Tasavvuf ilmining paydo bo‘lishi.
Mavzu: Tasavvuf ilmining paydo bo‘lishi. Reja: 1. Tasavvuf ta’rifi. 2. Tasavvuf so’zining kelib chiqishi. 3. Tasavvufning paydo bo’lishi.
Tasavvuf – islom doirasidagi mistik-zo h idlik oqimidir. Ushbu ta’limot tanlangan insonlar ( al-xossa )ning Alloh bilan hissiy bog’lanishi haqidagi g’oyani olg’a suradi. Ushbu ta’limot nazariyotchilarining fikrlariga ko’ra, shunday bog’lanish natijasida mazkur tanlangan kishilar va ularning ta’limotiga ergashganlar Allohni tanishga erishadilar. Undan tashqari, qator sufiylar yo’lini tanlagan tasavvuf mualliflariga ko’ra, tasavvufda inson chuqur mushohada va maxsus ruhiy-ma’naviy mashg’ulotlar natijasida Allohning birligi ichida yo’qolib ketish ( fano ) yoki u bilan abadiylik (baqo)ga erishishi mumkin. Bu yerda so’z Allohga ma’nan qo’shilib ketish haqida boradi, albatta. Tasavvuf va unga o’zakdosh bo’lgan sufiy , mutasavvif atamalarining kelib chiqishi haqida xilma-xil qarashlar mavjud. Hozirgi paytga kelib ko’proq tasdiqlangan va ko’pchilik (ham musulmon, ham g’arb olimlari) tomonidan qabul qilingan fikr shuki, ushbu atama “jun, yung” ma’nosini bildiruvchi s-v-f o’zagi (suf) dan olingan. Bu boshlang’ich davrda islom olamida zohidlik guruhlari ko’rinishida shakllangan ilk sufiylarning, hadisda aytilganidek, sovuq va issiqdan saqlaydigan jun chopon – xirqa kiyib yurganliklari bilan bog’liq. To’g’ri, tasavvufning paydo bo’lishiga turtki bo’lgan barcha zohidlar ham sufiy deb atalmaganlar. Ularga ko’pincha zuhhod ( birligi – zohid) so’zini qo’llaganlar. Zohidlik amalda islom bilan bir davrda paydo bo’ldi. Tasavvuf yozma an’anasiga ko’ra, Muhammad payg’ambarning sahobalari orasida Abu-d- Dardo, Abu Zarr, Huzayfa kabilarni sufiylar deb ataladi. Ko’pgina sufiy tariqatlari o’zlarining silsilalarini Payg’ambar sahobalaridan biriga va ilk to’rt xalifaga, ko’pincha Abu Bakr (632-634)ga qadar yetkazadilar. Biroq, ko’pchilik tadqiqotchilarning fikriga ko’ra, islomdagi mistik-zohidlik harakatining paydo bo’lishi VIII asrning o’rtalari – XI asr boshlariga to’g’ri keladi. Ushbu davr sufiylari orasida mashhur hadis yig’uvchilar ( muhaddisun ), Qur’on o’quvchilari ( qurro’ ) va ilk sharhlovchilari, hunarmandlar, savdogarlar, shuningdek, islomni qabul qilgan xristianlar bor edi. Shuni ta’kidlash kerakki, zohidlik harakati turfaxil xalifalik jamiyatidagi ijtimoiy va mulkiy tabaqalanishga, doim ham Payg’ambar sunnatlariga amal qilmagan boy tabaqaning ajralib
chiqishiga qarshi o’ziga xos harakat edi. Bunday vaziyat avvalgi ikki asr davomida musulmon jamiyatining murakkab diniy hayoti bois ko’pincha ijtimoiy va demakki, siyosiy beqarorlikka sabab bo’lgan. Aynan mana shunday vaziyatda past va o’rta tabaqalar o’zlarining diniy istaklariga ma’naviy-ruhiy ifoda qidirdilar. Ushbu qidirish boshqa mafkuraviy-siyosiy harakatlar bilan bir qatorda sufizm ko’rinishini oldi (passiv ijtimoiy-diniy norozilik ko’rinishi sifatida) va o’sha davrdagi hukumatdan uzoqlashish, boylikdan yuz o’girish, Payg’ambar ta’limotlariga qat’iy amal qilish kabilarga da’vat qildi. Passiv norozilik keyinchalik ko’plab sufiy tariqatlarining asosini tashkil qilgan tavakkul (o’zni Allohga topshirish), sabr , rizo (barcha holga rozi bo’lish) va boshqa qoidalarni rivojlantirgan zohidlik ko’rinishida ham aks etgan. Ayni mana shu paytdayoq ilk diniy marosimlar amaliyoti boshlanib, keyinchalik u sufizmdagi marosimlarning (tundagi bedorlik, nafl namoz, ro’za va hokazolarning) shakllanishiga ta’sir ko’rsatdi. Tasavvufning mafkuraviy-diniy asosi, shubhasiz, Qur’oni karim ma’nolari ustida chuqur mulohza yuritish, Buyuk kitobning botiniy ma’nolarini qidirish an’anasini yuzaga keltirdi. Sufiylarning diniy-ruhiy izlanishlarining boshqa manbai sifatida (rasional asosga ega bo’lgan) falsafiy-diniy oqimga qarshi o’ziga xos aksil harakatni e’tirof etish lozim. Bu yerda so’z, eng avvalo, o’sha davrda islomda paydo bo’lgan rasionalist ilohiyotchilar ( mutakallimun ) haqida ketmoqda. Sufiylar ma’lum darajada rasional bilish imkoniyatlarini e’tirof etgan holda, narsalar va hodisalarning mohiyatini ichki tuyg’u, mistik (botiniy) va ruhiy izlanishlar orqali bilish mumkinligini tasdiqlaganlar. Mana shunda Haqiqat «o’zining Sirini ochishi» va kutilmaganda sufiyga Yashirin ( kashf ) narsalarni bilish va borliqning oliy haqiqatini anglash yo’lini yoritib yuborishi mumkin. Hissiy yo’l bilan Haqiqatni izlash sufiylarni inson ruhining eng nozik harakatlari, ichki iztiroblar, diniy haqiqatlarni anglash va chuqur tahlil qilishga undagan.
