Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati
Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyati R eja: 1. Abu Rayhon Beruniyning hayoti va faoliyati 2. Abu Ray h on Beruniy Xorazm Ma’mun akademiyasining raisi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy (973–1048). Bu ismning “abu Rayhon” qismi Rayhonning otasi ekanligini, “Muhammad” mutafakkirning o’z ismi, “ibn Ahmad” Ahmadning o’g’li ekanligini anglatadi. Beruniy nisbasi esa uning taxallusi. Abu Rayhon Beruniy o’rta asrning buyuk qomusiy olimi – ensiklopedisti. U bir vaqtning o’zida astronom, astrolog, matematik (riyoziyun), geolog, geograf, o’lkashunos, biolog, medik, o’simlikshunos, ma’danshunos, tarixchi, manbashunos, dinshunos, adabiyotshunos, faylasuf, sosiolog, mantiqshunos, ilohiyotchi, olim va shoir bo’lgan. U haqda uning o’z davrida shug’ullangan sohasini sanashdan ko’ra shug’ullanmagan sohasini sanash osonroq edi deyishadi. Beruniy astronomiyaga, astrolyabiyaga, geodeziyaga, mineralogiyaga, farmakognoziyaga, geografiyaga, astrologiyaga, toponomikaga, dinshunoslikka, tarixga oid maxsus asarlar yozgan. Qachon va qayerda tug’ilgan? Beruniy 973 yil 9 sentyabrda (xijriy 362 yilning 3 zulhijja oyida) Xorazmning qadimiy poytaxti hisoblangan Kot (Kat) shahrida tug’ilgan. Ayrim manbalarda Beruniyni Kot shahrining tashqarisida tug’ilgan, shu sababli uni “Beruniy” ya’ni “tashqarilik” degan taxallus bilan atagan deyishadi. Abdulkarim as-Sam’oniy (vaf.1165) “Nasablar kitobi” nomli asarida shunday deb yozadi: “Beruniy degan nisba Xorazmning (ya’ni uning poytaxti Kot shahrining) tashqari qismiga oiddir. Kimki shahardan tashqarida tug’ilgan bo’lsa, bunday odamni “falonchi beruniy” deydilar. Munajjim Abu Rayhon shunday nisba bilan mashhurdir”. Kot shahri X asrda xorazmshohlar – afrig’iylar sulolasining poytaxti, O’rta Osiyoning eng yirik savdo markazlaridan biri edi. Bu davrda Xorazm bilan Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq davlatlari, Eron, Kavkaz va Yevropa
davlatlari o’rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar ancha rivojlangan edi. Xorazmliklar asosan mo’yna, qoramol, baliq va hunarmandchilik buyumlari bilan savdo qilishgan. Xitoydan chinni va ipak buyumlar, Hindistondan ziravorlar xarid qilishgan. Yevropalik, rum va suriyalik savdogarlar turli-tuman hunarmandchilik, zargarlik buyumlarini keltirishgan. Xorazmda hunarmandchilikning kulolchilik, shishasozlik, zargarlik, to’quvchilik, qandakorlik va yog’och o’ymakorligi rivojlangan. Qadimdan Xorazmda matematika, astronomiya, geodeziya, matematik geografiya fanlari taraqqiy etib kelgan. Bu ilmlarga qiziqqan kishilar dunyoning uzoq-uzoq burchaklaridan Xorazmga kelishgan. Kot shahrida xitoylik, suriyonlik, rumlik, yunonistonlik va hatto andalusiyalik (Ispaniyalik) kishilarni ham uchratish mumkin edi deb yozishadi tarixchilar. Ular na faqat ilm o’rganish uchun, balki o’z ilimlarini yoyish uchun ham kelishardi. Bu holat Xorazmda ilm egallashga sharoit keng bo’lganligidan dalolat beradi. Beruniy ana shunday muhitda aqlini tanidi. U yoshligidan ilmga mehr qo’ygan edi. Beruniy o’zining yoshligi haqida xotirlab: “Men bir yunonistondan kelib qolgan olimdan, turli xil o’simliklarning yunonchada qanday atalishini so’rab, bir daftarchamga batafsil yozib borar edim va ularni yodlab olardim” – deb yozadi. Kot shahri bir necha bor istilochilar tomonidan qayta-qayta vayron qilingan va har safar yangitdan tiklanganda boshqa nomlar bilan atala boshlagan. Yaqin tarixda bu shahar 1957 yilgacha Shabboz (Shayx Abbos Vali) deb atab kelingan va 1957 yili Beruniy nomi berildi. Beruniy shahri hozir Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida joylashgan. Beruniyning oila a’zolari, ota-bobolari va nasl-nasabi haqida ma’lumotlar saqlanmagan. Beruniyning o’zining yozishicha uning onasi o’tin terish bilan tirikchilik qilgan. Bu ma’lumot Beruniyning muhtojlikda kun kechiruvchi oilada voyaga yetganligidan dalolat beradi. X asrning ikkinchi yarmi va XI asr Xorazmda ilm-ma’rifat nihoyatda rivojlangan bir davr edi. Bir tomondan Xorazmda Avesto g’oyalari va zardo’shtiylik dini bilan bog’langan qadimiy ilmlar ravnaq topgan bo’lsa, Qadimgi Yunonistondan kelgan falsafiy ta’limotlar, Erondan kelgan majusiylik, koxinlik
