Immunitet kategoriyalari
Immunitet kategoriyalari. R e j a 1. Immunitet turlari. 2. Tabiiy va sun’iy immunitet. 3. Sust immunitetning omillari. 4. Fitoaleksinlar – patogenlarning kushandasi 5. Faol immunitetning o‘ziga xosligi.
Yuksak o‘simliklar va mikroorganizmlarda evolyusiya jarayonida shunday uzaro munosabatlar sodir bo‘ldiki, ayrim o‘simliklar patogenlarga chalinadi va kasallanib nobud bo‘ladi. Boshqa holatlarda o‘simlik kasallikka bardoshlilik qiladi, ya’ni zararlanmaydi. Masalan, g‘allagulli o‘simliklarni zararlaydigan qorakuya zamburug‘lari dukkakli o‘simliklarni zararlamaydi. O‘z o‘rnida dukkakli o‘simliklarda uchraydigan har xil dog‘lanishlar g‘allagullilarga hech kanday ta’sir etmaydi. Ushbu holatni boshka oilalarga mansub qishloq xo‘jalik ekinlarda ham qayd etish mumkin. Oldingi ma’ruzamizda aytilganday, immunitet bu organizmning kasal yuqtirmasligi va kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati degandek. Bundan tashqari, yana “kasal yuqtirmaslik” va “zararlanmaslik” tushunchalari mavjud bo‘lib, ular bir-biriga o‘xshash va bitta narsani, ya’ni kasal bo‘lmaslik ma’noni bildiradi. Yuqorida ko‘rsatilgan tushunchalardan farqli o‘laroq yana “zararlanish” va “kasallikka moyillik” atamalari ham mavjud. Bular tashqi muhit mos kelganda kasallik bilan aloqada bo‘lgan o‘simlik organizmi zararlanadi degan ma’noni bildiradi. Agar ma’lum bir nav to‘g‘risida “chidamlilikka” ega desak, biz uni kasallikka “sust moyilligi” bor deb tushunamiz. Masalan, yumshoq bo‘g‘doyning Umanka, qattiq bo‘g‘doyning Makuz-3 navlari sariq zang kasalligiga chidamli yoki kasallikka sust moyilligi bor deb aytolamiz. O‘simlikning u yoki bu kasallikka chidamliligi yo chidamsizligi kasallik qo‘zg‘atuvchi manbaga mos kelishi yoki kelmaslik qobiliyati bilan bog‘liq. Ixtisoslanmagan immunitet deb o‘simliklarning ma’lum turlarini kasallik qo‘zg‘atuvchi ixtisoslanmagan manbalari bilan kasallanmasligi tushuniladi. Amaliyotda bu qoidadan ko‘p xollarda foydalaniladi. Masalan, almashlab ekishda bir-biriga oiladosh bo‘lmagan ekinlarni yonmayon dalalarda joylashtirish, yaxshi natija beradi: boshoqli don ekinlari yoniga kartoshka yoki dukkakli ekinlari o‘stiriladi. Ular tuproqqa har hil ta’sir etishdan tashqari bir xil kasalliklarga ega emasligi ekinlarni sog‘lomlashtiradi. Lekin agronomiya amaliyotida ko‘p hollarda ixtisoslashgan immunitetga duch kelamiz. Masalan, kasallik qo‘zg‘atuvchi manba bir turga mansub
o‘simliklarni zararlaydi, ammo ayrim navlar chidamliligi bilan ajralib turadi. Misol tariqasida kartoshkaning rak kasalligini olaylik. Deyarli kartoshkaning hamma navlari kasallangan bir vaqtda Kameraz 1, Pushkin 1 navlari o‘ta chidamliligi bilan ajralib turadi. Mana shu ayrim navlarning kasallikka chidamliligi ixtisoslashgan immunitet deb ataladi. Ushbu immunitet turi yangi chidamli navlar yaratilishida juda katta ahamiyatga ega. Yuqorida tilga olingan immunitet turlaridan tashqari yana quyidagi immunitet xillari bor: tabiiy, boshqacha qilib aytganda tug‘ma va sun’iy yoki ortirilgan immunitet. Tabiiy (tug‘ma) immunitet deb nasldan naslga o‘tuvchi o‘simlikning u yoki bu kasallikka chalinmasligi tushuniladi. Sun’iy yoki ortirilgan immunitet deb nasldan naslga o‘tmaydigan o‘simlikning u yoki bu kasallik bilan kasallanmasligi tushuniladi. Sun’iy immunitet tashki muhit va o‘simlik parvarishi omillari bilan bog‘lik. O‘simlik chidamliligini oshirish yo‘llari ko‘p va mutaxassis dehqon- fermerlar mahorati bilan shakllanishi mumkin. Bu omillar qo‘yidagicha: yer haydash uslublari, mineral va mikroug‘itlar ishlatilishi, ekish muddati va chuqurligini moslashtirish va hokazolar. Masalan, bug‘doyning qattiq qorakuya kasalligi o‘simliklarni unib chiqish vaqtida zararlaydi. Demak, hamma xatti – harakatlar o‘simliklarni tez unib chiqishiga qaratilishi kerak. Amaliyotda bunga sayyoz ekish yo‘li bilan erishish mumkin. Endi tabiiy immunitet tug‘risida batafsilroq to‘xtaymiz. Tabiiy immunitet 2 turga bo‘linadi. Birinchisi sust va ikkinchisi faol immunitet hollari. Sust immunitetda o‘simliklar kasallik qo‘zg‘atuvchiga befarq bo‘ladi. Kasallikka chidamli navlarda chidamlilik xossasi vegetatsiya davrining dastlabki bosqichida, ya’ni infeksiya tushgandan keyin 2-3 soat davomida paydo bo‘ladi.