Bu ma’noda tasavvufning ilk asoschilari va namoyondalaridan bo’lgan «Qalblar va fikrlar» ilmi ( ilm al-qulub va-l-xavotir )ga asos solgan Hasan al-Basriy (642-728) ni esga olish o’rinli. Keyinchalik, Hasan al-Basriyning izdoshlaridan bo’lgan va Basrada yashagan (VIII-IX asrlar) Raboh ibn Amr, birinchi sufiy ayol Robi‘a al-Adaviya, Molik ibn Dinor va boshqalar da’vatlarida asta-sekin Allohga bo’lgan sof haqiqiy muhabbat, unga yaqinlashishga intilish haqida (yana ta’kidlaymizki, so’z ruhiy yaqinlik haqida bormoqda) fikr va g’oyalar paydo bo’la boshladi. Shu davrdan boshlab ular tasavvufga ochiq mistik xususiyat baxsh etdilar. Va bu ta’limotlar tasavvufning o’ziga xos jihatlaridan bo’lib qoldi. IX asrda tasavvuf nazariyasi va amaliyotini ishlab chiqish borasidagi urinishlar davom etdi. Basradagi maktablar bilan bir qatorda Bag’dod va Xurosonda ( Malamatiya ) ham shunday maktablar paydo bo’ldi. Ushbu maktablar vakillari, avvalgidek asosiy e’tiborni sufiylaring ichki dunyolariga qaratdilar, har bir maktabga xos bo’lgan ruhiy poklanish, o’zini kamolotga yetkazish, dunyoviy istaklardan xalos bo’lish, fikrni Xudo bilan bog’liq bo’lmagan har qanday narsadan tozalashning maxsus yo’li ( tariqa )ni ishlab chiqdilar. Shaxsan sufiyning Yo’li g’oyat murakkab fikriy-jismoniy mashqlar va ruhiy mehnatlar bilan bog’liq bo’lgan. Bunda sufiy boshliqlar ( shayx ; ko’pligi shuyux; forscha-turkcha – pir, ustod ) tomonidan sufiyning kamolotga erishishining ma’lum bosqichlari va Yo’lning so’nggi bosqichlarida yetishadigan maxsus ruhiy holatlar ( hol / ahvol ) bilan bog’liq ma’lum maqomlar haqidagi qoidalar ishlab chiqilgan. Sufiylar ruhiy kamolotga olib boradi deb hisoblangan qator maxsus amaliyotlarni ishlab chiqqanlar. Bular zikr, samo ‘, raqs kabilardan iborat. Ularning birinchisi Xudoning nomini yoki tariqatda qabul qilingan biror maxsus zikrni bir muqomda, yeki mahfiy (ichdan) takrorlashni bildiradi. Zikrning « jahriy », ya’ni ovozli, va « xafiy », ya’ni ovozsiz, qalbdan, ichda aytiladigan turlari bor. Samo‘ sufiylarda «ruh yumshab, poklanadigan» maxsus ruhiy holatga yetishish uchun musiqa asboblari (asosan zarbli) ohangi ostida sufiyona zikrlarni tinglash yoki kuylashni ifodalagan. Bunda ba’zi tariqatlarda maxsus harakat ( raqs )
ham qo’llangan bo’lib, uni ham muayyan ruhiy holga tezroq erishishga yordam beradi deb hisoblaganlar. Tasavvuf barcha faqihlar tomonidan so’zsiz qabul qilingan deb bo’lmaydi. Tasavvuf Allohga yetishish yo’li sifatida hozirga qadar ko’plab munozaralarga sabab bo’lib kelmoqda. Ayniqsa, so’z Mansur Xalloj (858-922) kabi munozarali shaxsiyatlar haqida borganda. Uni bir necha bor inkarnasionizmda aybladilar, ya’ni u ilohiy va insoniy tabiatning mohiyatan birlashuvi ( ittihod al-lohut bi-n-nosut ) haqidagi g’oyani ilgari surgan deb ayblamoqdalar. Biroq, na al-Xallojda va na boshqa biror sufiyda inson va Xudoning jismoniy birlashuvi haqida so’z borgan emas, albatta va bu faqatgina ruhiy, ko’pchilik hollarda Xudoni anglash qo’rquvi g’alaba qilgan va qo’rquv ta’sirida juda ham hayajonli so’zlarni aytib yuborgan ba’zi sufiylarning xayoliy tasavvurlari bo’lgan. Ilk zohidlik harakatlari Markaziy Osiyo mintaqasini ham chetlab o’tmagan. Buxoro, Samarqand, Xorazm, Nasaf (Qarshi) shaharlarida faoliyat olib borgan ilk sufiy-zohidlar haqidagi ma’lumotlar qadimgi qo’lyozma manbalarda ko’p uchraydi.Bu yerda biz yuqorida zikr etilgan xurosonlik Malomatiya tariqatining ba’zi guruhlari haqidagi ma’lumotlarni ko’rishimiz mumkin. Mintaqada o’zining butun islom olamida katta obro’ qozongan nazariyotchilari ham bo’lgan.