoliyati mahsuli shodlik, quvonch va amaliy (lazzatlanish) his-tuyg’usini keltirib chiqaradi. Hatto ayrim o’quvchilar u yoki bu obyektni, mavzuni bir necha marotaba o’qishni ham yoqtiradilar. O’qish faoliyatiga nisbatan qiziqish, moyillik keyinchalik predmetning mazmuniga qiziqishni vujudga keltiradi, balkim bilim olish ehtiyojini tug’diradi, qolaversa unda o’qish motivlarini tarkib toptiradi. Ta’lim mazmuniga, bilimni egallashga qiziqish o’quvchining o’z aqliy mehnati natijasidan qanoatlanish hissi bilan uzviy aloqadordir. Ushbu his o’qituvchining rag’batlantirishi orqali namoyon bo’ladi, yanada samaraliroq ishlash mayli, xohishi, istagi, ishtiyoqi o’quvchida shakllanadi. O’quvchida paydo bo’layotgan faxrlanish, o’z kuchiga ishonch hislari bilimlarni o’zlashtirish va malakalarni mustahkamlash ishiga xizmat qiladi. Shuning uchun rag’batlantirish (jazolash) o’z me’yorida bo’lgan taqdirdagina uning tarbiyaviy qiymati hamda ta’sirchanligi ortadi. Kichik maktab yoshidagi o’quvchilar faoliyatini baholash uning o’qishga nisbatan ijobiy munosabatini tarkib toptiradi. Maktab amaliyotida ko’pincha bolani og’zaki baholash odat tusiga kirib qolgan, chunki birinchi sinf o’quvchisi ana shu baho taassurotida o’z faoliyatini faollashtiradi. Ijodiy izlanishga harakat qiladi. Hatto o’quvchi dastlabki davrda "yaxshi" yoki "yomon" bahoning farqiga ham bormaydi, ko’proq uni nechta baho olganligi qiziqtiradi, xolos. Bu yoshda bola bahoning mohiyatini tushunib yetmasa-da, lekin o’qituvchining rag’batlantirishi uning uchun muhim rol o’ynaydi. Yirik pedagog va psixolog olimlar B.A.Suxomlinskiy, Sh.A.Amo-nashvili va ularning shogirdlari kichik maktab yoshidagi o’quvchilarni baholash salbiy oqibatlarga olib kelish nuqtai nazarini yoqlaganlar. Ma’lumki, faqat baho uchun o’qish bilimning ijtimoiy ahamiyatini pasaytirishga olib keladi. Lekin bilimni tekshirishni boshqa usul va vositalarini qo’llash (masalan: reyting, shkala, ballar) hozirgi kunning asosiy vazifalaridan biridir. Chunki baholashning bola kamoloti uchun ahamiyatini qat’iy ravishda inkor qilish ham oqilona vosita emas, modomiki shunday ekan, baholashdan maslahat, yo’llanma, tavsiya, ko’rsatma sifatida foydalanish ijobiy omil vazifasini bajara oladi. Kichik maktab yoshidagi o’quvchilarning muhim xususiyatlaridan yana bittasi - bu o’qituvchi shaxsiga nisbatan ishonch hissi va yuksak obro’ tuyg’usining mavjudligi. Shuning uchun o’qituvchi bolaga tarbiyaviy, ta’limiy ta’sir ko’rsatish
imkoniyati shunday kattaki, uning siymosida aql idrokli, tiyrak, sezgir, mehribon, hatto donishmand inson gavdalanadi. O’qituvchi siymosida o’quvchilar ezgu niyati, orzu istagi, istiqboli, ajoyib va g’aroyib his-tuyg’ularini ro’yobga chiqaruvchi kamolot cho’qqisidagi shaxsni tasavvur qiladilar. O’qituvchining obro’si oldida ota-onalar, oilaning boshqa a’zolari, qarindosh-urug’lari, tanish bilishlarining nufuzi keskin pasayadi. Go’yoki, borliqning absolyutligi, haqiqat o’lchamining namunasi, zakovatning yuksak chuqqisi, odob nazokatning avval boshi o’qituvchida o’z ifodasini topgandir. Ana shu sababdan ular o’qituvchi xulqini muhokama qilishga yo’l qo’ymaydilar, uning har bir so’zini qonun tariqasida qabul qiladilar va bu yo’lda o’zlarini haq deb hisoblaydilar. O’quvchining psixik jihatdan taraqqiy qilishi oqibatida o’qituvchining mutlaqligiga munosabati biroz o’zgaradi, buning asosiy sababi unda ongli xatti- harakat ehtiyojining tug’ilishi hisoblanadi. O’quvchida turmush va borliqqa nisbatan bir talay muammolar, savollar vujudga keladi, hamma narsa hayotda u o’ylaganday emasligiga ishonch hosil qiladi va undan qanoatlanadi, shubhalanish, ikkilanish hislari paydo bo’ladi. Bu muammolarga o’zi mustaqil