Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbеkiston xalqlarining fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shgan hissasi


Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbеkiston xalqlarining fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shgan hissasi Reja 1. Ikkinchi jahon urushining boshlanishi 2. Sovet-german urushining boshlanishi: xalq tanlagan tarixiy yo‘l 3. O‘zbekistonliklar tomonidan front uchun ko‘rsatilgan vatanparvarlik namunalari
Ikkinchi jahon urushi XX asrning eng katta fojiasi bo‘ldi. Insoniyat ushbu urushda o‘lganlar hisobidan 50 mln.dan ortiq kishidan ajraldi - bu Birinchi jahon urushida o‘lganlardan 5 baravar ko‘pdir. Vayrongarchilikdan ko‘rilgan zarar va urush olib borish uchun sarflangan mablag‘lar miqdori 4 trillion dollarni tashkil qildi. Halokatli jahon mojarosi 20-30-yillar chegarasida jahonning asosiy mintaqalarini qamrab olgan chuqur siyosiy va iqtisodiy tanglikning oqibati edi. Lekin harbiy zo‘ravonlikning ortishida Yevropa, Osiyo va AQSH mamlakatlari hukmron doiralarining geopolitik da’volari ham sezilarli rol o‘ynadi. Ikkinchi jahon urushi olovining avj olishida fashistlar Germaniyasi va militaristik Yaponiyadan tashqari “urushdan avvalgi» Angliya va Fransiyaning siyosiy yetakchilari zimmasida ham katta javobgarlik bor edi. Ular «bolshevizm balosi»ni yo‘q qilishga intilib, qarshi turish tafakkuri mantiqidan kelib chiqqan holda, ko‘pincha tarixan oqlanmagan hatti- harakatlarga intildilar va Germaniyada «urush partiyasi»ni mustahkamlashga, gitlerchilar rejimini qo‘llab-quvvatlashga ko‘p jihatdan yordam berdilar. Bundan ruhlangan Gitler, bolshevizmni, marksizmni tugatuvchi xaloskor sifatida maydonga chiqdi. Aslida esa, uning asosiy maqsadi «uchinchi german reyxi»ni vujudga keltirish, hamma joyda Germaniyaga hududiy qaram yerlar platsdarmini ko‘paytirishdan iborat edi. G‘arbiy mamlakatlar hukmron doiralarining Germaniyani «kelishtirish» siyosati Avstriyaning Germaniya tarkibiga qo‘shib olinishiga (1938 y. mart) va Myunxen bitishuviga (1939 y. sentabr) yo‘l ochib berdi. Bu esa, Ikkinchi jahon urushining boshlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Gitlerchilar Germaniyasi rahbariyatining oshkora hududiy da’volari oldida SSSRning tashqi siyosiy yo‘li tinchliksevar yo‘l bo‘lib tuyulardi. Biroq Sovetlarning yuqori siyosiy tabaqasi ham xalqaro keskinlik kuchayganligi va
urush boshlanganligi uchun ancha-muncha javobgardir. Sovet davlati tashqi siyosatining strategiyasi bu davlat paydo bo‘lgan dastlabki damlardanoq «jahon proletar inqilobi» mafkurasiga tayanib, umumplaneta kommunistik imperiyasini tuzishga qaratilgan edi. Stalin fashistlar Germaniyasini Angliya va Fransiyaga qarshi gijgijlashga, ularning kuchi o‘zaro tugashi bilan qizil armiyaning qaqshatkich zarbasini yog‘dirishga intildi. Angliya, Fransiya va SSSRning o‘zaro uzoqlashib borishining kuchayishi fojiaviy jahon ixtilofi arafasidagi siyosiy hayotning farq qiluvchi xususiyati edi. Aksincha, Stalin bilan Gitler o‘rtasidagi yaqinlashuv ortib bordi. VKP(b) XVIII s’ezdida (1939 y.) mamlakat siyosiy rahbariyati Yevropada urush xavfi kuchaygani uchun Germaniyaga nisbatan Angliya bilan Fransiya ko‘proq javobgardirlar, deb ularni ochiqdan-ochiq aybladi. Bu davlatlarning javobi ham shunga muvofiq bo‘ldi. Natijada, fashizmga karshi yagona blok tuzishga doir bo‘lajak koalitsiya jarayoni barbod qilindi. 