PARRANDALAR CHECHAGI VA MAREK KASALLIGI
Mavzu: PARRANDALAR CHECHAGI VA MAREK KASALLIGI Reja: 1. Parrandalarni chechak kasalligiga ta’rif , M arek kasalligiga ta’rif, qo’zg’atuvchilari, epizootologiyasi, patogenezi, klinik belgilari. 2. Tashxisi, qiyosiy tashxisi, davolash, maxsus profilaktika, oldini olish va qarshi kurashish tadbirlari.
Parranda chechagi (Variola avium) - virusli kontagioz kasallik bo’lib, parranda oyoqlarining patsiz qismlari, boshi, toji, cirg’achalari, quloq solinchagi (mochki), tumshuq atrofi va burun teshiklarida chechak ekzantemalarining rivojlanishi hamda og’iz bo’shlig’i, nafas a’zolari va ko’zlarining shilliq qavatlarida difteroid zararlanish namoyon bo’ladi. Sinonimlari: kontagioz epitelioma, difteriya, kurka sinusiti, teri g’uddachasi (bo’rtigi). Chechak kasalligi ilk bor 1775 yilda “Yuqumli kon’yunktivit” nomi bilan aniqlanib, hozirgi davrda dunyoning ko’pchilik davlatlarida tovuq, kurka, shuningdek, tovus, kaptar va boshqa dekorativ hamda yovvoyi qushlar orasida keng tarqalgan bo’lib, doimiy epizootik xavf tug’diradi va uning oqibatida parrandachilik xo’jaliklarida katta iqtisodiy zarar sodir etiladi. Xususan, kasal parrandalarning 50 – 70 % gacha o’lishi, o’lmay qolganlarining 30 % gacha yaroqsiz hisoblanishi, ulardan olingan inkubasion tuxumlarning 80 % gacha palag’da bo’lishi va tuxumdorlikning 5 karra kamayib ketishi kuzatiladi. Qo’zg’atuvchisi. Chechakni qo’zg’atuvchi virus Avipoxviridae oilasi, Avipoxvirus avlodiga mansub bo’lib, uning o’lchami 260 –390 nm . Ushbu viruslar tashqi muhitning turli omillariga chidamli hisoblanib, quruq epiteliyda 37 – 38 0 S daraja haroratda – 8 kun, 0 – 6 0 S da – 8 yil, -15 0 S dan past haroratda esa 15 yilgacha hayotchanligini saqlaydi. Chechak yarachalarning po’stloqlarida - 15 0 S da 2 yilgacha, par va patlarni yuzasida - 195 kungacha, tuxum puchog’ida - 59 kungacha va suvda 66 kungacha virus o’z virulentlik xususiyatini saqlaydi. Ayni paytda ushbu virus quyoshning to’g’ri tushuvchi nurlari ta’sirida 6 – 11 soatda nobud bo’ladi. Shuningdek, 1 % li o’yuvchi natriy ta’sirida 5 daqiqada, 70 – 75 % li etil spirti ta’sirida 10 daqiqa va 50 % li spirtda 30 daqiqada faolsizlanadi. Epizootologik ma’lumotlar. Tovuq, kurka, kaklik, bedana, to’ti, kanareyka, chumchuq, sayroqi qush, zyablik, oqqush, tuyaqush va yirtqich qushlarning chechak bilan kasallanishi aniqlangan. G’oz va o’rdaklar esa nisbatan kam kasalanishadi.
Chunki tashqi muhit ularning tanasidan tushadigan teri epiteliysining ajratmalari, og’iz, burun va ko’z shilliqlari hamda axlati orqali doimiy ravishda zararlanib turadi. Shuning uchun oziqa, suv, to’shama, turli jihozlar, tuxum, inkubasiya va so’yish sexlarining chiqindilari ham virus yuqtiruvchi manba bo’lib qoladi. Yovvoyi qushlar, kemiruvchilar va qon so’ruvchi hasharotlar esa virusni tashuvchisi bo’lib “xizmat” qiladi. Parranda terisi va shilliq pardalarning tirnalgan sohasi “infeksiya eshigi “ vazifasini o’taydi. Chechak kasalligi 4 – 12 oylik tovuqlar orasida ko’p uchrab, kasalikning teri shaklida - 5 – 8 %, difteritik va aralash shaklida esa 50 – 70 % gacha parranda o’ladi, tuxumdorlik esa 40 – 50 % ga kamayadi. Kurkalar orasida esa chechak kasalligi surunkali kechib, xo’jalikda oylar davomida kuzatilishi mumkin. Ayni paytda kasallikning shakliga bog’liq ravishda kasal kurkalar orasidagi o’lim ko’rsatgichi 50% va undan ortiq bo’ladi. Kanareykalar orasida chechak kasalligi juda og’ir shaklda namoyon bo’lib, yashin tezligida, o’tkir va surunkali oqimlarda kechadi. Patogenez. Chechakni qo’zg’atuvchi virus organizmga kirgach, dastlab ,,kirish eshigi “ atrofidagi to’qimalarda tarqalib, 24 – 48 soatdan keyin esa qon oqimi orqali turli organlar bo’ylab yoyiladi. Bu holat viremiya jarayonining birinchi bosqichi hisoblanib, virus barcha organlarda ko’payadi va to’planadi. Viremiyaning ikkinchi bosqichida esa virus keng qamrovli tarqalib, teri va shilliq qavatlarning jarohatlanishi boshlanadi. Klinik belgilari . Tovuqlarda kasallikning yashirin (inkubasion) davri 4 – 14 kun davom etadi. Parrandalarda kasallikning teri (ko’p uchrovchi tipik shakli), difteritik, aralash va atipik (ichki organlarning jarohatlanishi) shakllari namoyon bo’ladi. Tovuqlarda chechakning teri va aralash shakllarida tumshuq, qovoq, toj, sirg’acha hamda tananing patsiz sohalarida doirasimon oqish – sarg’ish, so’ngra qizg’ish dog’chalar paydo bo’lib, keyinchalik 0.5 sm gacha diametrli o’lchamdagi sugalsimon epiteliomaga aylanadi.
