Xo’jalik yurituvchi subyektlarga davlat organlari tomonidan yordam kursatish
Xo’jalik yurituvchi subyektlarga davlat organlari tomonidan yordam kursatish Reja 1. Xo`jalik yurituvchi subyektlarga davlat organlari tomonidan yuridik yordam ko`rsatish 2. Advokatura tomonidan xo`jalik yurituvchi subyektlarga yuridik yordam ko`rsatish 3. Nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan xo`jalik yurituvchi subyektlarga yuridik yordam ko`rsatish
Mamlakatimizda iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotni, davlat qurilishi va sud-huquq sohasini erkinlashtirish, insonning huquq va erkinliklarini, tadbirkorlar va xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xo`jalik yurituvchi subyektlarning shartnomaviy-huquqiy ishlarini takomillashtirish hamda yuridik xizmatni rivojlantirishda davlat organlari alohida o`rin tutadi. Qonunchilik ijodkorligi va huquqni qo`llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta`minlash adliya organlarining asosiy va eng muhim vazifasi bo`lib hisoblanadi. Adliya organlarining xo`jalik yurituvchi subyektlarga yuridik yordam ko`rsatish faoliyatining huquqiy asoslari O`zbekiston Respublikasining “Xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to`g`risida”gi Qonuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 8 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi, 1995 yil 5 yanvardagi “Xususiy tadbirkorlikda tashabbus ko`rsatish va uni rag`batlantirish to`g`risida”gi, 1998 yil 4 martdagi “Xo`jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy nochorligi va shartnoma majburiyatlarining bajarilishi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish to`g`risida”gi farmonlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 17 fevraldagi “Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag`batlantirish bo`yicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi faoliyatini faollashtirish to`g`risida”gi, 2003 yil 2 maydagi “To`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi va 2003 yil 27 avgustdagi qarorlari hamda “O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to`g`risida”gi Nizomda, shuningdek, boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlangan. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-
tadbirlari to`g`risida”gi Qarorida Adliya vazirligining eng muhim vazifalari va faoliyati yo`nalishlari belgilab berilgan bo`lib, ular quyidagilardan iborat: qonunchilik ijodkorligi faoliyati va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirishning ustuvor yo`nalishlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirilishini ta`minlash; jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni oshirishga va qonuniylikni mustahkamlashga yo`naltirilgan huquqiy targ`ibot bo`yicha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish; advokatura hamda fuqarolar va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko`rsatuvchi boshqa tuzilmalar faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va ularning samaradorligini oshirish; tadbirkorlikni rivojlantirish va huquqiy ta`minlash samaradorligini oshirishga, tadbirkorlik subyektlari va xususiy mulk egalari, xorijiy investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, xo`jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etish va ro`yxatga olish jarayonini soddalashtirishga, shartnomaviy intizomni mustahkamlashga yo`naltirilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; yuridik shaxslar, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarni ro`yxatdan o`tkazishda qonunchilikka rioya qilinishini ta`minlash; zamonaviy talablar va standartlarni hisobga olgan holda huquqshunos kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish. Adliya organlarining xo`jalik yurituvchi subyektlarga yuridik yordam ko`rsatish bo`yicha faoliyatini shartli ravishda quyidagicha uch yo`nalishga ajratish mumkin 1. Xo`jalik yurituvchi subyektlarga yuridik yordam ko`rsatish va ularning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish; 2. Xorijiy investorlar va ular ishtirokidagi korxonalarga yuridik yordam ko`rsatish hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish; 3. Xo`jalik yurituvchi subyektlarga xo`jalik shartnomalarini tuzishda yuridik yordam ko`rsatish va shartnoma intizomini mustahkamlash.
Adliya organlarining xo`jalik yurituvchi subyektlarga yuridik yordam ko`rsatishi uchun vazirlik va uning boshqarmalarida maxsus tarkibiy tuzilmalar tashkil qilingan. Masalan, Adliya vazirligi markaziy apparatining tuzilmasida, jumladan, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, shartnomaviy-huquqiy ishlarni nazorat qilish, xorijiy investitsiyalar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilish boshqarmalari, shuningdek, joylarda esa tegishli bo`limlar tashkil qilingan. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi va joylardagi bo`limlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan: yangi tashkil etilayotgan va faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tartibga solish hamda ularni qo`llab-quvvatlash bo`yicha barcha qonun hujjatlariga va me`yoriy hujjatlarga qat`iy rioya qilinishi ustidan nazoratni ta`minlash; tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, korxonalarni tashkil etish va ularning samarali faoliyat ko`rsatishi uchun qulay huquqiy va tashkiliy shart- sharoitlar yaratish bo`yicha amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish; nazorat organlari o`tkazayotgan tekshirishlarning qonuniyligi ustidan nazoratni ta`minlash; tadbirkorlik subyektlarining buzilgan haq-huquqlarini tiklash chora- tadbirlarini ko`rish; korxonalar, xususiy tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashish, davlat tuzilmalari va amaldorlar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan zimdan qarshilik ko`rsatishning barcha hollari ustidan monitoringni amalga oshirish. Har bir holat bo`yicha aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikkacha bo`lgan javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritish . Ushbu vazifalarni samarali amalga oshirish uchun adliya organlariga: barcha vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, muassasalar, mansabdor shaxslar
tomonidan tadbirkorlar huquqlariga rioya qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari og`ishmay bajarilishini tekshirish; ko`rsatib o`tilgan organlar rahbarlariga qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, buzilish sabablarini, sabab bo`lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to`g`risida belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy bo`lgan taqdimnomalar kiritish; huquqni muhofaza qilish va nazorat organlarining, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining tadbirkorlik subyektlari haq-huquqlarini buzuvchi harakatlarini yoki qarorlarini to`xtatib qo`yish; tadbirkorlar va xususiy mulk egalarining huquqlariga rioya qilish bo`yicha qonun hujjatlarining buzilishi mumkin emasligi to`g`risida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish; tadbirkorlar va xususiy mulk egalari huquqlarini, ularning qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini himoya qilish to`g`risida sudlarga, shu jumladan, xo`jalik sudiga ariza bilan murojaat qilish kabi huquqlar berilgan . O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “To`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qarori bilan esa adliya organlarining xo`jalik yurituvchi subyektlarga yuridik yordam ko`rsatish vakolatlari yanada kengaytirildi. Mazkur qarorga muvofiq Adliya vazirligiga xorijiy investorlarni va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilishni ta`minlash vazifasi yuklandi va ushbu vazifani amalga oshirish uchun unga quyidagi huquqlar berildi: xorijiy investorlarni va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni javobgarlikka tortishning asosliligini zarur hujjatlar, shu jumladan jinoiy, fuqarolik, xo`jalik va ma`muriy ishlar materiallari bilan tanishish yo`li bilan o`rganib chiqish; vazirliklar, idoralar va nazorat organlari, shuningdek, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari rahbarlariga qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlari, qonun buzilishini va unga olib keluvchi shart-sharoitlarning sabablarini bartaraf