1939 yil 23 avgustda Stalin taklifi bilan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Ribbentrop Moskvaga keldi. Bo‘lib o‘tgan muzokaralar jarayonida 10 yil muddatga hujum qilmaslik to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. Ilgari sovet tarix fanida «avgust bitimi» mamlakat xavfsizligini mustahkamladi, sovet-german urushining boshlanishini orqaga surdi, deb muttasil ta’kidlanardi. Eng yangi tarixiy tadqiqotlar kommunistik targ‘ibotining to‘qib chiqargan bu afsonasini fosh qilmoqda. Endilikda, shu narsa yaxshi ma’lumki, Germaniya 1939 yilda SSSRga hujum qilishga tayyor emas edi. Stalin ma’muriyati esa, qo‘shnining uyida yong‘in chiqarishga umid qilib, o‘z uyidagi yong‘inni tezlashtirdi, xolos. Urushdan keyingi butun tarixiy davr mobaynida hujum qilmaslik haqidagi sovet-german bitimining haqiqiy mazmuni zo‘r berib yashirib kelindi. To‘g‘ri, 1939 yil 24 avgustda shartnoma e’lon qilingan edi. Biroq,
shartnomadagi maxfiy qo‘shimcha bayonnoma sir saqlangan bo‘lib, unda Polsha davlatining taqdiri haqida gap borgan edi. Aynan shu hujjatda Germaniya davlatining ham, Sovet davlatining ham strategik maqsadlari aks ettirilgan edi. 1939 yil shartnomasi fojiaviy yechimni jadallashtirdi. Shartnoma imzolangandan keyin voqealar jadal rivojlanib bordi. 1 sentabrda Germaniya xavfli «sharqiy qo‘shnisi»ni betaraf qoldirib, Polshaga qarshi hujum boshladi. 3 sentabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga urush e’lon qildilar. Polsha armiyasi mardona qarshilik ko‘rsatsa-da, gitlerchilar reyxining batartib, yuksak texnikali harbiy mashinasiga qarshi tura olmadi. Sovet gazetalari nemis ko‘shinlarining bosqinchilik yurishi haqidagi xabarni Germaniyaga xayrihohlik bildirish ohangida berdilar. Buning sababi ham endilikda tushunarli bo‘lib turibdi. Chunonchi, maxfiy bayonnomaga muvofiq Germaniya bilan SSSR ta’sir ko‘rsatish doiralarini bo‘lib olishgan edi. Sovet va german manfaatlarini chegaralash yo‘li bevosita Polsha hududi orqali o‘tardi. Sovet tomoni manfatlari G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belorussiya hududlarini qamrab olardi. Qizil armiya 1921 yilda polyak-sovet urushida mag‘lubiyatga uchragandan keyin bu hududlar Polsha davlatiga qo‘shib olingan edi. Germaniya Boltiqbo‘yi mamlakatlariga da’vo qilishdan ham voz kechgan edi. Germaniya bilan SSSR shartnomaga muvofiq Polshaga bir vaqtda qo‘shin kiritishlari lozim edi. Biroq Stalin Gitler bilan yovuz hazil qilgan edi. Germaniya hukumati bir necha marta - 3, 8 va 10 sentabrda - qizil armiyaning Polsha davlati hududiga tezlik bilan kirishi masalasini ko‘tardi. Sovet rahbariyati esa nuqul qo‘shinlar hali tayyor emas, deb javob qaytardi. Gitler urushni yakka holda boshladi. Natijada, faqat u jahon jamoatchiligi ko‘z o‘ngida halokatli urush yong‘inining asosiy aybdori bo‘lib namoyon bo‘ldi. Stalin esa, (uning Kremldagi kabinetida Germaniya bilan Polshani