Kasallikning 17 – 19 - kunlari esa infeksiyaning ikkilamchi xuruji kuzatilib, parranda tanasining nisbatan toza qismlarida ham chechak yarachalarining hosil bo’lishi qayd etiladi. Tananing chechak yarachalari hosil bo’lgan sohasida teri juda qalinlashib, toj va sirg’achalarning shakli o’zgaradi. Ko’z qovoqlarining jarohatlanishi esa uni deformasiyalanishiga sabab bo’ladi va natijada parranda ko’zlarini yopolmaydi. Ayni paytda kon’yunktivit, keratit va panoftalmiya rivojlanadi. Chechakning difteritik va aralash shakllarida nafas olish organlari hamda oshqozon ichak tizimining shilliq pardalarida oqish, loyqalangan va bo’rtib turadigan tugunlar shaklidagi yarachalar paydo bo’ladi. Bu holat keng yoyilib, o’lchami ortib boradi va o’zaro qo’shilishib shilliq qavatga yopishib turgan po’stloq hosil qiladi. Ushbu po’stloq qatlamini olishga harakat qilinsa, qon quyilishi va eroziya boshlanadi. Burun – xalqum zararlanganda infeksiya ko’z - yosh kanali va ko’z osti chuqurchasiga tarqaladi. Oqibatda esa ko’z ostida o’rmon yoki grek yong’og’i kattaligida zich va og’riqli shish (bo’rtik ) hosil bo’ladi. Og’iz bo’shlig’ining zararlanishi tufayli oziqlanish qiyinlashsa, nafas olish tizimining jarohatlanishi oqibatida esa yutal va nafasning bo’g’ilishi kuzatiladi. Bunda parranda bo’ynini cho’zib, tumshug’ini ochib turadi, hushtaksimon ovoz chiqaradi, qiynalib havo tortadi va ko’pchiligi nafasi bo’g’ilib o’ladi. Kurkalarning chechak kasalligi ko’p hollarda oshqozon - ichak tizimining zararlanishi bilan sodir etilib, ularning jig’ildoni va muskulli oshqozoni ko’proq, ichaklari esa nisbatan kamroq jarohatlanadi. Kanareykalarda chechakning yashin tezligidagi oqimi sezilarli klinik belgilarsiz kechib, kasallikning o’tkir oqimi (o’pka shakli)da esa nafas qisilishi, kon’yunktivit va rinit kuzatiladi. Surunkali oqim murakkab holatda sodir etilib, tumshuq, ko’z, qovoq va qanotlarning zararlanishidan tashqari, ularning tovoni va kaftida chechak yarachalari paydo bo’lib, nekroz va barmoqlarining uzilib tushishi kuzatiladi.
Kaptarlarning chechak kassalligi asosan teri shaklida kechib, ko’zining chekkasida, tumshug’ining asosida va oyoqlarida chechak yarachalari paydo bo’lishi qayd etiladi. Patologoanatomik o’zgarishlar . Parrandaning terisi va shilliq pardalarida xarakterli jarohatlar kuzatilib, gavda yorib ko’rilganda autointoksikasiya alomatlari va juda oriqlash holati aniqlanadi. Chechakning difteritik va aralash shaklidan o’lgan parrandaning nafas tizimi organlarini shilliq qavatida qiyin olinadigan po’stloq, havo xaltachalarida esa tiqin (probka) lar topiladi. Kasallikning atipik shaklida esa teri qoplamasida o’zgarishlar kuzatilmaydi, balki jigar yuzasida kichik sarg’ish o’choqchalar aniqlanadi. Shuningdek, o’pkada shish, yurak epikardida va ichakning seroz qavatlarida nuqtali qon quyilishlar uchraydi. Chechakning surunkali kechishi oqibatida o’lgan parranda gavdasi juda oriq bo’lib, jigar, buyrak, yurakda distrofik o’zgarishlar, taloqni shishishi va qo’ng’ir - sariq tusda bo’lishi kuzatiladi. Tashhis. Parrandalarning chechak kasalligiga tashhis qo’yishda epizootologik ma’lumotlar, klinik belgilar, patologoanatomik o’zgarishlar va labarotoriya tekshiruvi natijalariga asoslaniladi. Laboratoriya tekshiruvini o’tkazish uchun parrandaning boshi, terining zararlangan qismlari va ichki organlari jo’natiladi. Laboratoriya tahlili Morozov yoki Pashen usuli bo’yicha o’tkazilib, tamg’asimon surtmalarda chechak tanachalarining topilishi asosida tashhis tasdiqlanadi. Qaysiki, Borelning “kokkisimon tanachalari” ga o’xshab qo’ng’ir rangda to’planib turadi. Bionamuna qo’yish uchun klinik sog’lom va organizmida chechak virusiga qarshi antitelolari bo’lmagan tovuqlardan foydalaniladi. Buning uchun tekshirilayotgan patologik namuna tovuqning yengil tirnalgan toji yoki boldirining follikulasiga surtiladi. Ushbu sinovdan keyin 5 – 7 kun o’tgach, parrandaning tojida chechak yarachalari yoki boldirning zararlantirilgan qismida chechak oqibatidagi follikulit aniqlansa, bionamuna ijobiy hisoblanadi.