XARAKTER
MAVZU: XARAKTER Reja: 1. Xarakter haqida tushuncha. 2. Xarakterning fiziologik asoslari 3. Xarakter tarkibi 4. Xarakter aktsentuatsiyasi 5. Xarakter tipologiyasi 6. Xarakter borasidagi nazariyalar. 7. Xarakterning shakllanishi
1. Xarakter haqida tushuncha. Har bir odam har qanday boshqa odamdan o’zining individual psixologik xususiyati bilan ajralib turadi. Bu jarayonda asosiy e'tibor xarakter muammosiga qaratiladi. "Xarakter" so’zi grekcha so’zdan olingan bo’lib " tamg’a, belgi " degan ma'noni anglatadi. Ijtimoiy turmushda hayot va faoliyat ko’rsatayotgan har qanday shaxs o’zining individual-psixologik xususiyatlari bilan boshqa insonlardan ajralib turadi va bu farqlar uning xarakter xislatlarida ifodasini topadi. Shu boisdan insonning barcha individual xususiyatlarini xarakter xislati tarkibiga kiritib bo’lmaydi. Chunonchi aqlning topqirligi, xotiraning barqarorligi, ko’rishning o’tkirligi kabi individual psixologik xususiyatlar bunga misoldir. Psixologiya fanida xarakterga turlicha ta'rif berilishiga qaramay, uning asosiy belgilari ta'kidlanganligi bilan bir-biriga muvofiq tushadi. Masalan, shaxs xulqining tipik usullar bilan bog’liq faoliyat muomala va munosabatda namoyon bo’luvchi, mujassamlanuvchi uning barqaror xususiyatlari majmuasi xarakter deyiladi. Shaxsning jamiyatga nisbatan munosabatlari uning asosiy belgisi hisoblanadi. Xarakter deganda mazkur shaxs uchun tipik hisoblangan, faoliyat usullarida namoyon bo’ladigan, shaxsning turli sharoitlarga munosabati bilan belgilanadigan individual psixologik xususiyatlari yig’indisi tushuniladi. Xarakter xususiyatlarining namoyon bo’lishi har bir tipik vaziyat, hissiy kechinmalarning individual o’ziga xos xususiyati shaxs munosabatlariga bog’liq. Xarakterning intellektual, hissiy va irodaviy xislatlarini ajratish mumkin. Xarakter deganda shaxsda muhit va tarbiya ta'sirida tarkib topgan va uning irodaviy faoliyatida, atrofdagi olamga o’z-o’ziga bo’lgan munosabatlarida namoyon bo’ladigan individual xususiyatlarni tushunamiz. Xarakterning juda ko’p xususiyatlari odamning ish harakatlarini belgilovchi chuqur va faol moyillik hisoblanadi. Mana shu moyilliklarda xarakter xislatlarining undovchilik kuchi namoyon bo’ladi. Odam xarakter xislatlarining ana shunday undovchilik kuchi tufayli ko’pincha ob'ektiv sharoitlarga zid ish qiladi va mutlaqo maqsadga nomuvofiq harakat usullarini qo’llaydi. Xarakter xislatlari ma'lum tarzda harakat qismlariga, ba'zan
esa sharoitga qarama-qarshi harakat qilishga undar ekan, ular hayotiy qiyin daqiqalarda yaxshiroq namoyon bo’ladilar va bu xarakterni, shuningdek barkamol avlodni tarbiyalashning mu?im vazifasidir. Shaxsning qa'tiyatlilik, tanqidiylik, fahm- farosat, kuzatuvchanlik kabi xislatlari intellektual, quvnoqlik, mehribonlik hissiy-irodaviy sifatlarga kiradi. Odatda shaxsning munosabatlari xarakter xislatlarining individual xususiyatlarini ikki xilini aniqlash imkoniyatiga ega: Shaxs xarakterining xususiyati ro’yobga chiqadigan har qanday vaziyat hissiy kechinmalarning o’ziga xos xislati uning munosabatlariga bog’liq. Har qanday favquloddagi tipik (muhitdagi) xarakterning sifatlari hamda individual usullari shaxsning munosabatlariga taalluqlidir. Shaxs harakatlarining sifati va ularning oqilona usullari insonning irodasi, hissiyoti, diqqati, aqliy sifatlariga yoki psixik jarayonlarning individual xususiyatlariga bog’liqdir. Chunonchi, mehnatda ko’zga tashlanadigan tirishqoqlik, puxtalik mehnatga nisbatan ijobiy munosabatni aks ettirishga emas, balki boshqa omillarga: 1. diqqatning to’planishiga; 2. harakatlarning maqsadga yo’nalganligiga; 3. irodaviy zo’r berishga; 4. usullar mahsuldorligiga; 5. aqlning ishtirokiga bog’liq. 2. Xarakterning fiziologik asoslari Xarakterning psixologik va fiziologik sabablari haqida faqat taxminiy fikrlar, xulosalar mavjud. Kishi temperamenti uning xarakteri tarkibiga kiradi, shu sababli ham xarakterning fiziologik asosi asab tizimining tipidan iborat. Xarakter xislatlari shaxsning qiyin hosil qilinadigan va mustahkamlanib qoladigan xususiyatlari bo’lganligi tufayli, xarakterning fiziologik asosi ham individual hayot jarayonida asab tizimining o’zgargan xususiyatlaridan iborat. hayvon asab faoliyatining tug’ma konstitutsion turi genotip. Lekin hayvon tug’ilganidan keyin tashqi sharoitlarning g’oyat xilma-xil taassurotlariga duch
keladi va bunga muayyan faoliyat orqali muqarrar javob berishi lozim bo’ladiki, ko’pincha bu faoliyatlar mustahkamlanib, butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Shu sababli hayvonning batamom tarkib topgan asab faoliyati tipga oid belgilardan tashqari muhit ta'siri ostida hosil bo’lgan o’zgarishlarning qotishmasi-fenotip xarakteridir. Dinamik stereotip shaxsdagi mustahkam odat bo’lib qolgan xususiyatlarning, jumladan, xarakter xislatlarining ham nerv-fiziologik asosidir. Xarakterning nerv-fiziologik asosini tushunish uchun I.P.Pavlovning ikkinchi signal tizimi haqidagi ta'limoti katta ahamiyatga egadir. Ikkinchi signal tizimi nutq va tafakkurning fiziologik asosi bo’lish bilan birga, kishi xulqini ham idora qiladi. Xarakterning fiziologik asosi xarakterning mazmunini tashkil qiladigan sifatlari, chunonchi, ijtimoiy maslak, mardlik, o’z burchiga sadoqatli bo’lishlarini o’z ichiga olmaydi va ololmaydi ham, albatta xarakter psixologiyasining mazmuni o’zining kelib chiqishi jihatidan ijtimoiy hodisadir. Xarakterning mazmunini tashkil qilgan tomonlarini yoritilishi tufayli, psixologiya ijtimoiy fanlar qatoriga kiradi. Xarakter xislatlari kelib chiqishining muhim fiziologik sharoitlaridan biri - xarakter xususiyatlarining fiziologik hamda psixologik jihatdan ifodalanishi o’rtasida o’xshashlik bo’yicha taxminiy xulosa chiqarishdir. Ma'lumki, I.P.Pavlov ilmiy maktabi materiallarida e'tirof etilishicha, laboratoriya sharoitida ovqatlanish orqali, shuningdek, teriga elektr toki bilan ta'sir qilish tufayli mustahkamlashda aynan bir hayvonda bir xil shartli qo’zg’ovchiga javoban ikki xil dinamik stereotipni hosil qilish mumkin. Xarakter stereotiplar va so’lak ajralishidan iborat ijobiy va tormozlanish shartli reaksiyalari bilan javob qaytaradi. Teriga elektr toki bilan ta'sir qilish sharoitda esa qo’zg’ovchilarning o’ziga mudofaa harakatlari stereotiplari reaksiyasi bilan javob beradi. Bu hodisalar negizida yotgan fiziologik mexanizm ko’chirish mexanizmi deyiladi. Ko’chirish mexanizmining mohiyati shuki, sharoitga bog’liq tarzda markaziy nerv sistemasida har xil funksional holat paydo bo’ladi, chunonchi, ovqatlanishning markazlarida kuchli qo’zg’alish yuzaga keladi va bunda ovqatlanish bilan bog’liq dominanta tug’iladi. Teriga elektr toki bilan ta'sir qilishda mudofaa bilan bog’liq harakat markazlari kuchli qo’zg’alish tufayli muhofaza (mudofaa) dominantasi vujudga keladi.
Hayvonlardagi mazkur hodisalarning shaxs xarakteri xislatlari namoyon bo’lishi bilan o’xshashligi mavjud. Bular: 1) ular hayvonlar va odamlar uchun stereotip xususiyatga ega; 2) sharoitga bog’liq holda odamlarda va hayvonlarda bir qo’zg’ovchiga javoban xilma-xil stereotip xususiyatli reaksiyalar tizimi vujudga keladi; 3) funksional holatlar har ikkalasida ham barqaror va doimiy xususiyat kasb etadi. Funksional holatlar hosil bo’lishining tashqi omillariga asoslanib, xarakter xislatlari shakllanishining fiziologik sharoitlaridan biri-ko’chish mexanizmi asosida dinamik stereotiplarning vujudga kelishidir. Xarakter xislatlarining dinamik stereotiplarga bog’liq nerv tizimining shartli reflektor funksional holati shaxsning sharoitiga nisbatan turlicha munosabatiga bog’liqdir. Masalan, tajribaga nisbatan tekshiriluvchining munosabati o’zgartirilsa, unda nerv jarayonlarining qo’zg’aluvchanligi, harakatchanligi, to’xtalishi kuchayadi, demak nerv tizimining funksional holati o’zgaradi. Shunday qilib, xarakter xislatlarining asosi ko’chish mexanizmi insonlarda hayvonlarnikidan keskin tafovutlanadi, chunki unda ikkinchi signal tizimi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Xarakter xislatlarining namoyon bo’lishi bilan nerv tizimiga qiyoslansa, u holda birinchisining ruyobga chiqishi o’zgacha fiziologik sharoitga asoslanishi mumkin. Sobiq sovet psixologiyasida ta'kidlanishicha, nerv sistemasi umumiy tipining zid xususiyatlari psixologik jihatdan zid harakat usullariga mos tushadi. B.M.Teplov, V.M.Merlin, Ye.A.Klimovlarning tadqiqotlarida o’qish, sport va mehnat faoliyatlarida harakat usullarining individual farqlari aniqlangan. Xuddi shu bois xarakter xislatlari paydo bo’lishining o’zgacha fiziologik sharoiti nerv tizimi umumiy tipining xususiyatlari hisoblanadi. Ma'lumki, nerv tizimining umumiy tipi - bu temperamentning fiziologik asosi hamdir. Shuning uchun temperament tipi xarakterning individual o’ziga xos xislatlarining ruyobga chiqishidagi muhim psixologik sharoitlardan biri bo’lib hisoblanadi. I.P.Pavlov tajribasining ko’rsatishicha, muayyan tizimda tashqi ta'sir hukm surganda nerv tizimi umumiy tipining xususiyatlariga taalluqli dinamik stereotipning shakllanishiga qulaylik vujudga keltirish yoki, aksincha, halaqit berishi mumkin.