Faol immunitetda o‘simliklarda patogenga qarshi tezda javob reaksiyasi sodir bo‘ladi. Natijada shu kasallik qo‘zg‘atuvchiga nisbatan karshi kurash xossasi namoyon bo‘ladi va u hayot davomida saqlanib qoladi. Seleksiya ishlarida kasallikka chidamli navlarni yaratishda o‘simliklarning faol immunitet xossasini rivojlantirish muhim iqtisodiy samara beradi. Sust immunitetning omillari yoki boshqacha xossalari quyidagilardan iborat: to‘qima va hujayralarining anatomik va morfologik tuzilishi, fiziologik- biokimyoviy xususiyati, hujayraning kimyoviy tarkibi va kislotali sharoiti, fitonsidlar, alkoloidlar va fitoaleksinlar. Anatomik va morfologik omillari chidamlilikka sezilarli darajada ta’sir etadi. Ayniqsa bu omillar zararlanishning dastlabki fazalarida katta rol o‘ynaydi: o‘simlikda sporalar unib chiqishi va to‘qimaga kirish vaqtida. Parazitlarning sporalari unib chiqishida o‘simlik sathida erkin nam (suv) bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, agar o‘simlik barglari mumsimon qatlam bilan qoplangan bo‘lsa, bu o‘simlik deyarli zararlanmaydi. Bunga sabab-suv tomchilari va ular bilan birga patogen mikroorganizmlar to‘xtamasdan pastga sirpanib tushadi. Bu qatlam, boshqacha aytganda pruin qatlami hamma mevalarda, shu jumladan uzumda mavjud. Patogenlarning sporalari unib chiqishida havo namligi ham e’tiborga sazovordir. Shu bois o‘simlikning tuzilishi, barglarning qalin qatlam hosil qilishi (g‘ovlab ketishi) kasallikning faolligini oshiradi. Masalan, kartoshka navlarining barglari qanchalik ko‘p va qalin bo‘lsa, shunchalik fitoftora kasalligiga moyilligi oshadi. Keyingi etapda, ya’ni o‘simlik to‘qimalariga kirish vaqtida sust immunitet omillari sifatida o‘simlik po‘stining qalinligi, og‘izcha apparatining joylanishi mikroorganizmlar uchun to‘siqliq qiladi. Masalan, tomatning makrosporioz kasalligi bilan zararlanishi uning mevasini kutikula qatlami qalinligiga bog‘liq. Aksariyat hollarda, tomat mevasi yoshi qanchalik kattarsa, shunchalik makrosporiozga chidamliligi oshadi.
Bundan tashqari, to‘qimalarning tuzilishi ham ma’lum rol o‘ynaydi. Masalan, arpaning gelmintosporiozga chidamsiz navlarining to‘qimalari g‘ovak bo‘ladi. Og‘izcha orqali o‘simlik to‘qimalariga kiradigan parazitlar uchun og‘izcha apparatining tuzilishi ahamiyatga ega. Masalan, mandarinning bakteriyali rakka chidamli navlarining og‘izchalari atrofida ustunchalari bor. Shu bois suv va suv bilan birga katogen sporalari o‘simlik to‘qimalariga kira olmaydi. Ayrim hollarda esa chidamlilik yoki chidamsizlik o‘simlik gulining tuzilishiga va gullash xarakteriga bog‘liq. Misol: bo‘g‘doyning chang qora kuyasi patogeni o‘simlik to‘qimalariga gul orqali, ayni gullagan vaqti kiradi. Bundan xulosa: yopiq gullaydigan navlar chidamli bo‘ladi. Fiziologik – biokimyoviy omillar. Ushbu sust tabiiy immunitet omillariga ko‘pgina mualliflar katta ahamiyat beradi. Bu omillar qo‘yidagilardan iborat: uglevodlar (karbonsuvlar), oqsillar, fitonsidlar, alkoloidlar, fenolbirikmalari, fitoaleksinlar va pigmentlar. Ma’lumki, sabzavot va mevalarni saklash jarayonida ularning tarkibiga kirgan uglevodlar har xil bo‘lib vaqt o‘tgach gidrolitik jarayonlar faollashadi va bir uglevod ikkinchi uglevodga aylanadi. Masalan, monosaxarlar – glyukoza, fruktoza - murakkab shakar moddalariga – saxaroza va kraxmalga aylanadi. Bu o‘rinda kraxmalning roli katta. Qanchalik shakar moddalari ichida kraxmalning ulushi kattaroq bo‘lsa, shunchalik saqlashga qo‘yilgan sabzavot va mevalar buzilmay kuproq vaqt saqlanadi. Jonli misol tariqasida qovunni qishda saqlashni olaylik. Endi uzilgan qovun tillni yoradigan darajada shirin bo‘ladi. Saqlash jarayonida esa vaqt o‘tgach shirasi ketadi, lattaga uxshab qoladi. Lekin shu bilan birga, agar ahamiyat bergan bo‘lsalaring, qovun chirimaydi, chunki uning tarkibida murakkab shakar kraxmal bor.