Parazitosenoz. Parazitofauna va uning ekologik xususiyatlari”
“ Parazitosenoz. Parazitofauna va uning ekologik xususiyatlari” 1. Parazitosenoz haqida tushuncha 2. Parazitosenoz dinamikasi va uning o’zgarish sabablari 3. Parazitofaunaning xo’jayin migratsiyasiga bog’liq bo’lishi 4. Parazitofaunaning xo’jayin oziqasiga bog’liq bo’lishi 5. Parazitofaunaning xo’jayinning hayot kechirish tarziga bog’liq bo’lishi 6. Parazitofaunaning xo’jayin yoshiga qarab o’zgarishi
1. Parazitosenoz haqida tushuncha Xo’jayin tanasining turli organlarida yashovchi parazit va parazit bo’lmagan (kommensallar, erkin yashovchilar va hokazo) organizmlar o’zaro turli darajadagi hamkorlik va munosabatlarda bo’ladi. Masalan, odam yoki biron-bir hayvon ichagida bir vaqtning o’zida bir hujayrali hayvon, har xil chuvalchang, bakteriya, zamburug’, virus kabilarning turli vakillari yashaydi. Ushbu organizmlarning o’zaro hamkorlik va munosabatlar darajasi, xo’jayin organizmining holatiga turlicha ta’sir o’tkazadi. Bu ta’sir darajasi mavjud parazit va noparazit organizmlarning turlar tarkibi hamda ularning turli-tuman kombinasiyalariga juda ham bog’liq bo’ladi. Bu kombinasiyalarning ayrimlari xo’jayin organizmiga salbiy ta’sir etib kasallik paydo qilishi hamda uning og’irlashuviga olib kelsa, boshqa bir kombinasiyalar esa parazitlarning zararli ta’sirini kamaytirib, uning faoliyatini bostirib turadi yoki ma’lum bir turga mansub bo’lgan parazitni xo’jayin tanasidan chiqarib tashlashga yordam beradi. Parazitosenoz tushunchasini fanga birinchi bo’lib akad. Ye.N.Pavlovskiy (1937) olib kirgan. Parozitosenoz deganda xo’jayin organizmini yoki uning ma’lum bir organini boshpana (yashash joyi) qilib olgan turli-tuman parazitlar va boshqa mikroorganizmlar yig’indisi tushuniladi. Parazitosenoz yo’nalishi bo’yicha o’tkaziladigan tadqiqot ishlarining asosiy maqsadi va vazifasi xo’jayin organizmida mavjud turli-tuman parazitlar majmuini, uning tarkibiga kiruvchi turlarning har birini alohida-alohida hamda turli kombinasiyalarning o’zaro bir-biri bilan bog’langanlik darajasi, bir-biriga yordami, befarqligi va ziddiyati hamda ushbu munosabatlarning xo’jayin organizmiga ta’sirini aniqlashdan iboratdir. Ushbu tadqiqot ishlarining naqadar ahamiyatli ekanligini quyidagi dalillar bilan tasdiqlash mumkin. Ovqat hazm qilish sistemasida askarida, qilbosh nematodasi va ostrisa bo’lgan odam ichburug’ (bakterial dizenteriya) kasalligiga
duchor bo’lsa ushbu infeksion kasallik juda og’ir va surunkali kechadi hamda uni davolash juda qiyin bo’ladi. Gimenolipidozda ham surunkali bakterial ichburug’ kasalligi uch va undan ko’p yillar davom etishi mumkin. Shuning uchun, bakterial ichburug’ kasalligini amaliyotda davolash uchun, eng avvalo, bemorda gelmintoz kasalliklarning mavjudligini aniqlash va shundan keyingina davolashga kirishish lozimligi qonunlashtirilgan. Bolalarda kelib chiqish sabablari turlicha bo’lgan bakterial ichburug’ kasalligi bilan lyambliyalarning o’zaro bog’liqlik darajasi ham tadqiq qilingan. Masalan, bakterial ichburug’ bilan kasallanmagan sog’lom bolalarning 40,9% ida lyambliyalar topilgan bo’lsa, Fleksner bakterial ichburug’i bilan kasallangan bolalarning 77,3% ida lyambliyalar topilgan. Ushbu holatlarga qarama-qarshi ravishda Zonne bakterial ichburug’i bilan kasallangan bolalarning esa faqatgina 8,4% ida lyambliyalar bo’lishi aniqlangan. Ichakdagi ichburug’ amyobasi ( Entamoeba histolytica ) va ichak bakteriyalari ( Escherichia coli )ning o’zaro munosabatlari va bir-biriga ta’siri juda qiziq hodisa va jarayonlarni yuzaga keltiradi. Ko’pgina tadqiqotchilarning fikriga binoan (Westfal; Phillips va boshqalar) (K.V.Krashkevich, 1963) ichburug’ amyobasining zararli faoliyatini ko’tarishda ichak bakteriyalarining roli borligi isbotlanadi. Masalan, esherixiya va parakoli (Paracoli) guruhidagi bakteriyalar kalamush ichagidagi ichburug’ amyobasining zararli faoliyatini oshirib, ichak devorining kuchli yallig’lanishiga sabab bo’ladi. Buning aksi sifatida kalamush ichburug’ amyobasi va streptokokk ( Streptococcus faecalis ) bakteriyasi bilan sun’iy zararlantirilganda ichakning yallig’lanishi keskin pasayadi. Bu jarayon, ehtimol, St. faecalis ning moddalar almashinuvida hosil qilingan sut kislotasi parazit amyobalarga salbiy ta’sir qilib, ularni ko’plab halok bo’lishiga asosiy sabab bo’lsa kerak.
