BUXGALTERIYA HISOBINING PREDMETI VA METODI


BUXGALTERIYA HISOBI NING PREDMETI VA METODI Reja: 1.1. Xo‘jalik hisobining mohiyati va funksiyalari. 1.2. Xo‘jalik hisobida qo‘llaniladigan o‘lchovlar. 1.3. Xo‘jalik hisobining turlari va ularning tavsifi 1.4. Buxgalteriya hisobining predmeti va metodlari (elementlari)
1.1. Xo‘jalik hisobining mohiyati va funksiyalari. X o‘jaliklar faoliyatida ma’lum bir jarayonni amalga oshirish uchun insonlar (ishlovchilar) tomonidan amalga oshiriladigan jarayonlar xo‘jalik operatsiyalari deyiladi. Xo‘jalik operatsiyalarining yig‘indisi xo‘jalik jarayoni deyiladi. Xo‘jalik jarayonini son jihatdan aks ettirib, sifat jihatdan tavsifnoma berishga xo‘jalik hisobi (uchyoti) deyiladi. Xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati to‘g‘risidagi axborotlar, agar barcha hisobga olingan resurslar va xo‘jalik jarayonlari hisob o‘lchovlarida ifodalansa, axborotdan foydalanuvchilar extiyojini qondiradi. Respublikamiz iqtisodiyoti bozor munosabatlarini erkinlashtirish yo‘li orqali rivojlanmoqda. Bozor iqtisodiyotini erkinlashtirish, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonini chuqurlashtirish, mulkchilikning turli - tuman shakllaridagi korxonalarini yaratish hamda sog‘lom raqobatchilikni rivojlantirish asosida amalga oshiriladi. Yirik ijtimoiy ishlab chiqarish yuqori sifatli ishlab chiqarishni va boshqarishni talab qiladigan raqobatsiz rivojlana olmaydi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni boshqarish, uning oldiga qo‘yilgan reja ko‘rsatkichlariga doir vazifalarni bajarish maqsadida xo‘jalik faoliyati ustidan kundalik kuzatib borishni talab qiladi. Bunday kuzatis’h va boshqarish xo‘jalik hisobi yordamida amalga oshiriladi. Korxona va tashkilotlarning xo‘jalik faoliyati ustidan rahbarlik qilish hamda ishlab chiqarishning borishini boshqarish maqsadida axborotlarni olish uchun faqat kuzatuvni amalga oshirishning o‘zi kifoya qilmaydi. Olingan ma’lumotlarni o‘lchash, ya’ni menejerlarga zarur bo‘lgan ma’lum bir miqdoriy ko‘rsatkichlarda ifodalash lozim bo‘ladi. Undan so‘ng bu ko‘rsatkichlar boshqarishga zarur bo‘lgan yo‘nalishda axborotni guruhlash, korxonalar faoliyatini keyinchalik baholash va axborotning saqlanishini ta’minlash hamda auditni tashkil qilish maqsadida hisobning tegishli registrlarida ro‘yxatga olinishi lozim. Demak, hisob deganda olingan ma’lumotp ilardan ma’lum bir amaliy yoki ilmiy maqsadlarda keyinchalik foydalanish uchun yoki boshqa voqealar, harakatlar, dalillarni qayd etishni tushunmoq kerak.