javob topishga intiladi, natijada savol bilan boshqa odamlarga murojaat qilishga qaror qiladi. Ta’lim jarayonida o’qituvchi obro’sidan oqilona foydalanib, o’quvchida uyushqoqlik, mehnatsevarlik, o’qishga nisbatan ijobiy munosabat, diqqatni boshqarish, xulqni idora qilish, o’z-o’zini qo’lga olish, o’z-o’ziga tasalli berish fazilatlarini shakllantirish va intilish, faollik tuyg’ularini vujudga keltirish ta’lim jarayonida yuqori samara beradi. Pedagogik odob (takt) nazorat nuqtai nazaridan o’qituvchi obro’sini o’quvchilar davrasida to’kish yoki shaxsiyatiga tegish, mazax qilish mutlaqo mumkin emas. Odatda o’quvchilar o’rtasida obro’ orttirish uchun bir nechta tarkibiy qismlarini yaxlit bir timsol sifatida, mujassamlashtirish maqsadga muvofiqdir: a) o’qituvchida kasbiy qobiliyatlarining mavjudligi; b) uning dilkashligi va boshqa xislatlarga ega bo’lishligi; v) o’quv predmetlarining chuqur egallaganligi; g) o’qituvchi bilim saviyasining chuqurligi va ko’lamining kengligi; d) o’qituvchining vijdonligi, adolatgo’ylik fazilatlari, uning statusi va rolining maqsadga muvofiq ravishda turmush jabhalarida namoyon bo’lishi, obro’sini yanada yuksaltiradi. Chunki, soxta obro’ orttirish sun’iylikni keltirib chiqaradi. Bunga ta’lim jarayonida yo’l qo’yish qator nuqsonlarni yuzaga keltiradi. Kichik maktab yoshidagi o’quvchilar tafakkuri xususiyatlari O’quvchi tevarak-atrofdagi voqyelikning belgi, alomati va xususiyatlarini, ularning xossalarini, qonuniyatlarini va o’zaro bog’lanishlarini bilish faoliyatida hamda ta’lim jarayonida tushuna boradi, fikr yuritish faoliyatida esa ham miqdor, ham sifat o’zgarishi yuzaga keladi.
Kichik maktab yoshidagi o’quvchilar tafakkurining rivojlanishini yirik psixolog L.S.Vigotskiy tushunchalarning shakllanishi hamda nutqning o’sishi bilan uzviy bog’liq holda o’rgangan. Shuning uchun u ajnabiy psixologlarning (birinchi navbatda J.Piajening egosentrik konsepsiyasini qattiq tanqid qilib, tafakkurni genetik metod yordamida o’rganishni tavsiya qiladi. L.S.Bigotskiy psixologiya faniga inson kamolotining "Eng yaqin taraqqiyot zonasi" va "aktual faoliyat zonasi" deb nomlangan tushunchalarni olib kiradi. Uning birinchisi o’qituvchining bevosita rahbarligida oshirilsa, ikkinchisi o’quvchining mustaqil faoliyatida namoyon bo’ladi. P.P.Blonskiy mazkur yoshdagi o’quvchilar tafakkurining o’sishiga xotiraning taraqqiyotini, tafakkurning ta’sir etishini genetik metod yordamida ochib beradi. Ayniqsa, tafakkurning "intizomlilik" sifatining namoyon bo’lishini inson tomonidan tafakkurni boshqarish va nazorat qilish faoliyatidan aniqlash mumkinligini P.P.Blonskiy alohida ta’kidlaydi. N.A.Menchinskaya tafakkur muammosini chuqur o’rganib, uning taraqqiyot ko’rsatgichlarini quyidagi jihatlarini o’rganishda ko’radi: 1) bilimlarni o’zlashtirishning tezligi, 2) fikr yuritish jarayonining epchilligi, 3) tafakkurning mavhum hamda yaqqol jihatlarining o’zaro aloqasi va nihoyat, 4) analitik-sintetik faoliyatning turli darajalari kabilar. Muallif tafakkur taraqqiyoti belgilari sifatida o’quvchilarda bilimlar fondining ortishi, aqliy faoliyat usullarining egallanishi hamda ta’lim jarayonida ularda uquvchanlik qobiliyatining paydo bo’lishini sanab o’tadi. Bu narsalarning barchasi kichik maktab yoshidagi o’zlashtirishi past o’quvchilarida tajribadan o’tkaziladi hamda ularning muayyan mezonga asoslanib guruhlarga ajratadi. Ukrain psixologi G.S.Kostyuk tafakkurning rivojlanishini o’quvchilar tomonidan o’zlashtirib olingan materiallarning mazmunidan, sinaluvchilarning o’quv faoliyatini, topshiriqlarning bajarish shakllari sifat jihatdan o’zgarib borishini e’tiborga olishda ko’radi. A.ALyublinskaya boshlang’ich sinf o’quvchilarining tafakkuri to’g’risidagi ma’lumotlarida ularda mazkur jarayonning rivoji ko’p jihatdan analitik-sintetik faoliyatiga bog’liq ekanligi ko’rsatib o’tiladi. Bu faoliyat birlamchi sintez va analiz, ikkilamchi sintez hamda yaqqol harakat analiz va sintez kabi tarkiblardan iborat ekanligini ta’kidlaydi. Bundan u yosh davrda yaqqol- harakat, yaqqol obrazli va so’z-mantiq yoki nazariy tafakkur bosqichlarini bosib o’tish to’g’risida mulohaza yuritiladi. Taniqli psixolog L.V.Zankov kichik maktab yoshidagi o’quvchilar tafakkurini o’stirish maqsadida o’zining ta’limiy tizimini ishlab chiqadi. Bu ta’lim tizimi ushbu o’qitish tamoyillariga asoslanadi:
1) ta’lim jarayonini yuqori darajadagi murakkab vaziyat asosida uyushtirish, 2) ta’lim jarayonida o’quvchilarga berilishi nazarda tutilgan bilimlarning nazariy salmog’ini maksimal darajada ko’paytirish: 3) mustaqillik, o’z-o’zini nazorat qilish faoliyatini rejalashtirish singari faoliyatni boshqarish usullarini o’quvchilarda tarkib toptirish. Bunday ta’lim tizimida o’quvchilar chuqur va mazmundor bilim olish bilan cheklanib qolish, balki ularniig aqliy faolligi ortib, mavhum (abstrakt) tafakkuri rivojlangan, aqlan o’sgan, o’qishga nisbatan ijobiy munosabati vujudga kelgan va hokazo. O’quvchi maktabga kelgan kunidan e’tiboran ta’lim jarayonida unda ilmiy tushunchalar va tasavvurlar miqdori soat sayin orta boradi, u asta-sekin o’zlashtirayotgan tushuncha va tasavvurlarning asl ma’nosi, mohiyatiga tushuna boshlaydi. Umuman, o’quvchida fikr yuritish doirasi, ko’lami va mazmuni kengaya boradi. Ta’lim jarayonida o’quvchilar bilimlar tizimini, o’quv ko’nikmalari va malakalarini egallash orqali o’zlarining bilim ko’lamini kengaytiradilar, shuning bilan birga ilmiy tushunchalarning tub ma’nosi ular ongiga singa boradi. Bu ishlarning hammasini izchillik bilan, ketma-ket, bir tekis amalga oshirish uchun o’quvchilar ma’lum darajada bilimlar va ko’nikmalarni egallagan, qolaversa tafakkur shakllari va mantiqiy fikr yuritish qoidalarini o’zlashtirib olgan bo’lishlari kerak. Ammo maktab ostonasiga endigina qadam qo’ygan bolaning bu narsalardan talabga javob beradigan darajada xabari bo’lmaydi. Ular bu narsalarning barchasiga o’qish jarayonida bevosita o’qituvchi rahbarligi ostida erisha boshlaydilar. Jumladan, o’qituvchi izohli o’qish darslarida o’quvchilarga uy hayvonlari yoki yovvoyi hayvonlar, jonivorlar, yirtqichlar va zararkunandalar, hasharotlar, foydali qushlar, yil fasllari, o’quv qurollari, uy jihozlari, mebellar, sport anjomlari haqida so’zlab berar ekan, ularning muhim xususiyatlari, alomatlari, belgilari, xossalari va o’zaro bog’lanishlarini tahlil qilib beradi. Bundan tashqari, ularning o’xshashlik, umumiylik belgilarini va tafovutlarini o’quvchilarga aniqlab ko’rsatadi. Bu surunkali olib boriladigan ta’limiy jarayon natijasida tafakkur mahsuli sifatida o’quvchilarda uy hayvonlari, yovvoyi hayvonlar, o’quv qurollari mebel va boshqa tushunchalar tarkib toptiriladi. Ular bulardan tashqari, yil fasllari, hasharotlar, o’simlik, bargli daraxtlar kabi qator tushunchalarni o’zlashtiradilar, ularning mohiyatiga to’laroq tushunib yetadilar. O’quvchilarga borgan sari yangidan-yangi masalalar, topshiriqlar va vazifalar yuklatilib, ularning barchasini mantiqan hal qilish, fikr yuritish vositalari yordamida oqilona yechish talab qilinadi. Bolalar ona tili darslarida grammatik kategoriyalarga amal qilib, ot so’z turkumining turlashi, ularni guruhlarga ajratishi, klassifikasiya qilishi lozim. Yuqoridagi fikrlar sifat, son, fe’l singari grammatik kategoriyalarga taalluqlidir. O’quvchilar matematika darslarida bo’linuvchi, bo’luvchi, bo’linma, ko’payuvchi, ko’paytiruvchi, ayirma, yig’indi, tenglik,