Shunday qilib, yuqorida keltirilgan dalillardan shu narsa kelib chiqadiki, parazitosenoz tarkibidagi turlar orasida yoki antogonistik (zid, ziddiyatli, qarama- qarshi) yoki sinergitik (hamkorlik, bir yo’nalishda ishlash, qulaylik yaratish) munosabatlari mavjud bo’ladi. Antogonistik munosabatda bir tur boshqa parazit turni yoki turlarni faoliyatini chegaralab, bostirib tursa, sinergitik munosabatda esa bir tur boshqa parazit turning (turlarni) faoliyatini kuchaytirishga imkoniyat tug’diradi. 2. Parazitosenoz dinamikasi va uning o’zgarish sabablari Xo’jayin tanasidagi parazitlar yig’indisi yoki parazitosenoz xujayinining morfo-fiziologik xususiyatlari va atrof-muhit ta’sirida shakllanadi. Xujayin xususiyatlari parazitlar uchun birinchi darajali muhit hisoblansa, tashqi sharoitlar ikkinchi darajali muhit hisoblanadi. Parazitosenoz uchun xo’jayinning xususiyatlari, xarakteri, yashash joyi va oziqlanish shakli katta ahamiyatga ega. Bunday shart-sharoitlar har xil guruhlarga kiruvchi hayvonlarning ovqati bir xil bo’lsa ovqat hazm qilish sistemasi parazitlari yig’indisi o’xshash bo’ladi. Bunday hayvonlarga tuyoqlilar bilan kemiruvchilarni ko’rsatish mumkin. Masalan, dala sichqoni, o’rmon sichqoni va lemminglarni ovqat hazm qilish sistemasida, xuddi kavshovchi va toq tuyoqlilarni ovqat hazm qilish sistemasidagidek, bir xil infuzoriyalar topilgan. Shuningdek, kemiruvchilar bilan damanlarni ichagida, bir xil infuzoriyalar, xivchinlilardan gipermastiginalar topilgan. Bir uchastkada yashab, oziqasi turlicha bo’lgan hayvonlarning ichak parazitlari ham turlicha bo’ladi. Masalan, katta qumsichqon bilan tipratikonda ichak parazitlari faunasi bir-birinikidan farq qiladi. Xujayin tanasida parazitosenozni shakllanishida o’sha organda yashovchi parazitlarning turlari orasidagi o’zaro munosabatlarga ham bog’liqdir.
Parazitosenozdagi ayrim turlar o’zaro bir-biriga ijobiy (sinergetik) ta’sir ko’rsatsa, ularning ikkalasini ham rivojlanishi va o’sishi kuchayadi. Bordiy-u ikkita yoki bir necha tur o’zaro bir-biriga salbiy (antibioz) ta’sir ko’rsatsa, ularning ko’payish chegaralanishi yoki hayotini davom etirishi qiyin bo’lib qoladi. Xo’jayin tanasidagi parazitosenozning mavsumiy dinamikasi tashqi muhitning o’zgarishi, xo’jayinining holati va uning yashash tarzining o’zgarishi hamda parazit, oraliq va asosiy xujayinlarini rivojlanish sikllarining o’zgarishiga bog’liqdir. Ko’pgina xo’jayin almashtirmaydigan bir hujayralilar, nematodalar va boshqa ayrim parazitlar, o’zlarining qisqa vaqt davomida amalga oshuvchi rivojlanish siklariga ega bo’lishi tufayli yilning barcha fasllari davomida bir xil miqdorda bo’ladi, lekin oraliq xo’jayinlarining hayot tarzi mavsumlar bilan bog’liq bo’lsa, (masalan, hasharotlar bo’lsa) parazitlarning bo’lishi yoki bo’lmasligi aynan ana shu xo’jayin bilan bog’liqdir. Masalan, qishloq qaldirg’ochining ichagida parazitlik qiluvchi Phaneropsolus micrococcus trematodasi faqat may-avgust oylarida o’z rivojlanishini tugatib, oraliq xo’jayin hisoblanuvchi hasharotlar ko’paygan davrda ularni tuxumlari bilan ko’p miqdorda zararlanishi sodir bo’ladi. Ektoparazitlarda mavsumiy o’zgarishlar dinamikasi aniq ifodalangan bo’ladi. Masalan, burgalar orasida yozgi, bahorgi, qishki va kuzgi turlar farq qilinadi. O’rta Osiyo cho’llarda yashovchi oddiy yumronqoziqda burgalarning ichki, ya’ni yozgi (Caratophyllus tesguorum) va kuzgi-qishki (Neopsylla setosa) turlari parazitlik qiladi. Ushbu burgalarning birinchi turini paydo bo’lishi bilan yosh yumronqoziqlar populyasiyalari ichida toun kasalligining epizootiyasi paydo bo’ladi. Epizootiya yumronqoziqlarning uyquga ketishi bilan so’na boshlanadi, lekin Neopsylla burgalari ko’payib ketib, ular uyqudagi yumronqoziqlar orasida toun kasalligini qo’zg’atuvchilarining qishda saqlanib turishini ta’minlaydi. Shunday qilib ikki tur burga yumronqoziqlar orasida qishin-yozin toun kasalligining qo’zg’atuvchilarini doimiy ravishda saqlanishini ta’minlashadi.