an’analari, isaviylik, musaviylik, Kushonlar davrida tarqalgan buddaviylik va nihoyat islom dini va madaniyati ikkinchi tomondan xalqning ma’naviy dunyosiga ta’sir qilgan davr edi. Beruniy yashagan davrlarda arab olimlarining ta’limotlari, Qur’on va hadislarga asoslangan g’oyalar keng tarqalgan edi. Shunday bir sintetik madaniyatlar rivojlangan sharoitda xalqning ilg’or ziyolilari turli tillarni egallashga intilishgan. Beruniy ham qadimgi xorazm tilidan tashqari, arab, so’g’diy, fors, yunon, suriyoniy va qadimiy yahudiy tillarini puxta bilgan va shu tillarda yozilgan adabiyotlarni o’qiy olgan. Keyinchalik Mahmud G’aznaviy bilan Hindistonga borganida sanskrit tilini ham o’rganib olgan. Beruniy yashagan davrda Qur’onni yod olish odati keng yoyilgan edi. Bu odat kishilarning xotirasini chiniqtirgan va turli tillarni o’rganishga rag’batni kuchaytirgan. Bundan tashqari xorazmliklarning xotiraga zo’r berishlarining sababini Beruniy shunday izohlaydi: “Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o’rgangan va bilimini boshqalarga o’rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo’q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u [xabar va rivoyatlar] islom davridan keyin, haqiqatni bilib bo’lmaydigan darajada yashirin qoldi... Keyin Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy xorazmliklarning kotiblarini halok etib, bilimdonlarini o’ldirib, kitob va daftarlarini kuydirganligi sababli ular savodsiz qolib, o’z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga suyanadigan bo’ldilar”. Arablar 7-8 asrda butun Markaziy Osiyoni bosib olish uchun yurish boshlagan. Arab sarkardasi Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy o’ta shafqatsizlik bilan yurish qilib, Qadimiy Xorazmning madaniy yodgorliklarini, ibodatxonalarini vayron qiladi, kitoblarini gulxanda yondiradi, Qadimiy Xorazm fani-madaniyatini yaxshi egallagan, qadimiy qo’lyozmalarni o’qiy oladigan olimlarni qatl qiladi. 9-10 asrlarga kelib somoniylar saltanati vujudga kelib, fan va madaniyat yana yuksala boshlaydi, Turkiy xalqlarning Sharqiy hududlarida mustaqil davlatchilik an’analarini tiklab olgan Qoraxoniylar 995–997 yillari somoniylar davlatiga qarshi yurish qiladi. Kot shahri Urganch amiri Ma’mun I (995–997) tomonidan bosib olinadi va afrig’iylar sulolasi barham topadi. Qoraxoniylar asta-sekin butun Movarounnahrni egallaydi. Ular arab hukmdorlari bilan kelishib, Amudaryoning o’ng sohilidagi yerlarni butunday o’zlariga qaratib
oladi. 997–1017 yillarda hokimiyat Ma’mun birinchining o’g’li Ma’mun ikkinchi qo’liga o’tadi. U poytaxtni Urgenchga ko’chiradi va ancha ma’rifatparvar inson bo’lganligi sababli ilm-fan taraqqiyotiga rahnamolik qilgan. Urgenchda “Ma’mun akademyasi” tashkil etiladi. Ko’p mamlakatlardan ilm-fan bilan shug’ullanuvchi olimlarni bu yerga olib kelib, ularga yaxshi sharoitlar yaratiladi. Beruniy shu olimlarning yetakchilaridan biri edi. Uning atrofida yaxshi ilmiy jamoa to’plangan. Bu davrda yurtimizda ilm-ma’rifat, fan va madaniyat yana yuksala boshlagan. 1017 – 1018 yillar Xorazmda yana notinchlik davri boshlandi Bir tomondan Mavorounnahrda qoraxoniylar hukmronligi, ikkinchi tomondan Xuroson va Afg’onistonda o’rnatilgan Mahmud G’aznaviy hukmronligi (998–1030) o’rtasidagi nizolar Xorazmda shakllangan ma’rifat o’chog’ining barbod bo’lishiga olib keldi. Beruniy umrining oxirigacha g’azaviylar qo’lida xizmat qiladi. 13-asrning ikkinchi yarimida yashagan mashhur hakim va hattot G’azanfar at-Tabriziyning yozishicha Abu Rayhon Beruniy 1048 yilning 13 dekabrida (440 xijriy yilning 3 rajab oyida) G’azna shahrida vafot etgan. Bu olim Beruniyning So’nggi asari “Saydana”ni ko’chirgan. Beruniyning tarjimai holini yozgan tarixchi olim Abu Abdulloh Shahobiddin Yoqub (Yoqut) ibn Abdulloh ar-Rumiy Hamaviy (1179–1229)ning yozishicha, Beruniy vafot etganida, ancha keksayib, 80dan oshib qolgan edi deb, uning vafotini hijriy 443 (milodiy 1051 – 1052 ) deb yozgan. Bolalikdagi ustozlari. Beruniy yoshligida ustozi mashhur olim Abu Nasr ibn Iroq Mansur ibn Alidan (? – 1036) ta’lim olib ilm sirlarini o’rgangan. Beruniy bu ustozini ko’pgina asarlarida hurmat bilan tilga olib o’tadi. Ibn Iroqning ham Beruniyga mehri kuchli bo’lgan. U astronomiya, geometriya va matematikaga oid 12 ta asarini shogirdi Abu Rayhon Beruniyga bag’ishlab yozgan va bu ulug’ shogirdini ko’p asarlarida hurmat bilan tilga olgan. Ibn Iroq Beruniyni Yevklid geometriyasi va Ptolomeyning astronomik ta’limoti bilan tanishtirgan. U o’z shogirdining nihoyatda iste’dodli ekanligini ta’kidlab, Beruniyning yoshligida mustaqil astronomik kuzatish ishlarini olib borganligini (994– 995 yillar), buning uchun maxsus astronomik asbob ham ixtiro qilganligini yozib qoldirgan. 995–997 yillari Kot Ma’mun I tomonidan bosib olingandan keyin afrig’iylar sulolasi