Mulk ijarasi shartnomasi va uning turlari.
Mulk ijarasi shartnomasi va uning turlari. Reja: 1. Mulk ijarasi shartnomasi tushunchasi va huquqiy belgilari 2. Mulk ijarasi shartnomasining mazmuni 3. Shartnoma shartlariii buzganlik uchun javobgarlik 4. Mulk ijarasi shartnomasining bekor bo‘lishi
1. Mulk ijarasi shartnomasi tushunchasi va huquqiy belgilari Xozirgi bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida mulk ijarasi bilan bog‘liq munosabatlar tobora rivojlanib, uning ko‘lami yanada kengayib bormoqda. Lekin ijara bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida kelib chiqadigan butunlay yangi huquqiy munosabat emas, albatta. Ijara mamlakatimizda ilgari ham mavjud bo‘lgan va u tegishli qonun-qoidalar bilan tartibga solib turilgan edi. Ammo bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni mulk ijarasi bilan bog‘liq munosabatlarning yanada kengayishiga sabab bo‘ldi. Endilikda ijara, ijarachi va ijaraga beruvchi degan so‘zlar va tushunchalar kundalik turmushimizda keng qo‘llanilmoqda, chunki ijara turmushimizning hamma sohalariga tobora chuqur kirib bormoqda. Ijara bu mulk egasining ishlab chiqarish vositalari va boshqa buyumlarini muayyan to‘lovlar evaziga vaqtincha foydalanish uchun boshqa birovga o‘zaro kelishuviga muvofiq topshirishdir. Mulk egasi (ijara beruvchi) o‘z mulkini boshqa birovga (ijarachiga) vaqtincha egalik qilish yoki foydalanish uchun beradi. Ijara munosabatlarini ijaraga beruvchi ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining mulkdori bo‘lib qolaveradi. Ijarachi esa shartnomada ko‘rsatilgan muddat davomida mulkdorning ba’zi huquqlarini oladi va buning uchun ijara haqini to‘laydi. Shu bilan birga, ijarachi ijara faoliyati davomida ishlab chiqarish vositalarining vaqtincha egasi, olingan mahsulot va daromadlarning esa mustaqil egasi hisoblanadi. Fuqarolik kodeksining 535-moddasida mulk ijarasi shartnomasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Mulk ijarasi shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi”. Ushbu ta’rifda mulk huquqi e’lementlarining bir egadan ikkinchi egaga o‘tishiga qarab ijara shartnomasining ikki turini farqlash mumkin.
Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi. Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha faqat foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi. Birinchisida ijaraga oluvchida mulkka nisbatan egalik qilish va foydalanish huquqi mavjud bo‘lsa, ikkinchisida esa faqat mulkdan foydalanish huquqigina mavjud bo‘ladi. Masalan, uy-joy egasi o‘z yashab turgan uyga ijara shartnomasi asosida boshqa shaxslarning yashashlari uchun faqat foydalanishga beradi. Mulk ijarasi shartnomasining oldi-sotdi shartnomasidan farqlaydigan muhim xususiyati har doim mulkni tasarruf etish huquqi mulkdor qo‘lida saqlanib qolishi hisoblanadi. Mulk ijarasi shartnomasiga quyidagi huquqiy belgilar xosdir. Birinchidan, mulk ijarasi shartnomasi tuzilish payti va mazmuniga qarab konsensual xarakterni o‘zida ifoda etadi. Chunki shartnoma taraflar o‘rtasida kelishuvga erishilgan va qonun talab qilgan shaklda rasmiylashtirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Ikkinchidan, mulk ijarasi shartnomasi hamma vaqt haq baravariga tuziladi. Ta’rifda keltirilganidek, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol- mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi. Uchinchidan, mulk ijarasi shartnomasi taraflari o‘rtasida huquq va majburiyatlarning o‘zaro taqsimlanishiga qarab, ikki tomonlama shartnomadir. Bunda ijaraga beruvchida ham ijaraga oluvchida ham huquq va majburiyatlar mavjud bo‘ladi. Mulk ijarasi shartnomasida mulk huquqining quyidagi, ya’ni mulkni egallash va foydalanish yoki faqat mulkdan foydalanish elementlarigina ijaraga beruvchidan ijaraga oluvchiga o‘tadi. Mulkni tasarruf etish huquqi har doim mulkdor qo‘lida saqlanib qoladi.