Xo‘jalik hisobi deb xo‘jalik faoliyatining rivojlanish istiqbollarini aniqlash, uni boshqarish va nazorat qilish maqsadida shu jarayonni miqdoriy (qiymat, mehnat) aks ettirish va sifat jihatidan tavsiflashga aytiladi. Bozor iqtisodiyotidagi xo‘jalik hisobining maqsadi foydaning shakllanish jarayoni ustidan kuzatish hisoblanib, uning yordamida tadbirkorlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot (ish, xizmat)lar sifatini yaxshilash hamda yaratilgan mahsulot tannarxini kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish vositalarining katta qismiga ega bo‘lgan tadbirkorlarning manfaatiga rioya qilinadi. Xo‘jalik hisobidan ham xuddi shu yo‘nalishda foydalaniladi. Uning yordamida tadbirkorlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning yangidan - yangi vositalarini topib, amalga oshirilayotgan faoliyatdan eng yuqori yutuqlarga ega bo‘ladilar va ularni olish yo‘llarini aniqlaydilar. Shunday qilib, bozor iqtisodiyotida xo‘jalik hisobidan, asosan tadbirkorlar - mulk egalari manfaati uchun foydalaniladi. Shuni ta’kidlash lozimki, bunda xo‘jalik hisobi tadbirkorlar uchun nafaqat hisobot tuzish uchun qurol bo‘libgina qolmay, u eng avvalo korxona faoliyatining yuqori samaradorlikka erishishi uchun ishab chiqarishni boshqarish quroli sifatida xizmat qiladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida xo‘jalik hisobining ko‘rsatkichlari ichki va tashqiga bo‘linib, axborotdan ham tashqi hamda ichki qiziquvchilar-menejerlar tomonidan foydalaniladi. Tabiiyki, xo‘jalik hisobining bu ma’lumotlari mulkchilikning har xil shakldagi hamda sog‘lom raqobatchilikning rivojlanishi sharoitida obektiv ravishda tashqi - e’lon qilinadigan va ichki - tijorat siri hisoblangan qismlarga bo‘linishi kerak. Buni yuzaga chiqarish uchun tijorat sirini himoya qiluvchi qonun ishlab chiqilishi kerak bo‘ladi. Bunday qonun tadbirkorlarga o‘z korxonalarining ishi bilan tanishish uchun faqat tashqi foydalanuvchilarga mo‘ljallangan axborotni berish va tijorat siri hisoblangan ichki axborotni saqlab qolish huquqini beradi. Shu bilan birga ta’kidlash lozimki, tadbirkorlarning xo‘jalik faoliyati o‘z maqsadlariga munosib ravishda axborotlarda buzib ko‘rsatishning oldini olish uchun bozor munosabatlari mexanizmining zarur shartlaridan hisoblangan mustaqil auditorlik faoliyati keng
rivojlantirilishi kerak. Ishlab chiqarish vositalariga xususiy mulkchilik sharoitida mulk egalarining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan ichki rejalashtirish o‘z rivojini topishi kerak. Bozor iqtisodiyoti sharoitida xo‘jalik hisobi har bir tadbirkor tomonidan o‘zining xohishiga qarab tashkil qilinib, umumbelgilangan talablarga rioya qilish bilan birga boshqarishning ma’muriy - buyruqbozlik tizimiga xos bo‘lgan qat’iy tartibga solingan hisobning o‘rniga davlat tomonidan qo‘yiladigan tartibotini minimumgacha kamaytirib boradi. Buxgalteriya hisobida xo‘jalik operatsiyalari o‘lchov obekti bo‘lib hisoblanadi. Ular firmaning moliyaviy ahvoliga ta’sir qiladigan xo‘jalik hayotining hodisalaridir. Operatsiyalar ikki tomonlama bo‘lib, mustaqil sheriklar o‘rtasida qiymatliklarni almashtirishdan yoki bir tomonlama, stanok va asbob-uskunalarning eskirishi, foizlar bo‘yicha summalarning doimiy jamg‘arilishi va boshqalardan iborat bo‘lishi mumkin. 1.2. Xo‘jalik hisobida qo‘llaniladigan o‘lchovlar. Hisob o‘lchovlari – xo‘jalik resurslari va jarayonlarini o‘lchash va hisoblash asosida xo‘jalik yurituvchi subyektning har xil extiyojlari uchun ko‘rsatkichlarni shakllantiradigan o‘lchov birliklari. Xo‘jalik mablag‘larini va jarayonlarini hisobda miqdoriy aks ettirish uchun natural, mehnat va pul o‘lchovlaridan foydalaniladi. Natural o‘lchovlar– hisob obyektlarini og‘irlik (kg, s, t ), hajm (m.kub, litr), uzunlik (mm, sm, m, km), maydon (kvadrat metr, ga) va boshqa o‘lchovlarda ifodalash uchun qo‘llaniladi. Natural o‘lchovlarda yuritiladigan hisob miqdoriy yoki natural hisob deb ham ataladi. Miqdoriy hisob asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, o‘rnatiladigan asbob- uskunalar, xom ashyo va materiallar, tayyor mahsulotlar va boshqa hisob obyektlarini natural (fizik) hajmi to‘g‘risida axborotlar bilan ta’minlashdan iborat. Bunday o‘lchovlar xo‘jalik mablag‘larining saqlanishini hamda xo‘jalik faoliyatiga tezkor rahbarlik qilishni ta’minlaydi. Natural o‘lchovlar bir xildagi xo‘jalik mablag‘larini hisobga olishda qo‘llaniladi.