Xo‘jalik yurituvchi subyektlarga davlat organlari tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarga davlat organlari tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish.
O`tgan davr mobaynida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e`tibor berilmoqda. Natijada, tashkiliy huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyatlari, mas`uliyati cheklangan jamiyat, qo`shimcha mas`uliyatli jamiyat, xususiy korxona hamda xo`jalik shirkatlari ko`rinishida bo`lgan korxona va tashkilotlarning soni bir necha yuz baravarga ko`paydi. Ularning faoliyatida qonunchilikni ta`minlash, shartnoma va mehnat intizomiga rioya qilish ustidan nazorat qilish, mulkni saqlashni huquqiy vositalar orqali ta`minlash hamda boshqa huquqiy ishlarni amalga oshirishda yuridik xizmatning roli muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xo`jalik yurituvchi subyekt yuridik xizmatining huquqiy maqomi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 2 martdagi qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organlari va korxonalardagi yuridik xizmat to`g`risida”gi Nizom hamda O`zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustdagi “Xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to`g`risida”gi Qonun bilan belgilab qo`yilgan. Hozirgi paytda xo`jalik yurituvchi subyekt shtat jadvalida nazarda tutilgan yuridik xizmat xodimlarining soni juda ozchilikni tashkil etadi. Ayni paytda faoliyat yuritayotgan xo`jalik yurituvchi subyektlarning aksariyati doimiy ravishda yuriskonsult xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Buning ham obyektiv, ham subyektiv sabablari mavjud.
Obyektiv sabablar jumlasiga – yuristlar sonining respublikamizda kamligi, barcha korxonalarda ham doimiy ravishda yuridik xizmat xodimlariga haq to`lash imkoniyati yo`qligi, shuningdek yuridik xizmat xodimlari maoshlarining kamligi kiradi. Subyektiv sabablarga esa – korxona rahbarlarining yuridik xizmatga yuzaki qarab uni mustahkamlashga e`tibor bermasligi, yuristlarning ko`pchiligida asosan prokuratura, sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlash ishtiyoqi ko`pligi va yuridik xizmatga bepisandalik bilan qarashlari kiradi. Shuning uchun xo`jalik yurituvchi subyektlar asosan advokatlar hay`atlari, advokatlik firmalari hamda advokatlik byurolarida faoliyat olib borayotgan advokatlarning xizmatlaridan ko`proq foydalanmoqdalar.
Xo`jalik yurituvchi subyektlar yuridik xizmatining vazifalariga asosan ular faoliyatini huquqiy ta`minlanishini tashkil etish, talabnoma-da`vo ishlarini yuritish, mehnat intizomini mustahkamlash, mulkni saqlash bo`yicha huquqiy ishlarni yo`lga qo`yish, korxona xodimlarining yuridik o`quvini tashkil etish kabilar kiradi. Xo`jalik yurituvchi subyektlar o`z faoliyatlarining xususiyatidan hamda huquqiy ishlarning hajmidan kelib chiqqan holda yuridik xizmat xodimi uchun shtat birligi ajratish yoki ajratmaslik masalasini mustaqil hal etadilar. Agarda xo`jalik yurituvchi subyekt davlat organining qarori asosida tashkil etiladigan bo`lsa, unda uning tuzilmasida yuridik xizmat xodimi uchun shtat birligini ajratish yoki ajratmaslik masalasini shu organning o`zi hal etadi.