Mulk ijarasining ob’ekti. Mulk ijdarasining ob’ekti, ya’ni predmeti shartnomaning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Fuqarolik kodeksining 537-moddasida mulk ijarasining ob’ektlari ko‘rsatilgan bo‘lib, yer uchastkalari, yer osti boyliklari joylashgan uchastkalar va boshqa alohida tabiiy ob’ektlar, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari va foydalanish jarayonida o‘zining tabiiy xususiyatlarini yo‘qotmaydigan boshqa ashyolar (iste’mol qilinmaydigan ashyolar) mulk ijarasiga berilishi mumkin. Qonun hujjatlarida mulk ijarasiga berilishi mumkin bo‘lmagan yoki cheklangan korxonalar turlari (guruhlari) va mol-mulk turlari belgilab qo‘yilishi mumkin. Mulk ijarasi sharnomasida qanday mol-mulk ijaraga berilayotganligiga qarab arenda yoki prokat deb atalishi mumkin. “Arenda” so‘zi ruschadan ijara degan ma’noni anglatadi. Shunday ekan arenda mulk ijarasining ruscha nomlanishi deyish mumkin. Prokat ham ijaraning bir turi. Bu ikki tushuncha o‘rtasidagi farq ijaraga berilayotgan mol-mulkning turiga qarab aniqlanadi. Agar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish mumkin bo‘lmagan yoki ko‘chirilishi juda katta mehnatni talab qiladigan, ko‘chirilishi natijasida o‘zining dastlabki xususiyatlarini yo‘qotadigan ko‘chmas mulklar, ya’ni turarjoy bo‘lmagan binolar, savdo binolari, omborlar ijaraga berilganda tuziladigan shartnomani odatda «arenda shartnomasi» deyish mumkin. Agar ijara ob’ekti bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan va fuqarolarning maishiy ehtiyojini qondirishga qaratilgan ashyolar, ya’ni sport buyumlari, uy-ro‘zg‘or ashyolari va shunga o‘xshash boshqa mulklar ijaraga berilganida «prokat» deb ataladi. Bunday atamalar huquqiy jixatdan bir-biridan tubdan farq qilmaydi. Ammo mulkdan vaqtincha haq evaziga foydalanishda bo‘ladigan munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishda ular o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Mulk ijarasi bilan prokat shartnomasi o‘rtasida ma’lum o‘xshash va farqli jihatlar mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat.
Mulk ijarasi shartnomasining shakli. Qonunda mulk ijarasi shartnomasining shakliga alohida ahamiyat berilgan. Agar mulk ijarasi shartnomasi bir yildan ortiq muddatga tuzilishi mo‘ljallangan bo‘lsa, taraflardan birontasi yuridik shaxs bo‘lgan hollarda esa, muddatidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart. Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi notarial guvohlantirilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Mulk huquqining kelgusida ijarachiga o‘tishini nazarda tutuvchi mulk ijarasi shartnomasi, bunday mulkning oldi-sotdi shartnomasi uchun nazarda tutilgan shaklda tuziladi (FKning 539-moddasi). Mulk ijarasi shartnomasida taraflar. Mulk ijarasi shartnomasida har doim taraf sifatida ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi ishtirok etadi. Fuqarolik kodeksining 538-moddasida kimlar ijaraga beruvchi bo‘lishligi nazarda tutilgan, jumladan mol- mulkini ijaraga berish huquqi shu mol-mulk egasiga tegishlidir. Qonun yoki mulkdor tomonidan mol-mulkni ijaraga berish vakolati berilgan boshqa shaxslar ham ijaraga beruvchi bo‘lishlari mumkin. Ijaraga oluvchi o‘z faoliyatida zarur bo‘lgan mol-mulkni ehtiyojni qondirish maqsadida haq evaziga vaqtincha o‘ziga olib turgan shaxsdir. Ijara munosabatlarida taraflar sifatida, jismoniy va yuridik shaxslar, davlat, chet el yuridik shaxslari, xorijiy davlatlar ishtirok etishi mumkin. Mulk ijarasi shartnomasi muddati. Mulk ijarasi shartnomasi taraflar kelishuvi bilan belgilanadigan muayyan muddatga tuziladi. Fuqarolik kodeksining 540-moddasiga muvofiq, mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi. Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, ko‘chmas mulk ijarasida esa - uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor